Nazariya va amaliyot uyg'unligi

Xo'jamushkent ota ziyoratgohi. Asrlar silsilasidan mujdalar so'ylovchi ushbu qadamjoga hech bo'lmaganida biror marta tashrif buyurgan kishi borki, o'zini uzoq moziyga kirib borayotganini his qiladi. Bu go'shadagi suvpopukli chashma, o'nlab buloqlardan hosil bo'lgan sharqiroq soy, tabiati bus-butun saqlangan qishloq manzaralari, bulbullar xonishi –bularning bari kishiga ekzotik zavq bag'ishlaydi. Ayniqsa, tabiatning maftunkor ajoyibotlari ijodkorlarga, xususan, yosh jurnalistlarning ijodiy mahoratini o'stirish, borliq haqidagi tasavvurlarini kengaytirish, ekojurnalistika bo'yicha amaliy ko'nikmalarini shakllantirishda muhim o'rin tutadi.

Yaqinda  O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ahmadali Shernazarov ustozlik qilayotgan mahorat maktabining bir guruh a'zolari ishtirokida  Jizzax viloya­tining Yangiobod tumanidagi Xo'jamushkent  qish­log'iga qilingan mediasayohat ham shu maqsadda  tashkil etildi.  Mahorat maktabi tomonidan har yili an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan “Tabiat va jurnalist” deb nomlangan loyihada jurnalistika sohasida ta'lim olayotgan talabalar, mazkur yo'nalishda o'qishni maqsad qilgan umumta'lim maktab­larining bitiruvchi o'quvchilari, yosh jurnalistlar ishtirok etdi.

Jurnalistika sohasida ustoz-shogird an'anasining ahamiyati beqiyos. Ayniqsa, mediatur shaklidagi, ya'ni tabiat qo'yniga va boshqa manzillarga uyushtirilgan sayohatlarni bo'lajak jurnalistlarning kasb mahoratini oshirishda foydasi katta. Xususan, yosh jurnalistlar sayohat bilan birga bugungi kunning eng global muammolaridan biri bo'lgan tabiatni asrab-avaylash, flora va faunani muhofaza qilish bo'yicha ham amaliy va nazariy ko'nikmalarga ega bo'lishadi.

— Sayohat dasturiga ko'ra, ishtirokchilarimizning o'z  taassurotlari asosida  maqolalar yozish, video va fotolavhalar tayyorlash amaliyotini ham o'tkazdik, — dedi ustoz jurnalist Ahmadali Shernazarov. — Ta'kidlash joizki, jurnalist tabiat bilan qanchalik yaqin bo'lsa, uning ijodida o'ziga xoslik, teranlik, shaffoflik bo'ladi, rang-barang­lik ifodasini topadi. Qolaversa, bunday manzillarni o'z ko'zlari bilan  ko'rib, bevosita tanishishlari asnosida Vatanimizning betakror go'zalligi haqida jo'shib ijod qilish qobiliyatlari yanada oshadi.

—  Ushbu sayohatdan keyin jurnalistikaning keng qirraliligi, ya'ni jurnalist uchun ko'p narsani bilish, dunyoqarashini kengaytirib borishi juda muhim ekanligiga yana bir bor  amin bo'ldim, — deya o'z haya­jonini yashirolmaydi mahorat maktabi a'zosi Vazira Xo'jamqulova. — Ustozimiz jurnalist qaysi yo'nalishda, xoh tele, xoh bosma, xoh internet jurnalistika yo'nalishida bo'lsin, avvalo, yaxshi yozish qobiliyatiga ega bo'lishi kerak, negaki, sohaning qay bir yo'nalishini olmang, har birida bosh vositamiz, bu — so'zdir, deb  bizga bot-bot uqtiradilar. Biz sayo­hat davomida tabiat bilan bog'liq ko'p­lab xalqona va ilmiy talqinlarni ham bilib oldik. Xo'jamushkent qishlog'i va ziyoratgohi tarixi bilan ham yaqindan tanishdik.

Aytish joizki, publitsist Ahmadali Shernazarov ko'p yillardan buyon yosh jurnalistlarning ijodiy qobiliyatini oshirishda o'z hissasini qo'shib kelmoqda. Ayni damda uning ijodiy mahorat maktabida 50 dan ziyod talaba jurnalistlar va o'quvchilar nazariy hamda amaliy jihatdan sohaga oid bilim va ko'nikmalarini oshirib kelishyapti.

Zanjiloy ABDUSALOMOVA,

O'zbekiston davlat jahon tillari

universiteti talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + 4 =