Amu bo'yidagi qal'a

Yoxud Gurlan tumanining olis o'tmishi, bugungi yorug' istiqboli va fidoyi odamlari haqida

 

…Oh, qanday donishmand, oqko'ngil,

saxovatli insonlar yashaydi Gurlanda!

Omon MATJON

 

Qadimgi manbalarda keltirilishicha, Gurlanning qadimgi   nomi Darxos bo'lgan. “Darxos” ikki komponentli   forscha atama   bo'lib “dar” – eshik, “xos” yoki   “xost” – “yaxshi   joy”, “mumtoz joy” ya'ni,   “daryodan o'tish joyi”   yoki “port shahri”   degan ma'noni anglatadi” ­­(K. Nurjonov, U. Bekmuhammad. “Gurlan”, 1995 y, 6-bet).

Ulug' shoh va muarrix Abulg'ozining yozishicha, 1573 yilda   Amudaryo   o'z o'zanini o'zgartirib   Xostminorning yuqorirog'idan Orol   dengiziga qarab oqa   boshlagan. (Xostminor dahasi   Gurlan   yonida bo'lgan. S.S.)

Akademik Yahyo G'ulomov   fikricha, Katta kechuv   hozirgi Gurlan hududida   bo'lgan. Agar shu kabi dalillarga   suyanib, mulohaza yuritsak, Gurlan Amudaryo sohilida joylashgan qal'a ekanligi oydinlashadi. Chunonchi, Shirin suv (tarixchi H.Vamberi “Amudaryodek suvi shirin   daryoni   jahonning hech   joyida ko'rmagani” haqida yozgan   edi S.S.) bo'yidagi qal'a   ahlining lafzi ham,   o'y-xayollari ham, bunyodkorlik   quvvati ham shirindir.

Eron generali Ismoil Mirpanjiy (1853- 1863 yillarda Xivada   asirlikda saqlangan) o'zining “Asirlikdagi xotiralar” nomli kitobida Gurlanni xonlikning mashhur besh qal'alaridan biri sifatida ta'riflagan. Xullas, mazkur tuman olis moziyga daxldorligi bois hali-hanuz ko'pchilikning diqqat-e'tiborini tortadi.

 

Qishloq   ifori

Gurlan deyilganida ekin-tikinlardan sholi, daraxtlardan   gujum,   poliz jabhasidan gurvak   xayolimizga   keladi. Urganchdan marshrutkaga   o'tirib, Gurlan sari yo'lga   tushar ekanman, yo'l-yo'lakay oq   tol, qora tollar,   teraklar, gujumlar, archalarning   yam-yashil tusga kirganini   ko'rib bahri dilim   ochildi. Yashil rang   ko'ngilga   xush yoqadi-da.

Marshrutkadan tushib   hokimiyat ma'muriy binosiga   yaqinlashayotganimda Rossiya o'rmonlarini   eslatadigan uzun-uzun, nazdimda yarim asrlarni bo'ylagan archalarga   ko'zim tushdi. Ma'muriy bino   chinniday top-toza. Bog'chalarida rang-barang gullar   yal-yal tovlanadi. Bog'bon   qizlar anvoyi gul   ko'chatlarini o'tqazish bilan   band.

Binoga kiraverishdagi yumshoq kresloda biroz   nafas rostladim. So'ngra tuman hokimining matbuot   kotibi Orif Jabborganovning kabinetiga kirdik, tanishdik. Undan-bundan   gurunglashdik. Bu orada   hokim kelganidan xabar topib, darhol uning   huzuriga shoshdik. Aytib   bo'ladimi, tuman rahbari —   tashvishlari, yumushlari serob;   bir   qarasang dalada, bir   qarasang qurilish maydonlarida, bir qarasang   yig'ilishlarda, xullas, zarur ishlar   “girdobida”.

Jiddiyligi yuz-ko'zidan   ma'lum, basavlat, baland bo'yli, hokimbuvaning ism-sharifi Murod   Ochilov ekan.

