Shaxsiyatlar sabog'i

(Akademik Naim Karimovning “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” kitobi haqida ayrim mulohazalar)

 

O'zbek adabiyoti darg'alaridan biri, romanchilik asoschisi muhtaram adibimiz Abdulla Qodiriyni yurtimizda bilmagan, tanimagan odam juda kam.   “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari nafaqat o'zbek, balki dunyo o'quvchilari ko'nglidan va eng nodir kitoblari javonidan o'rin olmoqda. Adibning kimligini, qanday maslakka, dunyoqarashga egaligini asarlaridan bilish mumkin, shuningdek, Abdulla Qodiriy bilan bir davrda yashagan, unga hammahalla, qo'ni-qo'shni bo'lgan, muloqot qilib, adabiy davralarda   gurunglashgan, bahs-munozaralarga kirishgan, asarlarini tahlil etgan ko'plab insonlar borki, ularning kimligi ham bugungi o'quvchilar uchun qiziq, albatta.   Abdulla Qodiriylarning adabiy avlodi juda murakkab davrda sahnaga chiqdi. Ularning son-sanog'i ko'p. Ammo har bir avlod orasida xuddi tun qa'rini yorug' yulduzdek yoritib, nur sochib turgan shaxsiyatlari bo'ladi. XX asr 20-30-yillar adabiy avlodi orasida Abdulla Qodiriy aynan nasr bobida shunday yorqin yulduz edi.

Adib o'zining go'zal ijod namunalari uchun maqtovlar barobarida tanqid ham eshitdi. Shunday bir pallalar bo'ldiki, Qodiriy shon-shuhrat shohsupalariga chiqdi, ammo o'zini, o'zligini, kimligini unutmadi. Shunday zamonlar bo'ldiki, adib o'z milliy tuyg'ulari, vatanparvarligi,   ma'rifatparvarligi, adabiy iste'dodi uchun azob-uqubatlar girdobiga tushdi. Odamlar adib asarlarini o'z vaqtida yod oldi, man qilingan zamonlarda yashirincha o'qidi. Alloh aziz qilgan zotlarni bandasi xor qila bilmaydi. Va nihoyat, yangi zamonlarda Abdulla Qodiriy siymosi ham, asarlari ham qadrini topdi. Tadqiqotchi olimlar va oddiy o'quvchilarni ham Abdulla Qodiriy zamondoshlari qiziqtirishi tabiiy. Shu jihatdan zamonaviy o'zbek adabiyotining ulkan bilimdoni akademik Naim Karimovning “Abdulla Qodiriy zamon­doshlari” kitobi e'tiborga molik.

Yaxshi bir ilmiy-adabiy kitob, tabiiyki, tinimsiz mehnat, izlanish, yozish, tekshirish, dalillar ortidan bunyod bo'ladi. “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” kitobiga nazar solgan o'quvchi, akademik N.Karimov Abdulla Qodiriy asarlari bilan birga zamondoshlari va ularning ijodini ham chuqur bilishini aniq tasavvur qiladi. Adib bilan uchrashib suhbatlashgan ziyolilarning e'tiroflari, o'z vaqtida asarlarini boshqa tillarga o'girgan tarjimonlarning fikrlari yoki romanlarini miriqib o'qigan ayrim kitobxonlarning xotiralari ham ushbu kitob mazmunini bo­yitishga xizmat qiladi. “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” kitobi uchun muallif birinchi navbatda adib biogra­fiyasiga, yozgan katta-kichik asarlariga qayta va qayta murojaat etadi. “Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida” kitobi, yozuvchining avlodlari tomonidan yozilgan “Otam haqida” (Habibulla Qodiriy), “O'tganlar yodi” (Mas'ud Abdullayev), “37-xonadon” (Sherkon Qodiriy) kabi kitoblardan unumli foydalaniladi.

