Tasodifdan haqiqatga

Istiqlol nasib etgach, keyingi yo'nalishni belgilab olish ancha jiddiy kechgan. Negaki, qariyb bir yarim asr qaramlikdagi tafakkurni uyg'otish, vaziyat o'zgarganini tushuntirish, bir so'z bilan aytganda, taqdirimiz o'z qo'limizga o'tganini afkor ommaga va xalqqa yetkazish mezonlari mavjud emas, munosabat tamoyillari yaratilmagan edi. Shunday sharoitda etikdo'zning oshpaz bo'lib qolishi qiyin emas edi. Xuddi shunday ham bo'lgan, tariximizning shonli sahifasiga daxldor Amir Temur o'tgan yo'llar bo'ylab yoshlar safariga folklorshunos olim rahbarlik qilgan, ilmdan butunlay yiroq rejissyor esa yo'lboshlovchilikni qo'liga olmoqchi bo'lgan. Chunki sohaning chinakam mutaxassislari hali katta izdihomga aralashmagan edilar.

Bunga ancha yillar bo'ldi. O'sha payt­­da tarix ishqibozlaridan iborat, o'zlarini chinakam vatanparvar hisob­lovchi yoshlar muarrix olim Po'lat Zohidovning suhbatiga musharraf bo'lishdi. Asosan, me'morchilik o'tmishi bilan shug'ullangan olim shu mashvaratga e'tiborli tarixshunos sifatida tanilgan Bo'riboy Ahmedovni ham taklif etgan ekan. Suhbat ancha jiddiy bo'ldi, ishtirokchilar, aslida, gap nimadaligini, masalaga qanday yondashish lozimligini birinchi marta his etdik. Albatta, biz uyushtirgan ekspeditsiya haqida ham gap bo'ldi, ammo uning “etakchilari” bu mashvaratda yo'q, chamasi, “ikki qo'chqor…” voqeasi sodir bo'layotgan edi.

Men tadbirdan keyin imkon topib, ustoz Bo'riboy Ahmedov (Alloh rahmat qilgan bo'lsin) bilan qisqa suhbatlashdim. Rosti, ul zotning uchrashuv davomida bildirgan fikrlari ko'proq ma'qul bo'lgandi va muloqot asnosida yozgan maqolalarim va shu asosda “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasi uyushtirgan safar haqida aytib o'tdim. Domla fikrlarimni e'tibor bilan tingladilar hamda xabardor ekanliklari, hamkorlik qilishga bajonidil roziliklarini bildirdi.

Harakatlar jarayonida anglab bordikki, tarixga murojaat, uni o'rganish, jamoatchilikka yetkazish borasida bir dunyo yumushlar bor ekan va agar sa'y-harakatlar tartibli olib borilmasa, kalavaning uchini yo'qotib qo'yish hech gap emas ekan. Avvalo, 3-4 ming yillik o'tmish chang va g'ubor ichida yotibdi, keyin esa bu boylik turli andazalar, nuqtai nazarlar bilan shunday holga keltirilganki, rostdan yolg'onni, qahramondan dushmanni ajratish qiyin bo'lib qolgan. Ana shu yumushni imkon qadar eplashda tarix fanlari doktori Bo'riboy Ahmedovning tajribasi va ilmiy salohiyati ko'p asqatdi. Keyin domlaning odamoxunligi, samimiyati masalaga sidqidildan, butun mehrni berib yondashishni ta'minladi.

Shunday qilib, 1996 yilgacha — YuNESKO tomonidan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligini xalqaro miqyosda nishonlash haqida to'xtamga kelguncha bu mavzudagi yumushlar yuzaki tanishish, pozitsiyalarni aniqlab olish, birlamchi materiallarni jamoatchilikka ma'lum qilish bilan o'tdi. Rosti, hali totalitar tuzum iskanjasida shakllangan va o'tmishga baho berishda mustaqillik manfaatlaridan emas, sobiq Markaz talablaridan kelib chiqib yondashadigan (afsuski, bunday kimsalar hozir ham mavjud) toifa ham bor bo'lib, ko'pincha ularning irodasi ustuvorlik qilardi. Shunday sharoitda jamoatchilik asosida ish boshlagan “Amir Temur ma'rifiy jamiyati” asosiy yumushlarni bajardi, qolaversa, mamlakat ichkarisidagina emas, xalqaro miqyosda mavzuning mohiyatini tushuntirib berishga katta hissa qo'shdi. Nufuzli xalqaro tashkilotning qarorini qabul qilishni ta'minlaydigan ma'rifiy-axboriy bazani shakllantirishgacha bo'lgan yumushlarni bajarishda tayanch ilmiy markaz bo'ldi, shu tufayli sa'y-harakatlarning qonuniy natijasi sifatida qabul qilingan qaror o'ta mamnuniyat bilan kutib olindi (hatto jamiyatning faol a'zolari Parijga boradiganlarning ro'yxatiga kiritildi). Albatta, bu juda katta muvaffaqiyat edi. Shubhasiz, bu yumushlarning boshida jamiyat rahbari sifatida Bo'riboy Ahmedov turgandi.

