Aslingga qaytgil, VATAN…

O, ota makonim,

Onajon o'lkam,

O'zbekiston, jonim to'shay soyangga,

Senday mehribon yo'q.

Seningdek ko'rkam,

Rimni alishmasman bedapoyangga.

Dunyoda muqaddas tushuncha, ya'ni inson doimo dilining tubida asrovchi, hech narsaga almashtirib bo'lmaydigan, hamisha e'tiqod qiladigan sajdagoh bu — Vatan. Darhaqiqat, ona Vatan haqida qancha yozilsa, kuylansa, baribir kamlik qiladi. Baribir “nimadir” qolib ketadi. Shuning uchun Vatan ohori to'kilmaydigan, dilrabo mangu qo'shiqdir.

Hindiston ibodatxonalari, Misr ehromlari, Italiyaning qadim yodgorliklari, Parij xiyobonlari, Amerika shohko'chalari, Ang­liya bog'lari, Shveysariya tog'lari, Venetsiya, Qohira va Kalkutta go'zalliklari, Amerikaning mashhur sharsharasi-yu, Amazonka o'rmonlari, polyak, yapon, italyan go'zallari… Ularning bari betakror! Lekin ular ham ona yurtimizning jamoliga teng bo'lolmas! Axir O'zbekistonning tog'lari, daryolari, qirlari, tepaliklari, cho'llari, sahrolari, hattoki cho'lda o'sgan saksovullarning gullari dunyo­dagi hamma go'zallikni, jahonning beqiyos mo''jizalarini qamrab oladi.

Ha, O'zbekiston bizning Vatan, yuragimiz, qoyamizdir. Shuning uchun jahonning eng buyuk ijodkorlari ham, avvalo, eng ulug' so'zlarni vatanga baxshida etishgan.

Mashhur rus yozuvchisi, Nobel mukofoti lau­reati Mixail Sholoxov shunday yozgan edi: “Yoqimli, nurafshon Vatan! Bizning mislsiz farzandlik muhabbatimiz — senga, bizning barcha orzu-o'ylarimiz sen bilan!”

Cho'ldagi jonivorlar tug'ilishi bilan o'z makonini topadi, qushlar va baliqlarning ham o'z oshyoni bor. Hatto ularning bolalari o'z uyalarini g'animdan himoya qiladilar. Inson ham qaerda kindik qoni to'kilgan bo'lsa, o'sha yerga mehr qo'yadi.

Ha, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur, Cho'lpon, Oybek, Hamid Olimjon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf ta'riflagan O'zbekiston ona beshikdir.

Aytishlaricha, bir kuni no'noq shoirning qarmog'iga daryoda tilla baliqcha ilinibdi.

— Shoir, meni daryoga qo'yib yubor, – deb yalinibdi tilla baliqcha.

— Buning evaziga menga nima berasan? –so'rabdi shoir.

— Dilingdagi ushalmagan barcha orzu-niyatlaringni ro'yobga chiqaraman, — debdi tilla baliqcha.

Shoir xursand bo'lib, baliqchani dengizga qo'yib yuboribdi. Qarangki, chindan ham omad shoirga ketma-ket kela boshlabdi. Ketma-ket kitoblari chiqibdi. Shahar o'rtasidan uy berilibdi, dala-hovli quribdi. U juda mashhur bo'libdi. Go'yo dunyo uning qarshisida ko'mir cho'g'ida singdirilib pishirilgan, ustidagi piyozga sarimsoq qo'shilgan sirka suvi solingan likopchadagi kabobday turar, qo'llarini cho'zsa, maza qilib yeyishi mumkin ekan. U dastlab akademik, keyin deputat bo'libdi. Hammasi yaxshi ekan-u, lekin kunlardan bir kuni shoirning xotini unga dashnom beribdi:

— Tilla baliqchadan shuncha narsa so'radingiz, endi o'zingizga birozgina iste'dod so'rasangiz bo'larmidi?

