Hamma ham jurnalist bo'la olmaydi
yoxud o'zini muxbir deb tanishtirayotgan ayrim soxta “hamkasblar”ga dashnom
Oliy dargohda ta'lim olayotgan paytlarimizda ham, amaliyotda ham ustozlarimiz jurnalistikaning noni qattiq bo'lishi haqida ko'p va xo'p gapirishgan. Lekin o'sha qattiq burdani yeyishda, albatta, jurnalistik axloq-odob doirasidan chiqmaslik milliy jurnalistikamizning muhim sharti ekanligini obdon tushuntirishgan. Biroq bugun ochiqlik siyosati asnosida bosma nashrlarni o'zlaricha “ortda qoldirayotgan” internet jurnalistikasi, u bilan shug'ullanayotganlar kasb etikasiga nechog'li amal qilishmoqda?!
Ijtimoiy tarmoqlarda “Men falon saytning jurnalistiman” deb o'zini tanishtirayotgan ukalarimizning omma oldida o'zini tutishlari milliy jurnalistikamizga putur yetkazib qo'ymayaptimi?!
Uch-to'rt yil oralig'ida nafaqat jurnalistikani, balki umuman biror-bir oliygohni tamomlamagan ayrim yoshlarning jamoat va mehnat joylariga, aholi xonadonlariga muammo yoki murojaatni o'rganish jarayonidagi equvsizligi, masalaga oldindan tayyorgarligi yo'qligini kuzataman.
Ayniqsa, shunday kezlarda “jurnalistman” deb o'zini tanishtirayotgan ijtimoiy tarmoq “yulduz”lariga aytar so'zlar yog'ilib keladi: media maydonida “bayroq” ko'tarish uchun, avvalo, sohaga doir biror-bir kitob o'qidingizmi yoxud kimdandir ozmi-ko'pmi saboq oldingizmi?! Gapni hamma biladi. Hammada ham gap ko'p. Lekin xalqimizda “O'ynab gapirsang ham, o'ylab gapir” degan maqol bor. Bu hikmat zamirida esa olam-olam ma'no mujassam. Siz kabilar buni qaerdan ham bilardingiz. Afsus…
Chinakam jurnalistika bilan shug'ullanayotgan internet saytlaridagi ko'plab hamkasblarimiz, haqiqatan ham, o'z mahoratlarini to'laqonli ishga solib, zamon bilan hamnafas bo'lishmoqda. Ularga aytar so'zimiz — omad yor bo'lsin!
Biroq bugun ijtimoiy tarmoqda qaysidir arizachi-murojaatchi yoki ikkinchi tomon — tegishli mutasaddilardan manfaatdor bo'lib, mablag' topish ilinjida piar qilayotganlarni ham omma bilib, ko'rib turibdi. Aslida bundaylarni oddiy g'isht terish, suvoq qilish yoki boshqa bir hunarning boshini tutolmay yengil yo'l bilan ijtimoiy tarmoqlarda “rizq terib yurganlar” deyish mumkin. Media, aniqrog'i, jurnalistika shunchaki piar hamda savodsizlik bilan rizq teriladigan maydon emas! U har bir mavzuga qo'l urishda mukammallik, xolislik, aniqlik va chuqur tahlilni, halollikni talab etadi. Demak, yuzaki, xom-xatala materialni elga shoshma-shosharlik bilan yetkazish faqat odamlarni chalg'itishga xizmat qiladi, milliy jurnalistikamiz sha'niga dog' tushuradi, xolos.
Xususan, yuqorida qayd etganimdek, bu bilan butun boshli o'zbek internet jurnalistikasini qoralash fikridan yiroqman, albatta. Faqat har bir ishda me'yor bo'lganidek, qo'lingizdan boshqa ish kelmasa, o'zingizni tarmoqqa urib, jurnalistlikka da'vo qilmang, demoqchiman. Agarki, Siz shu millat vakili bo'lsangiz, iltimos, milliy jurnalistikamizga putur yetkazmang! O'z ishingizni qiling. Ayrimlarga o'xshab yuzingiz qora bo'lishidan oldin bu haqda o'ylab ko'ring. Agarda, chindan ham, jamiyat va xalq dardi bilan yashash, shu kasbni egallash niyatingiz bo'lsa, jurnalistik kasb mahoratingizni oshirishga ham vaqt ajrating, erinmang!
Bu sohada mikrafon yo diktafon yoxud telefon tutib olib, odam bir yumalab jurnalist, muxbir bo'lib qolmaydi. Bu kasbning ham qancha zahmati bor! Birinchi navbatda savod kerak. Jurnalistika sohasida savodni oshirish uchun esa qaysidir… emas, eng maqbuli jurnalistika, hech bo'lmasa, filologiya yo'nalishida 4-5 yil o'qish kerak. Katta ustozlarning sabog'ini olish zarur. Ana endi shuning o'zi yetarli deb bilsangiz, katta xato qilasiz. Yana bilib qo'yingki, diplom bilangina ham hech qachon hech kim haqiqiy jurnalist bo'lib qolmaydi. Aksincha, yillar davomida o'qib yurgan paytingizda telekanallaru gazeta-jurnallar tahririyatlarida, boringki, bugungi talab bo'lmish —haqiqiy internet nashrlarida amaliyot o'tash, gazeta-jurnal, kitob o'qishdan boshqaga vaqtingiz bo'lmasligi shart!
Bundan ham muhim shartni aytaymi sizga? Aytsam, ijodga, jurnalistikaga xos Xudo yuqtirgan yana nimadir, iste'dod degan narsa ham bo'lishi kerak-da.
Siz-chi, ey o'zini bloger, jurnalist, muxbir sanayotgan ayrim soxta “hamkasb”lar, bo'm-bo'sh boshingiz bilan nimani qoyillatmoqchisiz?
Agarda jurnalistika bugun siz kabilarga qolgan bo'lsa, u yo'q, shuni biling. Va albatta, xomtama ham bo'lmangki, odamlar bugun kim kimligini baribir farqlay boshladi. Niqobingizni yechsangiz ham, yechmasangiz ham farqi yo'q. Chunki xohish bo'lak, istak bo'lak. Holva degan bilan og'iz chuchimaydi.
Odiljon INOMOV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi