“Davsaman” qanday qilib Germaniyada nashr etildi?
Ahyon-ahyonda kitob javonimni tartibga keltiradigan odatim bor. Bu gal katta-kichik kitoblarni polga terib qo'ydim-da, ularni birma-bir ko'rib chiqdim. Qarang-a, modernist shoir sifatida tanilgan Bahrom Ro'zimuhammadning uchta to'plami mavjud ekan javonimda: “Ikki nur” (Urganch-1994. So'zboshi muallifi va muharrir: Matnazar Abdulhakim), “Davsaman” (Urganch-1995. Muharrir: Matnazar Abdulhakim), “Bahrom Ruzimuhammad. “Davsaman”. (Toshkent, 2005. Ingliz tilida. So'zboshi muallifi: Reychel Xarel).
Ertasiga bu to'g'rida Bahrom og'aga aytib, beixtiyor kitoblar haqida taassurotlarimni bildira boshladim. Gurungimiz o'z-o'zidan adabiy suhbatga aylandi. “Ikki nur” muqaddimasidan parcha o'qidim: “Bahrom Ro'zimuhammad she'riyati ham ana shunday shoir va she'rxon qo'llaridan chiqqan qars tufayli chaqin chaqnaydigan she'riyatdir. Bu muborak she'riyatning ikkita o'q ildizi bo'lib, bularning biri Alisher Navoiy, Mirzo Bedil singari azizlarimizning teran sarchashmalaridan oziqlansa, ikkinchisi umumovro'pa badiiy tafakkurining nafis ishoralarga boy she'riyatidan ibtidolanadi va eng muhimi, shoir Bahrom Ro'zimuhammadning yuragida tutashib, mutlaqo zamonaviy mevalar beradi” (Matnazar Abdulhakim. “So'z sehri”, “Ikki nur”, Urganch – 1994).
Yana bir kitob – “O'zbek adabiy tanqidi”dagi quyidagi satrlar e'tiborimni tortdi: “Bahrom Ro'zimuhammadning yangi “Ikki nur” (1994) va “Davsaman” (1995) nomli to'plamlaridagi she'rlardan shoirning o'sib-o'zgarganini kuzatish mumkin. Biror bir shoirning ism-sharifidan oldin unvonini, mavqe-martabasini aytish bizga odat: buyuk shoir, xalq shoiri, zo'r shoir, iste'dodli, talantli va hokazo. Men buni inkor etmagan holda, o'zimcha ma'qul deb topgan “zarur”, “kerakli” sifati ayni Bahrom Ro'zimuhammadga mos, deb o'ylayman. Ha, u – zarur shoir. Uning mavqei o'ziga yarasha – mashhur emas, unvonu e'tirofga da'vo qilmaydi. Garchi beshta kitobi chiqqan bo'lsa-da” (Ahmad Otaboy. “Nurlar raqsi”. Qarang: “O'zbek adabiy tanqidi”. Antologiya. Tuzuvchi va nashrga tayyorlovchi: Bahodir Karimov. Toshkent, 2011. 408-bet).
Mazkur e'tirof matbuotda e'lon qilingandan so'ng shoirning salmoqligina saylanmasi – “Kunduz sarhadlari” chiqdi. “Bahrom Ro'zimuhammadning “Kunduz sarhadlari” kitobi o'zbek adabiyotining keyingi 10-15 yildagi eng katta yutuqlaridan biri bo'ldi. Anchadan beri mana shunday zabardast shoirga ehtiyoj bor edi. Eng qizig'i, shu vaqtgacha shoir tanlagan so'qmog'idan izchil, o'zini u yoq-bu yoqqa tashlamasdan, boshqalar nima der ekan deb alanglamasdan, yozganlarini ularga ma'qul qilish tashvishiga vaqt ketkizmasdan, barmoq bukib muxlis sanamasdan borayotir” deb yozadi shoir va tarjimon Faxriyor (Faxriyor. “Metahikoyalar oralab”, Toshkent, 2020. 22-bet).
Undan keyin esa shoirning “Soyalar suhbati” otlig' to'plami yorug'lik yuzini ko'rdi. Mazkur to'plamga amerikalik olima Reychel Xarelning e'tirofnomasi ham kiritilgan. “Zamonaviy o'zbek she'riyati hozirgi Amerika she'riyati uchun “o'zgacha”dir, unga qarab amerikalik shoirlar o'zlarining ishlarini yangicha baholashi, u bilan “muloqotga kirishishi” mumkin. Albatta, buning uchun yangi o'zbek she'riyatini amerikalik ommaga (balki faqat uni qabul qilishga qodir muxlislarga) yetkazish shart. …Bahrom Ro'zimuhammadning “Qarg'algan” she'ri an'anaviy shaklga umuman mos tushmaydi, shunga qaramay, gaplarning grammatik jihatdan parallel joylashtirilishi she'rning qat'iy ritorik tuzilishini ta'minlaydi” (“Soyalar suhbati”. Toshkent-2006. 4-5 betlar).
