YaNGI YIL BAYRAMI: AN'ANALAR VA URF-ODATLAR

Yangi yil bayrami turli xalqlarda har xil vaqtda nishonlanishidan qat'i nazar, muntazam ravishda o'tkaziladigan, muayyan astronomik ritm­­da Yerning quyosh atrofida bir marta to'liq aylanishi, to'rt fasl yana takrorlanishi bilan bog'liq jarayon. Bir yilda Yer quyosh atrofida 940 million kilometr yo'lni bosib o'tadi (Bu sekundiga 40 km demakdir). Yer quyosh atrofini 365 kun 5 soat 48 daqiqa, 46 soniyada aylanib chiqadi. Demak, koinot va tabiat bir marta to'liq aylanib chiqishini nishonlaydigan sana bu – Yangi yil bayramidi r.

Ma'lumki, Rim imperatori Yuliy Sezar miloddan avvalgi 46-yilda misrliklar tajribasi asosida yangi Yulian kalendarini yaratgan. Bu kalendarga quyoshning “tug'ilishi”, kunning uzaya bosh­lashi, quyoshning qish burjidan chiqib yangi burjga kirishi asos qilib olingan. Biroq Rim konsullari joylarga borib, 1 yanvardan ish boshlashi uchun bu sana yangi yil boshi deb qabul qilingan.

1582 yilda Rim papasi Grigoriy kalendarni isloh qiladi. Chunki Yulian kalendarida har 128 yilda 1 kecha-kunduz yig'ilib, bu 10 kunni  tashkil etadigan edi. Grigoriy kalendarni 10 kun oldinga suradi. Shundan keyin turli mamlakatlarda asta-sekin Grigoryan kalendariga o'ta boshlanadi. Hozirgi davr­­da u dunyo bo'yicha qabul qilingan kalendar hisoblanadi.

Dunyoda yangi yilning kirishi 1 yanvar deb qabul qilingan bo'lsa-da, biroq uni kutib olish turli mamlakatlarda har xil vaqtga to'g'ri keladi. Masalan, Efiopiyada yangi yil sentyabrning o'rtasida bayram qilinadi. Indoneziyaning ba'zi orollarida yangi yil bayrami 10 kun davom etadi va har yili turli oylarda nishonlanadi. Hatto ba'zi bir mamlakatlarning o'zida yangi yil turli oylarda nishonlanadi. Masalan, Hindis­tonning janubida yangi yil mart oyi­­da, shimolida aprel oyida, G'arbida oktyabr oyida, Kerala shtatida esa goh iyul, goh avgustda kutiladi. Ko'pgina sharq xalqlarida bahorning kirib kelish vaqti — Navro'z 21 martda bayram qilingan, u hozir ham yil boshi hisob­lanadi.

Kunchiqar mamlakat – Yaponiyada yangi yil kuni yarim tunda qo'ng'iroqdan 108 marta zarb beriladi. 100 va 8 raqami Yaponiyada baxtli hisoblanadi. Barcha shahar va qishloqlarda aholi 1 yanvar kuni tong otishini ko'rish uchun ko'chalarga chiqadi. Yangi yil quyosh chiqishi bilan kutib olinadi. Quyoshning birinchi nurlari yerga yetganda yaponlar bir-birlarini yangi yil bilan tabriklab, o'zaro sovg'a almashadilar. Kechgacha ko'chalar odamlar bilan gavjum bo'lib, qo'shiqlar, turli o'yinlar va boshqa tomoshalar uyushtiriladi. Kechki payt yaponlar uy-uylariga qaytadilar va o'z oilalari davrasida bayramni davom ettiradilar. Bayram butun yanvar oyida davom etadi. Yangi yil yaponlar uchun faqat bayram bo'libgina qolmay, balki tug'ilgan kun ham hisoblanadi. Yangi yil arafasida idish­larga toza suv to'ldiriladi. Bambuk va qarag'ay novdalari osib qo'yiladi, guruchli sho'rva, seld balig'idan tayyorlangan taomlar tortiladi.

Kubada yarim tunga yaqin ko'zalar suvga to'ldiriladi. Soat millari 12ni ko'rsatgach, suv yerga to'kib tashlanadi. Bu eski yil baxt olib kelganligini hamda yangi yil ham suvday tiniq va toza bo'lishi lozimligi ma'nosini anglatadi. Har bir kubalik 12 donadan uzum yeyishi shart, bu yil bo'yi baxtiyor bo'laylik, degan ma'noni anglatadi.

Shotlandiyada yangi yil kuni istagan kishi xohlagan xonadonga mehmonga kirishi mumkin. Faqat bir sharti bor, u ham bo'lsa – mehmonning qo'lida bir bo'lak ko'mir bo'lishi kerak. Mehmon uyga kirgach, ko'mirni olovga tashlaydi, bu bilan u, bu xonadonda uzoq vaqt olov o'chmasligining tarafdori ekanini bildiradi.

Koreya qishloqlarida yangi yil kirgandan so'ng ko'chalarda ommaviy sayil bosh­lanib, qizlar o'rtasida balandlikka sak­rash bo'yicha musobaqa o'tkaziladi.

Ruminiyada yangi yil dasturxoniga varaqilar pishirib qo'yiladi. Odatga ko'ra, uning ichiga tanga, uzuk, mitti chinni, qo'g'irchoq va qalampirga o'xshash narsa solinadi. Uni yegan odam o'zining “baxt” va “iqbol”ini sinaydi. Varaqidan garmdori chiqishi omadsizlik hisob­lanar ekan.

