E'tiqod energiyasi

“Men jurnalistman, hayotda nimaga erishgan bo'lsam, ushbu kasbning sharofati deb bildim”, deb yozgan edi taniqli jurnalist va diplomat Abror G'ulomov o'zining “Istanbul daftari”da (Ushbu kitob “O‘zbekiston”   NIMU tomonidan 2019 yil chop etilgan edi). Bu oddiy jumla yoki oddiygina fikr emas. Zero A.G'ulomov   davlatimizning turli nufuzli idoralarida mas'ul   vazifalarda ishlagan bo'lsa-da, jurnalistikaga bo'lgan sadoqatini, e'tiqodini unutgan emas. Aslida kasbga bo'lgan e'tiqod ham bu Allohga, Onaga, Vatanga bo'lgan e'tiqod zamirida shakllanadi. Mualllif o'z kitobini “Onam o'gitlarini dilimda saqladim, Vatanimga, oilamga, kasbimga va do'stlarimga sadoqatni aziz bildim, qarzdorlik burchimni unutmadim” deb bejiz boshlamaganini uning keyingi “E'tiqodni afzal bilib” (Toshkent, “Ma'naviyat” nashriyoti, 2022 yil) kitobida yana bir karra   ang­laymiz. Darhaqiqat, dunyoga mashhur olimlardan biri “Tirik jon kuchli e'tiqodga ega bo'lmasligi mumkin emas… E'tiqodsiz kishilargina e'tiqodni amalga oshira olmaydilar; kaltafahm odamlar yoki vijdonsiz odamlargina e'tiqodsiz bo'ladilar”, deya yozganida haqdir.

Taniqli publitsist A. G'ulomovning navbatdagi kitobida asosiy qismi bir qaraganda biografik mazmuniga ega bitiklardek tuyuladi. Ammo uning   “Rabochiy gorodok” nomi bilan azim poytaxtimizga mashhur bo'lgan   mavzening Yangiariq mahallasi, Batumi ko'chasidagi xonadonida yuz bergan muloqotlar, ardoqli kishilarning suhbatlari-yu uchrashuvlari, muallifning bobosi, o'zbek matbuoti fidoyisi No''monjon G'ulomovning egu ishlari va shu tariqa bir qator o'zbek ziyolilariga oid kichik hikoyalar, so'zsiz,   bir mahallada hukmron bo'lgan ajoyib muhit, samimiy atmosfera, e'tiqod va sadoqat maktabidan saboq beradi.

… “Hovlimizning narigi betidagi “xrushevka”da yashagan Aziz Qayumov va 150-maktabim yonidagi Ibrohim Rahim xonadonlariga buvam bilan tez-tez chiqib turar edik”. Yoki: “Men esa yetmaganiga (kitob-Sh.S.) Mirtemir domlaning shaxsiy kutubxonalaridan foydalanganman” kabi jumlalarda chuqur ma'no bor! Muallifning yoshlik davriga oid yana bir ajoyib dalil: uning yozishicha, mahallalaridagi Abdufattoh qori amakidan   mustabid zamonda Qur'oni karim oyatlarini o'qishni o'rgangan ekan. Qori amaki vafotidan oldin 1911 yilda Qozon shahrida bosilgan Qur'on kitobini unga vasiyat qilib hadya sifatida qoldirib ketgan ekanlar. “Shu yilning bahorida ushbu muqaddas kitobni Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoislom Munavarovga topshirib   keldim”, deb yozadi u. Bu ham inson e'tiqodmandligidan dalolat emasmi? A.G'ulomovning kitobini bir nafasda o'qib chiqsa bo'ladi. Zero, undagi   ibratbaxsh hikoyalar, safarnomalar bir-biridan go'zal, ajoyib uslubda talqin etilgan. Shu tariqa, kitobxon   mutolaa asnosida “Toshkent haqiqati” gazetasi tahririyatidagi jamoasi hayoti, “ustoz-shogird” an'anasining ustuvorligi, kursdoshlarning taqdiri, jurnalistikaning nozik jihatlari bilan tanishib oladi. Abror G'ulomov besabab “Toshkent haqiqati” gazetasini haqiqiy ma'noda “hayot dorilfununi” deb ta'rif bermagan. Chunki tahririyatda zabardast ustozlar, mohir qalamkashlar faoliyat ko'rsatganliklarini, jumladan, muallifning ijodiy laboratoriyasini o'tgan asr 80-yillarning o'rtalaridan boshlab o'zim guvohi bo'lganman. U ustozlari, safdoshlarini yuksak ehtirom bilan tilga oladi kitobida. Ularning ko'pini yaxshi bilamiz: Mirakmal Miralimov, Habibulla Olimjonov, Fathiddin Muhiddinov va boshqalar.

Yana bir gap: xalqaro jurnalistikaning o'ziga xos jihatlari bor. Bu ma'lum haqiqat. Ammo Abror G'ulomov xalqaro jurnalistikani diplomatiya bilan uyg'unlagani bu rosti sohamizda nodir hodisa. Uning rahbarligida “Jahon”   (hozirgi “Dunyo”) axborot agentligi   ishi yo'lga qo'yish jarayoni ham   O'zbekiston xalqaro jurnalistikasi tarixining muhim bir fasli, desak bo'ladi. 1996 yilni eslab, iftixor bilan “O'zbekiston matbuoti tarixida birinchi marta Agentlikning chet elda o'z muxbiri bo'ladi!” deb aytishi oddiy gap emas! Chunki   mustabid zamonda biror-bir o'zbekning xorijdan bevosita O'zbekiston bilan bog'liq material tayyorlab kelishi amri mahol, agar shu voqea yuz berganida unikal hodisa hisob­lanardi. Bugungi kunda Yangi O'zbekistonda bu borada katta tajriba to'plandi.

Shu nuqtai nazardan muallifning Afg'onis­tonda turli yillarda sodir bo'lgan voqea-hodisalar, jahon siyosiy maydonida ro'y bergan ayrim siyosiy o'yinlar,   shuningdek, o'zbek va turk xalqlarining   qadimiy-tarixiy do'stlik rishtalari va yangi zamonda bu robitalar yangicha mazmun kasb etib rivojlanib borayotgani xususidagi maqolalari, xususan, o'zbek razvedkasining XX asrdagi faoliyati va boshqa dolzarb mavzularda tayyorlagan intervyulari kitobxon diqqatini yanada jalb etadi.

O'ylaymizki, mazkur kitob ayniqsa bugun xalqaro jurnalistika sohasiga ilk qadam qo'ygan yosh ijodkorlar uchun muhim manba sifatida xizmat qiladi.

Shoqahhor SALIMOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × five =