“Anchadan beri   gurlanliklar   haqida nimadir   yozishni rejalashtirib   yurgandim. Chunki, bu   eldan buyuk insonlar   yetishib chiqqan. Ustoz   Omon Matjon ta'biricha,   odamlar qiyofasidagi tog'lar…”   dedim. U kulimsirab:   “Ha, hozir ham “tog'lar”ni   his etib yashayapmiz.   Mendan na xizmat   bo'lsa — tayyorman” dedi u kulimsirab. Kabinetdan ruhlanib chiqdim.   Negaki, hokimlar ham har   xil — ba'zilari matbuotga xayrixoh,   ba'zilari esa…

Ayni davrda   mahallaga e'tibor har   qachongidan-da kuchaygan. Binobarin, yozish uchun Xorazm   vohasidagi nufuzli qishloqlardan biri Vazir qishlog'idagi “Bo'zqal'a” mahalla   fuqarolar yig'inini tanladim. Boisi, mazkur mahallada   ko'plab koreys millatiga   mansub insonlar yashar   ekan.

Maqolamiz avvalida   iqtibos olganimiz “Gurlan”   nomli kitobda yozilishicha, 1930-yillarda sobiq   ittifoq hududida “Koryo   saram” deb ataluvchi   etnik guruh yashagan. Stalin qatag'oni davrida o'sha   guruh O'rta Osiyoga   badarg'a qilinadi. Bir nechta   oila shu zaylda   Vazir qishlog'ida qo'nim topadi. Boris Xan (Xan Ben   Nam)ning hikoya qilishicha: “Koreyslarning sholi, piyoz, karam ekish   madaniyati yerli xalqqa   manzur bo'ldi. Biz   o'zbeklarning   ahilligiga, mehmondo'stligiga   qoyil qoldik.   Koreys o'zbekka, o'zbek   koreysga ulangan qo'shaloq   (duragay) oilalar paydo   bo'ldi. Do'stlik va birodarlik   urush yillarida tag'inda mus­tahkamlandi. Qadimgi   Vazir qishlog'i obod posyolkaga   aylandi” (O'sha kitob,   26-bet).

“Bo'zqal'a” mahallasida   bugungi kunda 2864   nafar aholi istiqomat qiladi. 80   nafar yosh yigit-qizga   25 sotixdan yer berilgan. Yoshlar agentligi   tomonidan 2 nafar   yigitga muqobil xizmatni   o'tab kelishi uchun zarur pul mablag'i o'tkazib berilibdi.   “Temir daftar”dagi oilalarga   “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi tarafidan 1 ta   qo'y va qo'zi ajratilgan. 400   ta xonadonning qo'shimcha   tomorqasini suv bilan   ta'minlash maqsadida mahallaga   elektr nasos va   transformator o'rnatilgan.

— Gurlan tumani   bo'yicha ikkita mahalla   “Obod mahalla” dasturiga   kiritildi. Shulardan biri bizning   “Bo'zqal'a”, — dedi MFY raisi   Gulimmat Qo'chqorov. – Yoshi ulug' kishilarning aytishicha, bizning hududga ko'chib kelgan   koreyslar   qishloqdoshlarimizga turli xil   poliz ekinlaridan koreys   karami, piyozi, baqlajon, boringki, hatto   pomidor- bodringgacha xush ko'rib   tanovul qilishni o'rgatishgan.

— Ko'pchilikka ma'lumki, Gurlan guruchi nafaqat vohada,   balki butun mamlakatimizda   suyib iste'mol qilinadigan   darajada mashhur. Sholichilik jabhasida   koreyslarning oldiga tushadigani   yo'q, deyishadi. Shu fikr   qanchalik haqiqatga yaqin? — dedim.

Ming eshitgandan   ko'ra bir ko'rgan   afzal, deya rais koreyslar   yashaydigan mahalla sari   yo'l boshladi.

Mashinadan tushib,   yashillikka burkangan go'shaga   qadam bosdik. Dov-daraxtlardan taralayotgan qishloqqa xos   ifor menga   bolalik   davrlarimda dimog'imga o'rnashib   qolgan hidni beixtiyor   yodimga soldi. Musaffo   havodan to'yib-to'yib nafas   oldim.   Har bir   zarrasida ekzotikani aks   ettirgan qishloq manzaralarini ko'rib ruhim yayradi.

Koreyslar ko'chasiga   burildik. ( Mahalliy tilda   shunday atalarkan). Rais:   Roma, deb sas berdi. Eshik   ochilib bir kishi   chiqdi. Qarasam, haqiqiy koreys   qiyofa. Salomlashdik. Maqsadimizni   anglagach, bizlarni ichkariga taklif   etdi.