Shoir birdan sergak tortibdi. O'ziga o'tgan yillarda nima yetmaganini sezib, darhol dengiz sohili tomon chopibdi. Tilla baliqchaga yolvoribdi:

— Tilla baliqcha, tilla baliqcha! Menga birozgina bo'lsa ham iste'dod ber.

Shunda tilla baliqcha javob qaytaribdi:

— Shu vaqtgacha nima so'rasang, hammasini ro'yobga chiqardim. Lekin iste'dod bera olmayman. Chunki menda shoirlik iste'dodi yo'q. Uni faqat Alloh beradi, uni mahorat bilan charxlab borish kerak, – debdi.

Bu bir rivoyat, albatta. Ulug' shoir Pushkinning “Tilla baliqcha”siga o'xshash hikoyatni aytishdan maqsad shulki, yurtimiz ne-ne iste'dodlarni bergan oltin diyordir. Iste'dod bo'lmasa, bari bekor. Qalin-qalin kitoblar chiqarish mumkindir. Biroq ular xalq dilidan joy olmasa, u kitoblardan ma'ni yo'q. Hech kim o'qimaydi. Iste'dodlar bitgan asarlar esa hech qachon o'lmaydi.  Shubhasiz, ana shunday betakror iste'dodlardan biri — O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf edi. Uning sodda, xalqona, lekin nihoyatda dilbar she'riyati millionlab qalblarni qay jozibasi bilan zabt eta oldi?

Muhammad Yusuf shu zaminda tug'ildi, shu tuproqni sevdi, shu Vatan mehrini dilida jo qildi. Shoir ijodida bo'y urgan, uni bezab turgan tumor — Vatan obrazi, yurt ishqi edi, albatta.

Shoir she'rlarida “O'zbekiston yagonadir, ona bag'ri go'dak uchun qanday huzurbaxsh bo'lsa, O'zbekiston biz uchun qadrli va azizdir, uni yurakdan sevaylik, yurakda saqlaylik, aziz tuproq — Vatan tuyg'usi dilimizda yonib tursin”,– degan badiiy ruhiyat o'z harorati bilan balqib, qalqib turadi. Uning butun ijodida, ayniqsa, “O'zbekiston”, “Xalq bo'l, elim!”, “Vatanim”, “Dunyo”, “Bag'ishlov”, “Tavallo”, “O'zbek”, “Biz barhayot siymo”, “Hayrat”, “O'zingdan qo'ymasin, xalqim” kabi o'nlab she'rlarida Vatanni sevishdek ardoqli tuyg'u, ona yerimizning qaynoq tafti yoniq va kuchli ehtiros bilan qalamga olingan.

Sen — shoxlari osmonlarga

Tegib turgan chinorim,

Ota desam,

O'g'lim deb,

Bosh egib turgan chinorim,

Qo'ynidagi iftixorim,

Bo'ynidagi tumorim,

O'zing mening ulug'lardan

Ulug'imsan, Vatanim!

Shu o'rinda “Vatanim” she'rida “Hamdardu hamxonam, Oftobdan ham o'zing mehri ulug'im, G'ichir-g'ichir tishimdagi so'lig'im, Olislarda qurib qolgan qudug'im, O'zing mening ulug'lardan ulug'im, Sen shoxlari osmonlarga tegib turgan chinorim, Yolg'izim, yagonam, deymi…” kabi badiiy epitetlar Vatanga bo'lgan mehr-muhabbatni, sadoqatni yanada oshiradi, zukko shoirning badiiy  topqirligidan dalolat beradi. Mashrab, Yassaviy, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Bobur, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir qiyofasida Vatanning dardu jafolari, adoqsiz nolalari ko'ksini uzib ketgan millat fidoyilari bag'ridan bo'rqirib oqqan ashk­lari beriladi:

O'tgan kuning — o'tgan kundir,

O'z boshingga yetgan kun.