Jadidshunos olimlar, qodiriyshunoslikka doir tadqiqotlar hamda 20-30-yillar ijodiy muhiti to'g'risida ayrim dissertatsiyalar ham N.Karimovga Abdulla Qodiriy zamondoshlari siymolarini teranroq yoritishda yordam bergan. To'g'risi, bu tadqiqotlarning ko'pchiligiga Naim Karimovning bevosita aloqasi ham bor. Deylik, Abdulla Qodiriy ijodining qaysi bir qirrasiga bag'ishlangan yoki G'ulom Zafariy va G'ozi Yunusning hayot yo'li, ijodiy merosiga doir tadqiqotlarga ilmiy rahbarlik qilganidan xabarimiz bor. Shu davrga doir juda ko'plab dissertatsion ishlarga Naim Karimov opponentlik qilib, xolis baholadi.

Bugungi zukko o'quvchi “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” toifadagi qomusiy xarakterdagi kitoblarni qisqa muddatda yozib bo'lmasligini anglashi lozim. N.Karimov yarim asrdan ko'proq muddat ichida ayni kitobda keltirilgan juda ko'p ziyolilar davrasida istiqomat qildi. XX asr o'zbek adabiyotining darg'alari ijodini o'rgandi. Olimning tadqiqotlari Fitrat, Cho'lpon, Oybek, Hamid Olimjon, Zulfiya, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda va boshqa adiblar ijodining poetik mazmun-mohiyatini, lirik va epik obrazlari tabiatini, ularga zamondosh ijodkorlarning asarlari bilan qiyosi kabi juda ko'p qirralarini ang­lashga   yordam beradi.

Akademik Naim Karimov ilmiy-adabiy faoliyati ko'p qirrali. Ayni qirralarning barchasini bitta jihat – odamlar qalbiga adabiyot nurini olib kirishdek umumiy bir mayoq birlashtirib, olimning ilmiy faoliyatini ich-ichidan nurafshon qilib turadi. XX asr o'zbek adabiyotining to'laqonli manzaralarini Naim Karimovning kitoblarini o'qib, tugal tasavvur qilish mumkin.

Menimcha, mustaqillik davri Naim Karimov ijodining alohida bosqichini tashkil etadi. Qatag'on dovuliga duch kelgan ziyolilar boshidan kechgan qismat tarixi bo'yicha olib borgan izlanishlari – bu alohida mavzu. Ayni damda qatl etilgan millat gullari – shoir va yozuvchilar to'g'risida yozgan asarlari alohida maxsus o'rganishga, ibratlanib saboq olishga munosib ijod namunalari sanaladi. Men bu o'rinda olimning “Cho'lpon”, “Istiqlolni uyg'otgan shoir”, “Usmon Nosir”, “Usmon Nosirning so'nggi kunlari”, “Maqsud Shayxzoda”, “Fitrat”, “XX asr o'zbek adabiyoti manzaralari”, “Uch buyuk siymo” (Qodiriy, Cho'lpon, Oybek) va boshqa qator kitoblarini nazarda tutmoqdaman. Mustaqillik ne'mati – erkin ijodiy muhit Naim Karimovga ilhom va imkon berdi; olim uchun haqiqiy ma'naviy qiyofasini, chin millatparvar ziyoliga xos insoniy fazilatlarini, qat'iyati, shijoati, ma'rifiy jasoratini namoyon etish uchun maydon paydo bo'ldi. Bu kitoblar mohiyatida N.Karimovning dardlari, adabiy-ijtimoiy qarashlari, davr adabiy-nazariy muammolariga munosabatlari, ijod ahlining boshiga tushgan ko'rgiliklarni sezishlari – barcha-barchasi o'ziga xos tarzda, ba'zan fojiaviy, gohida lirodramatik pafosga yo'g'rilgan shakllarda namoyon bo'ldi. Naim Karimov – ko'ngil odami. Badiiy ijod bilan shug'ullanib, ayrim she'rlar, hikoyalar, dramatik asarlar yozganlaridan xabarim bor. Xuddi shunday badiiy ijod tabiatini anglash, unga mehr-muhabbat sezimlari ilmiy asarlarining ayrim sahifalarida ham, xususan, ijodkorning qalbiga, ijod jarayoniga tegishli o'rinlarda yaqqol bilinadi, ko'zga yarq etib tashlanadi. Darhaqiqat, olim “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” kitobida ham o'z ijod yo'lidagi adabiy tajribalaridan juda o'rinli foydalandi. Ko'plab adabiy manba va ma'lumotlar mutolaasi hamda sintezidan maydonga kelgan bu kitobda Abdulla Qodiriy bilan bog'liq bo'lgan ikki yuz ellikdan ortiq adabiy siymolar – shoir, yozuvchi, adabiyotshunos, umuman, Abdulla Qodiriyni ko'rgan, bilgan ziyolilar, oddiy odamlar to'g'risida ma'lumotlar alifbo tartibida joylashtirilgan bo'lib, ular markaziy mavzuni teranroq yoritadi. “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” kitobiga kirgan shaxslarning ko'pchiligi, masalan, Munavvar qori, Cho'lpon, Oybek, Hamid Sulaymon barchaga ma'lum va mashhur siymolardir. Ayrimlari esa deylik, A.Chexov, Maksim Gorkiy yoki Aleksey Tolstoy kabi rus adabiyotining mashhur namoyandalaridir. Kitobni o'qib bu shaxslarning bevosita yoki bilvosita Abdulla Qodiriyga aloqalari haqida o'quvchi kerakli bilimga ega bo'ladi. N.Karimovning muhim xizmatlaridan biri shuki, kitobda bugungi kundagi ko'pchilik o'quvchilar tanimaydigan, ammo Abdulla Qodiriy hayoti yoki ijodida o'z o'rniga ega ayrim zamondoshlari uchun ham sahifalar ajratadi.

