Vaqtning o'zi — oliy hakam

yoki inson qadri ulug'lanayotgan yurt

 

“Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili” Davlat das­turining 323-bandida koronavirus qaytadan tarqalishining oldini olish, uning insonlar hayotiga salbiy ta'sirini imkon qadar cheklash yo'nalishidagi maqsadni amalga oshirish mexanizmlaridan biri sifatida kam ta'minlangan oilalarni qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlarni davom ettirish vazifasi qo'yilgan bo'lib, aynan ushbu vazifani amalga oshirish vazifasi O'zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo'limlari va tuman (shahar) bo'linmalariga yuklatilgan.

Pandemiyaning dastlabki paytlarida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini samarali qo'llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 apreldagi 213-F-sonli farmoyishi bilan O'zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining viloyatlar bo'limlari, tuman va shahar bo'linmalari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo'lmagan holda “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi tashkil qilingan edi.

Jamg'arma Nizomiga asosan tuman va shaharlarda har bir sektor rahbari tegishli mahalla faollari bilan birgalikda mahallalardagi har bir oila, fuqaroning moddiy ahvolini o'rgangan holda haftalik yordam ko'rsatiladigan ehtiyojmand oilalar ro'yxati va ularga berilishi kerak bo'ladigan mablag'lar, kundalik iste'mol tovarlari, dori vositalari hajmini shakllantiradilar. Sektorlar tomonidan yig'ilgan ma'lumotlar Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga kiritilib, deputatlar muhokamasiga qo'yiladi. Kengash sessiyasi qaroriga asosan “Saxovat va ko'mak” jamg'armasidan mablag'lar aniq ko'rsatilgan maqsadlarga yo'naltiriladi.

Navoiy viloyatida joriy yil o'n bir oyi davomida ehtiyojmand aholi qatlamini qo'llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari qarorlari asosida O'zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo'limi va tuman (shahar) bo'linmalari huzuridagi “Saxovat va ko'mak” jamg'armalari hisobidan 25 ming 913 nafar ehtiyojmand fuqarolarga 26 milliard 889 million so'm mab­lag' sarflandi.

Jumladan, viloyat prokurori rahbarligidagi 2-sektor hududida (Qiziltepa va Konimex tumanlarida) istiqomat qiluvchi kam ta'minlangan ehtiyojmand 4430 nafar fuqaroga 5 milliard 279,3 million so'm miqdorda ijtimoiy yordamlar ko'rsatilib, ushbu mablag'lar pul shaklida moddiy yordam, oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari xaridi uchun, bemor bo'lgan ehtiyojmand fuqarolar davolanishi va boshqa maqsadlar uchun yo'naltirildi.

“Saxovat va ko'mak” jamg'armasi mablag'larini tasarruf etish sektor rahbarlari takliflari asosida Xalq deputatlari kengashlari qarorlari qabul qilinar ekan, shu yerda 2-sektor rahbarlari tashabbuslariga to'xtalishni lozim deb bilaman.

Viloyat 2-sektor rahbari (viloyat prokurori) tomonidan joylarda o'tkazilgan sayyor qabullar jarayonida ehtiyojmand va xastaligi bor 22 nafar fuqarolarni viloyat “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi mablag'lari hisobidan davolash va ularda jarrohlik amaliyotini o'tkazish taklifi Xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashi sessiyasida ko'rib chiqilib, qaror qabul qilingan va 446 million mablag' ajratilgan.

Jumladan, Qiziltepa tumanida yashovchi fuqaro Xosiyat Sobirovaning jarrohlik amaliyoti uchun Respublika neyroxirurgiya markaziga 15 million so'm,  fuqaro N.Akramovning oyog'iga endoprotez moslamasini qo'ydirishi uchun 21 million so'm, Konimex tumanida yashovchi fuqaro N.Almuratov davolanishi va jarrohlik amaliyoti o'tkazishi uchun 19,5 million so'm mablag' ajratildi.

Xatirchi tumani 2-sektor rahbari (tuman prokurori) tashabbusi bilan tumanda yashovchi uyda ta'lim olayotgan 168 nafar nogiron o'quvchi bolalar ro'yxatlari shakllantirilib, ularga 2022 yil uchun zarur bo'ladigan dori-darmonlar ro'yxati tuzildi va Xalq deputatlari Xatirchi tuman kengashi qaroriga asosan tuman “Saxovat va ko'mak” jamg'armasidan 230,3 million so'm mablag' ajratilib, o'quvchi bolalarga dori-darmon vositalari olib berildi.

Nurota tumani 2-sektor rahbari (tuman prokurori) murojaati Xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan ko'rib chiqilib, viloyat “Saxovat va ko'mak” jamg'armasidan 150 million so'm mablag' ajratildi.

Ushbu mablag'lar Xalq deputatlari Nurota tuman kengashi sessiya qarori bilan 2-sektor hududida yashovchi ehtiyojmand fuqarolar muammolari yechimiga sarflandi.

Mana uchinchi yildirki, “Saxovat va ko'mak” jamg'armasi juda ko'plab ehtiyojmand oilalarga naf keltirmoqda. Vaqtning o'zi ushbu Jamg'arma o'z vaqtida va to'g'ri tashkil etilganligini yaqqol ko'rsatmoqda.

Faxriddin SOLIYEV,

“Mahalla” xayriya jamoat fondi

Navoiy viloyat bo'limi boshqaruvi  raisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 17 =