Kulmay kuldiradigan hajvchi

(Adib Habib Siddiq ijodiy portretiga chizgilar)

 

Hajviy asar yozishning o'zgacha mas'uliyati bor. Hayotdagi kulgili voqealarni topib, uni birovning shaxsiyatiga tegmaydigan qilib badiiy tasvirlash zakiylik talab qiladi. Yozganida ijtimoiy yuk bo'lishi ham kerak. Buning uchun yozuvchining tabiatida yumorga moyillikdan tashqari, hayotning yaxshilanishi istagi, illatlardan qutilish maqsadi jo'shib turishi lozim. Bugungi kunda mana shunday ijod qilayotgan hajvchilarimizdan biri Habib Siddiqdir.

Bir vaqtlar “Mushtum” jurnali Habib Siddiqning asarlaridan   birini muxlislarga taqdim qilar ekan “Hajviyot olamida yana bir yigit eshik qoqib turibdi. …To'g'ri u oz yozadi, biroq soz yozadi” deya e'tirof etgandi. O'sha “eshik qoqqan yigit” bugun taniqli hajvchi yozuvchi bo'lib yetishdi. Hozirgacha uning turli nashriyotlarda “Kar quloqqa tanbur”, “Kim oshdi savdosi”, “To'qayga o't tushsa”, “Bedavo dardning davosi”, “Inglizcha tush”, “Chirog'i yoniq xonadon”(saylanma), “O'raga sichqon tushdi…”, “Nimkosa” kabi ki­toblari, “Hayot yo'lga o'xshaydi” publitsis­tik maqolalar to'plami chop etildi. Asarlari rus, ingliz, turk, qozoq, qirg'iz, qoraqalpoq tillariga tarjima qilindi.

Aslini olgandaku, hajvchilik Habibjon akaga “yo'rgakda tekkan dard”. Ilk mashqlari maktabda o'qib yurgan yillari gazetalarda, maktabni bitirgan yili esa “Mushtum” jurnalida bosilgan. U ijodining rivojida mamlakatimizning otaxon hajviy jurnali “Mushtum” va mushtumchilarning hissasi katta bo'lganligini bot-bot takrorlaydi. Poytaxtda aspiranturada tahsil olgan yillarida jurnal qoshidagi “Yosh hajvchilar maktabi”ga qatnadi, shu yerda ustozlari O'zbekiston xalq yozuvchisi Ne'mat Aminov, taniqli adib Sa'dulla Siyoyevlar bilan tanishdi, asarlarini ularning nazaridan o'tkazdi, hajv ixlosmandlariga manzur qildi.

“O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Do'rmon ijod uyida bo'lib o'tgan yosh yozuvchilar anjumanida ilk kitobimning ustoz Said Ahmad raisligida muhokama qilinishi va nashrga tavsiya etilishi menga ijodiy ruh bag'ishladi”, — deb eslaydi yozuvchi. Oradan ikki yil o'tib esa o'sha to'plam “Mushtum kutubxonasi” turkumida 55 ming nusxada chop etildi va tez orada muxlislarining e'tiborini tortdi.

Habib Siddiq qirq yildan ortiq oliy ta'lim muassasasida talabalarga bilim va ta'lim berib kelayotgan mohir pedagog, o'z sohasining yetuk mutaxassisi, olimi – qishloq xo'jalik fanlari nomzodi, dotsent. Badiiy ijod, hajvchilik esa uning uchun ko'ngil ishi, atrofimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarga befarq bo'lmaslik va munosabat bildirish uchun bir vosita. Shu bois ham uning yozmishlari zo'rma-zo'rakilikdan xoli, sodda va samimiy, qahramonlari esa sizu biz kundalik hayotimizda duch keladigan oddiy odamlar, tanish chehralar. Har bir asar o'z muallifini ham namoyish etadi deganlaridek, Habib Siddiqning o'zi ham kamsuqum, kamtar, sodda va samimiy inson.

Bir qarashda Said Ahmad, Ne'mat Aminov, Anvar Obidjonlardan keyin o'zbek hajvchiligida bir qadar sokinlik hukm surayotganday tuyu­ladi. Biroq oqqan daryo oqadi, deganlariday bot-bot yaxshi hajviy asarlar ham paydo bo'lib turibdi. Ular orasida iste'dodli hajvchi yozuvchi Habib Siddiqning hajviya, hangoma va miniatyuralari samimiyati, kutilmagan yechimlari, shirali tili, qahramonlarining o'zbekona qiyofasiyu andijoncha lutfi bilan ajralib turadi.