Shuningdek, maqolamiz qahramonining “Ich habe mein Selbst vergessen” nomli kitobi Germaniya Federativ Respublikasining Leypsig shahridagi “Leypsig adabiyot nashriyoti” matbaa korxonasida o'zbek va nemis tillarida Viktor Kalinke muharrirligida e'lon qilingan. Rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, mazkur matbaa korxonasi nafaqat Germaniya, balki, Yevropa qit'asidagi nufuzli nashriyotlardan biri ekan. Ushbu nashriyotda B.Ro'zimuhammaddan avvalroq biz taniydigan shoirlardan Anna Axmatova, Marina Svetayeva, Sergey Yesenin, Giyom Apolliner kabi jahon adabiyoti vakillarining she'riy kitoblari e'lon qilingan. “Men o'zimni unutdim” kitobining oxirgi varag'ida yevropalik, amerikalik shoirlar orasida yurtdoshimiz ismi-sharifini ko'rib, nihoyatda quvondim.
Kitobning 50-sahifasida “Germaniyaga” qaydnomasida muallif ustozlari Fitrat, Cho'lpon, Rauf Parfi nomlarini urg'ulabdi. Surishtirib bildikki, o'zbek shoirlari orasida B. Ro'zimuhammad Fitratdan keyin Germaniyada she'riy to'plam chiqaribdi. Bundan avval Abdurauf Fitrat qalamiga mansub “Shaytonning tangriga isyoni” nomli dramatik dostoni Ingeborg Baldauf tarjimasida Germaniyada kitob shaklida e'lon qilingan ekan.
Nemis diyorining hidlari ufurib turgan oq kitobning qalin muqovasiga Xivadagi “Ko'hna Ark” darvoza naqshi fotosi tushirilgan. She'rlarni asliyatdan Yakob Taube (GFR), Bahodir Jo'raboyev (O'zbekiston), Peter Dombrovski (GFR) lar tarjima qilganlar. Ikkinchi varaqda “Davsaman. Xorazm”, 1995 yozuvlarini o'qidik. Demak, “Men o'zimni unutdim” kitobi tarjimasi “Davsaman” asnosida yaratilgan.
Xo'sh, “Davsaman” qay yo'sinda Germaniyaga “sayohat” qilibdi? Bu haqda Bahrom og'adan so'radim. Dediki: “Aslida “Davsaman” she'ri yaratilishiga germaniyalik olima Ingeborg Baldauf (Fitrat asarining tarjimoni. U.J.) sababchi bo'lgan”. Bahrom og'a bu baxtli tasodifni shunday izohlaydi:
“1993 yilning aprel oyi kunlaridan birida Xorazmga turkolog olimalar: Zigrid Klaynmixel va Ingeborg Baldauf kelib qolishdi. Ular Shovot tumanidagi Xoja Yusuf Hamadoniy ziyoratgohiga tashrif buyurdilar. O'sha vaqtlarda kamina “Xorazm” nashriyotida ishlash barobarida ziyoratgoh masjidi imom-xatibi yozuv-chizuvlariga ko'maklashib yurardim. Xullas, kunlarimning ba'zi qismlari ushbu ziyoratgohda o'tar edi. Voqean, mehmonlarga yo'l boshlovchi sifatida meni tanladilar. Avtobusga chiqishdan avval biroz suhbatlashdik. Ularning ikkovi ham o'zbek tilida tuzukkina gapira bilar ekanlar. Har ehtimolga qarshi men ularga “Tovushsiz qadam”, “Terakka yaqin yulduz” nomli to'plamlarimni hadya etdim. Varaqlab ko'rib “ma'qul” dedilar. Ingeborgxonim she'rlarimga ko'proq qiziqdi”.
