G'arbning Hirotida tug'ilgan shoir
Olmon tilini ishtiyoq bilan o'rganayotgan talabalik yillarimda ulug' Gyotening Vatani — Vaymarda bo'lishni orzu qilardim. Muallif oltmish yil mobaynida yaratgan shoh asari “Faust” nafasini, haroratini qalbim bilan uning kindik qoni to'kilgan zaminida his qilgim kelardi. “O'n besh ming misraga yaqin bu mo''jizani insoniyat tarixining mag'zi desa bo'ladi”, deb yozgan edi asarning tarjimoni, ulug' shoirimiz Erkin Vohidov. “Inson Qalbi Ozodligining tarannumi” deb nom olgan, necha asrlardan beri dunyoni Firdavsiyning “Shohnoma”si, Dantening “Ilohiy komediya”si, Alisher Navoiyning “Xamsa”si kabi hayratga solib kelgan bu asar donishmandlik falsafasi bilan yaratilgan ulug' mo''jizadir.
Asar achchiq ko'z yoshlar bilan bitilganga o'xshaydi. “So'nggi qo'shiqlarim eshitolmadi, Kitobim ilk bobin tinglagan do'stlar” deb achchiq armon bilan yozganida shoir allaqachon olamdan o'tgan singlisi Korneliya Shlosser, do'sti Merk va shoir Lensni ko'zda tutgandir.
1773 yilda Gyote “Faust”ni yozishga kirishganida yigirma to'rt yoshda edi. Ushbu asarning yozilishiga tarixiy shaxs – sehrgar va jodugar doktor Faust to'g'risidagi rivoyat asos qilib olingan. 1587 yilda Olmoniyada “Taniqli sehrgar va jodugar doktor Faust tarixi” nomli kitob chop etilib, unda Faustni fosh qilish maqsadi yotadi. Biroq ulug' daho talqinida Faust insoniyatga xizmat uchun bel bog'lagan, komillikka intilayotgan, kurashchan, qalbi turli ziddiyatli qarama-qarshiliklarda ham asliyatini saqlab qololgan siymo sifatida gavdalanadi.
Ushbu asar dunyo xalqlari tillariga juda ko'p bor tarjima qilindi. Tarjima jarayonida mutarjimlar tomonidan turlicha yondashuvlar bo'ldi.
Masalan, rus tarjimoni Boris Pasternak asliyat matnidagi Nacht (tun) epizodi tasviri quyidagicha qayd qilingan:
“Habe nun ach! Philosophie,
Juristerei und Medizin,
leider auch Theologie
durchaus studiert
mit heißem Bemühen.
Da stehe ich nun, ich armer Tor,
und bin so klug als wie zuvor”.
Bunday tarjima qilgan:
Ya bogoslovyem ovladel,
Nad filosofiey korpel,
Yurisprudensiyu dolbil
I meditsinu izuchil.
Odnako ya pri etom vsem
Bыl i ostalsya durakom.
O'zbek tilidagi tarjimada esa sevimli shoirimiz Erkin Vohidov aynan shu ruscha variantni tanlab, uni quyidagicha o'girgan:
Ilohiyot ila band bo'ldim,
Faylasufi xiradmand bo'ldim.
O'rgandim ilmi huquq,
ilmi tabobat,
Va amin bo'ldimki faqat,
faqat menga bir narsa ayon,
Nodon edim, nodonman hamon.
Tarjimani ruscha variant bilan qiyoslasak, mutarjim nafaqat asliy monand, balki ruscha aslidan ham go'zalroq bajargan. Biroq olmoncha (ya'ni Gyote) asli bilan qiyoslaganda, o'zbek tarjimoni ham rus tarjimonining qo'pol xatosini takrorlashga majbur bo'lgan. Natijada ruscha va o'zbekchada komillikka intilib o'sha zamon asosiy fanlarini qaynoq ishtiyoq bilan o'rgangan olim va mutafakkir inson obrazi buzilib, nodon odamga aylanib qolgan. Olmoncha matnda birinchi o'rinda falsafa aytilsa, ruscha va o'zbekchada birinchi o'rinda ilohiyot qayd qilingan. Axir Gyotening o'zi ham xuddi shunday qilishi mumkin edi-ku! Yo'q, barcha zamonlar va makonlarda FALSAFA eng muhim umuminsoniy fan bo'lib qolaveradi. Asliyat matnidagi olmoncha der Tor so'zi rus tarjimoni tomonidan noto'g'ri tushunilib, lug'atdagi salbiy ma'noli nodon, axmoq, tentak, go'l, aqldan ozgan so'zlari ichidan ijobiy ma'nolisini, ya'ni telbani topolmagan. Asliyat tili mutaxassisi bo'lgan tarjimon Posho Ali Usmon oxirgi qatordagi bu olmoncha so'zni “men hamon g'o'r, telba bechora” deb to'g'ri, asliyatga mos o'girgan. Albatta, Poshali aka tarjimasida Erkin akaning go'zal she'riyati yo'q. Noto'g'ri tarjima esa munaqqidlarni ham adashtirishi va noto'g'ri xulosalar chiqarishlariga yo'l berishi mumkin.