Qodiriyni bergan zamin,

Qodiriyni sotgan kun.

Qo'lin bog'lab,

Dilin dog'lab,

Etaklashib ketgan kun,

Voh, bolam! deb aytolmagan

Dudug'imsan, Vatanim.

Ha, Qodiriy o'z millatdoshlari tomonidan sotilgan, aybsiz otilgan edi. Shu bois, xunrez tuzumda Vatan duduqqa aylangan edi. Qattol tuzum inson erkini qulflab qo'ygan edi.

 Qadim yurtga qaytsin qadim navolarim,

Qumlar bosib qurimasin daryolarim.

Alpomishga alla aytgan momolarim

Ruhini shod etay desang — xalq bo'l, elim!..

Shoir hayqiradi: qaddi tetik, dunyoda dovrug'i, dardi sendek ulug' yana kim bor, deya sel bo'ladi.

“Yurtim, ado bo'lmas armonlaring bor” she'rida esa yurt ko'ksidagi armonlar, shahid o'g'lonlar, aybini bilmay ketgan Akmal Ikrom, Fayzullalardek mardi maydonlar, Jayrondek termulgan Cho'lponlar, qayinbarglar yopib qora ko'zini, olislarda qolgan Usmonlar haqida bag'ri qon bo'lib hayqiradi:

Alhazar, alhazar, ming bir alhazar,

Ana, yurishibdi kiyganlari zar,

Qodiriyni sotib shoir bo'lganlar —

Mehrobingdan chiqqan chayonlaring bor…

“Oqibat” she'rida esa poetik xulosa aniq: mehr yuraklarda qotdi, elning kichigini kichigi, kattasini kattasi g'ajiydi, oqibat anqoning urug'i bo'lib qoldi, hasad avj oldi, andisha degan bog' vayron bo'ldi, onalar qizini, qizlar onasini tanimay qo'ydi. Shoir  aytmoqchi: mehrni, oqibatni, andishani saqlang, hasad bilan emas, havas bilan yashang!

Mehr yuraklarda qotsa ichikib,

Oqibat ham bo'lgay anqo urug'i!

Elning kichigini g'ajir kichigi,

Ulug'ini esa ulug'i…

Tuzingni totib, uni unutganlar xor bo'ladi, ko'zlariga ikki jahon tor bo'ladi, yurtfurushlar esa bir kaft qumlog'ichga zor bo'ladi, deb shoir Vatan sog'inchini yanada jarangdor ohangda izhor qilgan edi. “G'ayrat” she'ri esa Muhammad Yusufning Vatan haqidagi asarlarining g'oyaviy mundarijasini belgilaydi deyish mumkin.

Aslingga qaytgil faqat,

Ortga qaytmoq bo'lmasin.

Aytgin-aytgin bu sharaf,

Ko'zingda nurlar so'nmasin.

Ko'nglingda gullar so'nmasin,

Sen o'zing ayt, Onajon,

Sen o'zing aytgin, Vatan…

…Aslingga qaytgil, Vatan.

El sevgan shoir uchun Vatan bilan faxrlanish baxtdir. Vatanni ulug'lagan, uni ulug'larning ulug'i deb navo qilgan shoir mudom biz uchun Vatanning faxri, iftixori, o'zi aytganidek, uning “Shirin kalomi” bo'lib dil to'ridan joy olaveradi.

Sen bilan o'tgan har kun bayram — bazm,

Sensiz bir on qolsam rahmim keladi.

Seni bilganlarga qilaman ta'zim,

Seni bilmaslarga rahmim keladi.

Ha, Vatan bag'rida o'tgan har kun bayram, shodiyonadir. Shoir aytmoqchi bo'lgan g'ururli so'z, ulug' da'vat, faxr tuyg'usi ham shundadir.

Parda ALIMOV,

Termiz davlat pedagogika instituti o'qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 10 =