Turkiy dunyo ovozi baland yangramoqda
Turkiyaning Anqara va Istanbul shaharlarida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” yuz jildlik kitoblar majmuasining taqdimotlari bo'lib o'tdi
Har qanday millatning o'zligi uning tili, shu til boyligi va qudratini namoyon etuvchi madaniyat va san'at asarlari bilan belgilanadi. Shuning uchun ham adabiyot namunalari asrlar davomida dillarni dillarga bog'lovchi rishta, millatning uyg'oq xotirasi bo'lib kelgan. Cho'lpon ta'biri bilan aytganda, adabiyotning ravnaqi millat kelajagining poydevoridir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” turkumidagi bebaho asarlar to'plami nafaqat mamlakatimiz, balki qardosh turkiy davlatlar ma'naviy hayotidagi muhim voqea bo'lib, mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik va adabiy aloqalarning yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Ma'lumki, ushbu majmua Samarqandda bo'lib o'tgan “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusidagi Turkiy davlatlar kengashining ilk sammiti doirasida Tashkilotga a'zo mamlakatlar rahbarlariga taqdim etilgandi. Shu taqdimotda Prezidentimiz mazkur ulkan loyihani boshqa turkiy tillarga tarjima qilib nashr etish taklifini o'rtaga tashlagan edi.
Aytish joizki, bu shunchaki yuzta kitobdan iborat oddiy bir to'plam emas, aksincha, turkiy dunyoning ko'pming yillik tarixini qamrab olish, insoniyat madaniy ongining evolyutsion davrlarini belgilash, ajdodlarimizning ilmiy-ma'rifiy, madaniy orzu-intilishlari va amaliy sa'y-harakatlarining yorqin ifodasi sifatida maydonga keldi. Undan o'rin olgan adib va mutafakkirlar ijodi asriy birlikni, qadimiy ildizlarni, ruhiy-ruhoniy quvvatlarning qayga va nimalarga borib tutashishini yaqqol ko'rsatib beradigan bir manbadir.
“Turkiy adabiyot durdonalari”ning taqdimoti dastlab Turkiyaning Anqara shahrida, Turkiya Prezidenti Xalq kutubxonasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O'zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, TURKSOY xalqaro tashkiloti, Turkiya Respublikasi Prezidentining Xalq kutubxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Marosimda TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi Sulton Rayev, O'zbekiston Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Turkiya Buyuk millat majlisi deputati, Turkiya–O'zbekiston parlamentlararo do'stlik guruhi rahbari Usmon Mesten, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti rektori Mehmet Naji Bostanji, Turkiya kutubxonalar birlashmasi rahbari, Turkiya Xalq kutubxonasi direktori Ayhan Tug'li, O'zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher A'zamxo'jayev va universitetlarning professor-o'qituvchilari, diplomatik korpus va ommaviy axborot vositalari vakillari, yozuvchi va shoirlar, kitobxon talabalar ishtirok etishdi.
Taqdimot marosimidan oldin Xalq kutubxonasida TURKSOY tashkilotining O'zbekistonga bag'ishlangan fotoko'rgazmasi tashkil etildi. Bu fotosuratlarda yurtimizning noyob tabiati, osori-atiqalari bilan birga turli urf-odat va marosimlari, so'nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan ulkan islohotlar o'z ifodasini topgani bilan tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg'otdi.
Anjumanda so'zga chiqqan TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev O'zbekistonning Turkiy davlatlar kengashiga a'zo bo'lib kirgandan keyin qardosh davlatlar o'rtasidagi ilmiy, madaniy, adabiy aloqalar yangicha mazmun va mohiyat bilan boyib borayotganini, bugun taqdimoti o'tkazilayotgan “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasi bu boradagi samarali hamkorlikning yana bir dalili ekanini ta'kidladi.
O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, birinchi galda madaniyat, adabiyot va san'atga berilayotgan yuksak e'tibor va bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ko'pchilik uchun har tomonlama o'rnak bo'layotganini, ushbu yuz jildlik nashr nafaqat O'zbekiston, balki barcha turkiy davlatlar uchun birdek muhim ahamiyatga ega betakror loyiha ekanini qayd etdi.
Anqara Hoji Bayram Vali universiteti rektori Mehmet Naji Bostanji kitoblarning yozma manba o'laroq insoniyat tamaddunida tutgan o'rniga to'xtalib o'tdi. “Eng muhimi, — deya ta'kidladi u, — bu tamaddunlarda muhim ilmiy kashfiyotlar uchun manba bo'lib xizmat qilayotgan ushbu nodir manbalar bizning ota-bobolarimiz tomonidan yaratilganligidir. Bu yuz jildlik, hech shubhasiz, olis tarixdan to bugungi kungacha yetib kelgan turkiy tamaddun hujjatlari isbotidir”.
O'zbekiston Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov anjumanda “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligi loyihasining amalga oshirilish tarixi, uning turkiy xalqlar ma'naviy hayotida, yoshlar tarbiyasida tutgan o'rni va ahamiyati haqida ma'ruza qildi.
Ta'kidlash joizki, ushbu majmuadan umumturkiy adabiyotning eng yetuk namunalari, Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo O'zbekiston, Turkiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Ozarbayjon, shuningdek, kuzatuvchi mamlakatlar – Turkmaniston va Vengriya davlatlaridan jami 450 dan ziyod atoqli shoir, adib va mutafakkirlarning barkamol asarlari o'rin olgani uning ko'lami va miqyosidan dalolat beradi.
