Xohlasangiz shu…

Mustaqilligimizdan har qancha aylanib o'rgilsang arziydi! Mirishkor dehqonlarimiz, fermerlar, tadbirkorlar baxtimizga doim omon bo'lishsin!

Mustabid tuzum davrida didingizga yoqqan biror kiyim yoki noyob buyum kerak bo'lsa, to'ppa-to'g'ri magazinga bormay, avval tanish topib (“shapka”sini ham to'lab) ishingizni bitirar edingiz. Endi-chi, qaysi do'konga kirmang, istagan narsani topish mumkin. Faqat pulingiz bo'lsa, bas!

Bozorlarimiz ham to'kin-sochin. Avvallari o'zi u yoqda tursin, hatto nomi ham tushingizga kirmagan, xorijdan keltirilgan banan, kivi, mango, ananas, turli nav mandarin, apelsin, ehhe, hamma noz-ne'matlar peshtaxtalarda to'lib-toshib yotibdi.

Bunday mo'l-ko'lchilikni bunyod etayotgan dehqon-u tadbirkorlarni “Aslo kam bo'lmanglar, ilohim, umringizdan baraka topinglar!” deb duo qilamiz.

Insofli tadbirkorlar o'z ishchi-xodimlariga ish haqini yetarli miqdorda to'lab, kun davomida issiq ovqat bilan ta'minlashi, bayram arafalarida mukofot puli berishi, goho-goho havosi musaffo tog'li, so'lim joylarga sayohatlar uyushtirishi kabi ezgu ishlar qilayotganiga qoyil qolasiz. Odamiylik hukm surgan bunday korxonalarda ish unumi yuqori, rahbarlarga hurmat-ehtirom o'z joyida bo'ladi, albatta.

Endi vaqt taqozosi bilan ba'zi tadbirkorlarga tegishli, og'riqli bir muammo haqida ham ikki og'iz so'zimiz bor.

Hukumatimiz har yili ish haqi, pensiya va nafaqalarni oshirib boradi. Lekin ayrim tadbirkorlar qo'lida ishlayotgan ishchilarning ish haqini negadir oshirmaydi. Ba'zi bir korxona rahbarlarining nayrangini ko'rsangiz, ikki million yoki uch million so'm oylikning yarmini “vedomost”ga kiritib, qolgan yarmini naqd to'laydi.

Axir bunda bechora ishchi bir kun kelib, pensiyaga chiqadigan bo'lsa, kam pensiya bilan chuv tushgancha qolaveradi. Bunday adolatsiz holatlarga o'zim guvoh bo'lganman.

“Narx-navo tinmay oshib borayotgan, byudjet tashkilotlarining ish haqi har yili oshirilayotgan bo'lsa-yu, bizniki nega oshirilmaydi?” degan savolga xo'jayinlari: “Xohlasangiz shu, xohlamasangiz ishdan ketishingiz mumkin. O'rningizga boshqasini qabul qilamiz”, deb javob berishadi. Bechora ishchi ishsiz qolishdan cho'chib, noiloj arzon-garovga ishini davom ettirishga majbur bo'ladi.

Taklif shuki: hukumatimiz har yili ish haqini necha foizga oshirsa, barcha tadbirkorlar o'z ishchi-xizmatchilarining maoshini ham shuncha foizga oshirishi belgilab qo'yilsa.

To'g'ri, Davlatimiz rahbari oylik-maoshlar, pensiya va nafaqalar, talabalarga beriladigan stipendiyalarni oshirish haqida farmon chiqardilar. Ammo xususiy korxonalar o'z bilganlaricha ish ko'rishadi. Chunki davlat tadbirkorlik, xususiy korxonalarga “falon miqdorda maosh oshirilsin” deb buyruq bera olmaydi. Bu qonuniy to'g'ridir. Ammo yil davomida ishchilariga o'z bilganlaricha maosh berish, soliq to'lashdan qochib, davlatdan yashirib “konvert” bilan haq to'lash, buning ustiga, korxonada 50 kishini ishlatib, tegishli hisobotlarga 5 kishini ko'rsatib faoliyat yuritish ham insofsizlik emasmi?!

Shunday ekan, bu borada ham o'ylab ko'radigan, ijobiy yechimini topish mumkin bo'lgan muammo bor, nazarimizda. Zero, qonun barchaga teng, barobar bo'lishi lozim emasmi?

Jahongir PIRMUHAMMEDOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + two =