“Oq uy”ga qaytish

Donald Tramp “Oq uy”ga qaytmoqda. “Time” jurnali yangi Prezident o'z faoliyatini boshlamay turib, uni “Yil odami” deb e'lon qildi. Tramp ushbu jurnalning an'anaviy tanlovida taniqli nomzodlar Kamala Xarris, Ilon Mask, Uels malikasi Keyt Middlton, Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaumni ortda qoldirdi va ikkinchi marta bu sharafli nomga ega bo'ldi. Uning bu yutug'iga saylovoldi uchrashuvlarida “Agar men g'alaba qozonsam, Ukraina-Rossiya mojarosini to'xtataman, Amerikaning buyukligini tiklayman, iqtisodini mustahkamlayman”, degan va'dalari, Panama kanalini nazoratga olish, Grenlandiya orolini qo'lga kiritish istaklari sabab bo'lgan bo'lishi mumkin. Nima bo'lganda ham, amerikaliklar unga ishonch bildirishdi. “Oq uy”ni tark etayotgan Bayden imkoniyatidan foydalanib, tergovda bo'lgan o'g'lini afv etdi. Mamlakat qonunlariga ko'ra, uning bu qarorini hech kim o'zgartira olmaydi.
“Time” bosh muharriri Sem Jekobsning fikricha, keyingi 97 yilda jurnal aniqlagan mashhur yil odamlari ichida Tramp fenomeni alohida ajralib turadi. Uning Prezident sifatidagi birinchi muddati kutilmaganda Kapitoliyga hujum bilan tugadi. Sobiq Prezidentga nisbatan ko'plab jinoiy ishlar ochildi. Tergov harakatlari boshlandi. Ammo u “Oq uy”da yana bir muddat o'tirish niyatidan qaytmadi. Qonunsiz yashayotgan migrantlarni mamlakatdan deportatsiya qilish, federal hukumatlarni, korrupsiya botqog'iga botgan samarasiz institutlarni qisqartirish rejalari keskin tanqidga uchradi. Shunga qaramay, niyatiga yetdi. Ochig'ini aytganda, katta siyosatga 2015 yili kirib kelganidan beri boshqa hech bir rahbar dunyo siyosatiga yaxshimi-yomonmi, Trampchalik ta'sir ko'rsata olmagan.
AQShda Prezidentlik saylovida g'olib chiqqan nomzodning lavozimga kirishish marosimi — Inauguratsiya qoidalari mamlakat Konstitutsiyasida qat'iy belgilab qo'yilgan bo'lsa-da, har gal bu tadbirda kutilmagan yangilik bo'lib turadi. Amerikalik saylovchilar bunga ko'nikib ketishgan. Chunki yangi Prezident davlat rahbarligiga qanday rejalar, islohotlar bilan kelayotgani, mamlakatning tashqi va ichki siyosatida qanday o'zgarishlar yuz berishi mumkinligini bilish ular uchun g'oyat muhim. Shu ma'noda bu marosim dunyoning ko'plab mamlakatlari siyosiy elitasini ham qiziqtiradi.
Inauguratsiya marosimi tarixi juda ham boy. Uliss Grantning 1873 yil 4 mart kuni o'tkazilgan inauguratsiyasi saylovchilar yodida uzoq vaqt saqlanib qolgan. Chunki o'sha kuni mamlakat poytaxtida havo harorati 29-30 daraja sovuq bo'lgan. 1841 yili mamlakat Prezidentligiga saylangan Uilyam Xarrison ochiq maydonda, izg'irin sovuqda salkam ikki soat (8445 ta so'z) nutq so'zlagan va jiddiy shamollab, oradan bir oy o'tgach, vafot etgan.
Jorj Vashingtonning inauguratsiya nutqi 135 ta so'zdan oshmagan. 1977 yili Oq uy sohibiga aylangan Jimmi Karter rafiqasi Rozalin bilan maxsus tayyorlangan kortejga o'tirmay, inauguratsiya joyigacha piyoda borgan.
2009 yildagi birinchi inauguratsiya chog'ida Barak Obama AQSh Oliy sudi raisi Jon Robertsning ortidan qasamyod matnini so'zma-so'z qaytarishda yanglishib ketgan, ya'ni u “Qo'shma Shtatlar prezidenti majburiyatlarini halollik bilan bajaraman”, deyish o'rniga “Qo'shma Shtatlar uchun prezident majburiyatlarini halollik bilan bajaraman”, deb yuborgan. Bu xato shu kuniyoq katta shov-shuvga sabab bo'lgan, Obamaning lavozimga kirishish marosimi qayta o'tkazilgan.
Prezidentlikka saylangan nomzodning inauguratsiya nutqi AQSh siyosiy hayotida o'ta muhim hujjat hisoblanadi. Yangi rahbar Amerika xalqiga va jahon hamjamiyatiga bevosita murojaat qiladi, siyosiy, iqtisodiy va boshqa muhim yo'nalishlarga doir qarashlari, to'rt yil muddatda amalga oshirishni ko'zlayotgan rejalari, shuningdek, AQShning jahonning yetakchi davlatlari, nufuzli xalqaro tuzilmalar, harbiy-strategik sheriklar bilan munosabati, mamlakat ichki va tashqi siyosati asoslari o'z aksini topadi.
1861 yili Abraxam Linkoln o'z nutqida quyidagilarni ta'kidlagan: “Menda shtatlarimizda mavjud bo'lgan qulchilik institutiga bevosita yoki bilvosita aralashish niyati yo'q. Ishonchim komilki, bunga mening qonuniy haqqim ham yo'q”. Jon Kennedining 1961 yilgi inauguratsiya nutqida: “Men uchun aziz bo'lgan amerikaliklar! Vataningiz sizlar uchun nima qilib berishini mendan so'ramang, sizlar Vataningiz uchun nima qilib berishingiz lozimligini so'rang. Muhtaram dunyo xalqlari! Mendan Amerika sizlar uchun nima qilib berishi zarurligini so'ramang, biz hammamiz birgalikda inson erkinligi uchun nima ish qilishimiz mumkinligini so'rang”, degan ta'sirchan da'vat bor edi.
1981 yili mamlakat rahbarligiga kelgan Ronald Reygan AQSh iqtisodiyotining o'sha paytdagi og'ir ahvolini nazarda tutib, amaldagi hukumat bilan iqtisodiy tanazzulning oldini olish mumkin emasligi, chunki bu hukumatning o'zi tanazzulga yuz tutganini ochiq e'tirof etadi.
Bill Klintonning 1993 yilgi inauguratsiya nutqida o'sha paytda ko'plar deyarli e'tibor bermagan bir tezis bor. Gap shundaki, qurollanish poygasida AQSh bilan muttasil raqobatlashayotgan sovetlar ittifoqining tarqab ketishi okean orti siyosatdonlarining ilhomini jo'shtirib yuborgani sir emas. Bir-biriga qarama-qarshi turgan ikki “dev”ning biri quladi, dunyoda yangi ijtimoiy-siyosiy vaziyat yuzaga keldi. Yosh Klinton bu tarixiy vaziyatdan maksimal darajada foydalanib qolish kerakligiga urg'u berib, “Parvardigorning o'zi bizga shunday imkon berdiki, bu mavqeni susaytirmaslik lozim”, dedi. Ota-bola Bush davrida mamlakat hududlaridan tashqarida amalga oshirilgan harbiy operatsiyalar, Barak Obama paytida Iroqning vayron qilinishi va boshqa ko'plab holatlar ana shu yakkahokimlik xohishidan kelib chiqdi, desak, xato bo'lmaydi.
Donald Tramp 2016 yilgi saylovda g'olib bo'lgach, Nyu-Norkda so'zlagan nutqida quyidagicha fikr yuritgan edi: “Amerikaliklarga yaxshi maktablar, odamlar bexavotir yashaydigan mavzelar, yaxshi ish joylari kerak. O'z huquqini bilgan odamlarning talabi shu. Ammo bizda real hayot butunlay boshqacha. Kambag'allik mavjud. Deyarli chirib bitgan zavodlar qabrtoshlarni eslatadi. Maorif tizimimiz yoshlarimizga ta'lim-tarbiya, bilim berayotgani yo'q. Jinoyatchilik, jinoiy guruhlar, giyohvand moddalar juda ko'plarning hayotiga zomin bo'ldi, mamlakatni xarob qildi…” Tramp, shuningdek, “Oq uy”dagi faoliyati davomida Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash, terrorizmga qarshi kurashish, mamlakatni noqonuniy qochoqlardan himoya qilish, marixuana sotishni legallashtirish, o'lim jazosini bekor qilmaslik, amerikaliklarning qurol sotib olish huquqini saqlab qolish, mamlakatda korrupsiyaga qarshi jiddiy kurash boshlash, matbuotning yakkahukmronlik mavqeini pasaytirish, soliqlarni kamaytirish, sog'liqni saqlash bo'yicha Prezident Obama joriy etgan dasturni bekor qilish, kambag'al oilalarning bolalari ham nufuzli maktablarga kirib o'qishlari uchun sharoit yaratishga qat'iy bel bog'laganini bildirdi. Shu yili Davos forumida nutq so'zlar ekan, “Bugun men bu muhim tadbirda Amerika xalqining manfaatlaridan kelib chiqqan holda mening mamlakatim do'stlik va hamkorlik asosida o'zini yangilashga tayyorligini e'tirof etish uchun qatnashmoqdaman. Ushbu forumda qatnashayotgan barcha mamlakatlar kabi, Amerika ham har bir mamlakat o'zaro hamjihatlikda taraqqiyotga erishishi, har bir go'dakning emin-erkin yashashi, zo'ravonlik, ochlik va qo'rquvdan xoli balog'atga yetishini umid qiladi”, degan edi.