Totalitar tuzum sharoitida shakllangan qoliplardan voz kechish, qolaversa, ularni sindirib tashlash oson bo'lmagandi. “Sohibqiron Amir Temur — millat iftixori” degan to'xtamga osonlikcha kelinmagan. Fikr inersiya­­si tufayli bu haqiqatni xaspo'shlash, hali tarixiy ma'lumotlar to'la ommalashmagan sharoitda voqelikni butun bo'y-basti bilan to'la tasavvur qila olmaslik hollari ham bo'lgani rost. Faqat mustaqillik adolatigina hamma ikkilanishlarga chek qo'ydi va mavzuning butun ko'lamini tasavvur qilish imkoni paydo bo'ldi. Shunda qarashlarni tahrir qilish ham yuzaga keldi. Totalitar konsepsiyaga zid ravishda masalaga butun insoniyat manfaatlaridan kelib chiqib baho bergan hur qarashlar oshkor bo'lgach, bu haqiqatni butun borlig'i bilan yuzaga chiqarish milliy ziyolilarning vatanparvarlik vazifasiga aylandi.

O'sha ikkilanish va iztiroblarga to'la kunlar hamon yodda, zero, xotirada u damlar ilk bahor nafasidek ilhombaxsh va yoqimli muhrlangan. Kuz havosi ham navbahordek huzurbaxsh, “kech kuzning tund kunlaridan birida ustoz gazetalarda ishlayotgan qadrdonlariga yangi kitobini taqdim etishni ixtiyor qildi. Qavatma-qavat, xonama-xona hamrohlik qilib yurar ekanman, inson taqdirida iz qoldirgan yillar zalvorini, hayot atalmish oliy ne'matning ishva-yu injiqlik­lari va, nihoyat, taqdirning ajru mukofotlarini yana bir karra his etgandek bo'laman”. Bu iqrorlar qayd etilgan o'ttiz yillar oldin ijtimoiy kayfiyat hozirgidek emas, jamiyatning salmoqli qatlami ikkilanishlar muhitida yashardi. Shunday sharoitda olimning o'z kitobini dastxat bilan topshirishga jahd qilishi eshikma-­eshik yurib, Navro'z kelganini jar solib yurgan bolaning shodon holatiga o'xshardi. “Olimni ko'rganda yorishib ketgan chehralar, taniganlarning mehr va havas bilan boqishlari, tanimaganlarning esa katta ko'zoynakli ushoqqina cholga tavoze bilan joy bo'shatishlari Bo'riboy Ahmedov siymosini borliqda aks ettirib turgandek bo'lardi”.

O, u kunlar! Ilm ahlining qadri qanchalik baland edi! Butun mavjudot ularga intilardi. Qalb ma'rifat bilan nurlangan, vijdon fido­yilikka undar, maqsad — dunyo mezonlari darajasida fikr yuritish, ana shu ko'lamda nasib etgan oliy tole — mustaqillik mohiyatini anglash va anglatish; bu xizmatdan ko'ngillar yuksalgan, ertadan umidlar shoyon baland, shuning uchun uncha-muncha minnatlaru tashvishlar erish tuyulmasdi, aksincha, fidoyilar “eski quduqni tozalashda ko'proq loyga botib ter to'kishdan” tomoshabin bo'lib turganlardan ortiq zavq olardi. “O'shanda domlani maxsus mashinada kuzatib qo'yish imkoni bo'lmagandi. Trolleybusning old o'rindig'iga bemalol o'rnashib olgan yetuk tarixchi olim, o'tmishimizning zukko bilimdoni yigitlardek qo'llarini chambarak qilib xayrlashgancha xalq dengizi ichida sho'ng'ib ketar ekan, zarracha og'rinish yoki injiqlik zohir bo'lgani yo'q. Aksincha, atrofida shuncha odam borligidan bag'ri to'lgandek ulug'vor tuyulgan…” O'sha kunlar hamma bir butun bo'lib, kelajakka porloq umidlar bilan boqqan edi. Ayni paytda Sohibqiron Amir Temurning yorqin shaxsiyati millatni birlashtirish, yuksak maqsadlarga safarbar etishda mayoq, yo'lchi yulduz vazifasini bajargan edi.