Chog'roqqina bog'chadan   o'tib, uyga kirdik. Asl   o'zbek oilasi. O'zbekcha   uslubda tikilgan ko'rpachalar,   xontaxta. Haqiqiy o'zbekona   turmush tarzi…

Oltmish yashar   Li Gay Roman suhbat asnosida:   “Bolaligimdan sholichilikka mehr   qo'yganman. Hozir ham   17 sotix yerda   dehqonchilik qilaman. Suv   serob bo'lsa sholi,   bo'lmasa boshqa ekin-tikinlar ekamiz, qarab o'tirmaymiz”, – dedi. “Otam sobiq “Kommunizm”   kolxozida suvchi bo'lgan, sholi ekkan. Ta'til paytlarida   yordamga borardim. To'g'risini   aytsam, bu nomigagina yordam   edi; aslida meni yop va zeykashlardagi baliq hidlari mast qilar, imkon topilishi bilan qarmog'imni olib otam   ko'zini shamg'alat qilgancha baliq   oviga jo'nab qolardim. Axir 12 yosh bola bo'lganman, mas'uliyatni his   etmaganman-da…

Bultur sholining   “Nukus-2” navini ekdik.   Bu nav o'rtapishar hisoblanib, o'sish davri   105-110 kunni tashkil qiladi. Mazkur nav Xorazm viloyati va   Qoraqalpog'iston Respublikasi hududlarida   “mazza qilib” gurkiraydi. Darvoqe, Janubiy Koreyada ham ishlab keldim. Koreyada yil bo'yi   poliz mahsulotlari, meva-chevalar do'kon peshtaxtalaridan arimas ekanu, ammo, ta'm-toti yo'q ekan, ishonavering, meva yeganday bo'lmadim. Baribir   Xorazmnikiday til yorar emas. Quyoshli   o'lka ta'siridanmi yoki suvimizning sho'rligidanmi, bizning mevalarimiz, qovun-tarvuzlarimiz baribir boshqacha. Gurvakni aytmaysizmi? Hidlaridan sarxush bo'lasiz. Yaqinda operatsiya   bo'ldim. Endi og'ir narsa ko'tarish   mumkin emas. Lekin, baribir, xumori   tutadimi, sholi ekaman. Lozim paytida ishchi yollayman”.

Koreys ko'chasi qo'ni-qo'shnilari juda ahil, totuv yashar ekanlar; suhbatimizga 74 bahorni qarshilagan Kim Vladimir qo'shildi. “30 yildan ziyod vaqt mobaynida sholi ekdim;   mol, qo'y, tovuq boqdim. Afsuski, hozir sholi ekolmayman; oyoqlarim zirqirab og'riydi; bilasiz – sholichilikda suvda   yurishga to'g'ri keladi. Ajdodlarim bu yerlarga taqdir taqozosi, ehtimol qatag'on   sabab 1933-yillarda Uzoq Sharqdan   kelib qolgan ekanlar”, — deydi u.

Qishloq oqsoqoli   Gulimmat Qo'chqorov suhbatga   xulosa yasadi: “Mahsuldor   sholi nav­larini ekib,   mo'l hosil olish   hadislarini ana shunday sholikorlardan o'rganish kerak.

Yon daftarchamni yopib   Roma   akaning hovlisiga chiqdik. Qiziqsinib tevarakka nigoh tashladim. Chor atrof chinniday toza; boqqa   ekilgan poliz ko'chatlari — pomidor, bodring, baqlajon, koreys piyozi yashnab turibdi. Go'yoki   jismlariga vitaminlarni yig'ayotganday.

Mahalla oqsoqoli so'z qotdi: “Elotimiz   tomorqalari qonib suv ichadigan solmalardagi “obi-hayot” — Qorako'z   hamda Toza Arg'on yoplaridan bizgacha oqib keladi”.

Loyli suvga tikilarkanman, dimog'imga Amu ifori urilganday tuyuldi, mutaassir bo'ldim, banogoh quyosh   o'lkasining shaklu-shamoyilini xayolan tasavvur qildim. O, yurtim   Xorazm! Rang-barang madaniyat,   ma'rifat, ilmu-urfon, dehqonchilik, bog'dorchilik, chorvachiligu   me'morchilik, musiqa   san'atlarini   bir-biriga   qorishtirib, shu asno   ulkan umummadaniyatga asos   solgan tabarruk voha!

