Muz ko'chdi…

va hokim muzeyga keldi
Kibriyo Qahhorova… Bu nomni eshitgan yozuvchi, shoir, dramaturg, adabiyotshunos olim, boringki, ko'pgina jurnalistlarimiz, hattoki qo'lidan kitob tushmaydigan o'quvchilarimiz peshonasini tirishtirib, bosh qashimaydi.
Aksincha, Kibriyo Qahhorova ko'z o'ngida namoyon bo'libmi yoki uning bugungi kunda kutubxonalaru kitob do'konlaridan ham topish qiyin bo'lgan, ilk bor 1987 yilda oltmish ming, keyinroq 2007 yilda G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan bor-yo'g'i, ha, bor-yo'g'i uch ming nusxada nashr etilgan va qo'lma-qo'l o'qilgan “Chorak asr hamnafas” kitobi yodiga tushibmi, savolingizga javob berishga tayyorday ko'zingizga mamnun boqadi. Demak, ular Kibriyo Qahhorovani nafaqat taniqli tarjimon, balki yigirmanchi asr o'zbek adabiyotining yirik namoyandasi, jahonning mashhur hikoyanavislari safidan munosib o'rin egallagan, so'z zargari — O'zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhorning rafiqasi, asarlarining birinchi o'quvchisi, eng yaqin va hozirjavob yordamchisi, sharq mumtoz adabiyotining bilimdoni, yirik matnshunos sifatida ham yaxshi bilishadi. Bilganiga shukr! Vazirlik yoki agentlik nomi bilan atalgan nufuzli tashkilotning falon lavozimlari kursisida o'tirib, uy-muzeylariga olisdan turib rahbarlik qilayotganlar kabi, shuni ham bilmasinmi?!
Donishmand bobolarimizning “O'qigan olim…” degan o'gitiga amal qilayaptimi, otasiga rahmat! Demak, uning orzu-havasi, maqsadi bor. Yozuvchi yoki tarjimon bo'lmasa ham, yaxshi inson, odamlarga, jamiyat va davlatga nafi tegadigan yaxshi mutaxassis, oilaparvaru vatanparvar odam bo'lish niyati borki, kitob o'qiyapti. Aks holda, erta bir kun uy-muzeylarning ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy maskan ekanligini unutib, bugungi ayrim rahbarlarday faqat telefon orqali topshiriq berib, hisobot olib, umr o'tkazadimi? Yo'q, hozirgi yoshlar buni istamaydi. Bu ishni zerikarli va samarasiz deb hisoblaydilar. Shu bois chuqur bilim, keng dunyoqarash, ma'naviy yetuklik barcha muvaffaqiyatlarning garovi deb biladi.
Kibriyo opaning o'ttiz yetti yil muqaddam ayol boshi bilan Abdulla Qahhor uy-muzeyini tashkil etish yo'lida chekkan azoblarini eshitsangiz, “buni qarang-a, o'ttiz yetti yildan beri bu sohada deyarli o'zgarish bo'lmabdi-da”, deyishingiz turgan gap.
Opa ne-ne idoralarga qatnab, ne-ne eshiklarga bosh urib, uy-muzeyni tashkil etib, o'zlari direktor emas, yuz so'mdan oshiqroq maosh bilan ilmiy xodim bo'lib ishlab yurgan kezlari gazeta muxbiri bilan suhbatda: “Boshimizda ish buyuradigan ko'p-u, kelib hol so'raydigan yo'q”, degan ekanlar. Chindan ham uy-muzeylar uzoq yillardan beri o'z holiga tashlab qo'yilganini, kelib ketgan vazir ham, hokim ham ularning biron bittasiga qiyo boqmaganligining shohidi bo'lganimizda, bunday qutlug' dargohlarda fidoyi bo'lib ishlayotganlarning dardlarini eshitib, o'tgan yili “Jamiyat” gazetasida “Vazir va hokimlar bormaydigan manzillar”, bu yil “Hurriyat”da e'lon qilingan “Uy-muzeylarning o'gayi yo'q” nomli tanqidiy maqolalarimiz mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining quloqlariga “to'g'ri gap tuqqaningga yoqmas” bo'lib yetdi, shekilli, kechaga qadar biron-bir sado chiqmadi.
Ammo… “Oyning o'n beshi qorong'u bo'lsa, o'n beshi yorug'” deganlaridek, poytaxtning Yakkasaroy tumanida ish boshlagan yangi hokim Nilufar Allabergenova o'z hududidagi Abdulla Qahhor uy-muzeyiga xodimlari bilan qadam ranjida qilib, nafaqat buyuk adib hayoti va ijodi, shuningdek, u kishining umr yo'ldoshi Kibriyo Qahhorovaning qizlarimiz va uy bekalariga ibrat bo'ladigan ko'pdan-ko'p fazilatlari haqida hikoyalar tinglab, muzey muammolari bilan ham qiziqdi. Uy-muzey direktori Sanobar Matlubovadan bu yil Kibriyo Qahhorova tavalludiga 110 yil to'lganligini, u kishining “Chorak asr hamnafas” kitobini qayta nashr etish uchun homiy izlanayotganligini eshitgan tuman hokimi asarni ko'zdan kechirib, bu savobli ishni o'z zimmasiga oldi. Shu bilan birga uy-muzeyning barcha ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarini birgalikda o'tkazishga, mahalla va maktablarda bu ikki ulug' inson ijodiy faoliyatini keng targ'ib qilish yoshlarning kitob o'qishga bo'lgan qiziqishini oshiribgina qolmay, ularni ezgu niyatlar sari intilishga ham undashini ta'kidladi.
Hokim tashrifidan benihoya xursand bo'lgan uy-muzey jamoasi “Taassurotlar kitobi”da uning “Men xalqimizning sevimli adibi Abdulla Qahhor uy-muzeyida uning hayoti va ijodi bilan tanishib, xuddi go'zal bir badiiy film tomosha qilganday bo'ldim. Kibriyoxonimning “Chorak asr hamnafas” kitobini qayta chop etishimiz bilan, albatta o'qiyman!” degan so'zlaridan o'zgacha bir g'urur tuydilar.
Ushbu maqolamizga ko'zi tushgan viloyat, shahar va tuman rahbarlari esa buyuk adib Abdulla Qahhorning “Sinchalak” qissasidagi qat'iyatli, tashabbuskor va fidoyi qiz Saidani eslatuvchi Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenovadan o'rnak olishlariga astoydil ishonishni istar edik.
Nuriddin OChILOV,
jurnalist.