Qachonki inson qadri ustuvor…
Xalqimizga xos ezgu an'anaga ko'ra, har qanday katta ishni boshlashdan oldin ko'pchilik bilan maslahat qilinadi. Maslahatlashuv jarayonida jo'yali takliflar bildiriladi. Qizg'in muhokamalardan so'ng ko'pchilikning rizoligi bilan yakuniy qarorga kelinadi. Bosh qomusimizga tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish borasida ham aynan shunday yo'l tutilmoqda.
Amaldagi Konstitutsiya mustaqillik yillarida mamlakatimizning siyosiy qurilishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, davlat va fuqaroning, jamiyat tuzilmalarining huquq hamda majburiyatlariga oid masalalarni qamrab oldi, barcha sohada erishilgan yutuqlarimizning huquqiy poydevori bo'lib keldi. Lekin vaqt deganlari yugurik. Zamon shiddat bilan o'zgarib borayapti. Buni ham hisobga olishimiz shart, albatta. Asosiy qonunimizni amalga oshirilayotgan islohotlarga, jamiyatdagi real voqelikka, yurtdoshlarimizning ongu tafakkuridagi o'zgarishlarga, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga hamohang tarzda takomillashtirish hayotiy zarurat hisoblanadi.
Bu borada dunyo tajribasiga e'tibor qaratsak, so'nggi 30 yillikda 90 ga yaqin davlatda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilib, ulardan 53 tasida yangi konstitutsiyalar qabul qilingan.
Mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar nima uchun kerak va bu islohotlar mazmun-mohiyatida qanday maqsadlar mujassam, degan savol tug'ilishi tabiiy. Oxirgi olti yilda jamiyatimizda, tom ma'noda, uyg'onish sodir bo'ldi, Uchinchi renessans poydevoriga tamal toshi qo'yildi.
Odamlar jamiyatda bo'layotgan voqea-hodisalarga befarq emas, o'zining munosabatini bildiryapti, taklif-istaklarini bayon etayapti. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash zaruriyati paydo bo'ldi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari kengashlarining 2022 yil 20 maydagi qo'shma qarori bilan Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgani, Komissiya tarkibiga deputatlar, senatorlar, O'zbekistonning barcha hududlaridan vakillar, fuqarolik jamiyati institutlari, huquqshunoslar, siyosatshunoslar va boshqa mutaxassislar kiritilgani e'tiborga molik.
Ochiqlik va shaffoflik davlatimiz siyosatining muhim shartiga aylangan bir paytda Konstitutsiyamizga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish jarayoni ham to'liq ochiqlik va shaffoflik sharoitida o'tayotganini alohida ta'kidlash joiz.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha takliflar “Mening konstitutsiyam” platformasida qabul qilinmoqda. Fuqarolar o'z fikr -mulohazalarini nafaqat onlayn platformaga, balki mahallalar, xalq deputatlari kengashlari, 1341 call-markazi, pochta, shu jumladan, elektron pochta hamda telegram maxsus boti — @meningkonstitutsiyam_bot orqali yuborayotgani va har bir taklif alohida o'rganib chiqilayotgani, shuningdek, taklif muallifiga minnatdorlik bildirilib, javob qaytarilayotgani ham chinakam xalq konstitutsiyasini yaratish borasidagi azmu qaror ekanligidan dalolatidir. Shu o'rinda onlayn platformaga e'tibor qaratsak, unda bildirilgan har bir taklifga keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinib, o'z munosabatlarini bayon etish imkoniyati yaratilgani ham jarayon to'liq demokratik tamoyillarga muvofiq o'tayotganini anglatadi.
Konstitutsiyaviy komissiyaga qisqa muddat ichida 64 mingdan ziyod takliflar kelib tushgani ham ko'rsatib turibdiki, yurtdoshlarimiz bu islohotlarga bee'tibor emas, ya'ni ular har bir modda bo'yicha o'z takliflarini bildirmoqda. Eng muhimi, yurtdoshlarimizning konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini anglashga ishtiyoqi juda baland.
Albatta, shu paytga qadar Konstitutsiyaga bir necha bor o'zgartish va qo'shimchalar kiritilgan. Lekin ular asosan davlat hokimiyati faoliyatiga daxldor bo'lgan. Hozirgi kiritilayotgan o'zgartish va qo'shimchalar esa inson qadri uchun degan g'oya mujassam ekani bilan ahamiyatlidir. Ya'ni taklif etilayotgan o'zgartish va qo'shimchalarda inson huquq va erkinliklari kafolati nazarda tutilmoqda. Ilgari amalda bo'lib kelgan “davlat — jamiyat — inson” tamoyilini “inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga o'zgartirish zaruriyati konstitusiyaviy islohotlarning muhim asosidir.