“Mushtum” jurnalining rassomi haqida kim neni eshitgan? Barchaga manzur bo'lgan mashhur jurnaldagi qiziqarli hikoya, felyeton, hajviya asarlarga barchaning e'tiborini tortadigan illyustratsiya va karikaturalar kimning qalami ostidan chiqqan? Marhamat, kitobda berilgan Tullya Iogann haqidagi ma'lumotlardan bu savollarga qoniqarli javob olish mumkin. Bu rasmlar A.Qodiriyga ma'qul kelgani bois adib iltimosiga ko'ra “O'tkan kunlar” romani alohida kitob ko'rinishida bosilganida ular muqovasiga ham Tullya rasmlar chizgan edi.

Yoki Lutfilla Abdullayev – bu nomning Qodiriyga qanday aloqasi bor? Nasabiga qarab qarindoshligi xayolga kelishi ham mumkin. Ammo Abdulla Qodiriy asarlariga mehr qo'ygan bu inson rassom bo'lgan, musavvir sifatida 60-yillarda adib kitoblariga o'ttizdan ortiq rasmlar-illyus­tratsiyalar ishlagan.

Kitob mazmunidan kelib chiqib yana savol paydo bo'ladi: deylik, Rashid qozi kim? Nima bilan mashg'ul bo'lgan u? Birov eshitgan, birov biladi yo bilmaydi. Rashid qozi – Yaponiya markazi bo'lgan Tokio­­da masjid qurdirib, o'sha yerda imom-xatiblik qilgan, XX asr avvalida Rusiyada “Ulfat” gazetasini chiqargan ziyoli esa Abdurashid Ibrohimdir. 20-yillarda u bir muddat Toshkentda ham bo'ladi. Bu inson ham adibga zamondosh. Ammo N.Karimov bu ikki siymoning uchrashgan-uchrashmagani borasida ma'lumotlar yo'qligini ham ochiq-oydin yozib o'tadi. Shuningdek, ba'zi xotiralarda keltirilgan dalillarning ishonchlilik darajasi, hayotiy asosi zaif bo'lsa, olim ularga ham munosabat bildiradi.