Rostdan, u kunlar o'tmishga aylandi, bugun sarhisob qilib qarasam, ustoz Bo'riboy Ahmedov bilan uchrashuvlardan esdalik bo'lib, to'rtta suhbat bisotimda qolgan ekan. Ular bilan qayta tanishib, bir tomondan takrorlanmas kunlar sog'inchini his etgan bo'lsam, ikkinchi tomondan cho'kib borayotgan tepalik ustidan boqsang, tog'lar nihoyatda qo'l yetmas bo'lib ko'rinishini tushunib yetdim. Boy hayo­tiy tajribaga ega bo'lgan, hayotning qaynoq qozonida pishib toblangan, teran tarixiy bosqichlarni boshidan o'tkazgan odamning hayot yo'li afsonaviy titanlardek tuyuldi. O'sha kunlarning jo'shqin ruhi hissiz varaqlardan guvlab turardi. Ulug'vor, yuksak maqsadlarga to'la sermazmun qanday lahzalar…

“Hozirgi kunlarimizning mohiyati nimalarda zuhur bo'lmoqda?” degan savol bilan boshlanadi “Mangu ustuvor haqiqat” (“Xalq so'zi”, 1993 yil 10 fevral) deb nomlangan suhbat. Birinchi jumladanoq o'sha kunlar mas'uliyati, yo'lni adashmay to'g'ri tanlash hayajoni shundoq sezilib turibdi. Suhbat asnosida bildirilgan “SSSR degan davlat parchalangach, ko'p respub­likalar mustaqillik yo'liga o'tib oldilar. Lekin bu hali to'la mustaqillik emas. Buning uchun hali ko'p kurashishga to'g'ri keladi” degan gaplar o'sha kunlarda erish tuyulmagandir, ammo bugun ham o'z dolzarbligini yo'qotgani yo'q. Tarixga munosabat, o'lkamizning yuksak salohiyatidan guvohlik beruvchi omillar, ilk qadamlar va amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar yuzasidan olim o'z fikrlarini izhor qilar ekan, zimmadagi vazifaning naqadar mas'uliyatli ekanini qayd etadi, barcha ijobiy kuchlarni bir nuqtada birlashtirish zarurligini ta'kidlaydi (Manba: “Sohibqiron abadiyati”, “Sharq”, 2016 yil).

“Sibirga ketmagan o'zbek” (“O'zbekis­ton ovozi”, 1994 yil 7 iyun) deb sarlavhalangan suhbatning esa mavzu doirasi ancha keng. Unda ustoz muloqot bahona tarjimai holiga bir qur nazar soladi, “Toleingizdan mamnunmisiz?”, “Bundan ham yaxshiroq natijalarga erishishingiz mumkin edimi?”, “Umuman, o'tmish haqida to'g'ri gapni aytish mumkinmi?”, “E'tiqod bilan yashash osonmi?”, “Ilmda olimning ideali bo'ladimi?” singari nisbatan qaltisroq savollarga ham batafsil javob qaytarib, Rim imperiyasi va SSSRning taqdirini taqqoslaydi, ustozlari Struve, Orbeli, Kononov, Petrushevskiy, Arends va boshqalarni hurmat bilan eslaydi, ularning yuksak insoniy fazilatlaridan hayratini izhor etadi, hayotiy xulosalarini baham ko'radi va suhbat ko'pincha bo'ladigandek, mushtariylarga sabr-­toqat tilash bilan oxiriga yetadi (Manba: “Imzoli xatlar”, “Sharq”, 2007 yil).

Ustoz bilan yaqin muloqotlarda bo'lib, hayot tarziga razm solib, ul zotning katta avlod vakili sifatida ko'p fazilatlariga qoyil qolganman. Shulardan asosiysi — mehnatkashlik, aslida, mehnatsevarlik. Ularning tengdoshlari uchun vaqt eng katta boylik edi va undan imkon chegarasida foydalanishning hadisini olishgan edi. Ikkinchisi — tezkorlik. Buni suhbatlarni tayyorlash jarayonida amalda sezganman. Hech narsani paysalga solmay, har doim men tavsiya etgan savollarga qog'ozda batafsil, yuqori savodxonlikda erinmay, og'rinmay yozib javob qaytarganlar. Bu fazilatlarning hammasi “Amir Temur” tarixiy romanining (1995 yil) yuzaga kelishida yana bir bor isbotlangan.

