“Boburnoma”da jinoyat va jazo
“Boburnoma”ni ko'pchilik tomonidan memuar asar deyish odat tusiga kirgan. Ya'ni, memuar deyilganda, muallifning ko'rgan-kechirganlari, esdaliklarini qalamga olish nazarda tutiladi. Bu asar shunchalik ko'p qirra va elementlarga egaki, “Boburnoma”ni bugungi kunda bironta zamonaviy proza janrlarining nomi bilan to'g'ridan-to'g'ri atab bo'lmaydi. Bu borada uning janr va turi, yo'nalishini belgilashda adabiyotshunos, tarixshunos olimlarning fikri ham har xil. Jumladan, adabiyotshunos olim Hamidjon Homidiy o'zining “Asrimizgacha nasrimiz” nomli risolasida “Boburnoma”ni tarixiy-yodnoma deya atagan. Adabiyotshunos Hasan Qudratullayev esa bu asarni badiiy-voqeiy-ilmiy sarguzasht kitob sifatida talqin etadi. Olima Marg'uba Abdullayeva talqinida “Boburnoma” badiiylashgan tarixiy-memuar asardir.
Aytish joizki, mazkur asar yuzasidan filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktorligi tadqiqotimni olib borayotgan yillarimda “Boburnoma”ning zamonaviy roman janriga xos bo'lgan bir qancha elementlari borligini o'zim uchun kashf etgan edim. Albatta, muallif G'arb adabiyotining besh asrdan keyin ommalashib o'qiladigan bunday janridan xabardor bo'lmagan. Biroq uning iste'dod ko'lami shunchalar keng bo'lganki, hikoya qilish uslubining tiniqligi, voqeliklarning bayoni va tasvirlashning tizimli ekani bundan keyin ham unga berilayotgan e'tibor quvvatining oshib borishiga zamin hozirlayveradi.
“Boburnoma”ni mutolaa qilish mobaynida otasi Umarshayx mirzo vafotidan so'ng o'n ikki yoshli Bobur hayotining har bir lahzasi tahlikada, xavf-xatarda o'tganiga guvoh bo'lamiz. Sertahlika hayotning tasvirlanishida Bobur o'z davridagi tarixchilardan mutlaqo farq qilgan holda voqeani real va ravon uslub bilan hikoya qilar edi. Unga nisbatan pinhona hozirlangan jinoyatlar, maxfiy tuzilmalar-u qarshi to'dalarning ta'sir doirasi yildan-yilga yangilanib borar edi. Bobur mana shunday yashirin kuchlar ta'siriga qarshi doimiy kurashar, lekin ko'pincha atrofidagi eng sodiq do'stlari unga pand berar edi. Xiyonatlar girdobida qolgan Bobur mana shu kabi dramatik holatlarni birma-bir bayon qilar ekan, bir zum kitobxonni o'zidan uzoqlashtirmaydi.
Asarda Bobur maqsadlari atrofida ziddiyatli kuchlarning ko'p bo'lgani va uning so'zlab berilishida detektiv unsurlar ham uchraydiki, bu ham muallifning mahorati o'tkir bo'lganidan dalolat beradi. Boburning otasi Umarshayx mirzo vafot etgan kundanoq uning sertashvish daqiqalari boshlangan lavha quyidagicha so'zlanadi: “Umarshayx mirzog'a bu voqea dast berganda, men Andijonda chahorbog'da edim. seshanba kuni, ramazon oyining beshida bu xabar Andijong'a keldi. Iztirob bila otlanib, qoshimdag'i navkar va savdar bila qo'rg'on azimati qildim. Mirzo darvozasig'a yetgan mahalda Shirim tag'oyi jilovimni olib, Namozgoh sori tebradi. Xayolig'a bu kechibturkim, Sulton Ahmad mirzo ulug' podshohdur, qalin cherik bila kelsa, beklar meni va viloyatni topshurg'ularidur. Meni O'zgand va Olatog' domanasi sori olib borg'ay. Agar viloyatni bersalar, men bori ilikka tushmay, tag'oyilarim Olachaxong'a yo Sulton Mahmudxong'a borg'aymen” (“Boburnoma”, 42-bet). Ana shu sinovlar girdobidan yosh Boburning buvisi Eson Davlat begim va shahar qozisi Xoja Mavlonoyi qozilar hamjihatligida chiqib ketilgan edi.
