“Uydagi gap ko'chada” sahna orqali

Insoniyat moddiy boylik yig'ishga mukkasidan ketib, ma'naviy tanazzulga yuz burmoqda: ta'lim-tarbiya, axloq-odob, hurmat-izzat, ojizlarga rahmdillik, insoniy do'stlik kabi a'lo insoniy fazilatlar yo'qolib borayotgandek go'yo. Buning oqibati esa insoniyatni jar yoqasiga yetaklaydi.

Ma'naviy dunyosi o'lik insondan yaxshilik chiqmaydi: uning fikru xayoli boylik orttirish, o'zini boshqalardan ustun qo'yish bilan band bo'ladi, fe'l-atvorida manmanlik ildiz otadi. Bu yo'lda u har qanday yovuzlikdan, ifloslikdan, nomardlikdan ham qaytmaydi. Jamiyatni sog'lom saqlash uchun, birinchi navbatda, insonlarning ruhiy dunyosini boyitishimiz lozim.

Savol tug'iladi: ruhiy boylikni qaerdan olamiz? Ruhiy boylikning asosiy manbai, bu — adabiyot, madaniyat va insoniylik bilan sug'orilgan milliy ruhiy qadriyatlarimizdir.

Zamonaviy o'zbek adabiyotining ko'zga ko'ringan yozuvchilaridan biri Qo'chqor Norqobil hisoblanadi. Yozuvchi prozaning kichik janri — hikoyaning asl ustasi. Qo'chqor Norqobilning juda mehnatkash, samarali ijod qilayotganini har bir adabiyot muhibi ko'rib turibdi. Shu o'rinda uni iste'dodli va tajribali dramaturg sifatida ham yaxshi bilamiz. Uning ko'p sonli pyesalari nafaqat o'zbek, balki chet el teatrlarida ham sahnalashtirilib, dong taratmoqda.

Qoraqalpoq teatrlari ham Qo'chqor Norqobilni o'z dramaturgi deb biladi va har bir pyesasini sahnalashtirishga harakat qilmoqda. Qoraqalpoq tilida uning kamida 5-6 ta pyesasi sahna yuzini ko'rgan.

Yaqinda dramaturgning qalamiga mansub navbatdagi asari — “Uydagi gap ko'chada” spektaklining taqdimoti bo'lib o'tdi. Bugungi kunda iste'dodli va tajribali aktyor-aktrisalarga ega Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri o'z vazifasidan kelib chiqib, yoshlar tarbiyasiga bag'ishlangan bu asarni sahnalashtirish uchun tanlagani juda quvonarli.

Pyesaning to'liq mazmunini saqlab, muallifning g'oyasini yuzaga chiqarib, tomoshabinlarga yetkazishda bosh rejissyordan katta ijodiy izlanish, mehnat talab qilinadi. Bu borada spektaklni teatrning bosh rejissyori O'mirbek Bekturg'anov, rejissyor assistenti Liza Xalqnazarova, rassom To'libay Shardemetov va musiqani tanlashda yordamlashgan A.Palimbetovlar bilan qaynoq ijodiy mehnat qilganligiga ishonchimiz komil bo'ldi.

Spektakl — komediya janrida bo'lib, lekin u oddiy kulgidan iborat ijod namunasi emas, tagida og'riqli ma'no bor, salmoqli, achchiq haqiqatni o'z ichiga olgan komediya-tragediya ekanligining guvohi bo'ldik. Bunga kulish emas, yig'lash kerak. Yuzni kuldiradi, ko'ngilni esa yig'latadi. Asarning ma'no-mohiyatiga tushungan inson kulish o'rniga, jamiyatning shu darajada ongsizlanib, odamlarning aql-idrokida insoniy fazilatlarning yo'qolib ketayotganidan, imkon bo'lsa darrov xiyonat qilishdan hazar qilmasligidan xafa bo'ladi va tushkunlikka tushadi.

Sahna ochilishi bilanoq biz qo'l telefoniga mukkasidan ketgan ota Tohir akani (aktyor Salamat Arziyev), ona — Saida opani (aktrisa, Qoraqalpog'is­ton Respublikasida xizmat ko'rsatgan aktrisa Klara Shamuratova) va o'g'li — Erka (aktyor Beglan Qayipnazarov)ni ko'rib, bir oiladagi otaning ham, onaning ham, farzandning ham telefon bilan band bo'lib o'tirgani, shuning quliga aylanganini ko'rib, ba'zi oilalarda holat shu darajaga borib qolganiga achinasan kishi (albatta, o'rinli foydalanilsa, biz internetning foydali ekanligini inkor qilib bo'lmaydi. A.A.). Lekin haqiqat shunday. Bu oilada ota-onaning nafaqat o'g'li, balki bir-biri bilan gaplashishga “vaqti yo'q”. Oqibatda farzandi Erka ismiga mos ravishda erka, tartibsiz, faqat o'zini o'ylaydigan, buzuqlik, jinoyatga yuz burib ketayotgani bayon qilinadi. Buni biz sodda, ochiqko'ngil, o'z ishiga fidoyi, vijdonli, o'quvchisining, faqat o'quvchisining emas, butkul qishloqning kattasidan kichigigacha yaxshi, el-yurtiga nafi tegadigan, azamat shaxslar, ilmli, tarbiyali odamlar bo'lishiga jon kuydiradigan, shuning uchun ter to'kadigan Laziz (aktyor Najimatdin Nuratdinov) degan maktab o'qituvchisidan eshitamiz.

