“Insof” bekatigacha hali uzoqmi?

“Ehtiyot bo'ling eshiklar yopiladi, keyingi bekat Olmazor”. Shu ovozni eshitishim bilan hovurim tushadi, eshiklar ochilganida,   ichkaridagi odamlarga turtinib-surtinib   tezroq tushib olaman. Tiqilinchdan endi qutuldim deganimda, o'ng tomondan chiqsammikan, chapdanmi degan savol tug'iladi.

Tavakkaliga o'ngga burilaman. Hali   yo'lakdan tashqariga chiqib ulgurmasimdan   “Guliston bir kishi, ikki kishi” , “Sirdaryo, Sirdaryo,   hoziroq ketamiz mana, mana” ,   “Jizzax , Paxtakor” , “Chinoz, Chinoz” , “Ippodrom, taksi, Ippodrom”   degan har xil g'ala-g'ovur ovozlarni eshitasiz. Xayriyat, mo'ljalni to'g'ri olgan ekanman. Ammo chiqishim bilan ovoz egalari o'rab olishadi: “Singlim qaerga ekan, Jizzaxmasmi?”. Yo'q, Guliston shahriga deganimdan so'ng, biri 2-,3-, 4-mavzelargacha olib borib qo'yishi mumkinligini, ikkinchisi avtomobilining yangiligi, sovutgichi borligini, faqat ayollarni olganini, qolganlari ham yana allanimalarni ta'kidlay bosh­lashadi. Mening   esa cho'ntagimdagi oy davomida qimtinib asraganim bir siqim beshtaliklarni changallaganimcha “ishqilib narx-navo oshib ketmagan bo'lsin-da”, degan tashvish bilan tomdan tarasha tushganday yo'l haqqi qanchaligini so'rayman.

— El qatori –ellik ming so'm, –   javob beradi ular bir-birlariga gap bermay.

— Nima, ellik ming, Gulistonga-ya? Yo'g'-e, to'g'ri kelmaydi.

To'rt-besh qadam bosmasimdan yana   boshqasi qarshimdan chiqib mashinasini maqtay boshlaydi. “Tavba, bularga kim yodlatib qo'ygan ekan-a, shu gap­larini. Ha, tirikchilik dardida yuribdi, hammaga ham qiyin”, deyman o'zimga-o'zim.

Meni esa shu topda faqat yo'l haqqi qiziqtiradi. Biri ellik ming, ikkinchisi rahm qilgandek, “qirq besh ming so'm” deyishsa ham, ikkisi ham to'g'ri kelmasligini aytib avtobuslar tomon yuguraman. Aksiga olib Gulistonga boradigan avtobus allaqachon ketib bo'lgan ekan. Hali yon-atrofimga qarab ulgurmasimdan “qirq besh ming so'm” degan haydovchi   yuklarimga qo'lini cho'zib: “Yuring,   mayli, sizga qirq ming so'm, faqat boshqa mijozlarga aytib qo'ymang”, dedi.

Bular kim o'zi, “qaroqchimi” yoki   kirakash? Nimaga men boshqa   mijozlarni aldashim kerak?

“Talabasiz shekilli, yuring o'ttiz besh ming so'm bersangiz bo'ladi”, — degan zahotiyoq anavi “qaroqchisifat” haydovchi o'shqira ketdi:

— Bu mening mijozim, aralashmang.

— Siz bilan ketmayman dedi-ku!

— Sizga nima, burningizni tiqmang, hali yo'l haqqini kelishganimizcha yo'q.

— Yaxshi, baribir ham kelisha olmabsizlar-ku.

— Kelishamiz, yuring singlim o'ttiz mingga olib ketaman…

— Men yigirma besh mingga olib borib qo'yaman. Ketdikmi…

Men esa ikkisiga ham yuzimni ters burib, bo'ynimdagi quloqchinlarni taqib ulardan nari ketdim. Yo'lning narigi tarafiga o'tib, Gulistonga mijoz chaqirib turgan boshqa haydovchining mashinasiga o'tirdim. Bu safar kayfiyatim tushganidan yo'l haqqini ham so'ramadim, mashinaning yangi eskiligi, sovutgichi bor yoki yo'qligiga ham qiziqmadim.