Keyinchalik yosh hukmdorning qalbida Amir Temur davlatini qaytadan markazlashtirish va bobosi kabi adolatli boshqaruvni o'rnatish orzulari jo'sh uradi. Bobur kitobda bu ulkan orzusini “Samarqand xayoli” deb ataydi. Afsuski, hali tajribasi pishib yetilmagan Boburning Samarqandni egallagandan keyingi harakatlari ish bermaydi. Atrofdagi bekliklar va qo'rg'onlarning unga bo'ysunishi, tan olishi qiyin kechadi. Yosh vujudiga xastalik hujum qiladi, oqibatda u nimjon holatda tildan qolib, to'shakka mixlanib qoladi. Kamiga Andijonda qolgan qora kuchlar g'imirlab qolib, uning ukasi Jahongir mirzoni taxtga o'tirg'izadilar. Noiloj qolgan Bobur Samarqandni tashlab Andijonga qaytadi, oqibatda har ikki shahardan mosuvo bo'lib, kam sonli qo'shin bilan ikki yildan ortiq darbadarlikda hayot kechiradi. Lekin mana shu damlarda u barcha temuriyzodalarga o'zining yosh bo'lishiga qaramay o'ktam qadamlar tashlashi mumkinligini, hali ko'p yillar Samarqand taxtiga bo'lgan da'vosidan voz kechmasligini anglatib qo'ygan, ko'pchilikni hushyor torttirgan ham edi. Tabiiyki, bunday hur fikrli, islohotchi hukmdorning yetilib kelayotgani maishatparast temuriy shahzodalarning g'aflatidan foydalanib, tez-tez urush qo'zg'ab turadigan buzg'unchi bek-u amaldorlarga noqulaylik tug'dirar edi. Ular qarshisida turgan temuriylar mafkurasi va manfaatlarini bor vujudi bilan himoya qiladigan Boburni yo'q qilish payiga tushishar, kamida uni quroldoshlarsiz qoldirib, chorasiz qilishdan xursand edilar. O'z hayotiga nisbatan bunday yuqori xavf-xatarni yosh Bobur ich-ichidan his etar, shuning uchun umrining oxiriga qadar sergak yurishga majbur edi. Bobur ana shu kezlarda shunday yozadi: “Ushbu yil shubhaliq taomdin parhiz qila boshladim. Pichoq va qoshiq va dastorxong'acha ehtiyot qilur erdim” (“Boburnoma”, 48-bet).
Bu kabi sargardonlik yillarida nafaqat Boburning, balki uning yaqinidagi sodiq safdoshlarining hayotiga ham sirli tarzda suiqasd uyushtirilar edi. Boburning ko'kaldoshi, yoshligidanoq uning harbiy yurishlarida birdek jon olib, jon berib yurgan No'yon ko'kaldosh ham kunlarning birida ana shunday tarzda halok bo'ladi. Boburning hikoya qilishicha, uning atrofidagi qo'shin va maslakdoshlari bu paytda Piskentda qo'nim topgan edilar. Zarurat bo'ladiki, ular Ohangaron tomon ko'chadilar. Lekin No'yon ko'kaldosh va u bilan birga ikki-uch kishini Piskent hokimining Mo'min ismli o'g'li mehmonga chorlaydi. Bundan avvalroq Bobur Samarqandni qo'lga kiritgan paytda Mo'min ham uning huzuriga kelgan, bir muddat xizmatida bo'lgan edi. Ularning Samarqandda bo'lgan paytida Piskent hokimining o'g'li Mo'min va No'yon ko'kaldosh o'rtasida noma'lum tarzda adovat yuzaga kelgani haqida ham eslatib o'tadi. Lekin vaqtlar o'tib, pok nazar Bobur mirzo va No'yon ko'kaldoshning Mo'minga nisbatan shubhasi bo'lmagan, shuning uchun ular mehmondorchilik taklifiga oddiy qarashgan. Bobur Ohangaronga ko'chib bo'lgach, tongda xabar keladi: Emishki, No'yon ko'kaldosh mastlikda jarlikdan pastga yiqilib halok bo'lgan. Zudlik bilan No'yonning jasadini topishga uning tog'asi Haqnazar yuboriladi. “…borib No'yonning yiqilg'on yeridin topib, ehtiyot qilib, No'yonni Piskentg'a tufroqqa topshurub keldilar. Bular suhbat tutqan yerdin bir o'q otimi bir baland jarning ostida No'yonning o'lugini topibdurlar. Ba'zisig'a gumon bo'ldukim, Samarqanddag'i kiynani saxlab, Mo'min No'yong'a qasd qildi. Tahqiqini kishi bilmadi. Manga g'arib ta'sir qildi. Kam kishining favtig'a muncha mutaassir bo'lur erdim. Bir hafta-o'n kungacha hamisha yig'lardim” (“Boburnoma”, 88-bet). Ko'rinib turibdiki, bu yerda kiyna deyilganda, Mo'minning kek saqlab yurib, qulay paytni poylagani va bundan foydalanib, No'yonning hayotiga daxl qilgani aniq bo'lmoqda. Lekin Boburning ma'yus ko'nglini tinchlantirish uchun biror chora topishga fursat juda oz edi, o'zi aytganidek, tahqiq-tekshiruv, tahlil qilishga taqdir imkon bermas edi. Boburga nisbatan amalga oshirilgan bu kabi jinoyatlar uning irodasiga, ichki ruhiyatiga o'z ta'sirini o'tkazmay qolmas, uning kurashuvchanlik va hushyorlik sifatlarini oshirib borar edi, shu bilan birga odamlarga nisbatan ishonch bildirishda qat'iy, sovuqqon bo'lishiga turtki bo'lar edi.
