So'z “yuk”ini ko'tarib…

Bu kitobni albatta o'qing

 

Xadichaxon Karimova nafaqat viloyatimiz, balki respublikamiz jurnalistikasida o'z o'rniga ega zabardast ijodkorlardan. U tirik, mag'rur va haq so'zni o'z quroliga aylantirgan jurnalistika fidoyisi. Qo'shtepa tuman hokimligining “Istiqbol yo'li” gazetasi mas'ul kotibi, viloyat xotin-qizlarining “Oydin” gazetasi bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib kelayotgan ustoz elning e'zoz-u e'tiroflarini qalami bilan qozonganidan faxrlansa arziydi.

Yaqinda yetmish yoshni qarshilagan Xadicha Karimovaning yangi nashr etilgan “Buni umr derlar” nomli kitobi uning umr sarhisobi, kasb mashaqqatlari va sharafining ko'zgusi sifatida oq qog'ozlardan yorug' nur taratganday taassurot uyg'otadi o'quvchida.

So'zni mash'aladek tutib, adolat himoyasi uchun maydonga tushgan jurnalistning hayot yo'li, shuning barobarida, jamiyatdagi o'zgarishlar va islohotlar qalamga olingan kitobda jurnalis­tikaning dolzarb muammolari, publitsistik maqolalar uchun qahramon bo'lishga arzirli yurtdoshlarimiz haqida so'z borgan. Ularda ona Vatanga sadoqat, yurt ishiga kamarbastalik, ezgulik g'oyalari ilgari surilganki, davrning butun bo'y-basti, og'riqlari, zamondoshlarimiz hayoti, orzu-o'ylarini his qilish mumkin.

Kitobga kiritilgan safarnoma, ocherk va esselar, mulohaza, kechinma, hikoya va qatralar Xadicha Karimovaning bedor tunlari, beorom kunlari, rivojlangan davlatlardagi hamkasblari tajribalarini o'rganishdagi hayratlarining aksi bo'lib jonlanadi.

Saudiya Arabistoni, Xitoy Xalq Res­publikasi, Koreya Respublikasi, Rossiya federatsiyasi kabi dunyoning turli-tuman davlatlarida bo'lganda ham qo'lidan qalami tushmagan ijodkorning yo'l taassurotlarini safarnomalarga joylagani, albatta, har bir o'quvchida katta qiziqish uyg'otishi, tabiiy.

“Hayot chorrahasida turgan yosh do'stim!”, “Yigit – elning oridir”, “Mehr-muhabbat ham “sayqal” talabdir”, “Ustun”larni qurt yemasin”, “Yurtim bag'ridagi niholim bolam!” kabi maqolalari o'quvchini hushyorlikka chorlab, o'zini taftish qilishga, qalbi uxlab yotgan mudroqlarni uyg'otishga, o'ylashga, mulohaza va mushohada qilishga undaydi.

Yaxshisi, kitobni albatta o'qing! Yarim asrdan buyon jurnalistikaning “qattiq noni”ni yeb, matbuot sohasida sobitlik, fido­yilik bilan mehnat qilib kelayotgan jurnalistning iqrorlarini qalb qulog'ingiz bilan tinglab, ko'ngil ko'zingiz bilan mutolaa qiling! Haqiqat-u adolat bilan yozilgan har bir so'zning “yuk”ini Siz ham ko'tarib ko'ring.

* * *

Kecha Ahmad Farg'oniy nomidagi Farg'ona viloyat axborot-kutubxona markazida Xadichaxon Karimovaning “Buni umr derlar” kitobi taqdimoti bo'lib o'tdi. Unda jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, ma'naviyat targ'ibotchilari ishtirok etdi.

Tadbirni O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo'limi raisi Muhammadjon Obidov olib borib, kitob jurnalistikaning publitsistika, ocherk, esse, safarnoma kabi muhim janrlarida yozilgan ijodiy asarlar jamlangani bilan qimmatli ekanligi, bu esa matbuot ilmini o'rganishga bel bog'lagan yoshlar uchun kerakli manba bo'lib xizmat qilishini alohida ta'kidladi.

Tadbirda viloyat hokimi o'rinbosari Xurshidjon Ahmedov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshlig'i Ibrohimjon Halimbekov, Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi viloyat bo'limi rahbari Ma'sud Sulaymonov, “Oqila ayollar” harakati viloyat bo'limi rahbari Yulduzxon Rahimova, Farg'ona davlat universiteti professori Turg'unoy Egamberdiyeva, “Quva hayoti” gazetasi bosh muharriri Zuhra Aliyeva, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari Dilshoda Ergasheva hamda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Dilnavoz Qo'ldasheva so'zga chiqib, ustoz jurnalistning ijod namunalarida aks etgan davr muammolari, jamiyat hayotida yuz berayotgan voqea-hodisalarga munosabati va falsafiy qarashlari mahorat bilan ifodalanganini e'tirof etdilar.

— “Buni umr derlar” kitobini hech qanday ruhiy zo'riqishlarsiz mutolaa qilish mumkin, — dedi AOKA viloyat bosh­qarmasi boshlig'i Ibrohimjon Halimbekov. – Chunki unda voqealar xronologiyasiga alohida e'tibor berilgan. Kitobxonning diqqatini tortuvchi iboralardan mohirlik bilan foydalanilgan. Kitobning yoshlar tar­biyasidagi o'rni esa katta bir mavzu.

Taqdimotda ustoz jurnalistning hayotiy kuzatishlari aks etgan, o'zbek xalqiga xos asriy qadriyatlar jo bo'lgan, badiiylik bilan to'yingan qatralaridan namunalar o'qilib, tadbir jo'shqin nazm-u mumtoz navolarga ulandi. Jurnalistikani ruhiy ehtiyojga aylantirgan, qalami bilan xalq dardiga darmon bo'layotgan Xadichaxon Karimovaning kitobi o'quvchilarning tafakkurini boyitadigan asar bo'lib qolishiga umid bildirildi.

Go'zal OXUNOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + one =