Ayon, har kim tortgay asl zotiga

Muallif haqida:

Sharbat MUXTOROVA — 1949 yili Nurota shahrida tavallud topgan. Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini 1973 yili tugatgan. “Sog'inib yashayman”, “Tongdagi shabnam”, “Irmoq” singari bir qancha kitoblari chop etilgan.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, “Mehnat shuhrati” ordeni soxibasi.

 

KO'ZING

Shamsmidi, ko'kda Zuhal yo porladi anvor ko'zing,

O't qalab ketdi qaroshing, jism aro sharor ko'zing.

Tim qaro jodung bu dilga tashladiku parcha o't,

Borlig'im etdi asiru notavon, makkor ko'zing.

Suhbati jonon o'zingsan, qalbga hoqon sen o'zing,

So'ylagil, ne sirni pinhon saqladi asror ko'zing.

Suyganim sensan deding, bilsang menga sensan suyuk,

Ko'ngil maydoni dardini ayladi oshkor ko'zing.

Orzu istaksiz, muhabbatsiz hayot darkor emas,

Ezgu dardlar shomu subh etsin meni bedor ko'zing.

O't qaroshingdan bu qo'msash, sog'inish barno yigit,

Mahfirat ayla bu damda ko'rmadi diydor ko'zing.

Ko'zlaring mehri yurakda jo'sh urar ishq Sharbati,

Shul sabab bo'ldi bu oqshom menga xush ash'or ko'zing.

 

                                   KULSANG

Tunim kundek yorishgay sulton yakbora kulsang,

Men maftun shirin zabon, istaram zora kulsang.

Zuhro kular samoda, yurakda uchquni yo'q,

Vujud yonar ko'rgan on, aylab nazzora kulsang.

Orzuyi vaslingda men o'rtanurmen subhi shom,

Bandingman sening mudom, koshki oshkora kulsang.

Shams ko'kdan cho'g' olur, ishq o'tidin shohsuvor,

Nur o'lgay chehra tobon shodon, sharrora kulsang.

Ishqing domiga olmish, aylamish xasta hayron.

Yonar baloyi hijron, yuzidir qaro kulsang.

Tabassum aylagach yor, nechun etgayman afg'on,

Ko'ngil mulkiga bo'lgay darmon xumora kulsang.

 

   SO'RMADING HOLIMNI HECh

Sen jafokash so'rmading holimni hech,

Ko'rmading bu xasta beholingni hech.

Hajr yomon, diydamda yoshlar shashqator,

Mehr berib, so'zlatmading lolingni hech.

Seni o'ylab, rang somon, yor ko'rmading,

Qahrabodek chehrai holimni hech.

Vasling istab, yondimu, sen rashkdasan,

Totmadim yoru shakar-bolimni hech.

Yosuman domini yanggil, et shikan,

Tiyra etsa oyna-zullolimni hech.

Shum raqiblar etmasa gar tavbalar,

Qo'ymagayman o'rtada zolimni hech.

Oqmasa gar tanda mehring Sharbati,

Egmagayman qaddi niholimni hech.

 

SEN O'ZINGSAN, SEN O'ZING

Mehrim olgan yakka Olloh sen o'zingsan, sen o'zing,

Topganim yolg'iz panoh, sen o'zingsan, sen o'zing.

Boshda oftobim yagona, qalbda oftobim o'zing,

Yo'llarimda fayziyob moh, sen o'zingsan, sen o'zing.

 

Sevging ishg'ol ayladi bu ko'ngil bo'stonini,

Gul uzib etding gunoh sen o'zingsan, sen o'zing.

Ko'zlarimdan ketmish uyqu, dilda o'tli ehtiros,

Ishqu otashga guvoh sen o'zingsan, sen o'zing.

 

Ayriliq tig' urdi dilga, menga hijron behisob,

Qazigan ham hajrga choh sen o'zingsan, sen o'zing.

Sevsa o'zga meni nogoh, men kuyurman sen uchun,

Joylading-ku qalbga oh, sen o'zingsan, sen o'zing.

 

Sog'inibsan, sog'inibsan, Sharbating ko'ksida o't,

Mulki dilga bitta shoh, sen o'zingsan, sen o'zing.  

 

         O'ZI YoNSIN YoSUMANLAR

Bir sodiq do'st orttirguvchi bu dunyodan,

Yarim umr daryo misol oqib o'tar.

Ne ag'yorlar titar seni bu dunyodan

Ham do'stingni, ham o'zingni yoqib o'tar.

 

Oramizda ag'yor tursa, to'fon turar,

Imon ketar, vijdon ketar to'fon bilan.

Ishonching ham, quvonching ham nolon turar,

Umidlaring almashadi afg'on bilan.

 

Sergak tur ey umri aziz, parvona do'st,

Mehru-ishqing hech yanchmasin yovsimonlar.

Tin olsam bo'l uyg'oq, sen-chun men ochay ko'z,

G'aflat bilan o'zi yonsin yosumanlar.

 

                     YO'LDAMAN

Ko'zlarim samodek cheksiz yo'llarda,

Shu so'ngsiz yo'llarni bosib o'tgumdir.

Mayli to'siq bo'lsin o'ngu so'llarda,

Ishonch shamshiri-la yanchib ketgumdir.

 

Yo'ldaman, yo'llarim nihoyat yiroq,

Bu hayot intilish, kurashish abad.

Yurgan yo'llarimda yoqaman chiroq.

Men o'tgan yo'llarda kulsin saodat!

 

                        INONMA

Shubhaga berilib ketdingmi do'stim,

Nechun yuragingda o'zgacha tuyg'u.

O'rinsiz bu shubhang, nega qolding jim,

Aldanma bo'htonga ro'baro' qayg'u.

 

Tuhmat yo'llarida ko'karmaydi gul,

Ig'vogar ishidan yomonlik guvoh.

Ro'yoga ishonib qolmagin butkul,

So'ng kezi kelganda demagil, e voh.

 

Ba'zi munofiqlar yuzida kulgu,

Ko'rsatar o'zlarin senga do'st-xolis.

Nihoniy og'udan so'ng solar g'ulu,

Azizim, sen bo'lgin g'animdan olis.

 

Inonma, sen uning iltifotiga,

U senga yurakdan chin so'zin aytmas.

Ayon, har kim tortgay asl zotiga,

Tuban tubanlikdan hech qachon qaytmas.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − 1 =