Asarning 1502-1503 yillar voqealari bayonida Bobur hamrohlari, oz kishilik qo'shinlari bilan Xo'jand daryosining yoqasida taom pishirib, dam oladilar. O'sha kuni kunduz paytida Boburning takbandi va oltin qullobini o'g'irlashadi. Bu haqda Bobur yozadi: “Tonglasig'a-o'q Xonquli Bayonquli bila Sulton Muhammad Vays qochib Tanbalg'a bordilar. Barchag'a gumon bo'ldikim, bu harakat bulardin sodir bo'lubtur, agarchi tahqiqi bo'lmadi” (“Boburnoma”, 89-bet). Demak, bu galgi holatda ham mayda ko'ringan jinoyatning tafsilotini surishtirib, o'g'rilarni jazolashga Boburda fursat bo'lmagan, shuning uchun “agarchi tahqiqi bo'lmadi”, deya natijani o'rgana olmaganini aytib ketadi. Umuman olganda, Boburdek himmati baland podshoh uchun bir buyumning o'g'risini qidirtirish uning oriyatini ham qo'zg'atar edi. Lekin bu vaziyatdan xulosa qilish mumkinki, Bobur vaqtinchalik sargardon bo'lgan damlarida o'zidek yaratuvchan, o'qimishli beklardan ko'ra, mayda nafsiga qul bo'lgan kimsalarning qurshovida ko'p qolar edi. Bu hol uning yolg'izlik hislarini oshirar edi.
Bir gal Toshkentda tog'asi Mahmudxon huzurida bo'lgan paytlarida uning yordam olish haqidagi ko'p so'rovlari javobsiz qoldiriladi. Oqibatda Boburni yolg'izlik, chorasizlik tuyg'ulari shunchalar azoblaydiki, hech kimga sezdirmasdan Xitoyga bosh olib ketmoqchi bo'ladi. Lekin ketma-ket ro'y bergan tarixiy voqealar uning navbatdagi orzusi amalga oshishiga imkon bermaydi. Chunki bu orada uning Koshg'ardagi tog'asi (Olachaxon nomi bilan mashhur) Sulton Ahmadxon tashrif buyuradi va Sulton Mahmudxon va Boburning qo'shinlari bilan ittifoq qilgan holda Ahmad Tanbalga va keyinchalik Shayboniyxonga qarshi kurashishni kelishib oladilar. Afsuski, Boburning mo'g'ul tog'alari birikib ish tutishi yana buzg'unchi kuchlarning g'ashini keltira boshlaydi. Boburning qoshida xizmat qilib yurgan beklaridan biri Qanbar Ali bir fitnani boshlab, bu ishga Bobur ham bosh qo'shishini xohlaydi: “…holokim O'sh va Marg'ilon va O'zgand va kirgan viloyat va el-ulus iligizdadur, filhol, borib, O'shqa kirib, qo'rg'onlarni berkitib, Sulton Ahmad Tanbalg'a kishi yiborib, yarashib, mo'g'ulni urub chiqorib, viloyatlarni og'a-ini hissa qilishing”. Fitnaning amalga oshishiga, albatta, Bobur bosh qo'shmas edi: “Men dedimki, ravo bo'lmag'oy, xonlar tuqqonlarim, bularg'a navkarlik qilg'onim Tanbalg'a podshohliq qilg'ondin ortiqroqdur. Ko'rdikim, so'zi ta'sir qilmadi, aytqonidin pushaymon bo'lub yondi” (“Boburnoma”, 94-bet).
