“Vatan tandan içkariroqda, naq yurakning özida böladi!”
Muallif haqida:
Bayram ALI – 1991 yil Qaşqadaryo viloyatining Qamaşi tumaniga qaraşli Çim qişloğida tuğilgan. Asarlari rus, ingliz, tojik tillariga tarjima qilingan. “Bolangman Dunyo”, “Kuz yomğirlari” kabi nasriy kitoblar muallifi.
Matbuot va taʼlim sohalarida işlagan. Ayni paytda “Şarq yulduzi” jurnalining nasr bölimi muharriri.
“Ilk bora” sözi badiiy-kitobiy sözga öxşaydi. Ammo gruzin adibi Nodar Dumbadzening “Hellados” hikoyasi mening bolalik dunyoyimni ağdar-töntar qilib yuborgan, ilk bora ulkan insoniy iztirob bilan yuzma-yuz qilgan, desam mubolağa qilmagan bölaman. Asarning atigi ikki yoki uç joyidagina “Vatan” sözi işlatiladi. Yana kim tomonidan deng? Hali dunyoni tanimagan, oq-qorani ajratolmaydigan yoş öspirinlar tomonidan. Töğri, uruş haqidagi asarlardagi kabi, hikoyada heç kim qonli janglarga bormaydi. Jonni jabborga berib, kindik qoni tökilgan zamin haqida uzundan-uzoq maʼruzalar irod qilmaydi. Şunga qaramay, uşbu möʼjaz asar yurt va unga sadoqat haqida, Ona tuproqqa daxldorlik xususida muhtaşam gapni ayta oladi. Köksingizda Vatan tuyğusining uyğonişiga, bu boradagi içki keçinmalaringizni samimiy tahlil qilişingizga imkon yaratadi. Muxtasar qilib aytganda, sizga Vatanni qanday samimiyat bilan seviş, ardoqlaş haqida bildirmaygina saboq berib qöyadi…
Xöş, bor-yöği öspirinlarning muştlaşuvi, dahanaki jangidan iborat bölgan, Vatan sözi deyarli işlatilmaydigan uşbu hikoya vatanparvarlik aks etgan bölak asarlardan nimasi bilan afzal? Qaysi jihatlari bilan bizga saboq berişi, vatanparvarlikka oid keçinmalarimizni taftiş qilişi mumkin? Yuqoridagi savollarga javob topiş uçun, keling, hikoyani bir boşidan, sinçiklab tahlil qilamiz.
Hikoya haqida hikoya yoxud birinçi taassurot
Nodar Vladimiroviç Dumbadze 1928 yilda Gruziyaning poytaxti Tbilisi şahrida dunyoga kelgan. Yozuvçining köpgina asarlarida Ikkinçi jahon uruşi yillaridagi gruzin qişloqlarining maşaqqatli hayot manzaralari yorqin aks ettiriladi. Nodar Dumbadzening asarlarida odamiylik, oqibat, vijdon va fidoyilik kabi tuşunçalar birinçi örinda turadi. Uning ayni şu kabi xislatlar tarannum etilgan “Abadiyat qonuni” asari esa, nafaqat Gruziyada, balki köpgina boşqa davlatlarda ham eng köp öqiladigan asarlardan biridir. Adibning “Abadiyat qonuni” romanidan taşqari önlab hikoyalari, “Kökaraça” qissasi, “Oq bayroqlar” singari romani mohir tarjimon, rahmatli Nizom Komil tomonidan özbek tiliga ham tarjima qilinib, kitobxonlarimizga taqdim qilingan. “Hellados” hikoyasi ham tarjimon mahorati tufayli muallifning özbek kitobxonlari mulkiga aylangan, jaydari til bilan aytganda, elimizning “öziniki” bölib ketgan asarlari sirasidan.
