Shirinmiya tomiri

Ne'mat ARSLON

 

Muallif haqida:

Ne'mat Arslon — 1941 yili Kitob tumanidagi Takiya qish­log'ida tug'ilgan. Samarqand davlat universitetini tamomlagan.

Adibning “Ayol suvratiga chizgilar”, “Oldinda yana tun bor” hi­koyalar to'plamlari, “Adam vodiysi”, “Mavhumot” romanlari va bir qator asarlari chop etilgan. 2022 yil O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yozuvchining novellalari jamlangan “Yozuvchi uchun atir” kitobi nashr etildi. Ne'mat Arslon shu kunlarda “Oksimoron” romanini yozib tugatdi. Yozuvchi Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi tomonidan “Yuksak saviyadagi badiiy asarlarida milliy va umuminsoniy qadriyatlar targ'iboti uchun “Oltin meros” medali bilan taqdirlangan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

Shirinmiya tomiri

(Novella)

Oradan 33 yil o'tib, yoshi saksonga yetganda bir shogirdidan xat oldi Obron. Va ko'z o'ngida namoyon bo'ldi g'arib bir holat: ishdan haydalgan, ro'zg'or nochor, anchadan buyon oqshoqni qaynatib yeb kun kechirardi yozuvchi va uning oilasi. Demakki, qil ham sig'masdi uning ko'ngliga. Qo'lidagi maktubda esa… xatga yana ko'z yugurtirdi Obron va beixtiyor nido qildi: al- Karix… Ibn al-Karix… Nido ham emasdi aslida bu. Shuurida yengilgina aylanardi sharpasiz va tovushsiz qanot qoqqan qora kapalak. Ulug' odam edi Shayx Ibn al-Karix. She'riyatning beqiyos tarafdori, zamonasining yetakchi tilshunosi, tadqiqotchisi va badehago'y shoiri. Fikr va tuyg'uni g'oyat nozik, bamisoli atirgul qatlaridan taralib turgan mayin iforday ifodalay olardi uning o'tkir aqli. Buyuk bir asarning dunyoga kelishiga zamin yaratdi shayxning qalami ostidan qochgan ana shunday maktublardan biri. Va maktubdagi shirin so'zlar, ulug'lab aytilgan madhlar tagida yashirib qo'yilgan zaharni payqadi Abu A'lo. Payqadi! Qorong'ulik qa'riga tikildi ko'r ko'zlari bilan. Og'irlik sezmadi ko'zlarida, qalbida edi og'riq. Lablarida esa mahzun tabassum. Va O'sha yerdan ikki tomchi sho'r suv yubordi qalbining tub tubiga cho'kkan Og'riq.

Ha, beqiyos daho va ulug' inson edi al-Karix. Eramizning to'qqiz yuzinchi yillargacha bo'lgan har bir shoir ijodini yaxshi bilardi, undan keyin ya'ni o'z davrida yashab qalam tebratayotgan shoirlarning har biri bilan uchrashgan, suhbat qurgan edi shayx. O'z davrining ulug' shoiri al Qosim bilan shayxning uchrashuvi juda qiziq bir muqoyasani hadya etdi she'riyat olamiga. Shayx eshikdan kirib kelganda qog'oz qoralab o'tirardi al Qosim.

— Ne yumush bilan mashg'ulsiz shoir? – Savol ayladi Shayx.

— Oshiq bilan sha'mning yetti o'xshash xususiyatini to'rt misraga sig'dirmoqchiman degan javob bo'ldi.

— Uddaladingizmi?

Atrofda sochilib yotgan qog'ozlarga mahzun nazar soldi al Qosim. Shayx payqadiki, chiqmayapti to'rtlik. Shoirning qo'lidan qalamni oldi va bir zarb bilan quyidagi qog'ozga ifsho etdi quyidagi satrlarni:

 

Men oshiqqa juda o'xshar sha'm,

Ado bo'lib boramiz kam-kam.

Sha'm yonadi, yig'loqi, oriq,

Beun, bedor va rangi sariq.

 

She'rni ana shu ko'rinishda rus tilidan tarjima qilgan edi Obron. Shogird yo'llagan maktubni yana bir qayta o'qirkan,tahsin aytdi shogirdiga ham, Shayxning iqtidoriga ham. Albatta Abu A'lo ham bir dam sukutga tolgan, bir dam xayolan ikki ulug'ning, ya'ni Shayx bilan al Qosimning holati va ruhiyatini his etgan va o'zining mashhur asari – “Uzr saltanati haqida maktublar” romaniga kiritgan edi o'sha to'rtlikni.