Manzilimga yetib borguncha xayollarim bezov­ta bo'lib bordi. Javobsiz savollar esa tinchlik bermasdi. Nima uchun haydovchilarga shaharlararo aholini tashish uchun litsenziya berilgan vaqtda faqat avtomobilning texnik jihatdan xavfsizligi inobatga olinadi? Nega haydovchilarning xulq-atvoriga, yo'lovchi tashish qonun-qoidalarini bilish-bilmasligiga, mijozning huquqlari haqidagi bilimlariga umuman e'tibor berilmaydi? Nega   avtobus, poezd kabi jamoat transportlari uchun qat'iy belgilab qo'yilgan yo'l haqi miqdori, shaxsiy mashinasida haydovchilik qilayotganlarga belgilanmagan?

Ehtimol, tegishli idoralar tomonidan, litsenziya berilayotganda shaxsiy mashinasida   taksichilik qilayotganlarga yo'l haqi miqdorlarini belgilab qo'yish kerakdir?. To'g'ri, bu qiyin masala deyishingiz mumkin. Biroq bu ishlarni baribir tizimli ravishda, tartib bilan yo'lga qo'ysa bo'ladi-ku. Misol uchun turniket usulini qo'llashni taklif etgan bo'lardim. U nima degani? E'tibor bersangiz bugungi kunda davlat idoralari va oliy ta'lim dargohlari va maktablarning deyarli barchasi maxsus turniket vositalari bilan ta'minlangan. Xodim yoki talaba binoga kirishda va chiqishda o'ziga berilgan kartochkani turniketga urib kirib chiqadi. Aytaylik, bir kunda besh, o'n marta kirib chiqsa shuncha marta undan foydalanadi.

Shu nuqtai nazardan taksistlar va ular uchun belgilab qo'yiladigan narxlar uchun ham shunday tizimli jarayonni qo'llash kerakdir. Avtomobilga o'rnatilgan maxsus turniket nafaqat uning mijozdan olayotgan summasini balki bir kunda shaharga nechi marta kirib chiqayotganini nazorat qilib borishi kerak. Bu xavfsizlik tomonidan ham yaxshi. Nega deganda uzoq hududlar misol uchun — Qashqadaryo, Surxondaryo, Nukus, Xorazmdan Toshkent shahriga qatnaydigan haydovchilar necha soatlab yo'l bosib kelishadi. Yo'l o'zoq. Charchashi tabiiy. Biroq shaharga kelishi bilan yana mijoz chiqib qolsa dam olmay yana ortiga qaytishadi. Bu noto'g'ri. O'n-o'n besh soatlab dam olmaslik ortidan esa yo'lda turli baxtsiz hodisalar, avtohalokatlar kelib chiqayotgani sir emas.

Shu o'rinda yana bir holatni aytib o'tmay ilojimiz yo'q. Bayramlar arafasida Toshkentdan viloyatlarga qatnaydigan haydovchilarning oshig'i olg'ir bo'lib qoladi. 100-150 ming so'mlik yo'lkiralar teng yarmiga, ba'zan ikki barobarga oshib ketadi. Sun'iy tarzda oshirishadi. Bu ham yetmaganidek ayrim taksistlarning: “Ha endi, mavsum kelganida biz bechoralar ham bir ishlab olsinda, shuni ham ko'p ko'rmanglar”, degan istehzoli gaplari ensangizni qotiradi. Bu holatni kuzata turib “O'lganning ustiga chiqib tepkilash” emasmi deb yoqa ushlaysan odam. To'g'ri, besh qo'l barobar emas. Insofli, diyo­natli haydovchi akalar, amakilar ham bor. Lekin undaylar sanoqli-da…

Zulhumor ALIQULOVA,

O'zbekiston Jurnalistika va

ommaviy kommunikatsiyalar

universiteti 2-bosqich talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 3 =