Men mazkur hikoyani birinçi marta akamning adabiyot darsligidan öqib qolganman. U paytlar ança yoş bölganim uçun, asarda qandayin tuyğu haqida gap ketayotganini, ikki murğak öspirin aslida nimani talaşib bunday murosasiz muştlaşganini idrok qila olmaganman. Bilganim: qiliqlari özimning ayrim örtoqlarimni eslatib yuboradigan ikkita bolaning bir-biriga bölgan qarama-qarşiligi va ular ikkisining nihoyatda yaxşiligi edi. Men ularning har ikkovini birday yaxşi körardim: Jamolni ham, muştumzör Yangulini ham. Bolalar örtasidagi muştlaşuv jarayonini öqiyotganimda Jamolning yutib çiqişini istar va ayni paytda xuddi şu ğamxörlik bilan, Yangulining yutqazişini sira xohlamas edim. Kemaga minib jönab ketayotgan Yanguli Jamolning yoniga kelib, eşagini olib qolişni bolalarça dilgirlik bilan söraganida vujudim titrab ketgan bölsa, asar nihoyasida Kelasuri daryosidan topib olingan jasad haqida öqir ekanman, barmoğimni tişlab höng-höng yiğlaganim keçagiday yodimda turibdi…
Albatta, bolalikdagi döstimga aylangan bu asarni keyinçalik ham takror-takror öqidim. Bugun esa undan olgan taassurotlarim va asardan özim uçun kaşf qilgan ayrim haqiqatlarni siz bilan örtoqlaşaman.
Adovatning tuğilişi
Asar qişloq bolalariga muştumzör Yanguli “hukmronlik” qiladigan Çalbaş daryosi böyidagi Venetsian köçasiga Jamolning kelişi bilan boşlanadi. Jamol Yanguli bilgan boşqa bolalarga öxşamasdi. U irodali, ayni damda öziga hukm ötkazişlariga yöl qöymaydigan darajada mağrur bola edi. U birinçi marta özining şunday xislatlari bilan Yangulini qiziqtirib qöyadi, qolaversa, öziga nisbatan adovat uyğotadi.
Yangulining Jamol bilan muştlaşuvga kirişiş oldidan aytgan mana bu sözlariga eʼtibor bering:
“— Bolalar! Men, Yanguli Aleksandridi, sizlar saylagan sardor, sizlarga, Venetsian köçasining hur farzandlariga murojaat qilaman! Röparangizda tbilisilik rangpar laqma bilan uning jiyani — vatan va qabila xoini, mişiqi Koka turibdi. Mana bu rangpar kelgindi bizning mehmondöstligimiz va muruvvatimizdan bahramand böliş örniga — xudo siylagan yerimizni, dengizimizni, jamiki daryolarimiz, oltin va kumuşlarimiz, ötloqlarimizni öziniki qilib olmoqçi…”
Anglaganingizdek, hali bolalik dunyosini tark etmagan bezori öspirin özi ulğaygan Venetsian köçasini butun boşli Vatan deb bilardi. U öz “vataniga” faqat özi hukmron bölişni istar, “vatanida” paydo bölgan begona bolaning dadilligi ğaşini keltirayotgandi. Şu bilan birga, yaşirib nima qilamiz, çöçitayotgandi ham. U öz “vataniga” kun kelib özga bir bolaning “ega çiqişidan” çöçiyotgandi. Ha, öquvçida dastlab savodsiz va tarbiyasiz, bezorisifat taassurot qoldiradigan Yanguli özi-öziça göyoki Vatan himoyasiga kirişgan bahodir, yetakçi edi! (Göyoki bosqinçilarga qarşi boş kötargan qörboşilarimiz misol). Bu esa har ikki bolaning murğak tasavvurida, qalbida öziga xos ajib ğalayonlarni boşlab qöyadi…
Sulh. Sönggi ilinj
Yanguli uçun kutilmaganda “kelgindi” Jamol ançayin abjir çiqib qoladi. Bu tabiiy ravişda ikki örtadagi adovatning yanada kuçayişiga olib keladi. Jamol hadeganda böyin egavermas, orada Yanguli uning özidan köra kuçliroq, ança özğirroq ekanini his eta boşlaydi. Ammo buni tan oliş, özgalarga bildiriş Yanguliga Venetsian köçasini – yurtini boy berişning özginasi emasmi? Keling, ikki yigitçani oddiy yigit emas, yurti manfaatini közlaydigan katta siyosatdon deya tasavvur qilaylik. Şunda ular nima qilgan bölardi? Sulh haqida öylab körişgan bölarmidi? Yanguli ham xuddi şunday qiladi! Sulhning misli körilmagan, öta ğaroyib turini öylab topadi!