Habib Siddiq qator jiddiy hikoyalar, qissalar, publitsistik maqolalar muallifi bo'lsa-da muxlislar va adabiy jamoatchilik orasida, asosan, hajvchi yozuvchi sifatida tanilgan. Adib o'z asarlarida o'quvchilarni turmushimizda uchrab turadigan poraxo'rlik, ko'zbo'yamachilik, laganbardorlik, ichkilikboz­lik, va'dabozlik kabi illatlar ustidan goh qahrli, goh kinoyali kuldirishga, muxlislarda ana shunday qusurlarga nisbatan murosasiz munosabat uyg'otishga intiladi.

Uning hajvlarida shunchaki “osmonga otilgan o'q” yo'q. Ikki og'iz savol-javobdan iborat mitti hajvlari va hayotiy hangomalari ham muayyan qusurni nishonga olishga yo'naltirilgan. O'quvchida fikr uyg'otadi, befarq bo'lmaslikka undaydi. Yozuvchining muvaffaqiyati ham shunda.

“ — Qaynonangiz olamdan o'tibdilar. Siz uchun katta yo'qotish bo'ptida-a?..

— Voy, nimasini aytasiz, dugonajon, — deb chuqur xo'rsindi kelin. — Xuddi uzoq vaqtdan beri og'riyotgan tishingni oldirib tashlaganday bo'p qolarkansan”.

To'g'ri, bu mavzuda latifalar ko'p. Biroq Habib Siddiq yengil yumorga yo'g'rilgan tagdor ibora ishlatganki, o'quvchining yuzida beixtiyor tabassum paydo qiladi.

Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyotida chop etilgan hi­koyalar, hajviyalar, hangomalar, tarjimalardan iborat “Chirog'i yoniq xonadon” nomli saylanma kitobining taqdimoti hamon yodimda. Unda ishtirok etgan adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar adibning milliy adabiyo­timiz, hajviyotimiz rivojiga qo'shgan hissasi, ijodining o'ziga xos va betakror jihatlari, insoniy fazilatlari haqida fikr yuritgan, kitob muxlislarga munosib tuhfa bo'lib xalqimiz ma'naviyatini rivojlantirishga xizmat qiladi, deb e'tirof etgandilar.

Endilikda uning asarlarini, ayniqsa, hajviyalari va miniatyuralarini mamlakatimiz sarhadlaridan tashqarida ham o'z o'quvchilari va tomoshabinlari bor. Yaqindagina uning “I smex, i grex” deb nomlangan hajviyalar to'p­lami rus tilida, “Nыmkese” qirg'iz tilida chop etilgani, yana bir hajviyalar to'plami qoraqalpoq tilida chop etishga tayyorlanayotgani adibning   o'quvchilari doirasi kengayib borayotganidan dalolatdir.

Ijodkor yo'rgakda tekkan kasali “oz yozish”dan qutulolmagan bo'lsa-da, “soz yozish” fazilatini yanada kamol toptirdi, ko'p sonli muxlislar va adabiy jamoatchilik e'tiboriga tushdi.

Yozuvchi ma'lum yoshga yetib, muayyan tajriba to'plagach, hikmatnamo fikrlar qog'ozga tushirish istagi paydo bo'ladi. Ularni jamlab o'quvchilarga taqdim etish ham urfga aylanib bormoqda. Habib Siddiq ham shu yo'nalishdagi ijodiy “mahsulotlari”ni jamlab nashr ettirdi. “Nimkosa” deb nomlangan mo''jazgina kitobchaga ko'ngildagi gaplar, ikir-fikrlar, ko'ndalang savollar, yon daftardagi qaydlar jamlangan. To'plamga muxtasar so'zboshi yozgan filologiya fanlari doktori, professor Siddiq Mo'min “ijodkorning jamiyatdagi evri­lishlarni, “xom sut emgan banda”ning turli qiyo­fada tovlanishlarini uyg'oq qalb va teran nigoh bilan kuzatishi va tadqiq qilishi natijasida shakllangan, sayqallangan va saralangan muayyan falsafiy xulosalarini muxlislarga taqdim etayotganligini” ta'kidlab, “O'ylaymizki, iste'dodli adibning ko'p yillik hayotiy va ijodiy tajribasi mahsuli bo'lgan bu hikmatnomalar zamondoshlarimizga doimiy hamroh, umr yo'llarida mayoq bo'ladi” deb yozadi. “Nimkosa”dagi “Bugun siringni quduqqa aytib bo'lmaydi. Internetga ulangan bo'lishi mumkin”, “Salomatligingiz – o'z qo'lingizda”, dedi shifokor, bemorning qo'liga qarab” degan iboralar o'quvchini kinoyali jilmaytiradi, o'ylatadi ham. Ana shu “qo'liga qarash” degan o'zbekona ibora keyinchalik adibning “Qo'lingizni bering, akamullo” hajviyasi va shu asosda tasvirga olingan televizion miniatyurada turli sohalarda urchib ketgan ta'magirlik balosini kulgi vositasi bilan nishonga olib fosh etish imkonini berdi.