 

Tumanning gurkiragan   go'shalari

 

Qilich Niyozboy   kanalini haqli ravishda Gurlanning   qon tomiri desak   mubolag'a sanalmas. Chunki,   mineral moddalarga to'yingan   Amu suvi shu kanal   vositasida gurlanliklarning   dala va bog'lariga   sharbat bo'lib oqadi. Tarixnavis Umid Bekmuhammad   yozadi: “Ba'zi rivoyatlarga ko'ra, bugungi Qilich Niyozboy kanali   oqib o'tadigan joylar qumloq, qo'riq yerlar bo'lgan   ekan. Bu joylarda faqatgina chorvachilik qilingan. Bir kuni Xiva xoni Muhammad Rahimxon I Qo'ng'irot tarafga   o'tayotib, charchaganidan shu joyda   to'xtabdi. Xon va uning   yonidagi amaldorlarni kutib   olgan shu yerlik   boy — badavlat el   oqsoqoli — Qilich Niyozboy   xonga ana shu   tashlandiq yerlarni o'zlashtirish, suv olib kelishni maslahat   beribdi. “Siz ham shunda cho'lda   emas, bog'lar diyorida hordiq   chiqarib ketasiz. Xalq ham   sizdan minnatdor bo'ladi” — degan ekan boy. Xullas, tashabbuskor va tadbirkor   Qilich Niyozboy rahbarligida 1815 yilda yangi   kanal qazib boshlanadi”   (Umid Bekmuhammad. “Qilich   Niyozboyning saxovati”, “Fermer” jurnali. 2021   yil, mart).

Demak, mazkur   kanal qazilganiga ham 200   yildan oshibdi.   Kanal   qazuv tashabbuskori Qilich   Niyozboy nomi bilan   ataladi. Rossiyalik   mashhur   geograf   olim A. V.   Kaulbars Qilich Niyozboy   kanalini ko'rib, hayratlanib kanalni   “Kichik daryo” deb   atagan ekan.

“Kichik daryo”dan Xorazm viloyatining Yangibozor, Gurlan, Turkmanistonning Toshhovuz, Qoraqalpog'is­tonning Amudaryo   tumanlarining bog'u rog'lariga   suv chiqadi. Alhol, Gurlanning   gurkiragan go'shalari Qilich   Niyozboy kanali sharofatidan voqelikka   ko'chgan. Mazkur kanaldan   chap tarafga Beshuyli,   o'ng tarafga esa   Gurlan, Nukus, Uyg'ur,   Polvonbek yoplari ajralib   chiqqan.

Bu el kadxudolari, ya'ni, yo'lboshchilarining aksariyati   dehqonchilik ilmini   suv qilib   ichib yuborgan insonlar   zumrasi (guruhi. Tahririyat)ga   mansubdirlar.

Shunday ulug'   kadxudolardan biri — Aminboy Vafoyev. Nasib etsa, to'qson sari   qadam bosayotgan bu   kishi oddiy miroblikdan   (dastlab Urganch melioratsiya   texnikumini bitkazgan) Gurlan tumani   hokimi rutbasiga dovur   murakkab yo'lni bosib   o'tgan. Gurlanliklar “birinchi   hokimimiz”, deya u kishini hali-hanuz eslab turadilar.

Mazkur turkum   maqolalarimga material to'playotganimda Aminboy aka bilan   telefon orqali bog'landim, maslahatlashdim. Keyin esa o'zimcha Gurlanning o'tmishi, buguniga   doir qadriyatlarni xayolan   saralab chiqdim.

