“Teorema” bilan tanishuv

Yangilanish va evrilish – taraqqiy istagan har qaysi jamiyatga xos ajralmas va to'xtovsiz jarayondir. Yangilanish va evrilishni istamagan jamiyat taraqqiyotdan xoli, tanazzulga oshno. Yangi O'zbekiston shu ma'noda inqiroz va depsinish qoliplarini sindirib, bir chetga uloqtirib, taraqqiyot jilovini yorug' manzillar sari burishning yorqin timsoliga aylanib bormoqda. Yangi O'zbekiston taraqqiyot istadi va o'zi istagan taraqqiyotning huquqiy guvohnomasi sifatida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilindi.

So'zimizni taraqqiy istagan har qaysi jamiyat yangilanish va evrilishga ehtiyoj sezishi haqidagi mulohazalar bilan boshladik. Adabiyot taraqqiy etishi uchun ham yangilanish va evrilish zaruratdir.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, taniqli ijodkor Temur To'raboyev (Temurbek) tomonidan faqat “T” harfi bilan boshlanuvchi so'zlar vositasi ila “Teorema” romanining yozilishi, romanning qisqartirilgan varianti “Teoremadan turkona taronalar” nomi bilan “Adib va jamiyat” ruknida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etilishi – ayni zaruratning ajib bir ko'rinishi, ijrosi, ta'bir joiz bo'lsa, fenomenal adabiy hodisadir.

Hali ko'pchilik o'qib ulgurmagan bir romanga “adabiy fenomen” yorlig'ini yopishtirish mubolag'adek tuyuladi, ammo shuni unutmaylikki, omma hukmiga havola etilayotgan xulosa asossiz aytilmaydi hech qachon.

Ma'lumki, jamiyat yoki ayrim shaxslar buyurtmasiga ko'ra yoziladigan “asar”lar har qadamda uchraydi. Bunday “asar”lar odatda uzoq yashamaydi. Chin ma'nodagi badiiy asarning yozilishiga sabab bo'ladigan ijodiy “buyurtma”ning mohiyati esa butunlay boshqacha. Haqiqiy “buyurtma”ning sohibi – ijodkorda shakllangan munosabat, bezovtalik, bedorlik. Shuning uchun ulkan so'z obidalarini munosabat mo''jizasi, desak arziydi. Adabiy mahsulotning ko'p-ozligi yoki saviyasi shu munosabat miqyosi bilan belgilanadi. Masalan, Alisher Navoiy va Lev Tolstoyda munosabat ulug'vorlik kasb etgan. Munosabat masalasi nochorligi bois qaysidir iste'dodli shoir bir-ikki yupqa kitob bilan umrini o'tkazmoqda. Ayrim ijodkorlarning “Men ilhom kelgandagina yozaman!” deb qancha-qancha vaqtni boy berishayotgani, nazarimizda, yolg'on yupanch, o'zni ovutish, xolos.

Temur To'raboyev – havoyi orzu-havaslardan xoli, hech mubolag'asiz, buyuk adabiy manzillarni ko'zlagan ijodkor. Uning uchun jahon tamadduni ichra bir ulug'vor teorema bor. Betimsol bu teoremaning matni quyidagicha: “O'zbek tili hamda tafakkuri – qadim va hamisha navqiron, abadiyatga daxldor qudratli va buyuk voqelikdir!” O'z shaxsi va iste'dodini qadrlagan har bir ijodkor bu teoremaning yangi isbotini topishga urinishi – tabiiy hol. Istiqlolning dastlabki yillarida Temur To'raboyev milliy adabiyotimizning ancha vaqtdan buyon bir maromda borayotgan odatiy adabiy me'yorlaridan chetga chiqib, noodatiy shaklu shamoyilni ifodalovchi uslub tanladi.

She'r ahli, adabiyot ixlosmandlari yaxshi eslashsa kerak: ancha yillar burun taniqli shoir Erkin Vohidov faqat “Q” harfi bilan boshlanuvchi so'zlar vositasida go'zal she'r yozgan edi. Ustoz shoirga havas qilib, shu usulda bir-ikki she'r yozganlar keyin ham bo'ldi. Ammo bu urinish­lar oxiriga yetmadi, yaxlit an'anaga aylanmadi.

Temurbekning “Alifbe mo''jizasi” kitobida esa lotincha o'zbek alifbosidagi barcha harflarga shunday murakkab yo'lda alohida-alohida she'rlar bitilgan. Albatta, bu she'rlarning badiiy saviyasi, ruhi, falsafasi bir-biridan farq qiladi. Ba'zi she'rlar o'ta murakkab, hozirgi o'quvchiga tushunarsiz so'zlardan iborat bo'lib, bola ularni tushunishga qiynaladi. Lekin muallif bundan cho'chimaydi. Aksincha, o'quvchisining qiynalishini, izlanishini xohlaydi.

Oson narsa ongni yalqovlikka yetak­laydi. Mayli, bog'cha bolasi yoki 1-sinf o'quvchisi bu she'rlarni tushunmasa-da, yodlasin. Yodlash – anglashning dastlabki bosqichidir. Beg'ubor ko'ngil “Boyqishloqning bog'idagi bodomlar bunchalar bedor” degan misradan dastlab o'zicha zavq oladi, so'ngra esa bir xil harf bilan boshlanuvchi so'zlarning bunday birikuvidan, so'zlar ko'magida chizilayotgan suvratlardan, jumla bag'riga yashiringan mazmundan lol qoladi:

Boyqishloqning bog'idagi bodomlar bunchalar bedor,

Bunchalar barvaqt bezandilar Boyqish­loqning bodomlari,

Bilmadim, bilganim:

Bodom – bahorning botiniy bomdodi,

Bodom – bahorning birinchi bitigi.

Bodom boshqa birodarlaridan barvaqtroq bo'ylaydi…

Boyqishloq – O'zbekiston, bedor bodomlar sizu biz ekanligimizni anglagach esa kitobxonda boyagidan-da behadroq baxtiyorlik paydo bo'ladi. Shu baxtiyorlik og'ushida u Mukammali mo''jiza – miyaning mislsiz mahsuli – MEHR ekanligini bilib oladi. Yo'q, yo'q, bilib olmaydi, aksincha, o'zi bilgan narsani bu taxlit ifodalanishi mumkinligidan quvonib ketadi.

Sog'inilgan samimiy quvonchning quvvati uni osmonlarga olib chiqib qo'yadi. She'r kelajakka, kelajak she'rga evriladi.

Ming-ming, million “milt-milt”, Mirrixmi, Mars –

Murakkabi mo''jiza –

Murakkabi mo''jiza – Mujdayi mujgon – Miya.

Mujdagi mujgon – Miya – Mukammali mo''jiza.

Mukammal mo''jiza – Miyaning ma'naviy mazmuni – Mehr.

Mehr – Ma'voyi mo''jiza.

O'zbek tili va tafakkurining tengsiz qudrati va betakror buyukligi mujassam bu ifodalarda. Shunday emasmi!

Temur To'raboyev tanlagan noodatiy uslubni tadqiq qilish, uning qalamiga mansub “Teorema” romani mohiyatini poetik anglash va bu anglovni yosh avlodga yetkazish – hozirgi adabiy tanqid va adabiyotshunoslikning vazifasidir.

