Ikki bedor qalb

Poytaxt viloyatining Pskent tumanidagi Mingtepa qishlog'iga borib kelganimdan buyon ruhimda g'alati kechinma zohir: oyoqlarim yurib, ko'zlarim ko'rib turganiga shukrlar qilmoqdan tinmadim. Qahramonim, faxriy jurnalist Sayyora opa Yo'ldosheva bilan tanishgach, uning siymosida bu charxi kajraftorning sinovlari oldida esankiramagan, yillar osha vujudini yengmoqchi bo'layotgan dardga tik turib, atrofidagilarga ziyo ulashayotgan, ham Onalik, ham Ayollik mas'uliyatini ayrim sog'lom jussalardan-da sog'liqli davom ettirayotgan bir Insonni ko'rdim. Men ko'rgan manzarada matonat, jasorat, shukronalik tuyg'ulari shunchalar qorishib ketgan ediki, bobo va buvi atrofida girdikapalak bo'layotgan nabiralargacha hayotga teran ko'z bilan boqayotgan, har biri bir sohaning etagidan tutgan ma'naviyati toza va katta oila g'oyat havasimni keltirdi. Suhbatimiz pskentliklar havas qiladigan oila farzandlarining bugungacha erishgan va erishayotgan yutuqlari haqida bordi. O'g'illar va qizlar ayni paytda el xizmatiga kamarbasta, nevaralar ham ota-ona izidan borib, ilmu urfon yo'lida izlanishda davom etishmoqda.
Bir oilaning sog'lom muhiti ana shunday adabli insonlarni jamiyatga tortiq qilishi, shubhasiz. Piskentlik taniqli yozuvchi va jurnalist, ko'plab shogirdlarning jonkuyar ustozi Sobirjon Inomov va rafiqasi jurnalist Sayyora Yo'ldoshevalar yaratgan ushbu oiladagi kelinlar ham qizdan a'lo bo'lib ketishgan. Sayyora opaga hamisha hamrohu hamnafas kelinlari Diloromning kulib turgan ko'zlariga boqib, kelini shunday bo'lishini orzu qilmagan ona bo'lmasa kerak. Shaxsan kaminaning ichidan kechdi bu niyat…
Uzoq yillardan buyon xastalik bir joyga mixlasa-da, dard jonini sirqiratsa-da, Sayyora opa ruhan tetik, u yaratgan sog'lom oilaviy muhit, o'zaro mehru muhabbat har qanday kishini hayajonga soladi. Opa ham ijod bo'stonidan gul terar, ham kelganlarni nafis suhbati bilan bahramand etar, ham shukronalik tuyg'ulari asnosida oila otlig' ulkan kemani zakiy sarbonday sokin va vazmin nigohlari ila mardona boshqarib turardi go'yo.
Kimgadir mening taassurotlarim mubolag'a bo'lib tuyular, ammo so'zimda sobitman: chunki, to'rt muchasi sog' bo'laturib mehnatdan qochadigan, bolalarini boshqara olmay, afsusu nadomat va diydiyo girdobiga g'arq bo'lganlar atrofimizda urchib yotganda, men Sayyora opaning g'ayratiga va jasoratiga qoyil qoldim. Unga zimdan tikilar ekanman, xasta holida so'zlaridagi ma'no va fikrlaridagi chaqnoqlik, muhimi, umidbaxshlik ko'zim bilan ko'rmasam meni bunchalik o'ziga rom etarmidi?
Opaning bugungi yosh ijodkorlar, zehnli yoshlar va so'nggi yillarda nashrdan chiqayotgan kitoblarning saviyasi to'g'risidagi o'tkir mulohazalarini kundaligimga qayd etdim. Kerakli va o'rinli mushohadalar… Oilaning to'ng'ich qizi Gulmira onasining poyiga o'tirgancha mehr to'g'risida chiroyli qo'shiq kuylab berdi. Uning shirali ovozidan chehrasiga tabassum balqqan onaizor “omon bo'lishsin, tushkunlikka tushishimga aslo yo'l qo'yishmaydi”, dedi jilmayib. Birozdan so'ngra ota-ona ziyoratiga kelgan shifokor qizlari Gulnora ham suhbatimizga fayz bag'ishladi. Bu qizlar kichik yoshidan onalari yonida tik turib, otalariga qanot bo'lib, hali o'choq, hali tandir boshida giryon bo'lishsa-da, qo'llaridan kitob tushmagani bois bugun ham oilasini, ham kasbini gul qilganlar. Gulnora hatto o'n oltiga kirmasdan tibbiyot institutining talabasi bo'lgan. Gulmira esa tumanda madaniyat sohasining tajribali mutaxassislaridan biri, tadbirlarda o'zbek mumtoz qo'shiqchiligini, milliy qadriyatlarimizni targ'ib qilishda bosh-qosh.
Sobirjon akaning keng va yashillikka burkangan hovlisi, tartibli ishkomlari, mevazor bog'lari va gulu gulzorlari har qanday ijodkorning ilhomini keltiradi. Piskentdagi adabiy muhitga bosh bo'lishdan tashqari, bog'u rog'lar bilan o'ralashish, eng muhimi, Sayyora opaga yillardir yelkadosh bo'lish Sobirjon akaning chekiga tushgan. Ammo, Sobirjon akani tahririyatimizga tashriflarida doim xushchaqchaq va tetik holda ko'rardim. Bu insonning ichida shuncha dardni mardonavor ko'tarib yurganini bilmas ekanman.