Har bir mamlakat mavqeini     jamiyatda ayolga munosabat, viloyat, shahar va tumanlardagi ahvolni esa ravon, keng, tekis yo'llar belgilab beradi. Astoydil o'ylab ko'rsak “Yo'l   azobi – go'r azobi” degan   maqol bejiz to'qilmagani   oydinlashadi. Chunonchi, shahar   yoki tumanda risoladagidek bozor   bo'lsa-yu,   yo'llar o'nqir-cho'nqir, qishda   loyli, yozda chang-o'rponli bo'lsa   tabiiyki,   bu jihat odamlarda norozilik kayfiyatini uyg'otadi.   Demak, yo'lning sozligi   ko'pgina   ijobiy xususiyatlar   mezoni hisoblanadi. Xuddi   shu jihatdan qaralganda,   Gurlan yo'llari tuman nufuziga uzukka qo'yilgan   ko'zdek mos. Fakt-raqamlarga murojaat   qilsak: Gurlan yo'llardan   foydalanish unitar korxonasi   tomonidan joriy yilning   birinchi choragida davlat   ahamiyatidagi yo'llarda 900   mln. so'mlik ta'mirlash   ishlari adog'iga yetkazilganiga, chunonchi, 12   km. yo'l ta'mirlanganiga guvoh bo'lamiz. Alhol, mazkur korxona 200 kilometrlik   yo'lga mas'ul ekan.   Shundan 120 kilometri   mahalliy, 80 kilometri   davlat ahamiyatidagi yo'llar   hisoblanadi. Bultur unitar korxona   tarafidan davlat ahamiyatidagi yo'llarda 11837,0 mln. so'mlik   joriy ta'mirlash ishlari bajarilib   47 km. yo'l ta'mirlangan. Mahalliy   ahamiyatdagi yo'llarda   1002,0 mln. so'mlik ta'mirlash   ishlari uddalanib 23   km. yo'l ta'miri   nihoyasiga yetkazilibdi.

Avvalgi bobda   Gurlan tumani bo'yicha   “Obod qishloq” dasturiga   ikkita mahalla —Bo'zqal'a hamda   Besh uy mahalla fuqarolar yig'inlari   kiritilganini aytib o'tgan   edik. Quvonarlisi, dasturda   yo'llar ravonligi, tekisligini ta'minlash ham   ko'zda tutilgan. Korxona   rahbari Muzaffar Yo'ldoshevning aytishicha, yaqin kelajakda   Bo'zqal'aning   8 km.   yo'liga   shag'al tosh   yotqizish, 2,1 km.   yo'lini asfaltbeton bilan   ta'mirlash rejalashtirilgan. Shuningdek, besh uyning 6,2 km.   yo'liga   shag'al tosh   yotqizish, 4,2 km. yo'lini asfaltbeton bilan   ta'mirlash ham ko'zda tutilgan.

Yodimda, bolalik   davrlarimizda   bahorning   yog'ingarchilik   mavsumlarida,   qishning qorli-qirovli kunlarida   Gurlan yo'llari botqoqlikka   evrilar,   avtoulovlar botib   qolganidan   buldozer ko'magiga   ehtiyoj sezilardi. Hayriyatki,   o'sha mashaqqatli kunlar bugun Gurlanda xotirotga aylanibdi.

 

Gulxayrida xayr ko'p

 

Jarayon davomida gurlanlik fidoyi insonlar   haqida yanada ko'proq bilish ilinjida   Gurlan tumani hokimining   birinchi o'rinbosari   Ulug'bek   Davlatov bilan tez-tez muloqot   qilib turishimga to'g'ri   keldi. Suhbatlar chog'ida   u   tashabbuskor, izlanuvchan, ishbilarmon insonlar   mazkur hududda ko'p ekanligini   ta'kidladi. “Bizlarda   Gurlan tumanini   nafaqat   viloyatda, balki mamlakat   miqyosida ham mashhur   qilayotganlar, shu barobarida   tuman iqtisodiyoti rivojiga   ulkan hissa qo'shayotgan   insonlar ko'p. Deylik,   mamlakat tanlovida g'oliblikni   qo'lga kiritgan bolchi   qizimiz   Saida Ahmedova,   “parnikshunos”lik bo'yicha voha yulduzi   Manzura Masharipova,   dorishunoslik sohasining bilimdoni   Mahmud   Rajabovlar   fik­rim dalilidir”, — dedi u.

Hokim o'rinbosaridan ism-shariflari zikr etilgan   tadbirkorlarning qo'l telefoni   raqamlarini yozib oldim.   Dastlab   Mahmud Rajabov   bilan bog'lanib hokimiyat   binosida uchrashishga kelishdik.   Bilsam,   bo'lajak qahramonim   Urganchda ekan.