Ingeborgxonim kim, uning yurtimizga tashrifining boisi nimada, dersiz. Fan doktori Roviyajon Abdullayeva “Ingeborg Baldauf – ko'p qirrali qomusiy olima” sarlavhali maqolasida (“Zamon va zaminlarda toblangan do'stlik”. Toshkent, 2022. 39-bet) xorijlik olima haqida shunday ma'lumot keltiradi: “I. Baldauf 1956 yilda Avstriyada tavallud topgan. Yoshligidan turkiy olamga qiziqqani bois, u Vena universitetida arab va turk tillaridan tahsil olgan. Islom ilmlari bo'yicha boshlang'ich ta'limni olayotgan chog'idayoq Afg'oniston safarida bo'lib, “O'zbek xalq qo'shiqlari” mavzusi bo'yicha material yig'adi. Natijada, “Afg'oniston o'zbeklari xalq qo'shiqlari” nomli ming (1000) betdan ziyod ikki jildlik kitob dunyoga keladi. Shu mavzuda dissertatsiya himoya qiladi. Avstriya FAda ishlaganida “Turkiy xalqlar topishmoqlari” mavzuida ham izlanadi”. Professor Ingeborg Baldauf O'zbekiston Respublikasining “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Bahrom Ro'zimuhammad shu kuni mehmonlarni Hamadoniy ziyoratgohiga olib boradi. Ziyoratgoh yaqinidagi Yunus eshonbuva xonadoniga qadam ranjida qiladilar. Xonimlar eshondan ko'p rivoyat va ertaklarni yozib olishadi. Bekatga chiqqanlarida quyosh qizarib botayotgan edi. Shoir ularni uyga taklif etadi. “Keyingi safar” deydi mehmonlar. Aynan o'sha pallada ro'baralaridagi Jilovdor buva ziyoratgohida “huv-huv” shaklidagi g'alati ovoz eshitiladi. “Bu yerlarda Davsaman ismli maxluq yashar emish?” deydi Ingeborgxonim. Shoir tasdiqlagach, olima undan ko'rinishini tasvirlab berishni so'raydi: “Aslida Davsamanni hech kim ko'rgan emas, — deydi Bahrom og'a, — Jingami, devgami o'xshagan maxluq. Momolardan eshitganim bo'yicha, tumshug'i uzun, ko'zlari qip-qizil, junlari yiltiroq va hokazo… Ingeborgxonimga qisqa tasvir xush yoqadi chog'i, shuni she'r qilmaysizmi, deydi kulimsirab. Bahrom og'a indamay qo'ya qoladi.
Oradan bir yilcha vaqt o'tadi. O'tgan asrning 94-yili bahor kunlaridan birida Bahrom Ro'zimuhammad Jilovdorbuva ziyoratgohi ro'parasida turganida o'sha g'alati ovoz yana eshitiladi. Bu holatni shoir shunday eslaydi: “Kimdir qulog'imga pichirlab she'r aytayotgandek edi. Satrlar quyilib kelardi:
Junlari hurpaygan va yiltiroq
ko'zlari qip-qizil
tumshug'i uzun
nafis harakatlar ila
mozordan mozorga sakrab yuradi
Ikki tomchi qondek ko'zlarini
tikib turar ekan zimistonlikka
huvillab yuborar daf'atan
Aslida she'rni shu nuqtada tugallasam ham bo'laverardi. Ammo xuddi yomg'ir yog'ayotgan kabi qaerlardandir she'r tovlanib kelar, men esa buning nima ekanligini idrok qilolmasdim. Shartta moshin to'xtatdim-da shoshilinch uyga jo'navordim. Ichkariga kirishim bilanoq mashinkaga yopishdim:
Oy shu'lasini qo'zg'otadi yulg'unlar
qotib uxlar ming yilgi tuproq
tush ko'rishga-da quvvatsiz tuproq
taralib turadi bir horg'in yig'i
Keyingi misralarda fonda chaqaloq yig'isining obrazini qo'lladim va pirovardida “qubbalarga uriladi chinqiriq” dedim. Idrokda nimadir: “Kulminatsiya!” deyarak qichqirardi:
Shunda ikki oyog'ida tik turar Davsaman
ruhlar davrasiga qo'shilar kelib
ularning bema'ni o'yinlarini
kuzatib jim qotar
Davsaman shu taxlit uxlaydi
“Yana, yana!” – derdi ichki ovoz. Endi usul ishlatmak joiz. Usulki, hech kimning xayoliga kelmagan:
Uyg'onmoqchi bo'ladi Davsaman tongda
jismini hech sezmaydi biroq
ko'zini ochishga uringan mahal
yarq etib gullaydi yulg'un g'unchasi
erib bitganini shunda bilar u
Baland parda shu edi. Bemalol “tushaversam” bo'ladi:
Jom'ye masjidining qubbalarida
bo'rtib ulg'ayarkan mahobat
arvohlar nafasin ichga yutadi
“Pastga tushganimdan” so'ng, aytishim mumkinki, yakunni topish qiyin bo'lmadi va men an'anaviy bir yo'lni tanladim:
Mozoriston tunining podshohi
jismini shabnamga ulashgan maxluq
junlari hurpaygan va yiltiroq
ko'zlari shafaqrang
ovozi qora
chaqaloqning ko'ziga mengzar ovozi
Mazkur she'rimni Ingeborg Baldaufga bag'ishladim. 1995 yilning yanvarida “Davsaman” nomli kitobim 1000 (ming) nusxada chiqdi. Shundan birini nashriyot muharriri Oymonjon Egamovaga dastxat bitib sovg'a qildim. U hazil-chin: “Baribir bu kitobni o'qimayman. She'rlaringni tushuna olmayman” dedi va uni qaytarib bermoqchi bo'ldi. “Tortmangizda turaversin. Kimdir qiziqar, axir!” dedim. O'sha qiziqadigan odam — Yakob Taube ekan. U Xorazm tuprog'iga qadam qo'yganida men Toshkentda edim. “O'qituvchi” nashriyotida ishlayotgan edim”.