O'quvchilar kitobda aynan Abdulla Qodiriy bilan uchrashib suhbatlashgan yoki   adabiy hamkorlik qilgan Xolid Said, Alizod Sayid Rizo, Qamchinbek, L.Sotserdotova kabi yozuvchi asarlarining tarjimonlari, ularning faoliyatiga oid ma'lumotlar hamda suratlari bilan ham yuzma-yuz kelishadi.

20-yillar adabiy muhiti haqida “Ulug'lar davrasida” kitobini yozgan Mas'­­ud Yunusov xotiralarida ham Abdulla Qodiriyga tegishli o'rinlar bor. O'tgan asrning 90-yillarida bu inson bilan men ham 20-yillar adabiy muhiti xususida suhbatlashgan edim. Odamning gohida Qodiriylar avlodini ko'rganlar bilan ko'rishganidan ham qalbi quvonchga to'ladi. Akademik Naim Karimov esa ayni jihatdan ham juda boy xazina egasidir. Olim ulkan qalb sohibi o'laroq qodiriylar yashab ijod qilgan muhitni, odamlarning dardini yurak-yurakdan his etadi, Abdulla Qodiriyga davrdosh va davradosh ziyolilarning kayfiyatini sezadi. “Abdulla Qodiriy Navoiy, Bobur, Mashrab   singari o'z salaflaridan farqli o'laroq, shunday bir davr­­da yashadiki, bu davrning ko'zlari uning har bir qadamini kuzatib turdi; uning nimalarni yozayotganini, qaerga borayotganini, kimlar bilan uchrashayotganini ko'rib turdi, bu davrning quloqlari uning safdoshlari bilan, adabiyot muxlislari bilan, qo'ni-qo'shnilari bilan uchrashganida nimalar deganini eshitib turdi, bu davr­ning temir qo'llari uni bo'g'ib tashlashga doim tayyor turdi”. Darhaqiqat, Abdulla Qodiriy yashagan murakkab ijtimoiy-siyo­siy, adabiy-ma'naviy zamon ob-havosi shunday mudhish, badbo'y va har qanday ijodkorning ko'nglini xufton qiladigan bir muhit edi. Buni faqatgina shu insonlar o'rnida turib, aqalli biror kun qo'liga kishan kiygan yoki tergovchilarning tuhmatona savollariga duch kelib, hayrat barmog'ini tishlagan insongina tasavvur qilishi mumkin.

Inson umrini ilm-ma'rifat, odamlarga kerakli kitoblar bezaydi. Bu be­zakda olim hayotining muhri, yuragining kardiogrammasi, tafakkurining betakror izlari ko'rinadi. Ma'rifattalab o'quvchilar ma'naviyat bulog'i bo'lgan kitoblarni o'qib, chanqog'ini bosishadi va dunyoga bosh­qacha nazar bilan boqishadi. Yaxshi kitob – ma'naviyat bulog'i. Ularning manfaati, bilmaganlarga bilmaganlarini bildirishi, mudroq kimsalarni uyg'otishi – bu ezgu ishda ulkan savob bor. Olim chinakam ilmga butun borlig'ini baxshida etmaguncha, haqiqatni topa bilmaydi. Agar ilm insonning umr mazmuniga aylansa, bu izla­nishlar, tadqiqotlar, tushunish va   tushuntirishlarda fayz, zavq va shavq bo'ladi. Men o'ttiz yildan ko'proq davr mobaynida bilganim, bugun “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” kitobini o'quvchilarga taqdim etgan akademik Naim Karimov o'z ongli umrining butun mazmunini ilmga bag'ishlagan chinakam olim sanaladi. Shu bois ajoyib olimimizning uzoq yillik zahmatli mehnatlari mahsuli bo'lgan “Abdulla Qodiriy zamondoshlari” kitobi O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adabiyot sohasida davlat mukofotiga tavsiya qilinganini eshitib xursand bo'ldim. Ushbu qomusiy asar har qancha e'zoz va e'tiborga munosibdir.

Bahodir KARIMOV,

filologiya fanlari doktori,

professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 15 =