Sobirjon Inomov qalamiga mansub “Soqov xotin” romanida ham sabr mavzusi yetakchi o'rin tutadi. Soqovlik ko'chma ma'noda xotin-qizlarimizning qanoatiga ishora qiladi. Asl o'zbekona qadriyatlarni aks ettirgan ushbu roman tilining boyligi, matal va maqollar orqali ham o'quvchini befarq qoldirmaydi va beixtiyor uning dil mulkiga aylanadi.
Mingtepadan qaytgach, bu ikki zabardast ijodkor hayotini uzoq tahlil qilib ko'rdim. Ayoli xastalansa, boshqa birovga uylanish tadorigiga tushib qoladiganlar yoki tashlab ketadiganlar yo'qmi? Bor. Hatto, yoshi ulug'lari ham topiladi. Ammo Sobirjon aka tog' bo'ldi, jufti halolini tashlab ketmadi, aksincha uni qo'llab-quvvatladi, suyadi, ilk ijodini Sayyora opa bilan baham ko'rdi. Hamon hamnafas, hamfikr, hammaslakdirlar.
Sayyora Yo'ldosheva Pskent tumanining Murotali qishlog'ida 1953 yilda tug'ilgan. 1972-1977 yillarda ToshDU (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. 1971 yildan 1981 yillarda “Mehnat bayrog'i” (hozirgi “Pskent hayoti”) gazetasida faoliyat olib borgan. 2007 yilda uning “Umidli dunyo” deb nomlangan hikoyalardan iborat to'plami Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyotida chop etilgan. 2019 yilda chop etilgan “Bedor qalb tuhfalari” nomli kitobida turmush o'rtog'i Sobirjon Inomov ijodiga keng urg'u beradi va uning yillar davomida matbuot sahifalarida chop etilgan eng sara maqolalarini kitobxonlarga ibrat tarzida keltirib o'tadi.
Kitobning debochasidagi Sayyora opaning so'zlari diqqatimni tortdi: “Daryodil shoirimiz Mahmud Toir “Bedorlarga bering dunyoni” deb yozganidek, o'sha dunyolarga musharraf bo'lgan ayolman. Men shu onda, qarang, bemor bo'ldim, tunlariyu kunduzlari bedor bo'ldim, ne baxtki, biror soniya xastalik bilan kechgan hayotimdan nolimadim. Alloh bergan sinovga salovat aytdim. Pajmurda vujudimni ochko'z zulukday so'rayotgan dard meni yenga olmadi. U bilan olishayotib atrofimga ochiq ko'z, yorug' yuz bilan boqishga o'rgandim. Menga beqiyos darajada umid bera olgan volidai muhtaramam Lutfiniso Foziljon qiziga, onamdek mehribonim qaynonam Inoyat Isaboy qiziga (ularning oxirati obod bo'lsin) pokiza ruhlari hurmati ikki qo'lim ko'ksimda ta'zimdaman. Ular menga sabrdan, qanoatdan saboq berdilar. Xasta holatda ham istiqbolimga kelgan yaxshi insonlarga bemorligimni unutib mehr bilan boqishga o'rgatdilar. Keyinchalik umrdoshimdan, jonimning chiroqlari bo'lgan farzandlarimdan ma'naviy quvvat ola boshladim, birin-ketin kelinu kuyovlar ko'rdim… Mundoq ortga nazar solsam, bir ayol erishishi mumkin bo'lgan bekamu ko'st baxtga ega bo'lgan ekanman…”
Ha, bu bir ayolning qalbining tubidan chiqqan e'tirof, garchi sog'lik sinovlari bo'lsa-da, baxtiyor, chunki uning yonida hamisha tosh qal'adek mustahkam irodali, sabrli hayotdoshi borligi uchun ham umriga mazmun kirdi. Salkam o'ttiz yildirki, Sayyora opaga parvona oila sohibi bir-biridan namunali o'g'il-qizlar voyaga yetkazdi. Endilikda nabiralar ularning chinakam iftixoriga aylanishgan. Sobirjon aka piskentlik ijodkorlarning ustozi, ajoyib qalam sohibi, faxrli jurnalist, hamisha uning o'gitlarini olib turadigan ijodkor yoshlar ardog'ida. Bir zum bo'lsin, ijoddan to'xtamaydi. Uning shogirdlari orasida bugun yetuk jurnalistlar, navoiyshunoslar, adabiyotchi olimlar bor. Bekorga bir hammaslagimiz Sobirjon akaning ismiga ishora qilib, insonning ismi ham taqdiriga yo'ldosh bo'lishini va Sobir ismining sabr degan ma'noni anglatishiga alohida urg'u bermagan ekan.
…Tongda ishga otlanar ekanman, Sayyora opaning o'ychan ko'zlaridagi hayotga tashnalik, umid va ishonchni ko'z oldimga keltirdim. Uning yozgan asarlari umrning har lahzasini qadrlashga, uyg'oqlikka, yaqinlarimizga mehrli bo'lishga, bizni qurshab turgan shu ko'hna, sir-sinoatli olamga o'ta teran nigoh bilan qarashga chorlovga o'xshaydi. Men buni o'z kechinmalarimda his etdim.
Nigora ShOFAYZIYEVA,
jurnalist