Oradan sakkiz yil o'tdi, keksa Bayden davri ham nihoyasiga yetdi, ammo bu vazifalarning, dunyoda, AQShda yuzaga kelgan yangi muammolarning har biri o'z yechimini kutib turibdi. Davlatlararo munosabatlar yaxshilansa, diplomatik, iqtisodiy, ilmiy, madaniy va boshqa aloqalar yo'lga qo'yilsa, bundan har ikki tomon, shubhasiz, yutadi. Zero, bugungi murakkab, taloto'pli dunyoda hech bir davlat, mamlakat, harbiy yoki iqtisodiy imkoniyatidan qat'i nazar, o'z holicha, o'z bilganicha yashay olmaydi. Insoniyat oldida turgan va kun sayin kuchayib borayotgan muammolarni faqat birgalikda, bamaslahat, bosqichma-bosqich hal qilish mumkin. Boshqa yo'l yo'q.
Terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashni olaylik. Bu borada biror natijaga erishish uchun tomonlarning o'zaro hamjihatligi talab etiladi. Bu kurashga har kim o'zining shaxsiy manfaati nuqtai nazaridan yondashsa, so'z va amal birligi ta'minlanmasa, chigal vaziyat yanada chigallashadi. Buni anglash qiyin emas.
Qochoqlar muammosi muammoligicha qolmoqda. Hech kim o'z xohishi bilan qochoqqa aylanmaydi, uysiz-joysiz begona mamlakat ko'chalarida sargardon yurmaydi. Shunday ekan, bu muammoni g'arb davlatlari o'z hududlarini sim devor bilan o'rash, yo'llarga to'siq qo'yish bilan emas, mantiqsiz urushlarni, zamonaviy bosqinchilik, zo'ravonlik harakatlarini bas qilish, o'zga mintaqalarni siyosiy ta'sir doirasiga olish niyatlaridan voz kechish, har bir xalqning o'z taqdirini o'zi belgilash, o'ziga ma'qul yo'ldan yurish huquqini tan olish bilangina hal qilish mumkin.
Hal qilinishi lozim bo'lgan muammolar to'lib-toshib yotibdi. Ulardan biri amerikaliklarning qurol sotib olish va qurol olib yurish huquqi. Bu huquq AQShda demokratiya va amerikacha erkinlikning konstitutsiyaviy ifodasi sifatida katta mavqega ega. Ammo keyingi yillarda bu huquq qanday ayanchli fojialarga sabab bo'layotgani hech kimga sir emas. Qurol muammosini hal qilish borasidagi takliflar, masalan, aholiga qurol sotishda ayrim cheklashlarni joriy qilish xususidagi urinishlar natija berayotgani yo'q.
Insoniyatning bugungi muammolari faqat shular emas. Dunyo pul hukmronligi ta'siriga tushib bormoqda. Inson boylikni emas, boylik insonni boshqarishga o'tayotganday. Yirik sanoat korxonalari, masalan, po'lat quyish zavodlari mutasaddilari butun umri olovli sexlarda o'tayotgan mutaxassislarning og'irini yengil qilish ustida emas, ularni ishdan bo'shatib, ish haqi talab qilmaydigan robotlardan foydalanishni rejalashtirmoqdalar. Ekologik vaziyat tobora chigallashib bormoqda, iqlim yomon tomonga o'zgarayotir, million yillik muzlar erishdan to'xtayotgani yo'q. Olimlar keyingi ellik yil ichida dunyoda qushlar, baliqlar va amfibiyalarning soni 60 foizga qisqarib ketganini, bu jarayon keyingi o'n-o'n ikki yil ichida yanada tezlashayotganidan xavotirda. Ahvol shu darajaga yetib bordiki, insoniyat bu ona zamin kelgusi avlodlar uchun ham beshik ekanligini unutib qo'yayotganday.
Xalqda “Yotib qolguncha otib qol”, degan naql bor. AQShning qirq to'rtinchi Prezidenti Barak Obama o'z vaqtida “Oq uy”ni tark etganidan keyin, Berlinda bo'lib o'tgan matbuot konferensiyasida shu naqlga mos bir taklifni o'rtaga tashlagan edi: “Kutilayotgan o'zgarishlar dunyoni yanada murakkablashtiradi, ayovsiz va johil qiladi. Bordi-yu, biz yangi tahdidlarga dosh bera oladigan kuchli transatlantik alyansga (ya'ni NATOga) ega bo'lmas ekanmiz, bolalarimizga juda yomon, xavf-xatarli dunyoni qoldirgan bo'lamiz, oldinga qarab yurish o'rniga, orqaga qaytamiz. Shu bois AQShda kim Prezident, Germaniyada kim kansler bo'lishidan qat'i nazar, bu holatni unutmasligimiz kerak”.