Habib Siddiqning badiiy publitsistikada ham izlanib ma'naviy-ma'rifiy yo'nalishdagi hamda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir maqolalari bilan Respublika va viloyat matbuotida faol qatnashib kelmoqda. “Xalq so'zi” gazetasining 2007 yil 9 yanvar sonidagi “Vijdon imtihoniga tayyormizmi?” nomli publitsistik chiqishi o'quvchilar diqqatiga sazovor bo'ldi. “Vatandan ayro baxt yo'q”, “Azaliy qadriyatlar namoyishi”, “Aldanib qolgan yomon”, “Soxtalik ortidagi g'araz”, “Har joyni qilma orzu…”, “Ko'rar ko'zlarning nuri ilmdandir” kabi publitsistik maqolalari jamoatchilik e'tiborini tortdi.

Jahon adabiyoti namunalarini o'zbek tiliga o'girayotgan tarjimonlar ko'p. Biroq tan olib aytish kerak, hajviy asarlarni o'zbek tiliga tarjima qilishning o'ziga xos murakkabliklari bor. Bu ishni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun tarjimon hajvchi bo'lishi ayni muddaodir. Shu ma'noda Habib Siddiqning jahon hajviyoti xazinasidan saralab o'girgan hajviy asarlar ham e'tirofga munosibdir. Aziz Nesin, Arkadiy Avarchenko, Bernard Shou, Eduard Uspenskiy, Gerbert Kemoklidze, Rean Bikchentoyev, Lion Izmaylov, Sergey Kondratyev kabi o'nlab hajv ustalarining asarlarini mahorat bilan o'girib o'zbek kitobxonlariga taqdim etish bilan o'z iste'dodining yana bir qirrasini namoyish qildi. Habib Siddiq tarjimalarini kitobxon asliyatdek o'qiydi, turli millatga mansub qahramonlari o'zbekcha so'zlayotgandek his qiladi.

Ikki yil ilgari O'zbekiston davlat satira teatrida Habib Siddiq tarjimasida sahnalashtirilgan serb dramaturgi Branislav Nushichning “Falsafa doktori” komediyasi tomoshabinlar va mutaxassislarning yaxshi bahosini oldi. Bu yil ingliz dramaturgi Rey Kunining Habib Siddiq tarjima qilgan “13-xona”, “Pul o'lsin” komediyalari O'zbekiston davlat satira teatri va Bobur nomli Andijon viloyat teatrida sahnalashtirilayotgani hajvchi adibning muxlislari safi o'quvchilargina emas, tomoshabinlar orasida ham kengayib borayotganidan dalolat.

Habib Siddiq asarlari asosida “Cho'g'”, “Kichik korxonaning katta hangomasi” videofilmlari va qator teleminiatyuralar tas­virga olingan va teleekranlarda bot-bot namoyish etib turilibdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma'naviy-ma'rifiy va ijtimoiy islohotlardagi faol ishtiroki, samarali mehnati, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umum­insoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga qo'shgan hissasi uchun yozuvchi “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.

Ruslarning bir latifasida qiziqchilarni uch toifaga bo'lishadi. Uchinchi toifadagisi kuldirmoqchi bo'lib o'zi kuladi, boshqalar kulmaydi. Ikkinchi toifadagisi esa o'zi ham kuladi, boshqalarni ham kuldiradi. Birinchisi, eng zo'ri esa o'zi kulmaydi, lekin hammani kuldiradi. Habib Siddiq, ta'bir joiz bo'lsa, o'zi kulmay kuldiradigan hajvchilardan. Safarlarda, do'stlar gurungida ham jiddiy gapirib turib kuldiradi, oddiy voqea-hodisa haqida hikoya qila turib kutilmagan yechim topadiki, topqirligiga tan berib beixtiyor kulib yuborasiz.   Muxbirlardan birining “Habib Siddiq hajvchiga o'xshamaydi, jiddiy odam, deyisharmish…” degan savoliga “Ha, albatta, axir hajvchilik o'zi jiddiy ishda!” deb javob bergan ekan.

Uning hajvlari shunchaki kulgi uchun yozilmagan. Har bir asarining, hatto o'sha bir-ikki satrdan iborat ikir-fikrlarining ham ijtimoiy yuki bor. O'quvchi kuladi, keyin o'ylanib qoladi, uning ko'nglida qalamga olingan illat yo qusurga nisbatan nafrat paydo bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, bu asarlar o'quvchini ruhan poklanishga, jamiyatning tozarishiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

Tabarruk yetmish yoshini nishonlayotgan adibimizga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab, ko'p­lab diltortar hajviy asarlar yozib, muxlislarini xursand qilib yurishiga tilakdoshmiz.

Adhambek ALIMBEKOV,

Toshkent davlat sharqshunoslik

instituti professori,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 6 =