Oradan 2 soatcha o'tib tuman hokimi o'rinbosari ta'riflaganiday   “dorishunoslik sohasining bilimdoni”   Mahmud bilan ko'rishib,   hol-ahvol so'rashdim. Qarasam,   u yoshgina, o'ylaganimdan ham jiddiyroq, ko'zlarida   o't chaqnab turgan   yigit ekan. Idoraning   bo'sh xonasini topib,   suhbatga kirishdik.

— Hammasi qiziq bo'lgan. Toshkent davlat agrar   universiteti   talabasi edim. Mamlakat bo'ylab yoyilgan “tojdor   virus” tufayli karantin   joriy qilingan, biz   ham onlayn o'quv   tizimiga o'tgan edik.   To'g'risi, bekorchilikdan   zerikdim. Keyin esa   tavakkal qilib   fermer tog'am G'ani   Ramatov ( “Ramat bobo”   fermer xo'jaligi rahbari)   ning 30 sotix   yeriga tajriba sifatida   gulxayri dorivor o'simligini   ekdim, — dedi u. — Qizig'i   shuki, gulxayrichilik   Xorazm   viloyatida mutlaq yangilik. Tabiiyki, guldan nima foyda   olasan, o'zi oddiy   gul bo'lsa, deya ustimdan   kulganlar ham bo'ldi.   Men ham anoyi   emasman. Gullarimga oldindan   xaridor topib qo'yilgan,   bu yog'idan ko'nglim to'q   edi. Qolgan masala   gulxayrilarning xayr berishiga   bog'liq edi. Asosiysi, natija   yaxshi bo'ldi, bahonada   cho'ntak ham pul   ko'rdi.

— Hali talabaligingizdayoq   tuzukkina   muvaffaqiyatga erishibsiz. Keyin-chi, keyin nima   bo'ldi?

— O'qishni bitkazib, qishlog'im Do'simbiyga qaytdim. Mutaxassisligim — dorivor   o'simliklarni yetishtirish va   qayta ishlash yo'nalishi.   Muammo shunda ediki,   soham bo'yicha ish   topilmadi. Bu orada Prezidentimiz     Shavkat   Mirziyoyevning Xorazmga tashrifi   haqida eshitib qoldim.   Adashmasam, bu 2020   yilning dekabri edi. O'shanda   mutasaddilarga yoshlar orasidan   so'zga chiqish niyatim   borligini aytib, taklif bildirdim.   Xullas, rahbarlar rozi bo'ldi.   Pirovardida, men davlatimiz rahbari   oldida   so'zga chiqib,   u kishiga murojaat   qilib: “Tumanimiz Gurlanda   gulxayri plantatsiyasini yaratmoqchiman. Buning uchun menga   5 gektar yer   maydoni va 250   million so'm   miqdorida   subsidiya ajratib bersangiz, meni qo'llab-quvvatlasangiz” dedim hayajonlanib. Prezident   kulimsirab: “Ma'qul” dedi.   Shu asnoda zalda   qarsaklar yangradi. Oradan   uch-to'rt kun o'tar-o'tmas 5   gektar   yerga ega   bo'ldim. Shu tariqa   24 yoshimda tadbirkorga   aylandim.

— Xo'sh, subsidiya masalasi nima bo'ldi? U   ham ijobiy hal bo'ldimi?

— Aynan shu   miqdordagi mablag'ni   davlatdan   2 yillik muddatda   qaytarish sharti bilan   ssuda hisobida oldim. 2021   yilning aprelida oldindan   ishlov berilgan yerimizga   gulxayri, tirnoqgul, oq karrak,   na'matak, oddiy igir   kabi dorivor o'simliklarni ekib, ko'kartirdik. Mavsumda   70 nafar kishini   ish bilan ta'minladik. Daromad zo'r bo'ldi…

Mahmud Rajabov   gap-so'zlarini eshitib, “Yaxshi niyat — yarim   davlat” deganlari rost   ekan, dedim o'zimcha.Chindan ham, mutaxassisligi bo'yicha   ishga joylasha   olmay   yurgan kadr ozgina   muddat o'tib qadrini   topgani, qadr topibgina   qolmasdan ko'pchilikning qora   qozoni qaynab turishiga   sababchi bo'lgani — endi buyog'i ertakday…

— Bultur O'zbekiston   Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga   yangi   lo­yihalarimni taqdim etdim. Loyihamda   olti turdagi dorivor   o'simliklarni yetishtirish, ular tarkibida choy   va yog' yo'nalishlarini voqelikka ko'chirish   kabi rejalar ko'zda   tutilgan edi, — deydi u. —   Omadimni qarangki, o'sha   yilning noyabrida loyiham   tasdiqlanib, 713 million   so'm miqdorida grant   yutib oldim. Opa,   bu faktlarni hozir   sizga bamaylixotir aytyapman. Xushxabarni eshitgan vaqtimdagi   holatimni bir ko'rsangiz   edi! Go'yo osmonlarda   parvoz qildim. Ha,   bu ulkan zafar   mujdasi. Grant   mablag'i negizida   13 gektar plantatsiya   yaratildi, 6 nafar   doimiy ishchi safimizga   qo'shildi.

O'zining aytishicha,   Mahmud jahondagi ko'pgina   dorivor o'simliklar tarixini   o'rganib chiqqan, obrazli   yo'sinda aytsak, gullar bilan   obdan   tillashgan. U yana 2019   yilda Germaniya Federativ Respublikasi, Frankfurt yerlarining   Xessen okrugi, Kassel   tumanidagi Shoumburg qishlog'ida   6 oy mobaynida   amaliyot   o'tab kelgan. Aytishicha, bo'lg'usi dorishunos faol, intiluvchan   va nemis tilini   biladigan talabalarni   Germaniyada   amaliyot o'tashga yuborilishi   haqida eshitib qoladi.   Shu kundan e'tiboran   u olmon yurtiga   borishga astoydil taraddud   ko'ra boshlaydi. Nemis   tili kurslariga qatnab,   mazkur tilni so'zlashish   darajasida o'zlashtiradi.

— Shoumburg qishlog'iga   borib shuni ang­ladimki,   yevropaliklar, xususan, nemislar xalq tabobatiga unchalik ham   qiziqishmas ekan, — deydi Mahmud. — Gullarga   ko'proq go'zallik va   nafosat ramzi sifatida   qarashar ekan. Zotan, gul   ularning nazdida sevimli   insonga taqdim etiladigan   noyob sovg'a. Sharqda   esa tabiatning bebaho   in'omi — gulu-chechaklardan   tabobat jabhasida   ham   unumli foydalanadilar.

Darhaqiqat, Sharqu   G'arb mentaliteti orasida   tafovutlar bisyor. G'arbliklar   ko'proq zamonaviy meditsinaga   mayl bildirsalar, Sharqliklar   xalq tabobatini astoydil   qadrlaydilar. Deylik, o'zim   ham profilaktika maqsadida   giyohlardan   tayyorlanadigan dorivor   choylarni ichaman. Mahmudning g'aroyib   hikoyalarini tinglarkanman, ichimda gulxayrining noyob   xususiyatlarini ham o'rganishim   kerak ekanda, deb qo'ydim.

 

Xiyobondagi “Titanik”

 

Xorazm vohasining   o'ziga xos tabiati   bor. Qishi quruq sovuq —   goho qahratonda   badaningizga igna qadalayotganday tuyuladi. Yozi jazirama, hovur taralayotgan qumga   tuxum ko'msang pishadigan   darajada issiq. Xullas, Arabiston sahrolariniki yanglig' qush   uchsa qanoti, odam   yursa oyog'i kuyadigan   ajabtovur iqlimli, sehrli o'lka.   Chunonchi, bu yerda   yoz faslida soya-salqin   beradigan dov-daraxtlarga ehtiyoj   seziladi. Ammo negadir keyingi davrlarda vohada   xiyobonlarga diqqat-e'tibor susayib   bormoqda. Ko'pgina istirohat bog'lari   xususiylashtirilgani oqibatida ba'zi daraxtlar kesib tashlanib,   o'rniga attraksionlar joylashtirilgan. Mazkur alpoz tabiat dushmanlarining o'simliklar   yaproqlari chiqaradigan kislorodni   anglamasligi asnosida voqelikka   ko'chmoqda.