Ushbu bag'oyat g'aroyib holatni, baxtli tasodiflar zanjiri, desa bo'ladi. Demak, B. Ro'zimuhammadning nemis tilida ikkita kitobi chiqqan. Birinchisi — “Davsaman” professor Ingeborg Baldauf tarjimasida. (Toshkent, 2000 yil) Ikkinchisi — “Men o'zimni unutdim” Yakob Taube hamda Bahodir Jo'raboyev va Peter Dombrovskilar tarjimalarida. (Leypsig, 2013 yil).
“Davsamanning xosiyati” sarlavhali maqolasida Ya.Taube Xorazmga ijodiy safar qilganini eslab, jumladan shularni yozadi: “O'sha kezlarda Bahrom Ro'zimuhammadning kichkinagina “Davsaman” nomli she'riy to'plami qo'limga tushib qoldi. Kimdan olganimni hozir aniq eslayolmayman. Biroq kitobchaning ilk sahifasida “Oymonjon opaga samimiy hurmat bilan. 31.01. 95” deb yozilgan dastxat bor edi. She'riyatga qiziqmaganim bois, kitob xayolimdan ko'tarildi. Oradan bir necha yillar o'tgach, taxminan 2000 yillar edi shekilli, men Leypsig universitetida o'zbek tilidan dars bera boshladim. Talabalar mutolaa qilishiga qulay bo'lishi uchun kichik-kichik matnlar axtarayotganimda Bahromning kitobchasini esladim. Darsda asqotadi, deb o'yladim. Avvallari asosan afsona va rivoyatlar kabi folklor mahsullari bilan shug'ullanganman; o'zbek ertaklar to'plamini tarjima qilib chop ettirgan ham edik. She'r tili, ayniqsa, shoirning so'z boyligi men uchun yangilik edi” (Yakob Taube. “Davsamanning xosiyati”. Nemis tilidan Roviyajon Abdullayeva tarjimasi. “Farovon yurt”. 2.02.2017 y.). Ushbu maqolada muallif “Leypsig adabiyot nashriyoti” rahbarlaridan biri adib Viktor Kalinke bilan yozishmalari matnini ham keltiribdi. Shulardan bir parcha: “Hurmatli Yakob Taube! Bahrom Ro'zimuhammad she'rlarining tarjimalari bilan bog'liq qo'lyozma niyatlaringiz nashriyotimizda ovoza bo'lib ketdi va biz o'girmalaringizni bajonidil nashriyot dasturiga kiritishga qaror qilganimiz xabarini yo'llayapman…”
Markaziy Osiyo xalqlari she'riyatining bir vakili Yevropada tanilayotgani biz uchun g'aroyib hodisadir. Adabiyot tadqiqotchisi Ralf Yulke “O'zbek shoirining sirli she'rlari: “Men o'zimni unutdim” sarlavhali maqolasini tubandagi satrlar asnosida yakunlaydi: “… Bahrom Ro'zimuhammad she'riyatida O'zbekistonga qo'shni davlat —Qirg'izistonda kamolga yetgan yozuvchi Chingiz Aytmatovning “Qor barsi” romaniga motiv jihatidan yaqinlikni payqaymiz. “She'r xayolotining fantaziyalari” iborasini ishlatgan edi yozuvchi” (Nemis tilidan Saida Dariyeva tarjimasi. “Farovon yurt” gazetasi. 24. 08. 2017 y.).
Evropa yurtlarini “kezayotgan” eldoshimizning kitobiga kirgan “Insonning sarguzashtlari”, “Afsungar”, “Some'lik”, “Deraza pardasi yashillanmoqda”, “Arosatda”, “Soya”, “Yoz kechasi”, “Bir tush bayoni”, “Buyuk arafa”, “Xulosa” sarlavhali she'rlarda “mixlangan” sirli ruh bizni ham o'ziga tortadi; garchand murakkab tuyulmasin Yakob Taube ta'kidlaganidek, shoirning tili, ixtirolari kelajakda turli-tuman talqinlarga sababchi bo'ladi.
Ulug'bek JUMAYEV