Mana, gap qaerda! Otdan tushsa ham egardan tushmagan siyosatdonning gapi. Bizning nazarimizda, uning harbiy alyansni yanada kuchaytirish taklifi bugungi dunyoning umumiy holatiga g'oyat salbiy ta'sir ko'rsatayotgani sir emas. Qurol kuchi bilan hech qachon va hech joyda tinchlikka erishib bo'lmaydi. Bunga erishish uchun dunyo olimlari ommaviy qirg'in qurollarining yangi-yangi turlarini yaratish, borlarini takomillashtirish ustida emas, xalqning turmush tarzini yaxshilash, tibbiy, ekologik muammolarni hal qilish, virusli pandemiyalarning oldini olish borasida ishlashlari kerak bo'ladi.
O'zbekiston-AQSh munosabatlariga kelsak, Amerika davlatimiz mustaqilligini 1991 yil 25 dekabrda tan olgan. 2002 yil mart oyida Vashingtonda O'zbekiston va AQSh prezidentlari o'zaro Strategik hamkorlik haqidagi deklaratsiyani imzolashgan. 2018 yil may oyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga birinchi rasmiy tashrifi yakunlari bo'yicha ikki mamlakat o'rtasidagi strategik sheriklikning yangi davri boshlangani haqida qo'shma bayonot qabul qilingan. Yangi O'zbekistonning bugungi tashqi siyosatida dunyoning barcha mamlakatlari bilan teng ma'noda hamkorlik qilish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab qo'yilgan. O'zbekiston suveren davlat, jahon hamjamiyatining faol a'zosi sifatida davlatchilik faoliyatining barcha yo'nalishlarida o'zining qat'iy pozitsiyasiga ega va bu pozitsiya biror bir taraf yoki kuchning bosimi bilan boshqa bir tomon foydasiga o'zgarmaydi. Biz xolis niyat, ezgu maqsadlarga hamisha ochiqmiz. Matbuotda AQSh Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi yetakchilaridan biri Deniel Randening Amerika siyosatchilarini O'zbekiston bilan aloqalarni kuchaytirishga chaqirgani haqida yozildi. Randening fikricha, “Toshkent tashqi aloqalarda Xitoy va Rossiya bilan emas, dunyoning boshqa mamlakatlari bilan yaqinlashsa, bu yaqinlik AQSh uchun g'alaba deganidir. Shunday ekan, Tramp ma'muriyati O'zbekiston bilan diplomatik aloqalarni mustahkamlashi lozim”.
Bir qarashda yaxshi chaqiriq. Biroq kosa tagida bir “nim kosa” ham ko'rinib turibdi. O'zbekiston biror-bir davlat bilan manfaatli hamkorlik qilar ekan, bu aloqa boshqa bir davlatning manfaatiga emas, o'zaro hurmat, bag'rikenglik va yuksak insoniylik prinsiplari asosiga quriladi. O'zbekiston dunyo davlatlari o'rtasida bugun yuzaga kelgan qonli mojarolarni tinch yo'l bilan hal qilish, qurollanish poygasini to'xtatish, jabrdiydalar, mazlumlar, onalar va bolalarni himoyalash, zulm va qirg'inga yo'l qo'ymaslik, yigirma birinchi asrning bunday sharmandali odamkushligiga chek qo'yish tarafdori.
Donald Tramp “Oq uy”ga yangi va'dalar bilan kelmoqda. Uning ikkinchi muddati qanday kechishini vaqt ko'rsatadi, albatta. Saylov chog'i berilgan va'dalarga amal qilish fursati yetdi. Bugun faqat Amerikada emas, dunyoning boshqa ko'plab mamlakatlarida ham va'dalar amaliy harakatlarga mos kelishini umid qilib turishibdi. Balki bu moslik Yevropa osmonini urush harakatlari tutunidan butunlay xalos etar, AQSh-Rossiya munosabatlari izga tushar, Markaziy Osiyo davlatlari uchun 1974 yili AQSh Savdo qonuniga kiritilgan Jekson-Venik tuzatishi bekor qilinar. Balki… Amerikada uzoq yillar og'izdan og'izga o'tib kelayotgan, ma'no-mazmuni o'zgarmayotgan “Amerikada siyosat emas, Prezident o'zgaradi”, degan fikr yana o'z tasdig'ini topar. Buni ham vaqt ko'rsatadi. Qudratli davlatlarning qudrati tinchlik, totuvlik va xotirjamlikka xizmat qilsa bo'ldi.
Ahmadjon MELIBOYEV,
O'zbekistonda xizmat
ko'rsatgan jurnalist.