“Doim urişaveramizmi? – deydi böş kelişni istamay. – Kel, ertadan boşlab sökişamiz! Kim yutsa, öşa ğolib!”
Bu özining ojizligini his eta boşlagan bolakayning nainki sulhi, balki “vataniga” egalikni saqlab qoliş uçun qöllagan eng sönggi umidi, ilinji edi…
“U seni yengdi, Jamol!..”
Yangulining yuqoridagi taklifidan keyin bolalar bir muddat dahanaki jang olib boradilar. Mazkur voqealar adib tomonidan bolalikning beğubor olamiga berilgan böyoği, gözal topilmasi, albatta. Şu tufayli ham asarda qöllanilayotgan quyidagi muomala uçun noboproq hisoblanuvçi sözlar öquvçiga haqoratbop söz emas, aksinça, ruhni erkalovçi, şirin hislarga çulğovçi, bolalikning beqiyos keçinmalarini esga tuşiruvçi sehrli iboralarga aylanadi.
“— Jamol — eşakmiya!
— Yanguli — kökatfuruş grek!
— Tbilisilik mişiqi!
— Eşakboqar!
— Tönğiz!
— Çirigan bodring!”
Ammo gap faqat şundagina, yaʼni dahanaki olişuvning öquvçiga bolalik çoğlarini esga tuşirib, totli xotiralarga oşno qilişidagina emas-da. Bu yerda boşqa bir gap, fikrimça, adibning boşqa bir maqsadi ham bor. Asarni öqigan öquvçi eslasa, Jamolning haqoratli sözlari tugab qoladi. “Onasiga öt!” – deb maslahat beradi uning xolavaççasi Koka. Jamol onani aralaştirib bölmasligini aytib boş tortsa, Koka tağin uni qistaydi: “Şeni deda vatire, degin! Uyat joyi yöq buni!”. Jamol Kokaning maslahatiga amal qilgandan keyin, Yanguli ham uni onasiga til tekkizib haqorat qiladi… Şu kundan boşlab ularning haqorat repertuarida tanho şu sökişgina qolgan, Jamol Yangulini qaçon körmasin, gruzinçalab “Şeni deda vatire!” desa, Yanguli grekçalab “Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!” – deya javob qaytarardi. Biroq bir kuni…
“…Koka ikkalamiz maktabdan qaytardik. Temiryöl kesib ötiladigan joyda, odatdagidek, Yanguli örtoqlari bilan ivirsib ötirardi. Meni kördi-yu şartta örnidan turib, istiqbolimga yura boşladi.
— Yanguli, şeni deda vatire! — deya özğirlik qildim men.
U töxtab, maʼyus nigoh bilan uzoq tikilib turdi.
— Şeni deda vatire, Yanguli! — deb takrorladim yana.
Yanguli boşini egdi, keyin burilib, asta… uyi tomon keta boşladi. Men dong qotib qoldim.
— Kördingmi quyon bölganini?! Endi xöjayinlik qilolmaydi! — dedim Kokaga.
— Yöq, endi boşlandi! — Koka miyiğida kulib qöydi.
— Qanaqasiga?
— Şunaqasiga-da. U seni yengdi, Jamol!
— Nega sökinmadi, bölmasa!
— Keça oyingni suriştirgan edi: kim, qayerda… Men nima deyin… Şunaqa, şunaqa… haligi… Yöq… u ölgan, dedim. Şuning uçun ham sökmadi-da seni…”
Endi özingiz ayting, şu qisqa parçaning özidayoq bola misolida insonga xos bölgan eng baland tuyğular jöngina qilib körsatib berilmayaptimi? Yanguli yuragida şakllanayotgan bağrikenglikning, haqiqiy millatparvarlikning kurtaklari közga taşlanmayaptimi?..
Kökrakdagi naqş va yurakdagi muhabbat
Hikoya haqidagi fikrlarimni muxtasar qiliş, qolaversa, asosiy gapga ötiş uçun asarning oxirroğiga köçaman.
