Chuchuk begim

Tarixiy manbalarga ko'ra, Temuriylar va ularning davomchisi Boburiylar xonadoni va sulolasida muhabbatni qadrlash tuyg'usi juda kuchli bo'lgan. Ular janggohlarda qanchalik dushmanga shafqatsiz bo'lishsa, sevgida shunchalik ko'ngli yumshoq insonlar bo'lgan. Boburning malika Mohimbegimga bo'lgan hurmat va sevgisi, Jaloliddin Akbar, Jahongir, ayniqsa, Shohjahonning o'z xotiniga muhabbati va dunyoda yagona ishq binosini qurgani dunyo ahlini hanuz hayratga soladi.

Biz maqolada Zahiriddin Muhammad Boburning ikkinchi farzandi Komron mirzo va xotini Mohchuchukbegim oralarida bo'lgan sevgi, vafo va sadoqat haqida so'z yuritmoqchimiz. Negaki, bu sevgi ham hamisha ibrat va o'rnak namunasi bo'lib qoladigan hikoyalardan biridir.

Ma'lumki, Komron mirzo otasi Bobur podshohning o'limidan keyin akasi Humoyun mirzoga ko'p qarshiliklar ko'rsatib, oqibat yengilib qo'lga tushdi va Humoyun mirzo buyrug'i bilan milodiy 1581 yilda ko'ziga nishtar urildi.

Ushbu voqeadan so'ng Humoyun mirzo Sind qirg'og'iga yetganida Komron mirzo undan Hijozga safar qilish va Haj farzini ado qilishga ruxsat berishini so'radi. Humoyun mirzo ruxsat berish uchun bir necha yaqin kishilari bilan Komron mirzoning hirgohiga hayrlashgani kirib bordi.

Komron mirzo farzandlarini Humoyunga topshirib, ulardan xabardor bo'lishini so'radi. Humoyun bu istakni qabul qilib, Komron mirzoga hamroh bo'lishni istagan odamlarga ham ruxsat bermoqchi edi, lekin fursattalab va kaltabin kishilar orasida unga hamrohlik qiladiganlar topilmadi. Faqatgina Chalma Ko'ka avvallari Komron mirzo xizmatida edi va hozirda Humoyun mirzoning sufrachi yo bovarchisi hamda uning inoyat va lutfini qozongan kishi edi. Shu kishi Komron mirzo xizmatida bo'lish niyatini bildirdi.

“Humoyunnoma” Komron mirzoning ko'r qilinishi voqeasi bilan tugaydi, “Akbarnoma” va “Tazkirat-ul Voqe'ot”da Komron mirzoning Hijozga jo'nagani va o'sha yerda uch marotaba Haj marosimini bajo keltirib, to'rtinchi bor Haj marosimini ado etayotgan vaqtida vafot etib, o'sha yerda dafn etilgani, juda qisqa qilib yozilgan. Ammo “Tarixi Sind”ga tayanadigan bo'lsak, Komron mirzo Humoyun podshohdan ruxsat olgach, Hijozga qarab harakat qilmagan, balki Sindda qaynotasi Shohasan Arg'un qoshida bir muddat istiqomat qilib, keyinroq Hijoz tomonga yo'lga tushgan. Quyida “Tarixi Sind”da yozilgan ma'lumotni Komron mirzoning forsiy devoni muqaddimasidan foydalangan holda tarjima qilib keltiramiz:

“Mirzo Komron yana 1578 yilda keldi. Mirzo Shohasan bir necha muddat uni daryo o'rtasida Shoxpila tog'ida joylashtirdi va Batulani Mirzoning matbaxi va xarajati uchun tayin hamda Fathbohni uning nuzuli uchun muqarrar qildi. Mirzo Komron u yerdan Haj qasdini qildi. Shunda Komron mirzoning xotini Chuchukbegim:

— Meni ham ruxsat qilsinlar, Mirzo bilan ketay, — dedi. Mirzo Shohasan ruxsat bermay, ko'p mubolag'a qildi. Oxiri Chuchukbegim otasidan ruxsatsiz kemaga kirib, Mirzo Komron qoshiga yolg'iz o'zi bormoqchi bo'ldi. Sulton Mahmud muhrdor va bir guruh mahramlar kelib, uni qaytardilar. Mirzo Shohasanning o'zi qizining kemasiga kelib, ko'pdan-ko'p uzrlar so'radi. Oxiri Chuchukbegim otasiga:

—Hozir haloyiq “Mirzoning qizi erining itoatini qilmadi”, deb meni badnom qilmaydilarmi? — dedi.

Mirzo Shohasanga bu so'zlar ma'qul bo'ldi. Nochor unga yaxshi asbob -anjomlar berib, kuzatdi”.

Bu voqea nimani isbotlaydi?

Nazarimizda, ikki haqiqatni oshkor qiladi:

  1. Komron mirzo shunchalik malikasi Chuchukbegimni sevib, hurmat qilib, vafo ko'rsatib, e'zoz­lab yurgan ekanki, malikasi ham otaning uyidagi rohatu farog'at, tinch-totuv hayotni tark etib, otasining buyrug'i va iltimoslariga bo'ysunmay, ko'zi ojiz va shohlikdan tushgan eriga ergashib, so'nggi damgacha uning hamdami bo'ldi. Bu Komron mirzoning vafo, sadoqat va sevgisining kuch-qudrati nishonasidir.
  2. Chuchukbegim eri Komron mirzodan shunchalik mehr-sadoqat, vafo-sadoqat, ayniqsa, sevgini ko'rgan ekanki, erga sodiqlikni ota-onaning mehridan ustun qo'yib, yo'l azobi va bundan keyingi oddiy faqirona hayotni, shohona yashashdan afzal bildi. Umrining so'ngigacha Komron mirzoning yonida qoldi. Hamda turmush o'rtog'ining vafotidan so'ng firoqiga chiday olmay vafot etdi. Bu esa Chuchukbegimning oliy tarbiyasi va hurmatlarga arzigulik siymosi nishonasidir.

Komron mirzo Haj ziyoratiga musharraf bo'ldi, lekin ushbu muborak joyni tark etmadi va umrining so'nggi lahzalarigacha o'sha yerda qolmoqchi bo'ldi. Uning umri nihoyalab qolgan ekanmi yoki Kobulda tug'ilib, yashagan, Kobulning so'lim va salqin havosiga o'rganib qolgan Komron mirzoga Arabistonning juda issiq havosi yomon ta'sir qildimi, uch yil Haj marosimini bajo keltirib, to'rtinchi yili Haj paytida Arofat marosimini ado etgandan so'ng, quyosh mag'ribga botayotganda, uning umr quyoshi ham so'ndi…

Komron mirzoning vafoti va dafn marosimi haqida “Tarixi Sind” quyidagicha ma'lumot beradi:

“Mirzo Komron va Begim (Chuchuk begim) Haj farizasini ado qilgandan so'ng ikki-uch yil Makkai Muazzamada istiqomat qildilar. Mirzo Komron Haj kuni Arofat marosimini ado etib, oftob botmay turib vafot etdi. Chuchuk begim ham yetti oydan so'ng mangu jahonga safar qildi. Bu voqealar 1585-yilda sodir bo'ldi”.

“Muzakkiri Ahbob”da Komron mirzoning vafoti haqida bunday deyiladi:

“Va marqadi oliysi Go'riston mualloda Xadichayi Kubro Razillohhu anhoning yaqinidadur”.

Endi Chuchukbegim haqida yana ikki og'iz ma'lumot: Chuchukbegim Sind hukmdori Shohhasan Arg'unning qizi, 1574-yilda Komron mirzoga turmushga chiqqan edi. Shohasan Arg'un boy, hashamat va qud­ratga ega amirlardan biri edi. Chuchukbegim podshohlikdan tushgan, kishilar yordamiga muhtoj bo'lib qolgan Komron mirzo bilan hamrohlik qilmay, otasining qoshida to'kis, farovon yashay olardi, ammo u sevgi va vafoni tanlab safar mashaqqati va o'zga yurtlarda ovoralikni faqatgina turmush o'rtog'i uchun tanladi. Bu vafoli, muhab­batli ayol Komron mirzoning so'nggi damlarigacha u bilan hamroh va hamsuhbat edi, ko'rar ko'zi, g'amxo'ri bo'ldi. Hattoki Komron mirzodan yetti oy keyinroq vafot etib, u dunyoda ham Komron mirzoni uzoq vaqt yolg'iz qoldirmadi.

Shafiqa YoRQIN,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat

o'zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + sixteen =