Oybekning “Navoiy” romanini bugun o'qiganlar “Hammasi ma'lum gap­lar-ku” deyishi mumkin, ammo yozuvchi asarida keltirgan tarjimai holga doir ma'lumotlar o'shanda birinchi marta jamoatchilikka ma'lum qilinganini, Oybek tadqiqotchi sifatida tarixiy dalillarni ham kashf qilganini, ham badiiy aks ettirganini his etishmaydi. Bo'riboy Ahmedov “Amir Temur” asarini e'lon qilganda ham buyuk bobokalonimiz haqida xalqimiz deyarli hech narsani, hatto Mirzo Ulug'bekning uning nabirasi ekanini bilmasdi, desak, xato bo'lmaydi. Ana shunday ma'naviy bo'shliq sha­roitida bu asar xalqqa yetib bordi va juda katta ma'rifiy vazifani bajardi. Kitob buyuk yozuvchi Odil Yoqubovni ham qoyil qoldirgan va uni “tarixiy roman” deb atashni tavsiya qilgandi. Anchagina katta hajmli romanning muxlislar qo'liga nisbatan qisqa fursatda yetib borgani jiddiy muvaffaqiyat edi.

Roman yuzasidan “Istiqlol baxsh etgan ilhom tuhfasi” (“Xalq so'zi”, 1995 yil 26 oktyabr) sarlavhali suhbatda muallif bu holga izoh berib, “Romanda ko'zlagan maqsadingizga to'la erishdingizmi?” tarzidagi savolga javob berish asnosida ijodiy jarayonni batafsil izohlaganlar. Olimning ilmiy faoliyatida o'zbek xalqining kelib chiqishi va etnik tarixi; manbalarni o'rganish va chop etish; Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va madaniyatini tahlil etish yo'nalishlarida Temur va Temuriylar davrini o'rganish ham yetakchi yo'nalish bo'lganini qayd etib, bu soha endi chinakamiga o'rganilayotgani va bahosini olayotganini qayd etgan. Shuningdek, kelgusi ishlari haqida: “Amir Temur” romanining to'ldirilgan nashrini amalga oshirsam, deyman”. Yoshlarga qarata esa: “O'tmishda buyuk mavqedagi davlatlarimiz bo'lgan. Ana shunday qiyofadagi davlatni, inshoolloh, sizlar qurasizlar. Bizlar esa unga g'isht qo'yib ketayapmiz” tarzidagi iqrorlari o'rin olgan (Manba: “Sohibqiron abadiyati”, “Sharq”, 2016 yil).

Umuman, bu davrni butun ko'lami va salohiyati bilan gavdalantirish bugun ham dolzarb bo'lib qolmoqda. Bu boradagi fikrlarini akademik B. Ahmedov “Maxsus qomusga ehtiyoj bor” (“Xalq so'zi”, 1996 yil 17 yanvar) maqolasiga yozgan sharhida bayon etgan. “Temur va Temuriylar davri haqida qomusiy asarlar yaratish ham farz, ham qarz. Mabodo mazkur mavzuda maxsus qomus tartib berilsa, bu madaniy hayotimizda ulkan voqea bo'lardi”, deb umid bildirgan olim. “Sohibqiron Amir Temur hazratlarining hayoti va faoliyatini ommaviy o'rganish va bu ma'lumotlarni xalqqa yetkazish har tomonlama ishonch­­li va mukammal manba bo'lishini taqozo etadi”. Bu ustozning keyingi tadqiqotlar uchun belgilab bergan o'lchovi edi go'yo (Manba: “Sohibqiron abadiyati”, “Sharq”, 2016 yil).

Suhbatlarda katta yo'l boshida turgan olim va jurnalistning kechinmalari aks etgan. Bu izlanishlar dastlabki qadamlar sifatida qadrli. Ba'zan ilk qadamni katta qo'yib, keyin unga yetishish, takrorlash mumkin ham bo'lmay qolar ekan. Garchi munozarali o'rinlar, ikkilanishlar, hatto qiyshiq shakllangan e'tiqodga, jamoatchilik fikriga qarshi borishlar yuz bergan bo'lsa-da, milliy temurshunoslikda bu bosqichning ahamiyati katta. Endi kechagi kunlardagi anglashilmovchilikdan voz kechib, u damlarga ham yorug' nazar bilan boqish, izlanish chalkashliklarini emas, ko'proq samarani taroziga qo'yish o'rinli. Zero, “G'oliblar sud qilinmaydi. Maqsad vositani oqlaydi” degan qarashlar ham ilm ahliga begona emas.

Albatta, yirik tarixchi olim, akademik Bo'riboy Ahmedov tavallud top­gan kunga bir asr to'lishi munosabati bilan aytilishi joiz bo'lgan ardoqli so'zlar ko'p. Negaki, butun ongli hayotini ilmga tikkan, bu jab­haning sinovlariga ham, qiyinchiliklariga ham, shuhratu madh etish­lariga ham matonat bilan bardosh bergan olim ko'plab shogirdlari, qimmatli tadqiqotlari bilan munosib e'zozga loyiqdir.

Hakim SATTORIY,

yozuvchi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 17 =