Öquvçi hikoyaning nihoyasiga yaqinlaşar ekan, unga Suxumida yaşayotgan greklarning öz yurtiga, Elladaga qaytişi kerakligi bayon qilinadi. Öz-özidan maʼlumki, Yanguli ham millatdoşlari bilan yurtiga qaytib ketişi lozim. Öz yurtiga qaytiş imkoni yaratilganini Suxumida yaşayotgan butun grek xalqi katta xursandçilik bilan qarşi olişadi, ammo… ammo uşbu xabar Yanguliga haqiqiy judolik, haqiqiy musibat bölib tatiydi. Çunki bu judolik Yanguli uçun köplab qimmatli tuyğulardan — bolalikdan, muhabbatdan va … va yana Vatandan ayro tuşmoq edi. Muallif (öz taʼbiri bilan aytganda, “na bir-biriga ğanim, na yaqin döst” böla olmagan) ikki öspirinning xayrlaşiş oldi qilgan suhbatini yozar ekan, nazarimda, asaridagi, yöq-yöq, nainki asaridagi, balki real hayotdagi Vatan va Vatanga daxldorlik hissi haqida eng gözal sözni, eng katta haqiqatni ayta olgan.
“— Nega birga ketmoqçimassan? — deb söradim astoydil taajjublanib.
Yangulidan ança vaqtgaça sado çiqmadi.
— Qandoq tuşuntirsamikin… — deya gap boşladi u nihoyat. — Onam yöq, hatto eslolmayman ham. Otam uzzukun tomorqada yoki tirikçilik taşvişida… Men köçada, Venetsian köçasida katta böldim… Şu ölkada tuğildim, unib-ösdim… Mening vatanim, mening Elladam bu — Suxumi, köça, Çalbaş; bu — Koka, Petya, Kurlika, Fema, Qora dengiz, köprik… — u bir yutinib olib, davom etdi: — Bu… Bu — Mida… qolaversa, sen…
…Aʼzoyi badanim jimirlaşib ketdi. Bunaqa sözlarni umrimda birinçi marta eşitayotgan edim.
— Bu nima, bölmasa? — men Yangulining kökragini oçib, baland ovozda öqidim: — “Hellados”.
— Bu — naqş, Jamol. Vatan tandan içkariroqda, naq yurakning özida böladi! — Yanguli qölini köksiga qöydi.”
Darhaqiqat, Yangulining qalbida ota-bobosi yaşagan Gretsiya emas, özi tuğilib ösgan Suxumi Vatan timsolida edi. Oqibatda u özini bu vatani uçun, Jamoldan qizğanib ayovsiz muştlaşgan Suxumisi uçun qurbon qildi. Garçi muallif tomonidan Yangulining kemadan sakragani yoki greklar mingan kemaning halokatga uçragani oydinlaştirilmay, mavhumroq tarzda qoldirilgan esa-da, öquvçi sifatida men negadir yuragi tubida yaşayotgan Vatanidan ayrilişni istamagan Yangulining özini suvga otganiga, öz yurti uçun jonini ham ayab ötirmaganiga qattiq işonaman. Va Yangulidagi bu fidoyilik, uruş asoratlari haqidagi boşqa bir qança asarlardan farqli ölaroq naqadar haqqoniy, naqadar samimiy ifoda topganini taʼkidlagim keladi. Axir özining kiçikkina vatani – Venetsian köçasiga beqiyos mehr bilan yaşagan, jon tomirini u bilan tutaş bilgan Yanguli, tasavvurimda bunaqangi qurbonlikka şubhasiz qodir edi…
Asar haqidagi uşbu xulosalarim bilan balki Nodar Dumbadze öz hikoyasi orqali insonlarga aytmoqçi bölgan gaplarning öndan birini ham ayta olmagandirman. Lekin asarning mağzini oz-moz çaqib yetgan davrlarimdan boşlab, to hanuzga qadar kitoblarda, ayrim tengdoşlarim tomonidan Vatanga bağişlab yozilgan baqiroq şeʼrlarda yoki hayotning özida har qanday soxta vatanparvarlikka duç kelsam, Yangulining Jamolga qarata aytgan olovli sözlari quloqlarim ostida yangraganday tuyiladi: “Bu – naqş, Jamol! Vatan tandan içkariroqda, naq yurakning özida böladi!”
Bayram ALI,
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi, yozuvçi.

