Farovon hayotimiz poydevori tinchlikdir

Qoraqalpoq eli o'zbek xalqi singari o'z tarixida ko'p sinovlarni boshidan o'tkazgan. Ularning barchasini sabr­- toqat, o'z qadriyatlariga sadoqat, bag'rikenglik bilan yengib o'tgan. Ammo dunyoning turi mintaqalarida o'zaro shafqatsiz raqobat, millatlar va dinlararo ziddiyatlar, separatizm, millatchilik, radikalizm kabi tahdidlar tobora kuchayib borayotgan bugungi kunda har bir voqea-hodisaga yanada xush­yorlik bilan qarash talab etiladi.

Shu jihatdan shu yilning 1-2 iyul kunlari Nukusda bo'lib o'tgan tartibbuzarliklar bir tomondan xalqimizni sarosimaga solgan bo'lsa, ikkinchi tomondan ogohlikka, tinchlik degan buyuk ne'matning qadriga yetishga chaqirdi. Guvohi bo'ldikki, bir-ikki kunlik vayronagarchilik, notinchlik yillar davomidagi halol mehnatni yo'qqa chiqarishga qodir. Xayriyatki, Prezidentimizning qaltis vaziyatda Qoraqalpog'istonga darhol yetib kelgani va tegishli choralarni ko'rgani tinch va osoyishta hayotga qaytishimizga asos bo'ldi.

Yillar davomidagi halol mehnat… Ayniqsa, keyingi 5-6 yil davomida Prezidentimiz rahbarligida Qoraqalpog'istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun olib borilgan islohotlar, madaniy va innovatsion jihatdan har tomonlama rivojlantirish maqsadidagi keng ko'lamdagi bunyodkorlik ishlari, o'nlab yangi zavodlar, zamonaviy agroklasterlar, qo'shma korxonalar ishga tushirilgani, ko'plab bolalar bog'chalari, maktablar, oliygohlar, sog'liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport mas­kanlari barpo etilgani… bularning barchasi nafaqat yurtimiz qiyofasini balki, odamlarning turmush tarzini ham butunlay o'zgartirdi.

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab Orol bo'yida ekologik vaziyatni yumshatish, cho'lga chidamli o'simliklarni ekish, ko'kalamzorlashtirish orqali fauna va florani yaxshilash masalasiga e'tibor qaratdi. Qisqa vaqt ichida dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Orol mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi. Yuksak xalqaro minbarlarda Orol muammosi ko'tarildi. Mo'ynoq butunlay yangi qiyofa kasb etdi. Hattoki, sayyohlarni chorlaydigan darajada dunyo nazariga tushdi.

So'nggi besh yilda Qoraqalpog'iston byudjetiga trillionlab so'm mablag'lar kiritilgani, shu mablag'lar hisobidan salkam 90 ming oilaga moddiy yordam ko'rsatilgani, 2020 yilning yakuni bo'yicha jon boshiga to'g'ri keladigan yalpi daromad 3 barobar oshganining o'zi yurtimizga O'zbekiston Prezidenti va hukumatining ko'rsatayotgan g'amxo'rligi tufaylidir.

Shu kunlarda O'zbekistonda olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar, uning mamlakatimizni yanada rivojlantirish, bularning bari yuksaltirishni maqsad etgan jamiki ezgu ishlar “Inson qadri” uchun degan g'oyani amalga oshirishga qaratilgani bor gap.

Ammo dono xalqimiz “ko'z tegmasin” degan so'zni tez-tez ta'kidlab turishi bejiz emas ekan. Ko'z tegdimi, bilmadik, ishqilib Nukus shahrida bo'lib o'tgan mudhish voqealar nafaqat qoraqalpog'istonliklarni, balki butun O'zbekiston xalqini tashvishga soldi. Axir, aytadilar: bir kun janjal bo'lgan xonadonning qirq kun nasibasi kesiladi, deb.

“Qora nonning qadrini och bo'lganda bilarsiz”, deganlaridek, tinchlik qad­ri u buzilganda bilinar ekan. Afsus, ming afsus bilan barmog'imizni tishladik. Na iloj, aholi va huquq tartibot organlari xizmatkorlari orasida qurbonlar bo'ldi.

Mamlakatimiz rahbari eng asosiysi, buzg'unchi kuchlar bahonasining asossizligini isbotladi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi deputatlari, nuroniylar va faollar bilan yuzma-yuz uchrashuv paytida: “Men O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpog'iston Respub­likasining huquqiy maqomiga oid 70-, 71-, 72-, 74-, 75-moddalarini amaldagi tahrirda, o'zgartirmasdan qoldirishni talif qilaman”, dedi hamda Nukusda deputatlar, nuroniylar va faollar bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda o'zbek va qoraqalpoq xalqlarining azaldan tug'ishgan ekanligini, taqdiri, daryosi, osmoni chambarchas bog'liq bo'lgan bu ikki xalqning og'izbirchiligining asoslari teran ekanini ta'kidladi.

Yurakdan chiqqan bu gaplarni eshitib, odamlarning ko'zlarida yosh qalqidi. Chindan ham, tinchlikdan qimmatroq ne'mat yo'q ekan bu charxi dunda.

Shubhasiz, o'zbek va qoraqalpoq ildizi bir, tarixning qancha silsilasida bir-birimizga yelka tutib yashagan, bir g'ishtni o'zbek qo'ysa bir g'ishtni qoraqalpoq qo'yib imoratlar qilgan bunyodkor xalqmiz. Asrlar davomida og'a-ini, quda-anda, do'st-birodar bo'lib qorishib ketganmiz. Bizni azal-azaldan bir-biriga uyg'un ezgu niyatlarimiz birlashtirgan.

Prezidentimizning “Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulug' bir maqsad birlashtiradi. U ham bo'lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir. Barchamiz birgalikda Yangi O'zbekiston va Yangi Qoraqalpog'istonni albatta barpo etamiz”, degan so'zlari hammamizning ko'nglimizdagi eng ulug' maqsaddir. Shu maqsad yo'lida yanada jipslashib, qo'lni qo'lga berib, xalq farovonligi, el-yurt ravnaqi uchun amalga oshirilayotgan islohotlarni birgalikda davom ettirmog'imiz zarur.

Kengesbay REYMOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining

Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi raisi,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 4 =