Bundan o'n asr muqaddam turkiy til osmonida Mahmud Koshg'ariy deb atalmish bir yulduz shu'lalandi. Uning taqdiriga “til uchun kurashchi”, “til fidoyisi” kabi nisbatlar bitildi va juda ulkan, noyob missiya yuklatildi. Turkiy til Mahmud Kosh­g'ariyga muhtoj edi. Hali yozuv madaniyati shakllanmagan zamonlarda, o'sha davr tilining ruhini, so'z boyligini kelgusi avlodga yetkazuvchiga zarurat sezilayotgandi. Tangri taolo bizga Mahmud Koshg'ariyni ato etdi. Yaratganning bu ulug' marhamati bo'lmaganida edi, biz qadim ota-bobolarimiz qanday so'zlarni, qanday maqollarni ishlatishganini bilmay o'tardik, balki… Ha, Mahmud Koshg'ariyning Turkiston tarixi sahnasida paydo bo'lishi – noyob hodisa, mo''jiza. U bugun o'nlab olimlar, butun bir institut hal qiladigan, shug'ullanadigan ishni yolg'iz o'zi bajargan. Buning ustiga, Mahmud Kosh­g'ariy yashagan va ishlagan muhit, sharoitni hozirgi imkonlarga solishtirib bo'lmaydi aslo.

Bundan besh asr avval turkiy til yuksak badiiy so'z sohiblari e'tiboridan chetda qola boshladi. Benazir turkiy tafakkurni turkiy so'zlar vositasi ila dunyoga taqdim etish ehtiyoji tug'ildi. Va shu ehtiyoj sabab turkiy jamiyat bir to'lg'onadi, turkiy qavmni bir ulkan to'lg'oq tutadi. Tang­­ri taolo turkiy tilga yana marhamat qiladi – hazrat Alisher NAVOIY dahosi turkiy tilning tog' qadar qudratli va buyuk bo'lishi uchun himmat kamarini bog'laydi. Hamma zamonlar uchun noyob hisoblanmish bu hodisaning XV asrda, g'alati talato'p og'ushida yashayotgan jamiyat bag'rida paydo bo'lishi ham mo''jizadan boshqa narsa emas.

Bugun tilimiz tarovati, xalqimiz badiiy tafakkurini teran aks ettirgan necha yuzlab asarlar yaratildi. Biroq tilimiz o'zining tabiatini, go'zalligini, qudratini boshqacharoq shaklda, o'zgacha ohangda ko'z-ko'zlashga ehtiyoj sezayotgandi. “Teorema” – shu ehtiyojning mahsuli. “Teorema” misolida o'zbek tilining yangi imkoni, hozircha o'ylab ko'rilmagan qudrati namoyon bo'ldi.

Turkiston hududida To'raqo'rg'on, Tepaqo'rg'on, Toshbuloq deb atalmish go'shalar bor. To'raqo'rg'onning mardona Tursunboyi, Tilla tog'a kabi donishmandi bor. Toshbuloqning Tursunoy deb atalmish pariro'y dilbari, Tavakkalu Toshxon kabi telba-do'lvor farzandlari bor. Ularning taqdiri qiziq, tabiati qiziq. Bu qiziqlikning bari “Teorema”da jo bo'lgan.

Faqat “T” harfi bilan boshlanuvchi so'zlar bir-birlarini topdilar, bir-birlarini suydilar, o'zaro aka-uka, opa-singil bo'ldilar, oila bo'ldilar va faqat Tangri bergan ilhom va marhamat tufayli “Teorema”ga aylandilar. “Qudratli va buyuk o'zbek tili hamda tafakkuri” deb nomlangan o'ziga xos teorema Temur To'raboyev tomonidan yangicha ko'rinishda isbotlandi.

Tursunoy tikkan to'n timsolida Turkis­ton gavdalandi. To'lib-toshib oqayotgan Tosh­soy – Tilla tog'a timsolida donishmand xalqimizning qalbi. To'sqovul tog'iga tirmashish, tog' uzra tik turish – Yangi O'zbekistonning taraqqiyot sari borishi…