“Boburnoma”ning eng mashhur, ziddiyatli sarguzashtlarga boy lavhalaridan biri bu Karnon qal'asida kechgan voqealarni o'z ichiga oladi. Unda hikoya qilinishicha, Bobur Andijondan Ahmad Tanbalning ta'qibidan qochayotgan paytida barcha hamrohlaridan ayrilgan holda Karnon qal'asiga berkinishga majbur bo'ladi. Ahmad Tanbal unga izma-iz qilib, Yusuf dorug'a boshliq josuslarni yuboradi. U Bobur bilan yakkama-yakka kechgan suhbatda tizzalab cho'kib ta'zim qilgan holda takror-takror ont ichadi va Boburni Andijonga qaytishga da'vat qilib, uni yana podshoh qilib ko'tarmoqchi ekanliklariga ishontirmoqchi bo'ladi. Tabiiyki, Bobur bu davrgacha ko'plab xiyonatlar-u yolg'onlar tahdididan toliqqan edi. Natijada Boburning qalbida ikkinchi marta o'lim vahimasidan qattiq qo'rquv paydo bo'ladi (ilk marta Samarqandni Shayboniyxonga sulh evaziga topshirib chiqib ketayotganida paydo bo'lgan edi). Bu gal u Karnon qal'asi bog'ining bir chekkasida o'lumni bo'yniga olgan holda ikki rakat namoz o'qiydi: “O'zumda betoqatlig' fahm qildim. Qo'ptum, bog' go'shasig'a bordim. O'zum bila andisha qildim. Dedimkim, kishi agar yuz, agar ming yashasa, oxir o'lmak kerak… O'zumni o'lumga qaror berdim. O'shal bog'da bir suv oqib keladur edi, vuzu qildim, ikki rakat namoz o'qudum, boshimni munojotqa qo'yub, tilak tilaydur edimkim, ko'zum uyqug'a boribtur”. Aslida, Bobur tasvirlagan holatda u uyquga ketmagan, lekin ma'lum bir ruhiy holatda Xoja Ya'qub bilan so'zlashadi. U ko'pchilik askarlar bilan birgalikda ot mingan holatda kirib kelib, Boburga madad bo'ladigan gaplarni aytadi. Ya'ni, Xoja Ya'qubni Boburning huzuriga Xoja Ahror Valiy hazratlari yuborgan bo'lib, unga bundan keyin podshohlik masnadi berilgani, qaerda mushkul ahvolga tushadigan bo'lsa, ularni yodga olish kerakligi aytiladi. Bobur bu holatdan tetik, xushhol bo'lib o'rnidan turadi. Bu paytda Yusuf dorug'a uni qanday qilib kishanlash haqida yonidagilar bilan maslahatlashayotgan edi. Bobur ularga qarata dovyuraklik bilan: “Qay biringiz qoshimga kela olasiz?” deydi. Shu payt qal'a tashqarisidan otlar dupuri eshitiladi. Yusuf dorug'a dadillanib: “Bizga Ahmad Tanbal yordamchilar yubordi”, deya dadillanadi. O'sha asnoda tashqaridagi otliqlar kirish eshigini topa olmay, devorning raxna yetgan joyini buzib kiradilar. Bular Yusuf dorug'aga yordamga kelgan askarlar emas, aksincha, Boburning sodiq yigitlari bo'lib chiqadi. Buni ko'rgan Yusuf dorug'a boshliq askarlar ortlariga qaramay qocha boshlaydilar… Eng qizig'i shundaki, qutqarishga bel bog'lagan Qutluq Muhammad Barlos ham aynan Bobur ko'rgan tushni uch kun oldin ko'rgan va uning tushida Boburni Karnon qal'asidan qutqarib olish tayinlangan edi. Shunisi ahamiyatliki, Boburni eng tahlikali damlarda Xoja Ahror Valiyning ruhi qo'llagani haqida asarning boshqa o'rinlarida ham keltirib o'tilgan.