Vengriyada yangi yil dasturxoniga parranda go'shti qo'yilmaydi, chunki parranda uchadi, oilada shu kuni parranda go'shti yeyish barakani, baxtni uchirar emish.

Gvineyada yangi yilning birinchi kuni ko'chalarda fillarni yetaklab yurish odati bor.

Keniyada odamlar yangi yilda suvda cho'miladi, qayiqda sayr etib, xursandchilik qiladi.

Sudanda yangi yil kuni odamlar bir-birlariga yong'oq hadya etadi, bu — yil davomida baxt sizga hamroh bo'lsin, degani bo'lar ekan.

Xitoyda esa, yangi yil qadimdan “Oy kalendari” bo'yicha yanvar oxiri, fevral boshida nishonlanadi. Shu kuni eski udumlarga asosan kishilar bir-biriga pul solingan qizil konvert sovg'a qiladi. Yangi yilda “Yo'lbars” marosim raqsi juda tantanali va uzoq davom etadi.

Irlandiyada yangi yil kirib kelishi oldidan kechga yaqin barcha xonadonlar eshigi ochiladi va istagan kishi istalgan uyga mehmon bo'lib kirishi mumkin. Shu kecha soat 11:30 da ular o'z shaharlarining markaziy xiyobonlariga yig'ilib, qo'shiqlar aytadi, o'ynaydi va sayr qiladi.

Mo'g'ulistonda yangi yil chorvadorlik bayrami bilan birga kirib keladi. Ular bayramda qo'y go'shti pishirishadi, chuchvara tayyorlashadi, taomilga ko'ra, kim ko'p ovqat yesa, uzoq umr ko'radi, deb hisoblanadi. Bayramda chaqqonlik va botirlik musobaqalari o'tkaziladi.

Bolgariyada esa, odamlar bayram das­turxonlari atrofida yig'ilganida uch daqiqa chiroq o'chirib qo'yiladi. Bu daqiqalarda barcha yangi yil niyatlarini “ko'ngilga tugadi”.

Rossiyada yangi yilni 1 yanvarda bayram sifatida nishonlash ilk bor Pyotr I tomonidan 1699 yilda joriy etilgan. U yangi yilni “Lotin odati bo'yicha” kutish haqida maxsus farmon chiqarib, odamlarni 1 yanvar kirar kechasi gulxanlar yoqish, uyni yashil o'simliklar (archa) bilan bezash, yangi yil bilan bir-birini tabriklashga da'vat etgan. Shunday qilib, Rossiyada 1700 yildan boshlab 1 yanvar yangi yil bayrami sifatida nishonlana boshlangan.

Qadimgi Fransiyada yangi yil to 755 yilgacha 25 dekabrdan, keyinroq 1 martdan boshlangan. 1564 yilga kelib esa, bu bayram qirol Karl IXning buyrug'i bilan 1 yanvarga ko'chirilgan.

Yangi yilning kutib olinishi turli xalqlarda turlicha odatlar va irimlar bilan bog'liq. Masalan, italyanlar yangi yil bayramida eski dazmol va stullarni derazalaridan uloqtirishadi.

Panamaliklar imkon qadar baland ovozda shovqin solishadi. Masalan, baqirishadi, hushtak chalishadi, mashinalarda signal berishadi va hokazo.

Vyetnamda bu bayram yanada qiziqarli kechadi — mahalliy aholining qadimiy aqidalariga ko'ra, Yangi yil karp balig'i yelkasiga mingashgancha suzib kelar emish. Shu sababli vyetnamlik­lar har Yangi yil arafasida tirik karp sotib olib, bayram kuni uni hovuz yoki daryoga qo'yib yuborishadi. Bayram ramzi ham archa emas, balki gullayotgan shaftoli novdasi bo'lib, kishilar shunday novdalarni o'z uylariga ilib qo'­yishadi, bir-birlariga sovg'a qilishadi.

Yangi yilni yangi kiyimlarda kutib olish, muzdan haykal va qasrlar qurish an'anasi Yaponiyadan boshlangan. Kunchiqar yurt vakillari bu bayram arafasida xaskash sotib olishadi. Chunki ayni xaskash kirib kelayotgan yilda xonadonga farovonlik olib kelar emish.

Angliyada Yangi yil kirib keladigan payti — qoq yarim tunda soat bong urishi bilan qilinadigan amallar bor. Soatning birinchi bongida inglizlar o'z uylarining orqa eshiklarini ochib, eski yilni “kuzatib qo'yishadi”. O'n ikkinchi bong yangrashi bilan uyning old eshiklarini ochib, Yangi yilni kutib olishadi.

Sayyoramizning janubiy yarim sharidagi ko'pgina mamlakatlarda Yangi yilda archa emas, balki evkalipt daraxtlarini bezatishadi. Axir, bu paytda u yerlarda jazirama yozning qoq o'rtasi bo'ladi-da!

Gretsiyada xonadon boshlig'i Yangi yil tunida ko'chadan turib, o'z uyi devoriga anor mevasini uloqtiradi. U devorga tekkanida yorilib, donalari qanchalik ko'p va uzoqqa sachrasa, kelayotgan yil shuncha omadli bo'lishiga ishonishadi.

Muxtasar aytganda, hammamiz orziqib kutadigan, zo'r shodiyonalar bilan nishonlaydigan bayramlar orasida Yangi yilning o'rni beqiyos. Bu bayram katta-yu kichikka — barchaga birday quvonch bag'ishlaydi.

Suyundik MAMIROV tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 7 =