Aslida, tetrologiya bo'lishi mo'ljallangan, ayni chog'da ikki kitobi nashrdan chiqib, uchinchisi yozilayotgan “Teorema” romanining mahobatini tasavvur qilish uchun undan ikkita ko'chirma olishni lozim topdik. Zero, mazkur parchalarsiz fikrimizni tushuntirish, xulosalarimizni asos­lash qiyin. Chunki shu paytgacha bir necha hamkasbimiz romanni to'laligicha o'qimay turib, unga “So'zlarning sun'iy ravishda bir-biriga bog'lanishi” deb baho berishdi. Mutolaadagi qiyinchilikni va e'tiborsizlikni sun'iylik niqobi bilan oqlashga urinish adabiyotimizdagi yangi hodisaga bepisandlik bilan barobardir. Muhtasham adabiy obidalar hech vaqt osonlikcha o'qilmaydi. “Kitob zavq bilan o'qilishi kerak!” degan mashhur jumla bu o'rinda jim turishga majbur. “Xamsa” yoki “Jinoyat va jazo”ni zavq bilan, miriqib o'qish mushkul. Mumtoz asarlar mutolaasi tafakkur talab qiladi hamisha. “Teorema” ham shunday iztirob va shijoat mahsulidir. Tili tiniq terilgan, toshdek tizilgan, tilsimli tugallangan:

“Tilla tog'a Tepakalning tomog'idan tutamlab, tovonini tuproqqa tekkizmay tashqarilatdi. Tepakal Tilla tog'aga tarsaki tortish, tumshug'iga tushirishu tig' tiqishga-da tayyorladi-yu, Tilla tog'aning tutami tarsakiyam tottirmadi, tumshug'igayam tushittirmadi, tig' tiqtirish tugul tirnog'am tegizdirmadi.

Tilla tog'a Tepakalni to'yxonaning tashqarisida taqaladi.

—To'y to'xtamasin! Tushundingmi? Tushunmasang, tanobing tortiladi.

Tepakal Tursunoy tomonga tikilib turib tilining tagidagini tuproqqa tashladi.

Tilla tog'aning ta'bi tag'inda tirriqlandi.

—Tuproqqa tupuryapsanmi? Tuproq – tillaniyam tillasi-ku! Tarbiya topmagan to'ng'iz!”

Parchani o'qigan kishida, tabiiyki, “Tilla tog'a kim?” degan savol tug'iladi. Haqiqatan ham, Tilla tog'a kim? Tilla tog'a – tuzluqqa, ya'ni tarixga, qadriyatlarga tupurish azobi va fojiasini Uchinchi Renessans poydevori bo'lishga hozirlanayotgan yosh avlodni, yangi O'zbekiston bunyodkorlarini tarbiyalovchi donishmand zot! Temurbek “Teorema” romanida xalqimiz donishmandligining timsoli sifatida Tilla tog'a obrazini qayta kashf qildi. Tushunaylikki, taraqqiyotimizni tezlashtirguvchi, tiklashtirguvchilar – Tilla tog'alardir! Tilla tog'alargina tuprog'imiz tillaligini tutumsoq, tirmizak to'polonchilarga to'g'ri tushuntiradilar!

Tilavoldi Tilla tog'aning tuyg'usini tushunmadi.

Tushunmasa-da tahlilga tushdi…

…Tentakning turishini?! To'y tugaganini tushunmayaptimikan?

Toziyu toyg'onlarning to'ygani Tilavoldi tomonga tishlarini tirjaytirib tuproq tataladi.

Tilavoldi tisarildi. Teskari tomonda turgan Tilla tog'a Tilavoldiga tayinladi.

—Tek tursang, tegmaydi! Tekkanga tegadi!

Tilla tog'a toyg'ongayam tahdidladi:

—Tegma, tushundingmi?!

Toyg'on tuproq tatalashni to'xtatdi.

…Tilla tog'ani tushundi-ya!

Bir vaqtlar dongdor dramaturg Maqsud Shayxzoda “Mirzo Ulug'bek” tragediyasida muallif pozitsiyasini ifodalovchi Bobo kayfiy obrazini yaratgandi. Maqsud Shayxzoda ijodining ixlosmandi bo'lgan Temur To'raboyev Tilla tog'a obrazi orqali Bobo kayfiy xarakterini yangi badiiy balandlikka ko'targanday.