Asarda Boburning joniga qasd qilingan sahna epizodi bu — uning Malika Dilovarbegim (bizda Malika Bayda nomi bilan ataluvchi bu malika hind tarixiy qo'lyozmalarida Dilovarbegim nomi bilan ataladi) tomonidan zaharlanish voqeasidir. Bobur bu paytda kuchga to'lgan, umri davomida achchiq tajribalardan oqilona xulosa chiqargan podshoh edi. U Hindistondek ulkan mamlakatni zabt etib bo'lgach, mahalliy amaldorlar, norozi kuchlarning pinhona harakat qilib, unga suiqasd qilishi mumkinligidan doim ogoh turar edi. Shu sababli ham u o'z oshpazlariga hind oshpazlarini biriktirishda juda hushyor yo'l tutadi. Oshxonaga biriktirilishga nomzod qilib ko'rsatilgan 60 chog'liq oshpazlardan to'rttasini tanlab oladi. Afsuski, Ibrohim Lodiyning onasi Dilovarbegim bulardan xabar topib, o'z odamlaridan zahar berdirtirib yuboradi. Bobur zaharlanish (bu haqda u o'g'illariga batafsil maktub bitgan) lavhasini ikki qismga ajratgan holda bayon qiladi: birinchisi, Malika Dilovarbegimning zaharlanishni qanday uyushtirgani, oshpazlarning qozon boshida makkorlarcha harakat qilishini birma-bir yozib o'tadi. Ikkinchisida, o'zining ovqatlanish jarayonini tasvirlaydi: “Odina kuni kech namozi digar osh torttilar. Tovushqon oshidin xeyli yedim. Qaliya zardak ham mayl qildim. Bu hindistoniy zahrliq oshning ustidin bir-ikki tikka mayl qildim. qalin olib yedim, hech noxush maza ma'lum bo'lmadi. Qoq go'shtdin tikka oldim. Ko'nglum barham urdi, o'tgan kun qoq go'shtni yeganimda bir noxush maza anda bor edi, ko'nglumning bahra urg'onin andin xayol qildim. Yana bir ko'nglum qo'zg'olib keldi. Dasturxon ustida ikki-uch marta ko'nglum barham urub, qusayozdim. Oxir ko'rdumki, bo'lmas, qo'ptum. Obxonag'acha borib qalin qustim. Hargiz oshdin so'ng qusmas edim, balki ichganda ham qusmas edim. Ko'nglumg'a shubha kechti…” (“Boburnoma”, 217-bet). Shundan so'ng Bobur oshpazlarni hibsga oldirtirib, qaylani itga yedirtirib ko'radi. It o'rnidan qo'pmaydi (qo'zg'ala olmaydi). Jinoyatchilar so'roq qilinganida, zahar faqat yupqaning ustiga sepilgan bo'lib, agar qayla ustiga sepilgan bo'lganida edi, Boburni muqarrar halokat kutgan bo'lar edi. Bu paytda podshoh sifatida unda tahqiq qilish imkoniyati bor edi va Bobur aybdorlarni aniqlab jazolaydi. Bobur tayinlaganidek, osh suzar mahalda hind oshpazlarining birortasi qozonga yaqinlashtirilmagan, lekin ular soniyalarda idishga va yupqa ichiga zaharni sepishga ulguradilar, zaharning qolgan yarmini o'choqqa uloqtiradilar… So'roq tugagach, aybdorlar vazir-u vuzaro bilan maslahatlashilgan holda aybdorlarga dahshatli jazo turlari qo'llaniladi: “Ul choshnigirni pora-pora qildurdum. Bovurchini tiriklay terisini so'ydurdum. Ul qotillardin birisini fil ostig'a soldurdum. Birini ehtiyot qildurdum. Ul ham o'z amalig'a giriftor bo'lub, jazosig'a yetgusidur” (“Boburnoma”, 218-bet). Boburdek sermulohaza va adolatli boshqaruvni o'ziga shior deb bilgan podshoh nega bunchalar shafqatsiz jazo turini tanlagan, degan savol tug'iladi. Avvalo, jazo turini Bobur tanlamagan, u yuqorida devon chaqirtirdim, deb eslatib ketmoqda. Bu jazo turlari devon tomonidan yakuniy qaror sifatida qabul qilingan. Nazarimda, bunday shafqatsiz usuldagi jazodan maqsad bitta bo'lgan. U ham bo'lsa, keyinchalik yana podshohga uyushtirilishi mumkin bo'lgan suiqasdlarning oldini olish va norozilik kuchlarini bosib qo'yish edi.
Boburning mana shunday tahlika-to'polonlarga boy bo'lgan atigi 47 yillik hayoti uni “Boburnoma”dek asarni yaratishga bo'lgan ishtiyoqini so'ndira olmadi. Aksincha, Bobur har bir mushkul daqiqaning, iztirobli lahzalarning zalvorini mohir nosir sifatida qalamga olishga muvaffaq bo'ldi. Agar Boburga, aytaylik, Alisher Navoiyniki kabi nisbatan ma'mur va tinch hayot nasib qilganida edi, bugun nafaqat o'zbek xalqining, balki jahon kitobxonlarining kutubxonasini u, shak-shubhasiz, bundan-da ko'p nodir asarlari bilan boyitgan bo'lar edi.
Elmira HAZRATQULOVA,
filologiya fanlari bo'yicha
(PhD) falsafa doktori.