Yonib kul bo'lgan Los-Anjeles

yoxud boylar ham yig'laydi
Yangi yilning ilk kunlari, aniqrog'i, beshinchi yanvarda AQShning mashhur Los-Anjeles shahrida 82-bor o'tkazilayotgan “Oltin globus” mukofotini topshirish marosimi bo'lib o'tdi. Unda dunyo kino yulduzlari shod-shodon, olamda ulardan baxtiyor, baxtli kishilar yo'qday yastanib o'tirdilar. Mukofotlarni topshirish payti yarim yalang'och boshlovchi istehzo bilan: “Taqdirlash marosimida birinchi marta g'oliblarning hech biri xudoga shukur aytmadi, demak, muvaffaqiyatlarimizni xudosiz ham uddaladik”, dedi. Bu so'zlar Gollivud yulduzlari to'la koshonada kulgi va olqishlarga sabab bo'ldi. Ammo… baxtu shodlikdan zavqlanishdan ikki kun o'tiboq Los-Anjelesda yong'inlar boshlandi. Odamlar yong'inga Los-Anjelesdagi hayot tarzi, u yerdagilarning xudoga shak keltirgani, fosiqligi sabab bo'ldi, Yaratganning qahri keldi, deb yozishdi.
1912 yilda “Titanik” kemasini ixtiro qilganlar (kema ixtirochisi Tomas Endryus, kema sardori Edvard Smit bo'lgan): “Bu kemani xudo ham cho'ktira olmaydi”, degan ekan. Lekin “Titanik” birinchi safardayoq aysbergga urilib cho'kib ketgandi. Kiborlarning tabiati shunaqa o'zi, osmonu falakda yurishadi.
Kino afsonalarida dunyoni qutqargan qahramonlar rolini o'ynagan yulduzlarning o'zlari bugun yordamga muhtoj bo'lib, ko'zlari mo'ltirab turibdi. Ular dunyo tugul o'zlariga ham yordam berolmadi. Amerikalik yetmish yetti yoshli mashhur aktyor Jeyms Vuds yaqindagi chiqishida G'azo sektorining barcha aholisini o'ldirib yuborishga va anklavni tosh davriga qaytarishga chaqirgan edi. G'azolik begunoh insonlarni qirib tashlash haqidagi qonxo'r g'oyani targ'ib qilgan aktyor millionlab insonparvar odamlarning qarg'ishiga qoldi. To'g'rirog'i, Allohning qahriga uchradi. U Kaliforniyadagi ofat vaqtida yonib ketgan uyi haqida gapirib, jonli efirda yig'ladi va oilasini Los-Anjelesdan evakuatsiya qilishgani haqida gapirdi. Bugun kuyib kul bo'lgan Los-Anjelesni kecha “bu dunyoning jannati” deb atashardi. Ularning jannatidan asar ham qolmadi. Ha, Allohning qudratiga o'lchov bormi?!
Odamlar boshiga kulfat tushganidan xursand bo'lish mumkin emas, gunoh bo'ladi. Eng arzoni uch-to'rt million dollar, qimmatlari esa yetmish million dollardan ham ortiq bahodagi uylari bor boy-badavlat insonlar istiqomat qiladigan shaharda bolalar, qariyalar, nogironlar, xullas, begunoh insonlar ham bor edi. Lekin “o'rmonga o't tushsa xo'lu quruq baravar yonadi”, deganlaridek, butun shahar ahli ziyon ko'rdi. 10 mingdan ziyod binolar yonib kul bo'lgan. 300 mingdan ziyod aholi evakuatsiya qilingan. Dahshatlisi, o'nlab kishilar hayotdan ko'z yumib, necha yuz minglab kishilar bir soniyada bor-budidan mosuvo bo'lishdi. O't balosidan saqlasin deganlari bejiz emas.
Bugun kultepaga aylangan hududlarda elektr yo'q, gaz yo'q, suv yo'q — go'yo hayot to'xtab qolgandek. Vayronalarni tiklash u yoqda tursin, tozalash uchun qancha mablag', qancha kuch kerakligini hatto tasavvur qilish qiyin. Kaliforniya tarixidagi eng dahshatli vayronagarchilik oldida zamonaviy texnologiyalar rivoji cho'qqiga chiqqan, rivojlangan mamlakatlar ham ojiz ekanini ko'rsatib qo'ydi. Amerikani titratgan olov Allohning qahrimi yoki iqlim o'zgarishi haqiqatimi? Bu faqat Yaratganga ayon. Ikki haftadirki, beqiyos qudratga egaman deb dunyoga dag'dag'a qilayotgan Amerika o't balosini bartaraf eta olmay ovora…
Toshkentda toza havo qayon ketdi?
Aytmasak bo'lmaydi, sifatsiz yonilg'ilarda harakatlanayotgan avtomashinalar oqimi ko'payishi, ko'mir kabi qattiq yonilg'idan keng foydalanish, bunyod etilayotgan inshootlar, qimmatbaho uy-joylarning ortib borishi va so'nggi yillarda tabiatga o'yloqsiz yetkazilgan zarar, ming-minglab daraxtlarning kesib tashlanishi oqibatida Toshkent shahri ham bugun ekologik halokat yoqasiga kelib qoldi. Bundan to'rt hafta avval poytaxtda ifloslanish darajasi dunyo shaharlari orasida birinchi o'ringa chiqdi. RM 2.5 konsentratsiyasi Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tavsiya qilgan yillik o'rtacha havo sifatidan 35 baravar yuqori bo'ldi. Bu favqulodda bo'ladigan holat-ku! Tashkilotga ko'ra, havo ifloslanishi ko'rsatkichlari orasida salomatlik uchun eng katta xavf tug'diradigani aynan RM 2.5 dispers zarrachalardir.
Shu yilning 16-17 yanvar kunlari poytaxt havosidan nafas olib bo'lmay qoldi. Ifloslanish darajasi dunyo shaharlari orasida ikkinchi o'ringa chiqdi. Havoni ifloslantirish manbalarini aniqlab, bartaraf etishga mas'ul bo'lgan ekologiya nazorati xodimlari esa havoning ifloslanish sabablari haqida ma'lumot bermoqda, xolos. Shahar atrofida va ichidagi issiqxonalarda, issiqlik markazlari va issiqlik elektr stansiyalarida ko'mir va mazutdan foydalanilayotgani ham ahvolni yanada og'irlashtirmoqda.
Xullas, hamon Toshkent havosining ifloslik darajasi yuqori bo'lib qolayotgan ekan, yurak-qon tomir, nafas yo'llarida kasalligi bor bemorlarga juda jabr bo'layotgani sir emas. Odamlar poytaxt rahbarlaridan, ekologiya va atrof-muhit musaffoligiga mas'ul bo'lgan amaldorlardan so'rashga haqli: bu ahvol qachon yaxshilanadi?
Gavhar DILMURODOVA,
jurnalist