O'zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning “Oltin devor” tragikomediyasining sahna variantida bosh qahramon bo'lmish Mo'min yo'qolgan oltinlari o'rniga qolgan toshlarni changallab, muxlislarga qarata “Tosh! Tosh! Tosh!” deya telbalanadi. Qilich qarshisiga mo'minlik bilan borib bo'lmasligi haqidagi bu izohdan tomoshabin yayrab kuladi! Holbuki, muallif Mo'min nutqi ila xalqimizga “Ko'lmak bo'lma! Tosh­dek qotma! Aksincha, sel bo'l, toshqin bo'l! Tosh!” deya hayqiradi. Temur To'raboyev ham “Teorema” romanida Toshsoy tasvirini berar ekan, o'quvchiga “Tosh, soy!” degandek bo'ladi. Soy bu o'rinda iste'dodini to'g'ri yo'naltirmagan, to'g'ri yo'l tanlolmayotgan iqtidorlar ramzi. Muallif ulardan tosh­qinlikni, topqirlikni, tezkorlikni kutadi, ularni o'zan ichra qolib ketmaslikka undaydi.

Muhammad VALI,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi

 

TAHRIRIYaTDAN: Maqola muallifi Muhammad Vali yozuvchi Temur To'raboyev (Temurbek)ning “Teorema” romani bo'yicha va uning qisqartirilgan tarzda chop etilgan “Teoremadan turkona taronalar” kitobi xususida ancha ijobiy fikrlarni ilgari suradi. Bu o'ylaymizki, ushbu asarning oldiga qo'ygan maqsadi, g'oyasi, aytmoqchi bo'lgan salmoqli gapi borligidan dalolat. Ammo shunday bo'lsa-da, tahririyat nomidan ko'ngilga kelgan ayrim mulohazalarni ham bildirishni lozim topdik.

Ushbu kitob e'tirof etilayotganidek, faqat “T” harfi bilan boshlanuvchi so'zlar asosida bitilgan. Bu bir tomondan yangilik sifatida qutlashga   molikdir, ehtimol. Ammo, yangilik, yangicha yondashuvlar hamisha ham birdaniga hammaga ham ma'qul kelavermasligi   mumkin. Bu bor gap. Aytaylik, bir paytlar Tog'ay Murod asarlari ham juda xalqona, shoi­rona ruhda bitilgani bois o'z vaqtida ayrim e'tirozlarga sabab bo'lgan edi. Lekin keyinchalik uning kitoblari xalqimizning qalbidan chuqur joy oldi. Qolaversa, Tog'ay Murod asarlarining yo'rig'i boshqa. Unda bir harf bilangina tuzilgan so'zlar mavjud emas, balki yozuvchining yuksak badiiy tafakkuri har qanday o'quvchini befarq qoldirmaydi.

Endi ochiqroq gapirganda aytish joizki, “tez aytish”lar bolalikdan hammaga ham ma'lum. Misol uchun “Tyanshan tog'ining tagida Toshtemir traktorchi traktorini tirillatib turibdi” singari gaplarni kim ham aytmagan, deysiz? Shu ma'noda ushbu asarni o'qishda o'quvchining tili nuqul “T”ga urilaverib “charchab” ketadiganga o'xshaydi. Bizningcha, bunday “tez aytish” asosida biror kichik hikoya yoki she'r bitilsa, ma'qulroq bo'lar edi. Tilimizning boyligi, ulkan imkoniyatlariga kelsak, uni yuksak badiiylik asosida va o'quvchini zo'riqtirmaydigan, joyi kelsa, ensasini qotirmaydigan uslubda ko'rsatish mumkin-ku. Bunga buyuk Alisher Navoiydan tortib, Abdulla Qodiriy singari ulug' adiblarimizning ijodi yorqin misol bo'la oladi.

Bu fikrlarimiz tahririyatimizning xolis munosabati bo'lib, nima bo'lganda ham muallifni yangi kitobi bilan qutlaymiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 1 =