Shuningdek, Gyotening jahon ahliga qoldirib ketgan yana qator saboq va ibratlari borki, bu saboqlarni hali beri ko'pchilik mutaxassis va kitobxonlar o'zi uchun kashf qilolmaganday, olmon she'riyati qirolini tom ma'noda anglolmagan, tushuna olmaganday tuyuladi. Bu haqiqatni nafaqat biz olmonzabon bo'lmagan chet ellik olimu muallim, kitobxonu siyosatdon, balki Gyotening tiriklik paytidayoq o'z vatandoshu tildoshlari ham to'laligicha anglab yetolmaganga o'xshaydi. Ask holda Gyotening hatto Napoleonday jahongirlikka da'vogarni yig'latgan “Yosh Verterning iztiroblari” epistolyar romanini o'qigan talay olmon va farangzabon sevishganlar Verterdan “ibrat olib”, o'z jonlariga qasd qilmagan bo'lardilar. Yigirma besh yoshli navqiron adib Gyote esa sevgi yoshida bo'lgan ko'pchilik yigit-qizlarni boshiga tushadigan savdo (suygan yori bilan turmush qura olmasligi) qarshisida o'z joniga qasd qilishdan tiyilishga undaydi. Bu masala hech bir dinda oqlanmasligi Gyotega ma'lum bo'lganligidan, u sevishgan yoshlarnii aynan shu holatdan ogohlantirish maqsadida ham shu asarini yozgan emasmikin? Asar bosh qahramon navqiron Verterning o'z do'stiga va sevgilisi Lottega yozgan maktublaridan, javobsiz qolgan muhabbat tarixi va uning fojiali taqdiri bayonidan iborat. Uni o'zbek tiliga mohir tarjimon Yanglish Egamova o'girgan edi.
Asardagi yana bir nozik ishora shundan iboratki, go'zal Lottening unashtirilgan bo'lg'usi turmush o'rtog'iga bo'lgan sadoqati barcha bama'ni ayollar uchun hozirgacha ibrat maktabidir. Ayni paytda roman yigitlar uchun ham zarur xulosalar chiqarish uchun imkoniyat yaratadi.
Yoki ikki personaj taqdiri va fojiasi tasvirlangan: komillikka intilgan, o'z zamonasining asosiy fanlarini qaynoq ishtiyoq bilan o'rgangan yetuk olim Haynrix Faust va o'z tajribasizligi tufayli Faustning qurboniga aylangan 14 yashar Gretxen (Margarita) fojialari ham muhim saboq sifatida idrok etishga undaydi. O'z davrining asosiy fanlari bo'lgan falsafa va huquq, tibbiyot va ilohiyotni qaynoq ishtiyoq bilan o'rgansa-da, na ilmning tagiga yetolgan va na hayoti mazmuni va ma'nosini anglash yo'lida ne qilarini bilolmay turgan keksa olimni shayton timsoli bo'lgan Mefistofel ta'qib qiladi, uni o'z yo'liga yurgizmoqchi bo'ladi va ma'lum vaqt bunga erishadi ham. Natijada izlanishlardan charchagan va chalg'igan Faust o'z ideallaridan voz kechib, sobitqadamlikdan chekina boshlaydi. Faust va Mefistofel obrazlari orqali Gyote Rahmon va Shayton kurashini tasvirlashga harakat qiladi. Asarning birinchi qismida Faust yengilib, o'z tanlagan to'g'ri yo'lidan oza boshlaydi. Shu yo'lda u nevarasi qatori bo'lgan 14 yoshli begunoh bokira qizni yo'ldan uradi. Mefistofel vositachiligida Faust va Gretxen tanishib, tobora do'stlasha boshlaganda, qiz unga: “Endi ayt-chi, dinga munosabating qanday? Sen bir samimiy insonsan. Faqat, o'ylashimcha, bu masala sen uchun ahamiyatsizga o'xshaydi” kabi savollarni berganda, Faust har safar o'zini o'zi maqtab, “yaxshi odamligini” ayta boshlaydi. Uning aldoviga ishongan Gretxen unga o'z ixtiyorini ishonib topshirganini sezmay ham qoladi. Natijada 14 yashar voyaga yetmagan bokira qizning hayoti fojia bilan tugaydi: homilador bo'lib qolgan bechora qiz o'zini qayoqqa qo'yishni bilolmay, hatto o'z onasidan ham qocha boshlaydi. Oy-kuni yetib, farzandi dunyoga kelganda, u ne qilarini bilmay qoladi va o'z farzandini suvga cho'ktirishga qaror qiladi. Cho'kayotgan go'dagining suv ichidagi jon talvasasini ko'rgan tajribasiz ona nihoyat aqldan ozib qoladi. Bu holatdan xabardor bo'lganlar uni qamoqqa tashlashadi. Ammo uni shu nochor ahvolga tushishiga sababchi bo'lgan Faust Mefistofelning ta'sirida unga yordamga kelolmaydi. Nochor Gretxen o'zini zaharlaydi…
Bundan chiqadigan xulosa va saboq nimadan iborat? Ulug' Gyote Gretxen obrazi orqali baxtli hayot haqida shirin orzular sari yashayotgan dunyo qizlarini anglashilmovchilik va ishonuvchanlik asosida sodir bo'lishi mumkin bo'lgan aldanishdan ogohlantirmayaptimi? Qizlarning qo'lini so'raydigan talabgor va davogarlarga Gretxen bergan savollarni berishga da'vat qilmayaptimi? Ayniqsa, hozirgi kunda avj olib borayotgan ajralishlarning tub sabablari ham qizlarning ana shu savollarni yigitlarning o'ziga va ularning ota-onalari va sovchilarga bermayotganidan aldanib qolayotganidan emasmi?!