Ma'ruzachi o'z so'zi yakunida Turkiy davlatlar tashkilotining Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofoti sovrindori, atoqli qirg'iz yozuvchisi Chingiz Aytmatovning 95 yillik tavallud ayyomi barcha turkiy xalqlar tomonidan keng nishonlanganini, shu munosabat bilan O'zbekistonda ham ko'plab tadbirlar o'tkazilib, adibning 10 jildlik asarlari o'zbek tilida nashr etilganini qayd etdi.
Shu bilan birga, Vatanimizning buyuk o'tmishi, xalqimizning o'lmas qadriyatlaridan bugungi avlodlarni bahramand etish, ularni dunyo madaniy jamoatchiligiga keng tanitish maqsadida yurtimizda “O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida” xalqaro multimedia loyihasini amalga oshirishga kirishilgani, bugunga qadar mazkur loyiha asosida “O'zbekiston madaniy merosi” turkumidagi 50 jildlik kitoblar to'plami nashr etilganiga e'tibor qaratildi.
Tadbirda “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligi, Chingiz Aytmatov tanlangan asarlarining 10 jildligi, “O'zbekiston madaniy merosi” 50 jilddan iborat to'plami Turkiya Prezidenti Xalq kutubxonasi hamda TURKSOY tashkilotiga taqdim qilindi.
Turkiya Prezidenti kutubxonalar birlashmasi rahbari, Xalq kutubxonasi direktori Ayhan Tug'li qimmatli kitoblar uchun kutubxona ma'muriyati va kitobxonlar nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.
Ushbu muhtasham ma'rifat koshonasi 2015 yilda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog'anning tashabbusi bilan qurila boshlagan. Kutubxonaning rasmiy ochilish marosimi 2020 yilda bo'lib o'tgan, unda O'zbekiston Prezidenti boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etgan.
Bugungi kunda dunyodagi eng katta kutubxonalardan biri deya e'tirof etilayotgan ilm-fan va madaniyat saroyining umumiy maydoni 125000 m2dan iborat bo'lib, u bir vaqtning o'zida 5500 kishiga xizmat ko'rsata oladi. Yigirma to'rt soat mobaynida uzluksiz ishlaydi va bu dargohga tashrif buyuruvchi kitobxonlar, asosan, maktab o'quvchilari va talabalar bepul issiq ovqat va choy bilan ta'minlanadi.
Chindan ham, kitoblar – millatning uyg'oq xotirasidir. Xotirasini e'zozlay olmagan millat olg'a bora olmaydi.
“Turkiy adabiyot durdonalari”ning kutubxonamizga hadya etilishi bizni nihoyatda quvontirdi. Eng muhimi, bu buyuk merosni o'rganishga bo'lgan yoshlarning qiziqishi hammamizni xursand qildi. Bizga O'zbekiston tomonidan hadya etilgan bu kitoblar kutubxonamizning eng to'rida saqlanadigan, kitobxonlarimizga eng ko'p tavsiya etadigan adabiyotlar bo'lib qolishiga ishonaman”, deb ta'kidladi Ayhan Tug'li.
Yuz jildlik majmua, shuningdek, “O'zbekiston madaniy merosi” to'plamlarining taqdimot marosimi Istanbul shahrida joylashgan Turkiy davlatlar tashkilotining Kotibiyati qarorgohida ham bo'lib o'tdi.
Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev o'z nutqida O'zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotida tutgan o'rniga yuksak baho berdi. Samarqandda bo'lib o'tgan sammitda Turkiy davlatlar tashkiloti yuzaga kelgani, mazkur tashkilotning o'rni, maqomi ortganini alohida e'tirof etib, buning uchun O'zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. O'zbekiston tarafidan ilgari surilayotgan tashabbuslar Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qilayotganini, “Turkiy adabiyot durdonalari”ni dunyoning boshqa tillariga tarjima qilish Tashkilot oldida turgan muhim masalalardan biri ekanini qayd etdi.
Tadbirda O'zbekiston Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov so'zga chiqdi.
Taqdimot doirasida Turkiy davlatlar tashkiloti kutubxonasining ochilish marosimi ham bo'lib o'tdi.
Anjuman ishtirokchilari tomonidan aytib o'tilganidek, majmuadan o'rin olgan asarlar, asosan, asliyatdan tarjima qilingani bilan ahamiyatlidir. Bu kabi ulkan va muhim loyihalar xalqlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtirish bilan birga, ziyolilarimiz, olim va adiblarimiz oldiga yangi vazifalarni ham qo'yadi.
Bobolarimizning ezgu orzusi bo'lgan turkiy davlatlar birligi bu – 160 millionlik iqtisodiy imkoniyat, 160 millionlik madaniy hudud, 160 millionlik tafakkur kengligi, 160 millionlik mudofaviy birlik ham deganidir. Bu birlikka qadam-baqadam erishish uchun esa oldimizda hali ko'plab vazifalar turibdi. Shunday vazifalardan biri – madaniy-gumanitar hamkorlikni har tomonlama kuchaytirishdir. Bu borada O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Turkiy xalqlar xartiyasi” taklifi muhim ahamiyatga ega.
Tilshunos, adabiyotshunos olimlarimiz mushtarak merosimizni hamkorlikda o'rganishi, birgalikda tadqiq etishida “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasi namuna bo'lib xizmat qilishi lozim bo'ladi. Ya'ni, bu asarlar muhim hodisa sifatida bugungi adabiy jarayonlar maydonida yangi g'oya, yangi fikr va yangi izlanishlar, yangi adabiy kashfiyotlar eshigini ham ochib beradi. O'tmishni o'rganish, undan zarur saboq va xulosalar chiqarish, ruhiy quvvat olish kelajakda ham birlashishga, tafakkur va madaniyatda, har jabhada yaqinlashishga puxta poydevor yaratadi.
Jabbor EShONQULOV,
filologiya fanlari doktori,
professor.