Hayot bir yo'l…

Yoz faslining ilk kunlarining birida bir guruh faxriylar bilan Xorazm viloyatiga sayohatga boradigan bo'ldik. Erta tongda Qarshi shahridagi “Vatanparvar bog'i”da to'plandik. Shahar hokimi Normo'min Xolboyev safar oldidan barchamizga oq yo'l tiladi, duolarga qo'llar ochildi. Yo'lga tushdik. Urganch-Qarshi oralig'i yetti yuz ellik kilometr chiqadi, masofa uzoq. Tekis yo'lda uchayotgan avtobus derazasidan atrofga bo'ylayman: yashillikdan so'ng bepoyon Muborak cho'llarining saksovulzoru ufqqa qadar yastanib yotgan qumliklari boshlanadi. Cho'l tong uyqusini olgan oqsoqoldek o'ychan, nigohlarim yeldirim yellar-la qo'shilib beqanot uchadi. Bular men uchun tanish manzara.

Buxorodan Gazliga qadar magis­tral yo'llarda ta'mirlash ishlari olib borilayotganligi uchun avtobusning tezligi pasaydi. Keyin kaftdek ravon yo'lda harakatlanishi sezilmay qoldi. Yana avtobusdan quyosh otashidan jon talashayotgan Qizilqum sahrosiga sinchkov tikilaman. O'zbekiston xalq shoiri Rauf Parfining “Avtobus derazasidan qarab ketsang” deya boshlanuvchi she'rini unsiz yod etaman. Va ohista yakunlayman:

Yiroqlarga qochar qismatlar,

Avtobus derazasidan qarab ketsang.  

Yo'lovchilar o'rtasida mudroqlik o'rnida jonlanish kuchli. Saksondan oshgan otaxon Qahramon Rahimov asal­arichilikni insho etadiki, go'yo bolga nonni botirib yegandek huzurlanasiz. Alloh xohlasa: “bir yuz yigirma yoshga kirishim kerak”, dedi otaxon mardona, keyin sardobalar haqida jo'sh uradi. Mirishkor cho'lidagi sardobaning suvi yozda muzday, qishda iliq turishining sehru sinoatidan hayratlanadi. Sardobalar karvon yo'li bo'ylab   qurilganligini ham yashirmaydi. U   Movarounnahrda 44 ta sardoba, shundan 29 tasi Qarshi cho'lida mavjud bo'lganligini shipshiganda yozuvchi Jumaqul Qurbonov, jurnalist Husan Temirovlar go'yo yeng shimargan ko'yi ko'pkarisiz uloqqa qo'l cho'zadi. Ana bahsu ana tortishuv. Bunday lahzada xayollarim to'rini yig'ishtirib hushyor tortgancha ko'pkaridagi chetgirlik usulini o'rtaga suqaman. “Uloq”ku birortamizga nasib etmadi, chunki har kim o'z bilganidan qolmadi. Baribir, jonli bahs ko'zdagi mudroqlikni quvdi, bilganlarimizni yovuqlashtirdi. Muyiddin og'a Xorazm qizlari go'zalligi haqida gap suqqandi hamki, Buxoro-Xorazm o'rtasida sardobalar yo'qligi bahsi olovlanmay turib o'chdi. Guruh sardori Abdusalim   Shovriqov Xeva xonligi sarbadorlari tomonidan chet mamlakatlardan eng chiroyli parivash jononlar olib kelganligini aytmaganda bu gurung ham tomirlar uzilish darajasida davom etardi. Shermamat Rajabov esa xorazmlik ukaxoniga qo'ng'iroq qilib, Amudaryo ko'prigiga yaqinlashganini aytib, sog'inchini yashirmasdi. Qizg'in gurunglar bilan quyosh botishi oldidan Urganchga yetib keldik va “Xorazm” mehmonxonasiga joylashdik. Picha charchoq chigilini yozmasimdan Matnazar aka (shoir Matnazar Abdulhakim)ning o'g'li Muzaffarbek qo'ng'iroq qilib qoldi. U bilan iliq so'rashib, manzilimni aytdim.

Sayohatning bosh rejasi ertasi kuni Xevaga borish, Pahlavon Mahmud ziyoratgohida bo'lish va Xeva muzeyini tomosha qilishdan iborat edi. Xayolim chuvalandi. Muzaffar kelguniga qadar biror qarorga kelishim kerak edi. Xevaga burun borganman; avliyo shoir va tengsiz kurashchi Pahlavon Mahmud qabrini ziyorat qilganman. Shu tasallida ertangi kunim reja jadvalini o'zgartirib yubordi. Muzaffarning mashinasida ertasi kuni ulug' san'atkor Otajon Xudoyshukurov qabrini ziyorat qilgani Ellikqal'a tumaniga jo'nadik. “Abdulla Nodirjoniy” qab­ristonida ulug' san'atkorimiz mangu qo'nim topgan. Bu yerdagi qabrlar meni hayratlantirdi. Yarim doirasimon shakldagi sag'analar yer kaftida qator terilgan. Muzaffar mening ko'ng­limda kechgan fikrni payqaganday: “Bizda marhum uchun lahat qazilmaydi. Yer betiga qum to'shalib, mayit qum ustiga yotqiziladi, so'ng sag'ana quriladi. Sizot suvi yer betiga urib turadi”, deya xayollarimga tuzoq urdi. Olisdan qarasang daryo to'lqinida qalqib oqayotgan sandiqlar kabi ko'rinadi qabrlar. Qabris­ton imomi Qu'ron tilovat qilganda duolarga qo'llar ochildi. Abdulla Nodirjoniy din ilmining peshvolaridan biri bo'lib, payg'ambarimiz rizosi ila bu go'shadan qo'nim topgan ekan. Otajon Xudoyshukurov qabridagi marmar toshga tikilaman. Qo'lda tori bilan o'yib chizilgan surat. Otajon aka yarim jilmaygan ko'yi turib maqom ijro etayotganday tuyuldi. Negadir vujudimni zalvorli mungu iztirob cho'lg'adi, og'irlashdim.

Kechagina sahnalarni to'ldirib yurgan inson bu yerda sukut qo'shig'iga jo'r bo'lagancha mangulik torini chertishdan to'xtamayotganday go'yo. Iliq his-hayajon tomirlarimda yillar ingrog'ini tebratganday ma'yus tortdim. Turmush o'rtog'i Quvonchoy opaning qabri ham yondash ekan. Muzaffar bilan Urganchga qaytdik. Xorazm sersuv ma'vo ekan. Bir-biriga yondash kanallardan Amu suvi to'lqinlanib oqayotganidan huzurlanasan: chor-tevarak yashil.   Qum barxanlari orasida baliqchilik uchun ko'llar serob. Xorazmga borib baliq tanovul qilmabsiz, huzur topmabsiz degan gap bor.

Xorazm elining ardoqli shoiri Matnazar Abdulhakimning qabrini ziyorat qilish va Qur'ondan tilovat qilish niyatim edi. Shoir haqida Bahrom Ro'zimuhamad o'n besh yil avval to'lqinlanib gapirganda hayajoniga sherik bo'lganman. Matnazar og'aning nafaqat she'riyati go'zalligi, balki ulug' shoirlarimiz Pahlavon Mahmud, Dehlaviy, Bedil ruboiy va g'azallarini forsiydan ona tilimizga qoyilmaqom o'girganligiga shaydo edim. Shoir qabrini   Urganch davlat universiteti talabasi, nabiram Nodirjon bilan birga ziyo­rat qildik. Qabristonni mangu osudalik chulg'agan. Qulog'imga ulug' shoirimizning ovozi quyilganday ruhim yorishdi. Uning falsafaga yo'g'rilgan she'riy misralari yodim mehvarida jilvalanardi. Bahromning Matnazar og'aga salomingizni yetkazdim, degan izhorlari yuragimda kurtak ochdi. To'lqinlandim, ko'zlarimdan yosh aralash iztirob seli sizdi. Xuddi shoir o'z onasiga iltijosi yuragimda qanot qoqqanday bo'ldi.

 

Baxt izladim men dala, dashtdan,

Orzuim bol, umidim — asal.

Onaginam!

Seni aldashdan

Halokatni sanadim afzal.

 

Sarmast qildi chamanlar vasli,

Qayg'urmadim, rizqu ro'zimni.

Yashadim men bag'ishlab, asli,

Faqat o'zgalarga o'zimni…

 

Umid — asal, deyman shivirlab ichimda. Xizmat taqozosiga ko'ra bir gal jazo koloniyasida sakkiz marta qamalgan oltmish bir yoshli maxbus bilan suhbatlashganimda u hech ikkilanmay kelajagi haqida umid bilan “hali uylanaman, bola-chaqam bo'ladi, to'y qilaman, el oldidan o'taman, bema'ni umrimni yaxshi kunlarga bag'ishlayman”, degan gaplari shu misrani takrorlash onida qayta yodimda jonlandi. Umid – ezgulik qanoti. “O'zgalarga o'zini” bag'ishlagan shoirning hayot yo'li men uchun hali kashf etilmagan orol edi. Zahmatkash safga o'zini loyiq bilgan qahramon ona qarshisida hisob berishi o'zbekona mentalitetning oliy nishoni emasmi? Umid yo'lida hayot lazzatini totmakka uringan shoir asal o'rnida zahar, bol o'rnida zaqqum yutgani-chi? Haq oldida ba'zan qistovlaru turtkilar zarbini yeganda alafga ko'nikishdan zadalanmoqda shoir. Ammo hayot o'yi­­ni narda toshlaridek bo'shliqni istaydi. Onalardan sirni yashirib bo'lmaydi. Nigoh tikishimizdan ular bizning kechinmayu o'ylovlarimizni mehr tarozisida o'lchashga qodirdir.

Ziyoratdan qaytishda Muzaffarbekka “sizni ishdan qoldirdim-da,”deb hijolat bilan gap boshlashimdan avval u: “Kelganingizni Shuhrat og'aga aytganman. Salqin joy bor – “Okean” choyxonasi, Shovot kanali bo'yida, yaxshi hordiq olasizlar”, deya ogohlantirdi. Choyxona haqiqatan kanal bo'­yida joylashgan ekan. Atrof yam-­yashil. Kanal tarafdan salqin shabada esib, ko'ngilni yayratadi. Muzaffarbek bilan xayrlashib Nodirjon bilan chog'roqgina qo'lbola kapadan joy oldik. Hayal vaqt o'tmay Xorazmning mashhur jurnalisti, iste'dodli shoi­­ri Shuhrat Matkarim kelib qoldi. Eski qadrdonlarday ko'rishdik. Dasturxonga sudak tortildi. Qiltig'i kam baliq, iste'mol qilishga o'ng'ay. Bir piyola choy ustida gurung avjlandi. Meni ko'proq Matnazar og'aning shaxsi ham qiziqtirardi. Bilaman, iste'dodli shoirlar biroz injiqroq ham bo'lishadi.

— Keling, og'a, durust gurunglashaylik, soxtalikni jinim yoqtirmaydi, to'g'ri tayoq bo'lib o'sganman. Yaloqlikni yomon ko'raman. Shuning uchun ham ayrim kalandimog' amaldorlarga yoqmaganman. Aylanay, o'rgilay degan kampirsholarga duch kelsam tuzoqqa ilingan jonivorday ojizlanaman. Xorazm—avliyolaru allamolar yurti. Hatto ayollariyam keskir, bir gapli. Bo­shingniyam, xayolingniyam silab o'tirmaydi. Yolg'on ishvalardan bezib bo'lganman.

Shuhrat inim shu gaplarimni kutib o'tirganday chiroyi ochildi, yuzida mamnunlik ufurdi. O'zimgayam hayronman. Nega Matnazar og'aning xarakteri bilan qiziqib qoldim? Ijodi sara-ku! Yana shu “xasta”lik miyamga tep­­di. Shuhrat inim yashirmadi, shoir ruhiyati olamini ko'nglimdagiday chizib beroldi. Uning qaysarligiyu xaspo'shlashni yomon ko'rishini bir-bir ipga tizilgan marjonday samimiy qayd etdi. Hatto qandli diabetga chalingandayam davolanishga urinmaganini ichki og'riq bilan so'zladi. O'zimda Matnazar og'aga ruhan yaqinlikni his etganday bo'ldim. Iste'dodda tengman demoqchi emasman. U ancha baland ijodkor. Shoirning istaysizmi yo yo'q, shaxsi she'rlarida akslanadi. Buni shoirning “Tarjimai hol” she'rida anglash mumkin.

Ko'rinmasdim har kim-har kimga,

Men — saharlar ufurgan nafas.

Gardsizligim, tozaligimga

Cheksizliklar qilardi havas.

 

Bir tong nogoh bo'ldim men shabnam,

So'ng bulutga, yomg'irga do'ndim.

Maysalarga aylandim kam-kam,

Tuproq bo'lish dardiga ko'ndim.

 

Ming yilliklar turkum va turkum

Qorildilar zulmat, ziyoga.

Saodatli qandaydir bir kun

Daraxt bo'lib keldim dunyoga…

 

Shoir muhiblari yaxshi biladi, bu she'r ancha katta, yana 24 satrdan iborat. Ammo har bir inson uchun o'qisa tengsiz xulosa, o'y bahsh etguvchi asar.

…Xullas, bir guruh faxriy yurtdoshlarimiz bilan Xorazm o'lkasiga qilingan sayohat maroqli, taassurotlarga boy kechdi. Uzoq tarixiy kech­mishlarga, bugungi ulkan o'zgarishlar, bunyodkorliklar olib borilayotgan Xorazm yurti o'z sehri, jozibasi bilan har qanday insonni maftun qilmasdan qo'ymaydi.

Qiziq, ayrimlar bir surv qo'yning pulini sarflab uzoq-uzoq yurtlarga sayohatga chiqishadi va og'zidan bol tomib maqtanib yurishadi. Uzoq xorijiy yurtlarni ko'rgan ham yaxshi. Ammo har kim   avvalo, o'z yurtini ko'rgani, bilgani avzalroq emasmikan? Xorazmga safarim davomida ana shunday o'ylar ham kechdi dildan…

O'roz HAYDAR

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × five =