Gyotening “G'arbu Sharq devoni”ni o'qigan ayrim vatandosh va zamondoshlari unga shubha bilan qarab, uni musulmonlikka o'tib ketishda gumon qilgancha, kinoyaomuz: “Janob Gyote, siz mag'riblik bo'la turib mashriqliklarga bag'ishlab katta devon bitibsiz. Mabodo siz islom dinini qabul qilmaganmisiz?”, deb savol berishadi. Adib esa (der grösste Deutsche) “Wenn Islam heisst Gotergebenheit, dann sind wir alle im Islam geboren und sterben im Islam” (Agar islom degani Allohga toat-ibodat qilish bo'lsa, biz barchamiz islomda tug'ilganmiz va islomda o'lajakmiz) deb javob beradi. Ana shu she'riy dostonning ilk nashri 800 sahifadan iborat bo'lib, uning 200 beti Hotamnoma, Zulayhonoma, Ishqnoma, Huldnoma, Temurnoma kabi o'n ikki dostondan va qolgan 600 beti shu dostonlarda nomlari zikr qilingan buyuk mashriqlik (Jomiy, Nizomiy, Rumiy, Xayyom kabi) allomalar hayoti va ijodiga bag'ishlangan izoh va esselardan iborat bo'lgan. Bu dostonning bir qismini avval Maqsud Shayxzoda ruscha tarjimasidan o'zbekchalashtirgan bo'lsa, olmon tili mutaxassisi bo'lgan shoir Sadriddin Salim Buxoriy bevosita olmoncha matndan o'zbek tiliga o'girgan.
O'zbek adabiyotiga barcha chet ellik adiblar kabi Y.Gyote ham, asosan, tarjimalar orqali kirib kela boshladi. Dastlab Qo'qon farzandi, shoir Ibrohim Davron “Erlkönig” (O'rmon shohi) balladasini asliyat tilidan o'girib, Mahmudxo'ja Behbudiyning “Oyina” oynomasida 1915 yilda chop ettirgan. Shu shoirning farzandlari Madamin Davron va Nasrullo Davronlarning aytishicha, Gyote ijodi bilan yaxshi tanish bo'lgan Ibrohim Davron o'z shoir hamyurti Usmon Nosirni ham Gyote asarlariga qiziqtirib, uning “Egmond” fojianomasini tarjima qilishni tavsiya etgan. Bu asarning bir qismini Usmon Nosir ona tilimizga o'girgan va tarjima dastlab radiopyesa sifatida o'zbek radiosida e'lon qilingan. Biroq shoirning fojiali taqdiri bu tarjimani uning tirikligidayoq nashr qildirishga imkon bermagan. Akademik Naim Karimovning sa'y-harakatlari bilan bu tarjima topilib, u nihoyat Usmon Nosir tavalludining 90 yilligi arafasidagina nashr ettirildi.
Mamlakatimizda kitobxonlik va kitob mutolaasi asri boshlandi. Yana ulug' daholarning dunyoga kelmog'i uchun biz asl asarlarni tinmay o'qimog'imiz va uqmog'imiz, saboq va ibrat olmog'imiz, asarning mazmuni bilan chegaralanib qolmay, bu kabi daho adib va asarlarning ma'nosini chaqmog'imiz darkor. “Faust”ning ilk tarjimoni xuddi mening ko'nglimdan ham o'tgan fikrlarni ta'kidlab o'tganlaridek: “Ulug' shoirning fikri va ruhiga chuqurroq kirishga urindim. Uning Vatanida bo'lib, Vaymar ko'chalarida kezib yurdim. Necha ulug' shoir va sozandalarni bergan bu shahar menga G'arbning Hiroti bo'lib tuyuldi”.
Hurram RAHIMOV,
O'zbekiston davlat Jahon tillari
universiteti professori