Demak, inson, uning hayoti, qadr-qimmatini ulug'lash va buni Konstitutsiyaning butun ruhiga singdirish, har bir moddasida aks ettirish maqsad qilingan. Shundagina Bosh Qomusimiz, chindan ham, xalq Konstitutsiyasi bo'ladi. Ya'ni Prezidentimiz alohida ta'kidlaganidek, bu ishlar o'zimizni ko'z-ko'z etish uchun emas, balki xalqning farovon hayotini ta'minlash, ertaga har bir yurtdoshimiz Konstitutsiya bilan faxrlanishi, “Bu mening Konstitutsiyam” deb g'ururlanishi uchun amalga oshirilayotganini anglashimiz zarur.
Birgina misol, Fransiyada odamlar “Mening Konstitutsiyam” deb faxrlanadi. Chunki Konstitutsiya ularning huquqlarini kafolatlaydi, ular konstitutsiyaviy erkinlik doirasida, konstitutsiyaviy kafolatlar doirasida erkin, baxtli yashaydi.
E'tibor bergan bo'lsangiz, konstitusiyaviy islohotlar bo'yicha bildirilgan ko'p takliflarda ayrim jinoyatlarga nisbatan o'lim jazosini tiklash ham bildirildi. Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaviy komissiya a'zolari bilan uchrashuvida o'lim jazosini butunlay bekor etishni Konstitutsiyada ham muhrlab qo'yamiz, dedi. Yurtimizda ancha yillar ilgari bekor qilingan o'lim jazosi endi hech qachon qo'llanilmasligi Konstitutsiya bilan ham kafolatlanmoqda. Bu insonparvarlik o'zbek xalqi uchun eng katta qadriyatlardan biri ekanligini, Yangi O'zbekistonda inson qadri hamma narsadan ustun ekanligini yana bir bor yaqqol namoyon etmoqda.
Ma'lumki, shaxsni gumonlanuvchi tariqasida 48 soatdan ziyod ushlab turmaslik to'g'risidagi norma maxsus qonunlarimizda belgilab qo'yilgan. Biroq bu qonunlarni faqat shu soha mutaxassislari, yuristlar bilishadi. Keng jamoatchilik bilmaydi. Chunki Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi o'qitilmaydi, o'rgatilmaydi. Konstitutsiya esa maktabgacha ta'lim muassasalaridan tortib, umumiy o'rta va oliy ta'lim dasturlariga ham kiritilgan, ya'ni har bir qoidasi o'qitiladi, o'rgatiladi. Agar Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklariga doir mana shunday normalar belgilab qo'yilsa, bog'chadan, maktabdan har bir shaxs o'z huquqlarini to'la anglay boshlaydi.
Yana bir muhim taklif: Konstitutsiyaga O'zbekiston ijtimoiy davlat degan norma kiritilishi bilan bog'liq. Ijtimoiy davlatning funksiyalari o'ziga xos bo'lib, aholining ijtimoiy ko'makka muhtoj qatlamlarini qo'llab-quvvatlash, ishsizlikka qarshi kurashish, yosh tadbirkorlarga yordam ko'rsatish, aholi daromadlarining doimiy o'sishini qo'llab-quvvatlash, ta'lim, sog'liqni saqlash va ma'naviy-madaniy rivojlanishni ta'minlash, jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yumshatish, ijtimoiy sug'urta tizimini keng yo'lga qo'yish, imtiyozlarni qayta taqsimlash orqali munosib turmush sharoitini yaratish va ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish shular jumlasidandir.
Garchi shu paytga qadar “ijtimoiy davlat” tushunchasi Asosiy qonunimizda o'z aksini topmagan bo'lsa-da, mamlakatimizda so'nggi yillarda olib borilayotgan xalqchil siyosatning mazmun-mohiyati ana shu tamoyilga to'liq mos keladi. Davlat byudjetining qariyb 50 foizi ijtimoiy sohaga yo'naltirilgani, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi ijtimoiy himoyaning kafolatli tizimi yaratilgani tufayli ehtiyojmand, kam ta'minlangan va ko'makka muhtoj oilalar, xotin-qizlar va yoshlar turmush tarzida tub o'zgarishlar kuzatilmoqda.
Biz bozor iqtisodiyotiga o'tganmiz, shunga qaramasdan aholining kam ta'minlangan qismini davlatimiz o'zining himoyasiga olishi bo'yicha tegishli chora-tadbirlarni ko'rayapti.