Haqiqatni aytish kerak (Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Abu Rayxon Beruniy, Alisher Navoiy, Abay, Maxtumquli, To'qtag'ul, Berdaq, Ajiniyozlarning mehnatlari bilan bir qatorda, o'tgan asrlardagi ko'p sonli masjid-madrasalarda diniy savodxonlik, (ommaviy o'qitishni aytmasak), savodxonlik, ommaviy kitob o'qish, yangicha bilimga talpinish — xalqni ommaviy o'qitishga o'z hissasini qo'shgan, ilm­­ga talpintirgan, bundan 1,5-2 asr avvalgi jadidchilarning xizmatini kamsitmagan holda aytadigan bo'lsak, biz qoraqalpoq, o'zbek, qozoq, turkman, qirg'izlarda bundan bir asr avval boshlangan, desak, mubolag'a bo'lmaydi.

O'ylab ko'ring, o'sha davrdagi ilk muallimlar bolalarning ortidan quvib yurib maktabga jalb qilishgani yolg'onmi? Bu tarixiy voqealarni yodimizga tushirish, ko'z oldimizga keltirish uchun takror Chingiz Aytmatovning “Ilk muallim”, To'lepbergen Qa­yipbergenovning “Muallimga rahmat” qissalarini o'qib chiqishimiz kerak.

Yuqorida aytilgan bir asr avvalgiday, bugungi kunda ham bolalarda o'qishdan (kitobdan) qochish, ma'naviyatning manbai bo'lgan badiiy kitoblarni qo'lga olmaslik odatlari paydo bo'lmoqda. Kitob o'qiydigan yosh avlod ozchilikni tashkil qiladi. Bu esa kelajakda jamiyatning salomatligini buzishi aniq. Shuning uchun ham Prezidentimizdan tortib, ko'zi ochiq, ziyoli qatlam vakillari ham farzandlarimiz kelajagidan xavotirga tushmoqda, qayg'urmoqda, falokatning oldini olish, yaxshilik qilish uchun har xil choralarni qo'llamoqda. Kitob o'quvchilar uchun tanlov e'lon qilib, bosh sovrin uchun avtomashinalargacha qo'yilmoqda. Kitoblar tarqatilayotir. Qo'chqor Norqobil asari qahramoni — Laziz shu bugungi hayotimizdagidek, o'zining o'quvchisi Erkani yaxshi yo'ldan yurishga undaydi, Tohir aka, Saida opa, Hamid aka, Ali aka, Zuhra opa va boshqalarni telefon qulligidan qutqarishga harakat qiladi. Kitob o'qisangiz sovg'a beriladi deb spektakl davomida asta-sekin ularning kitob o'qishiga erishadi.

Laziz o'z oldiga qo'ygan maqsadidan qaytmasdan, jamiyatga yaxshilik urug'ini sepishdan hech charchamaydi. Natijada ichkilik qaramligiga berilib, odamiylikdan chiqa boshlagan, yomonlik, xiyonat yo'liga tusha boshlagan Tohir, Hamid akalar, internetdagi pulli o'yinlarga qo'shilib, ko'p pulidan ayrilgan Ali va boshqalar asl insoniylik fazilatlariga qayta boshlaydi. Bundan ham quvonchlisi, Erka ham kitob o'qish orqali fikrlashi o'sib, tug'ilgan joyga, Vatanga muhabbati uyg'ona boshlaydi. Ulug', iste'dodli yozuvchi-shoirlar Tog'ay Murod, Usmon Azimlar ijodiga, umuman, adabiyotga qiziqib, ixloslanib, tushunib fikrlay boshlaydi. Bu kelajagimiz yana o'z yo'liga tushganini anglatadi, kelajakni qo'radigan yoshlarimiz ma'naviy dunyosi boy, ilm o'rganishga ishtiyoqmand, milliy qadriyatlarni asrab-avaylaydigan, bobolarimiz yo'liga sadoqat bilan to'g'ri yo'ldan borayapti, deganni anglatadi.

Bu sahna asarida dramaturgning mahorat bilan dunyoviy, umuminsoniy muammoni ko'targan yuki og'ir g'oyasi to'liq ochilganini ko'rdik. Bunda sahnalashtiruvchi jamoa bilan birgalikda o'zlariga berilgan obraz, personajni ustalik bilan o'ynovchi aktyor-aktrisalar ansamblining ham salmoqli o'rni bor ekanligini aytib o'tishni istardik.

Allanazar ABDIYEV,

Qoraqalpog'iston Respublikasi

xalq yozuvchisi,

“Qaraqalpaqstan sportы”

gazetasi muharriri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − 3 =