Hayotiy hangomalar

“Meli — orator”

Sirdaryo haqiqati” gazetasida uzoq yillar birga ishlagan do'stimiz Ortiq Sultonov qiziq bir hangomani so'zlab bergan edi. Men yon daftarchamga bitib qo'ygan ekanman. Bu voqea u kishi bir vaqtlar Yangierda chop etiladigan ko'pnusxali “Cho'lquvar” gazetasida ishlab yurgan kezlarida bo'lgan.

— O'tgan asrning 70-90 yillari “Mirzacho'lqurilish” (“Golodnostepstroy”) boshqarmasining nashri “Cho'lquvar”-“Selinnik” gazetalari 7 – 9 ming nusxada chiqardi, — deya hikoya qilgandi Ortiq Sultonov. – O'sha paytlarda odamlar rosa gazetxon bo'lgan ekanlar-da. Vaqtli nashrga mahoratli jurnalist, ajoyib notiq Meli Mahmudov muharrirlik qilardi. Tahririyatimizda har dushanba kuni bo'ladigan adabiy o'quv (letuchka) qizg'in bahs-munozaralar ostida o'tardi. Nima uchundir bir gal adabiy o'quvimiz osoyishta o'tdi. Shunda muharririmizning “Selinnik” gazetasi bo'yicha o'rinbosari Shagen Ayrapetyans so'z so'rab:

— Men bugun ma'ruzachidan ham, so'zga chiquvchilardan ham bir qo'pol xato haqida gapirishlarini kutgandim, ammo bunday bo'lmadi. Mana, o'sha xato. Har ikki gazetada bosh muharrir qalamiga mansub “Meliorator” deb nomlangan bosh maqola berilgan. Biz uni “Meliorator” deb emas, oraga tire qo'yib “Meli ─ orator” deb yozishimiz kerak edi. Axir, Meli Mahmudov chinakam orator-ku.

 

Laqab

Bundan bir necha yil muqaddam chekka bir tumandagi kasb-hunar kolleji faoliyatini yoritishga bordim. Direktori baland   bo'yli, basavlat odam ekan. O'quv xonalari, kutubxona, yotoqxona, ustaxonalarni aylandik. Ishlari risoladagidek. Direktor og'a bilan suhbatlashib o'tirganimizda u dabdu­rustdan:

—Muxbir uka, maqolani shunday zo'r yozingki, jo'ralarim qoyil qolishsin! ─ deb qoldi.

Uyga kelib, maqolani bir nafasda yozib tashladim. Sarlavhaga kelganda hech ko'nglim ko'nchikmadi. Axir, jurnalistikada “Sarlavha yarim muvaffaqiyat”, degan gap bor. Yaxshi sarlavha yaxshi ism yanglig' kishini o'ziga jalb etadi-da!

Birdan ko'nglim yorishib ketdi. Direktor og'a bo'ychan odam ekan: “Tuya min-da, uzoqni ko'zla” maqoli materialga zap yopishib tushadi-da, deya quvonib ketdim. Maqola nashr etish uchun topshirildi.

Oradan uch-to'rt kun o'tgach, qo'l telefonim qaynagan qumg'onday to'xtovsiz jiringlab qoldi. Tugmachani bosib, go'shakni qulog'imga yaqinlashtirdim. U yoqdan tanish sas, haligi direktorning tajang ovozi eshitildi.

—Muxbir ukam, zap qovun tushirdingizda. Jo'ralarim: “Muxbirga ham laqabingni aytgan ekansan-da”, deya rosa askiya qilishdi.

Keyin bilsam, qahramonimning laqabi tengdoshlari orasida “tuya” ekan.

 

… va boshqalar

Bir yig'ilishga borib hisobot yozishimga to'g'ri keldi. “Shaltay-baltay” gaplar bilan minbarga ko'tariluvchilar ko'payib ketdi.

Maqola chiqqanidan keyin uch kunlar o'tib ko'ziga ko'zoynak taqqan, qotmadan kelgan, engil boshidan sigaret hidi anqib turgan ziyolinamo bir kishi kirib keldi.

— Bizning yig'ilishni yozgan jurnalist siz bo'lasizmi?

— Ha. Xizmat, birodar?

— Men sizdan xafaman.

— Nega?!

— Tunov kungi yig'ilishda so'zga chiqqandim. Jurnalistlar ko'rsin, deb hatto minbarni tashlab zalning to'riga chiqib gapirdim. Bilasizmi, meni hatto birinchi rahbar hurmat qiladi. Ko'ksimga bejiz orden taqib qo'ymagan. Siz maqolangizda ismi familiyamni keltirmabsiz. Bilib qo'ying! Ushbu tashkilotda yig'ilishlar men so'zga chiqmasam o'tmaydi.

— Kechirasiz, men yig'ilishda so'zga chiqqanlarning ism familiyalarini bitta qoldirmay berganman.

— Gazetangiz qo'limda. Unday bo'lsa, qani, mening familiyamni topib beringchi?!

— Mana! Hammasi joyida: Falonchiyev, Pis­tonchiyev, Pismadonchiyeva va boshqalar so'zga chiqishdi, deb yozganman-ku! Ana shu boshqalarning ichida siz ham borsiz.

Suhbatdoshim og'zini lang ochgancha lom-mim demay o'tirib qoldi.

 

“Yaxshi material yozish qon topshirishdan qiyin”

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Sherali Saydaliyev hikoyasi.

—17 yil Guliston tumani gazetasi “Guliston”da ishladim. O'sha paytlari (sho'ro zamonlari) tuman gazetalari haftasiga 3 marta chiqar edi. Rahbarlar ish kunini yangi gazetlarni o'qish bilan boshlardi. Mafkuraga e'tibor kuchli edi-da! Bo'limlar gurillab ishlab turardi. Xodimlar ham hozir chiqayotgan viloyat gazetlarinikidan kam emasdi.

Ajoyib kunlarning birida mukka tushib gazetaning navbatdagi soniga material tayyorlash bilan andarmon edim. Birdan xizmat telefonim ustma-ust jiringlab qoldi. Xayolim bo'linib, istamaygina go'shakni ko'tardim. Narigi tomondan mashhur jurnalist, bizning tumandan chiqqan Sharof Ubaydullayevning tanish ovozi eshitildi. U kishining ukasi Kamolxon Ubaydullayev biz bilan birga ishlardi.

— Charchamay gazetani chiqarib yotibsizlarmi? Tumanda qanday yangiliklar? Kamolxon yaxshi ishlab yuribdimi? O'zingiz qanday mavzularda maqolalar yozayapsiz?

Ketma-ket berilgan savollarning oxirgisiga javob berishdan boshladim.

— Hozir jiddiy bir tanqidiy maqola ustida bosh qotirayotgandim.

— Yaxshi bir material yozish 200 gramm qon topshirishdan mushkulroq, — dedilar Sharof aka.

U kishi jurnalistlar mehnatining tub mohiyatini birgina jumlada aniq ifodalagan edi.

Muhammadali AHMAD

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − seven =