Ijtimoiy davlatda jamiyatning har bir ehtiyojmand a'zosini hech istisnosiz ijtimoiy jihatdan qo'llab-quvvatlash tizimi qaror topadi, davlat fuqarolar farovonligining muayyan darajasi uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga oladi. Ijtimoiy davlatda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosabatlar yuqori darajada rivojlangan bo'lib, uning maqsadi insonning shaxs sifatidagi imkoniyatlarini to'la ro'yobga chiqarish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini har tomonlama ta'minlashdan iborat bo'ladi. Bu mohiyatan davlatning o'z fuqarolariga nisbatan ijtimoiy g'amxo'rligini nazarda tutadi. Bu vazifa mas'uliyat va majburiyatga aylansagina, davlat ijtimoiy davlatga aylanadi.
Yurtimizda oilaga alohida e'tibor qaratiladi, qadriyat sifatida e'zozlanadi. Shunga qaramay ayrim toifalar, guruhlar azaliy qadriyatimiz bo'lgan, muqaddas qo'rg'on hisoblangan oilani buzishga qaratilgan harakatlarni zimdan boshlagan edi. Hatto bir jinslilar o'rtasidagi nikoh haqida bema'ni gaplar aytilayotgandi. Amaldagi Konstitutsiyamizda “Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi” deb yozib qo'yilgan. Prezident tomonidan bildirilgan “Oila erkak va ayolning erkin tanlovi asosida quriladi” degan taklifning Asosiy qonunimizda aks etishi esa bu masalaga uzil-kesil nuqta qo'yadi. Ya'ni bir jinslilarning oila qurishi muhokama ham etilmaydi.
Inson bu dunyoga kelar ekan, u munosib hayot tarzida, o'ziga qulay sharoitda yashashi kerak. Davlat insonning farovon yashashini kafolatlashi va bunga imkon yaratib berishi zarur. Bu Konstitutsiyada aks etishi va ijtimoiy davlatning fuqarolari oldidagi asosiy vazifalari aniq belgilab qo'yilishi adolatdan bo'ladi.
Inson huquqlari orasida eng asosiylaridan biri, bu shubhasiz, so'z va matbuot erkinligidir.
Fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash — Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi yettinchi yo'nalishining dastlabki va muhim maqsadi sifatida belgilangan. Bundan shuni anglash mumkinki, biz yashayotgan globallashuv va axborot asrida hayotimiz, jamiyat taraqqiyoti, mamlakat ravnaqi zamonaviy mediamakon va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan ham chambarchas bog'liq.
Texnika va texnologiyalar taraqqiyoti jamiyatda axborotning ahamiyatini yanada oshirdi. Axborot barcha sohaga chuqur kirib borgani, inson va jamiyat hayotiga ta'siri misli ko'rilmagan darajada ortgani, o'z navbatida, ularni tartibga solish zaruratini ham yuzaga keltirdi.
Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar fuqarolarning axborot sohasidagi huquqini yanada ro'yobga chiqarish uchun imkon yaratish, OAVlarning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta'minlash borasidagi rolini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Asosiy qonunimizning 30-moddasida “O'zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo'lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim” deb qayd etilgan. Lekin biz amaliyotda uchratib turibmizki, nafaqat har bir fuqaro, hatto jurnalist ham davlat organidan yoki mansabdor shaxsdan o'zini qiziqtirgan axborotni olishda muammoga duch kelyapti. Demak, shu normani yanada mustahkamlash maqsadida Konstitusiyaning 67-moddasi (“Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to'g'riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo'l qo'yilmaydi”)ga oid qo'shimcha ayrim takliflarni ilgari surmoqchimiz.
Xabaringiz bor, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda imzolangan “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga har yili Matbuot va ommaviy axborot xodimlari kuni arafasida mamlakatimizda OAVlarning holati bo'yicha Milliy ma'ruzani taqdim etish vazifasi qo'yildi.
Shundan kelib chiqib, Konstitutsiyaning 67-moddasi 3-qismida “Har yili mamlakatda OAV, so'z va matbuot erkinligi holati yuzasida Oliy Majlis Senatiga Milliy ma'ruza taqdim etiladi” degan norma kiritilishini taklif etamiz.
Amaldagi Konstitutsiyaga muvofiq qonunchilik tashabbusi huquqiga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, o'z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog'iston Respublikasi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Bosh prokurori ega. Endilikda bu huquq fuqarolarga, ya'ni xalqqa ham berilyapti. Agar fuqarolar yuz mingta ovoz to'plasa qonunchilik tashabbusiga ega bo'ladi va mana shu qonun normasini taqdim qilishi mumkin. Bu ham inson qadri va xalq Konstitutsiyasini nazarda tutadigan norma sifatida talqin etiladi.
