“Bunchalar shirinsan, ey achchiq hayot!”

2023 yil 26 dekabr kuni Turkiyaning Karabuk shahrida taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonning turk tilida chop etilgan “Sen ne kadar tatlisin, ey aci hayat!” (“Bunchalar shirinsan, ey achchiq hayot!”) kitobining taqdimot marosimi bo'lib o'tdi.

Karabuk universitetida o'tkazilgan tadbirda mazkur dorilfunun professor-o'qituvchilari va talabalari, adabiyotshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, adabiyot ixlosmandlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Shuni aytib o'tish kerakki, jami 50 mingga yaqin, jumladan 15 ming nafar xorijlik talaba ta'lim olayotgan Karabuk universiteti Turkiyaning eng nufuzli oliygohlaridan biri hisoblanadi.

Dorilfunun mamlakatimizning 30 dan ziyod universitet va institutlari bilan o'zaro aloqalarni yo'lga qo'ygan, ushbu dargohda 500 ga yaqin o'zbekistonlik yigit-qizlar bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olmoqda.

Taqdimot marosimida TURKSOY xalqaro tashkiloti Bosh kotibi, Qirg'iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev, Karabuk universiteti rektori, professor Fotih Kirishik, mazkur ilm maskani qoshidagi Chingiz Aytmatov nomli Turkiy dunyo tadqiqotlar markazi mudirasi, doktor Jildiz Ismoilova, adabiyotshunos Shahnoza Burhoniddinova, kitob tarjimoni, Anqaradagi Hoji Bayram Vali universiteti professori, doktor Vali Savash Yelok, ushbu universitet professori, doktor Zaynobiddin Abdurashidov, o'zbekistonlik olim, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi direktori, professor Jabbor Eshonqul va bosh­qalar so'zga chiqib, Xayriddin Sultonning o'zbek adabiyoti rivojiga qo'shgan hissasi, yuksak adabiy mahorati, asarlaridagi tarixiy haqiqatning badiiy talqini va adib ijodining boshqa jihatlari xususida fikr bildirdilar. Xususan, doktor Vali Savash Yelok Xayriddin Sulton “o'z asarlariga mavzu bo'lgan inson hayoti, uning ichki dunyosi va ruhiy tug'yonlarini butun ko'lami, psixologik kechinmalari bilan tasvirlaganini” qayd etdi.

Taqdimot marosimida so'zga chiqqan Xayriddin Sulton “Bunchalar shirinsan, ey achchiq hayot!” kitobini Turkiyada chop etishda tashabbuskor bo'lgan barcha tashkilotchi va ijodkorlarga, qardosh turk diyorida o'zbek tili va adabiyotini keng targ'ib qilayotgan barcha do'stlarimizga minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda O'zbekiston delegatsiyasi tomonidan Chingiz Aytmatovning yaqinda chop etilgan 10 jildlik asarlar to'plami ham Turkiy dunyo tadqiqotlar markaziga esdalik sifatida topshirildi.

J.EShONQULOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × four =