— Ko'rib turganingizdek bog'imiz   fayzli, — deydi Gurlan tumanidagi Alisher   Navoiy nomidagi istirohat   bog'i direktori   Shuhrat   Saidabdullayev.   Dov-daraxtlarimiz ko'p. Daraxtlarimiz ichida yarim asrni   bo'ylaganlari ham bor, —   dedi u faxrlanib.— Gujumlarimiz ham rang-barang. Masalan,   cho'girmasimon gujum; o'ris gujumi;   yasin og'ochi. Bulardan   tashqari   teraklar, yong'oqlar,   qarag'aylar… Mevali daraxtlar   ham talaygina. Daraxtlarni   tirik jonga o'xshatishsa   avvallari ishonmasdim. Bir   kuni sahar 4   larda parkka zarur   yumush bilan keldim.   Qarag'ay daraxti tagidan   o'tdim. Qarasam, daraxt   yaproqlari   qimirlab go'yo ovoz   chiqarib raqsga tushayotganday tuyuldi. Shu on   yuzimga   g'alati havo   oqimi kelib urildi. Voajab, daraxtlar   shu tariqa   kislorodga to'yingan havoni chor-atrofga ufurarkan. Havo o'ynab   chiqar ekan. Tabiatning   mo''jizaviy qilig'idan ancha   paytgacha sarxush bo'lib   yurdim.

— Saxovatli xalqimizga   rahmat. Homiylar hisobidan 840 o'rinli amfiteatrni 45   kun ichida qurib bitkazdik.   Shu yil hisobiga   daraxtlarimiz 3000 taga   ko'paydi. Ularning   Amu suvlarini   shimib gurkirab o'sayotganini   ko'rib quvonaman. Axir   bizdan    shu bog'   qoladida, — dedi Sh.Saidabdullayev.

Haq gap. Balki mubolag'a   qilayotgandirman, ehtimol   ortiqcha his-hayajonga berilayotgandirman, ammo, shunisi aniqki,   Gurlandagiday   istirohat bog'   Xorazm viloyatida yo'q.   Hududning kattaligi, dov-daraxtlarning rang-barangligi,   dam oluvchilarga yaratilgan   shart-sharoitlarni ko'rib shu   xulosaga keldim.

— Hali siz   hattoki xorijiy sayyohlarni   o'ziga tortgan ajoyibot —   tabiiy ko'l o'rtasiga   qurilgan   “Titanik” kema   restoranimizni   ko'rmadingiz. Lof   urayotganim yo'q. Keyingi   bir-ikki yillikda uning   rasmlarini   internetda tomosha   qilib   Xitoy, Janubiy Koreya,   Hindiston, Malayziya kabi   mamlakatlardan bu yerga   tashrif buyurgan ko'plab   sayyohlarni ko'rdim, ularning haya­jonlariga sherik bo'ldim. Ishonasizmi, sayyohlar daraxtlarimizni quchoqlab   rasmlarga tushishadi, soya-salqinida hatto mizg'ib ham   olishadi…

Bu gaplardan betoqatlanib   “Titanik” sari oshiqdim. Og'ochdan   yasalgan, har bitta   detaligacha kemani eslatadigan   antiqa res­toranni ko'rdim.   Hattoki, uning   derazalari   ham kayutaniki yanglig'. To'rt qavatli bino. Birinchi   qavatida taom tayyorlanar   ekan; qolgan qavatlarida   bir-birini   tak­rorlamaydigan xonalar… Eng qizig'i, kirsangiz o'zingizni   xuddi kema ichida   o'tirgandek his etasiz.   Kemaning orqa tarafiga   joylashgan “kayuta”ga buyurtma bersangiz   bormi, haqiqiy   huzurbaxsh   manzaraga guvoh bo'lasiz,   ostingizda   suv, borliq go'yo   yoqimli shabadadan iboratday,   tevaragingizda esa sizni   allalovchi   majnuntol, gujum, to'rong'ilar — asl ekzotika!

…Juda mamnunman. Chunki Vatan ichra ushbu safarim zavqli, shukuhli   kechdi. Ilg'ashimcha, Amu   bo'yidagi qal'a tobora   yasharib bormoqda. Xorazmda   “oyoq izi yarashdi”   degan ibora ko'p   ishlatiladi. Mazkur ibora adabiy tilimizda   “qadami   qutlug' keldi” degan   ma'noni bildiradi. Bundan   roppa-rosa ikki yilcha   muqaddam   hokimlik rutbasiga   ko'tarilgan Murod Ochilovning   qadami yarashib Gurlan   balki yaqin kelajakda   bundan-da yuksak natijalarga   noil bo'lsin!

Sayyora SOLAYEVA,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 13 =