Ayni paytdagi konstitutsiyaviy islohotlarda hayotimizning barcha jabhalari, jihatlari qamrab olinyapti. Inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida yaxlit ko'rinishda Konstitutsiyaga kiritilayotgan o'zgartishlarda o'zining aksini topishi nazarda tutilmoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni jurnalistlar oldiga shunday vazifalarni qo'ymoqdaki, Asosiy qonunga kiritilayotgan har bir o'zgartish va qo'shimchalarni aholi, har bir shaxs to'g'ri tushungan, anglagan holda, ertaga o'z kelajagi uchun ovoz berayotganini bilishi uchun jurnalistlar bu jarayonni keng yoritishi, targ'ib etishi lozim. Ya'ni jurnalistlardan bu jarayonda yanada faol bo'lishi, taklif qilinayotgan har bir normani ekspertlar, mutaxassislar ishtirokida sharhlab borishi, odamlarga tushuntirishlari zarur. Masalan, har bir norma, band oddiy bir inson hayotida qanday ahamiyat kasb etishini tushuntirishlari juda ham muhim.
Jurnalistlarni jamiyatda bir qadam oldinda yurishi kerak, deyishadi. Ayni islohotlar jarayonida biz chindan ham boshqalardan ko'ra bir qadam oldinda yurishimiz talab etilmoqda.
Ochig'ini aytganda, yuqorida ta'kidlaganimizdek, avval ham konstitutsiyaviy islohotlar bo'lgan, Asosiy qonunimizga o'zgartirishlar kiritilgan, lekin biron marta bugungidek keng muhokama etilib, Konstitutsiyaviy komissiyaning har bir majlislari to'g'ridan-to'g'ri efirlarga berilmagan edi.
Jamiyatning ochiqligi va shaffofligini ta'minlashda jurnalistlarning xizmati, ulushi juda katta. Eng asosiysi, Konstitusiyamizga axborotning erkinligini real ta'minlaydigan normalarni kiritish kerak. Hozir internetdan erkin foydalanish haqida fikrlar bildirilyapti. Zamonaviy ko'rinishdagi vositalar orqali ham axborotdan erkin foydalanish huquqini ta'minlash axborot olish nuqtai nazaridan juda o'rinli.
Yana bir taklif: Konstitutsiyadagi fuqaro atamasini ham ko'rib chiqish zarur. Bu so'z arab tilidan olingan bo'lib, o'zbek tilida faqir, kambag'al degan ma'noni bildiradi. Sovet davrida ishlatilgan grajdanin atamasi to'g'ridan-to'g'ri tarjima qilinib, fuqaro atamasi tanlab olingan. Biz endi faqirlar mamlakatida emas, aksincha, inson qadri ulug'langan yurtda yashayotganimizni e'tirof etib, shunga monand, deylik, vatandosh atamasini ko'rib chiqishni taklif etamiz. Tasavvur qiling, yoningizga ichki ishlar xodimi kelib, “Hurmatli vatandosh” deb muroajaat qilsa, qanday yaxshi bo'lardi. Darvoqe, shunga o'xshash amaliyot Turkiya va Ozarbayjonda, qo'shnilarimiz Qozog'iston vaTurkmanistonda qo'llanilmoqda.
Jahonda e'tirof etilgan demokratik mezonlarga ko'ra, matbuot erkinligi fuqarolik va siyosiy huquqlar orasida alohida ahamiyat kasb etar ekan, axborotni tarqatish bilan bog'liq javobgarlik masalasini ham Konstitutsiyamizda belgilab qo'yish maqsadga muvofiq bo'lur edi. Zero, bu amaliyot dunyo mamlakatlari tajribasida mavjud.
Shuningdek, Asosiy qonunimizga hech bir davlat organi so'z va matbuot erkinligiga daxl qiluvchi norma qabul qilishga haqli emas, degan qoida o'rnatilishi ham demokratik talablarga muvofiqdir. Xabaringiz bor, qonunlarimizda O'zbekiston Respublikasi fuqarosi respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko'chish huquqi nazarda tutilgan. Shunga qaramasdan birgina davlat organi tomonidan qabul qilingan Toshkentda “propiska” to'g'risida Nizom amalda bu normani yo'qqa chiqargandi. Yillar davomida bu qanchadan-qancha iste'dodli yoshlar, iqtidorli mutaxassislar yo'liga to'g'anoq bo'lib keldi.
Shunday ekan, Bosh qomusimizga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilishi davlat va jamiyat, har bir yurtdoshimizga daxldor bo'lgan muhim jarayon hisoblanadi. Unda faol ishtirok etish va o'z takliflarimizni bildirish har birimizning burchimizdir.
Olimjon O'SAROV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi