Buyuk merosimiz musavvir nigohida
Yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan ulug' alloma va mutafakkirlarning jahon ilm-fani, dinu diyonat va sivilizatsiya rivojiga qo'shgan ulkan hissasi dunyo hamjamiyati tomonidan e'tirof etilgan. O'rta asrlarda yurtimizda Qur'on va hadislarga asoslangan ilm-ma'rifat g'oyalari ta'sirida xalqimiz orasidan ko'plab olimlar dunyo sahniga chiqdi. Muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qo'shgan, hadis ilmining sultoni, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning ulkan merosini ilmiy asosda chuqur o'rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o'rtasida keng targ'ib etish va yosh avlodning ruhiy va ma'naviy olamini boyitish maqsadida Samarqand shahrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgan edi.
Albatta, ushbu markazda muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qo'shgan buyuk muhaddis vatandoshimizning asarlarini ilmiy asosda tadqiq qilish va targ'ib etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Yana bir e'tiborli jihati, markaz qoshidagi muzeyda Imom Buxoriy hazratlarining sharafli hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan ekspozitsiyada boy ma'lumotlar jamlangan.
Bu yerda O'zbekiston san'at arbobi, professor Alisher Aliqulov tomonidan ishlangan “Imom Buxoriyning hayot yo'llari va merosi” deb nomlangan mahobatli devoriy surat o'zining badiiy-ilmiy yechimi, tugal kompozitsiyasi, hadisshunos alloma yashagan davr muhitini to'laqonli ifoda etib berganligi bilan ko'pchilikning nazariga tushdi.
Umumiy o'lchami 280x42 metrdan iborat ushbu mahobatli san'at asarida buyuk muhaddisning ilm o'rganish maqsadida qirq yildan ortiq davom etgan safarlari tafsiloti ajoyib tarzda o'z ifodasini topgan. Muzeyga kiraverishda o'ng tomondagi devorning yuqori qismiga ishlangan suratda Imom Buxoriyning 16 yoshida boshlangan birinchi ilmiy safari, tuya ustida o'tirgan onasi, ot mingan akasi Ahmad bilan birgalikda Haj ibodatini ado etish maqsadida Buxorodan jo'nab ketishi manzaralari mahorat bilan aks ettirilgan.
Tasviriy san'at asarida Imom Buxoriyning tahsil olish jarayonlari, uning o'tkir zehn va kuchli xotiraga ega bo'lganidan dalolat beruvchi lavhalar bilan tanishish mumkin. Imom Buxoriyning ustozlari bilan hadis ilmi to'g'risidagi suhbatlari, islom o'lkalarida eng sahih – ishonchli hadislarni saralash borasida chekkan zahmatlari jonli va tabiiy yo'sinda aks ettirilgan. Shuningdek, mazkur suratning ikki tomonida allomaning nafaqat hadisshunoslik, balki falakiyot ilmi va me'morchilik san'atiga bo'lgan qiziqishlari ham ramziy detallar yordamida ko'rsatib berilgan.
Yana bir suratda Bag'dodda o'tkazilgan imtihon jarayoni tasvirlangan. Tarixdan ma'lumki, ko'plab Sharq mamlakatlarining muhaddis olimlari ham hadislarni to'plash bilan mashg'ul bo'lishgan. Asarda turli-tuman liboslardagi olimlar tasvirlangani ham shundan dalolat beradi. O'z davrining peshqadam allomalari hisoblangan 10 nafar muhaddis ishtirokida o'tkazilgan sinov chog'ida Imom Buxoriy o'zining o'tkir zehni va ilmiga ishongan holda, mag'rur qiyofada tasvir etilgan. Musavvirning mahorati bois navqiron muhaddis bobomiz taniqli olimlarning har qanday murakkab savollariga ham aniq va puxta javob berayotganini his qilish mumkin. Kompozitsiyada tasvirlangan barcha olim va ulamolarning kiygan liboslari va hatto asardan o'rin olgan interyer ko'rinishi ham kishida o'sha davr muhiti haqida boy tasavvur uyg'otadi. Bunga erishish uchun rassomdan qanchalik katta bilim va mahorat talab etilishini anglash qiyin emas.
Mahobatli rangtasvir asarining yana bir qismida Imom Buxoriyning Bag'dodda o'z ilmi bilan muhaddislar orasida katta e'tirofga sazovor bo'lib, Vatan sog'inchi ila ona yurtiga yorug' yuz bilan qaytishi, Buxoro xalqi tomonidan juda katta shodiyonalar bilan kutib olinishi manzaralari tasvirlangan. El-ulus qurshovida kelayotgan Imom Buxoriy va u kishiga peshvoz chiqqan vatandoshlarining yuz-ko'zi quvonchdan yorishib turibdi. Bu o'rinda lavh ustida tasvirlangan Qur'oni karim xalqimizning hamisha islom arkonlarini mukammal bilgani va unga qat'iy amal qilib yashagani, ma'rifat va ezgulik hamma davrlarda bosh g'oyamiz bo'lganidan dalolat beradi.
Keyingi suratda ulug' allomaning Buxoroda talabalarga hadis ilmidan saboq berishi manzarasi aks ettirilgan. Shu orqali Imom Buxoriy hazratlari qirq ikki yillik sharafli ilmiy-ma'rifiy faoliyati davomida ko'plab shogirdlar yetishtirgani, o'sha davrlardan meros bo'lgan ustoz-shogird an'analari bugungi kunda ham izchil davom etayotgani musavvir tomonidan katta mahorat bilan badiiy talqinda devorga darj etilgan.
Yana bir suratda Imom Buxoriyning o'z vatani Buxoroni tark etib, Samarqandga kirib kelishi manzarasi tasvirlanadi. Deyarli butun umrini sahih hadislarni to'plash maqsadida olis va mashaqqatli safarlarda o'tkazgan alloma ayrim sabablarga ko'ra hayotining so'nggi yillarini Samarqand yaqinidagi qishloqlardan birida kechirgani ko'pchilikka ma'lum… Asarning fon qismlariga esa Imom Buxoriy to'plagan hadislarning o'zbek, ingliz, rus, arab, turk, ispan, fors va xitoy tillaridagi tarjimalaridan namunalar berilgani ham ul zot qoldirgan ulkan ma'rifiy meros bugun butun bashariyatning ma'naviy xazinasiga aylanganidan dalolatdir.
Shu bilan birga, tajribali rassom ushbu keng qamrovli ijodiy ishida Markaziy Osiyo kitobat san'atining o'ziga xos rivojlanish jarayonlarini gavdalantirish maqsadida qadimiy qo'lyozmalar sahifalari va arab yozuvining turli ko'rinishlariga oid tasvirlardan unumli foydalanganini ta'kidlash lozim.
Alohida ta'kidlash joizki, Alisher Aliqulov mo'yqalamiga mansub “Imom Buxoriyning hayot yo'llari va merosi” deb nomlangan mahobatli rangtasvir asari ulug' muhaddis alloma Imom Buxoriyning sharafli hayoti va faoliyati haqida boy tasavvur uyg'otish bilan birga, bugungi yoshlarni ularga har tomonlama munosib avlod bo'lib yetishish hamda olamshumul ishlarni davom ettirishga undashi bilan ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bir so'z bilan aytganda, yuksak saviyada ishlangan mazkur ijodiy ishni san'at va me'morchilik sohasida davlat mukofotiga har tomonlama munosib asar desak xato bo'lmaydi.
Dilafro'z QURBONOVA,
Kamoliddin Behzod nomidagi
Milliy rassomlik va dizayn instituti
ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha
prorektori, tarix fanlari doktori