Jurnalistning haj ziyorati ro'yobga chiqishi mumkin(mi)?

Yurtimizda aksariyat keksalar nafaqaga chiqib, qarilik gashtini sura boshlagach, eng avvalo, muqaddas Haj ziyoratiga borib kelish choralarini izlay boshlashadi. Buning uchun ancha salmoqli mablag' zarurligi barchaga ayon. Ezgu maqsad yo'lida kimdir umr bo'yi to'plagan omonatini sarflaydi, kimdir o'g'il-qizlariga suyanadi, kimdir esa yoru do'stlari va homiylarning yordamiga. Butun umrini matbuotga bag'ishlagan jurnalist Norbobo Shakarov shaxsiy sarmoyasi yetarli, farzandlari va yoru birodarlari yordamga shay tursa-da bu yo'lni tanlamadi. Boshqacha yo'l tutdi: poytaxtni tark etib, o'zi tug'ilib o'sgan qishlog'iga qaytdi va mahalliy hokimiyatdan bir gektarga yaqin suvsiz, qaqrab yotgan maydonni so'rab olib, bog'u bo'stonga aylantirishga va undan olingan daromadni esa Haj ziyorati uchun sarflashga   bel bog'ladi.

O'sha paytda u 68 yoshda edi. Ezgu niyat keksa kishiga ham g'ayrat-shijoat bag'ishlar ekan. Dastavval, artezian quduq qazib yuz metr chuqurlikdan suv chiqardi, bir chaqirim naridan elektr liniyasi tortib keldi. Asrlar osha obi hayotga tashna bo'lib yotgan yerlarga 1000 tup terak, 200 tup olma ko'chati, 200 ta tok qalamchasini qadadi.

Bog'bonlar tilida shunday naql bor: ekilgani emas, ko'kargani hisob. Darhaqiqat, yosh nihollarni ko'kartirish, amal oldirish haddan tashqari qiyin kechdi. Jazirama issiq, tinimsiz shamollar   nihollarni holdan toydirar, har kuni sug'orsa-da yaproq yozmay turaverardi. Shunday kezlarda odamning xafsalasi pir bo'lishi, qo'l siltab niyatidan voz kechishi ham hech gap emas.

Ammo Norbobo ota uzoq yillar mamlakatimizning yetakchi matbuot   nashrlari –“Qishloq hayoti”, “Xalq so'zi”, “O'zbekiston ovozi” singari gazetalarida ishlab, tahririyatlarda dehqonchilik va agrosanoat bo'limlarini bosh­qargani, respublika bo'ylab xizmat safarlari chog'ida dongdor bog'bonu mirishkorlar bilan uchrashib ularning   ilg'or tajribalari bilan tanishgani, sohaning yirik olimlari bilan qilingan suhbatlardan olgan taassurotlari qiyinchiliklarni yengib o'tishda juda qo'l keldi.

Bog'da tomchilatib sug'orish usulini yo'lga qo'ygach, nihollar rivoji jadallashdi. Keyingi yillarda yangi bog'da o'rik, shaftoli, gilos, anjir, olxo'ri, nok, anor nihollari paydo bo'ldi, yo'laklarga archa, qarag'ay, sadaqayrag'och singari manzarali daraxtlar ekildi. Xullas, olti yillik tinimsiz mehnat samarasi sifatida kattagina ajoyib bog' vujudga keldi. Hozir olmazor va uzumzordagi hosil cho'g'idan kishining ko'ngli yayraydi. Yaxshi niyatlar bilan qadalgan ming tupga yaqin teraklar ham yetilib to'singa yaraydigan bo'lib qoldi. Aytishlaricha, bugun har bir terakning bahosi bozorda 200 ming so'mdan kam emas ekan.

— Mingta terakning o'zidan keladigan daromad uch marotaba Haj safariga borib-kelishga yetib ortadi,– deydi mahalla oqsoqoli — Samarqand viloyati Qo'shrabot tumanidagi Boyto'p mahalla fuqarolar yig'ini raisi Safarali Bubakov xomcho't qilib. — Bu yoqda olmazor, bu yoqda uzumzor hosili yetilmoqda, aytgancha, uzumlar shunchaki oddiy navlardan emas – kishmishning qimmatbaho gibrid navlaridan. Uning mayizi oddiy nav­larga qaraganda ikki-uch baravar qimmat yuradi. Otaning shijoatiga qoyil, tengdosh­lari tugul yoshlarga ham ibrat bo'layotir.

Ishning ko'zini bilib qilingan mehnat el nazaridan chetda qolmadi. Faxriy jurnalist yaratgan bog' dovrug'i tilga tushdi. Kuzda respublika qishloq xo'jaligi xodimlari kunini nishonlash arafasida O'zbekiston fermer, dehqon xo'jalik­lari va tomorqa yer egalari Kengashining qarori bilan Norbobo Shakarov “Namunali tomorqachi” ko'krak nishoniga sazovor bo'ldi. Suv ta'minoti og'ir hududlarda fidokorona mehnat qilib, bog'-rog' yaratgani, yurtimiz ma'murchiligiga munosib hissa qo'shgani uchun davlat tomonidan 120 million so'm subsidiya ham berildi.

Hozir 75 yoshni qarshilagan otaxon jurnalist keksayganda bog' yumushlariga sho'ng'ib ketgan bo'lsada, qalamni ham qo'ldan qo'ygani yo'q. Uning teran tahliliy va tanqidiy ruhdagi maqolalari hamon “Hurriyat”, “Zarafshon”, “Iqtisodiy gazeta” singari nashrlarda ko'rinib turibdi, internet nashrlariga ham faol qatnashmoqda. Ayni paytda u so'nggi yillarda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida chop etilgan maqolalarini yig'ib “Etmishdan so'ng” nom ostida to'p­lam chiqarish harakatini boshlagan.

— Men shu yil Haj safariga borishni rejalashtirgan edim, – deydi   jurnalist-bog'bon Norbobo Shakarov. – Ammo bu yilgi hajga boruvchilar 65 yoshdan yuqori bo'lmasligi kerak, deyishdi. Shunday bo'lsada, bu gapdan tushkunlikka tushganim yo'q. Ehtimol, bu talab kelasi yilda bekor bo'lib qolar, deydi u umid bilan.

Yaxshi niyat – yarim davlat, deydilar. Biz ham qahramonimiz faxriy jurnalist va bog'bon Norbobo ota Shakarovning va u kabi 65 yoshdan oshgan, lekin hali salomatligi joyda, o'ktam va bardam boshqa ko'plab yurtdoshlarimizning bu ezgu niyatlari ro'yobga chiqadi degan umiddamiz.

                                                                                         Orifjon JUMANOV,

                                                                                                   jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − four =