Yuqorida shama qilganimizdek, Shayxning Abu A'lo al-Maariyga yo'llagan maktubiga javob edi bu asar. Shogirdning xatida ham aynan shunga o'xshash holat bor. Shirin so'zlar qatida yashirib qo'yilgan zahar, shama va ta'na.

…999 yillar: ulug' tilshunos va faylasuf shoirning hujrasi. “Luzumiyat” (zarur bo'lmagan narsaning zarurligi) kitobiga chizgilar, arab faylasuf shoiri Abu A'loning oldida davot va qamish qalam va qog'oz. “O, shoirlar avlodi, dunyo sizni aldaydi” degan misralarni bitayotgan edi balki shogirdlardan biri maktub olib kelganda al-Maariy.

Obronning hayoti ham xuddi Abu A'lonikiday g'arib edi. Tarixiy asar o'qish va yozish xususida gap bo'ldi ustoz bilan shogird o'rtasida. Adabiyotimizdagi tarixiy asarlarni ham, tarixning o'zini ham o'qishni yoqtirmasligini bildirdi ustoz. Shu to'g'rida aytilgan fikrni unutmagan va mana yillar o'tib dilidagini tiliga chiqargan va maktub yo'llagan edi shogird. Uning bir ikkita kitob nashr ettirganidan xabardor Obron. Maktubni o'qib og'zida, lablari va lunjida shirinmiya tomirining ta'mini tuydi. Juda noxush, ko'ngilni aynitar darajada noxush ta'm. Yelkasidan sirg'alib yerga tushdi to'n. Shirinmiya pivochilik sanoatida barqaror ko'pik hosil qilishda ishlatiladi. Tanasi va barglarida shira bor, qo'lga chippa yopishadi, ammo ularda ta'm yo'q. O'ziga xos, pishiriqlar tayyorlaydigan korxona hidi keladi. Yo'talda, oshqozon kasalliklarida, balg'am ko'chirishda dori sifatida ishlatiladi. Masalaning bu jihatiga to'xtalmadi Obron, shunchaki bir fransuz yigiti Mishelning shirinmiya yetishtirib Fransiyaga sotish yuzasidan qilgan taklifi shuuriga urildi. Bu giyohning tomirini shimib ko'rgan edi Obron. Va to hanuzgacha unutolmasdi uning ta'mini. Tabiatning qiziq o'yinlari bor: shirinmiya tomiri dastlabki lahzada yoqimli shirinlik beradi, shimiganda ammo lahza o'tmay shirin ta'm ortidan juda noxush, so'z bilan ta'riflash qiyin bo'lgan boshqa bir ta'm og'izni to'ldiradi va butun vujudga taraladiki, kinoyani shirin so'zlar qatiga yashirib yozilgan maktubga o'xshaydi bu. Avval jilmayadi, xushnudlik aks etadi yuzida, so'ngra aftini burishtiradi odam, og'zidagi so'lakni qayta-qayta tupuradi va ancha muddat noxush kayfiyatda yuradi. Og'zi va lab lunjlaridan tezlikda ketmaydi o'sha noxush ta'm. Ajab emaski, “Yuksaklikning otasi” deb nom olgan   ulug' shoir va faylasuf Abu A'lo al-Maariy o'sha kuni Shayx al-Karixning maktubini o'qib shirin so'zlar va maqtovlar qatidagi zaharxandani payqagan va… nima bo'lganda ham holatlar juda o'xshash, va hatto aytish mumkinki, biri ikkinchisining takrori. Og'zida shirinmiya tomirining ta'mini yaqqol his etdi Obron. Garchi yozning dastlabki kunlari bo'lishiga qaramay eti junjikib yerdan oldi, yelkasiga tashladi to'nini. Shogirdni noumid qilgisi kelmadi, xatini javobsiz qoldirishga ham ko'ngli bo'lmadi, va qog'ozga bor-yo'g'i oltita so'zdan iborat bir qatorgina maktub yozdi:

“Xatingizni o'qib, shirinmiya tomirini shimiganday bo'ldim”.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + eleven =