Bizda hamma narsa bor

Odam bolasi qanday sharoit bo'lmasin, hammasiga ko'nikadi. Uning yashovchanligi ham ana shunda. Oh-voh qiladi, o'zini to'rt tomonga uradi, keyin hamma qatori aravasini sudrab yuraveradi. Zamon, makonlar aylanadi, nasllar, fasllar almashadi, lekin bandasi tushmagur o'sha-o'sha noshukurligicha qolaveradi. Odamzod yoz bo'lsa, qishni qo'msaydi, qish kelsa, yozni sog'inadi. Boshiga baxt qushi qo'nib, ishi yurishib ketsa, kechagi kunini unutadi-qo'yadi. Ishi yurishmasa, zamondan noliydi, kechagi kunini qo'msaydi, “eh, kommunizm o'tib ketibdi, bilmay qolibmiz”, deydi. Bunday yashab bo'lmaydi, deydi.
Ishga otlanib, odatdagiday “Damas”ga chiqdim. Kirakash doimiy ashulasini boshladi.
— Yana mashinaga solinadigan gaz qimmatlashibdi, buncha narxini ko'tarishadi, ko'tar-ko'tar toza jonga tegdi. Kira haqini ko'tarsak, xalq norozi bo'ladi.
Yo'lovchilar birdan hushyor tortib, ko'proq pul talab qilib qolmasin uchun kirakashga yo'l puli uzatishdi.
— Jonga tegdi, jonga tegdi, — chuvullashdi hammasi.
— Bozorni aytmaysizmi, bozorni, — qulog'im ostida shang'illadi bir yarim kishining o'rnini egallab olgan yuzi rapidaday xotin. — Hamma narsa zahardan qimmat. 500 ming olib chiqsang, sumkang yarim bo'lmaydi.
— Bo'lmaydi, bo'lmaydi, — ma'qulladi ko'pchilik.
— Xalqaro terrorchilar hech kimga kun bermay qo'ydi, — yuzining chandig'i ariqcha bo'lib, bo'ynining ichiga kirib ketgan lo'libashara barzangi g'o'ng'illadi. — Hamma qimmatchilik ana shundan. Ilgari mo'l-ko'lchilik edi, hammaning cho'ntagida pul bo'lardi, hozir kimning qappayib turgan kissasiga qarasang, yo setka, yo semichka bo'ladi…
Yo'lovchilar sergaklanib, cho'ntaklarini paypaslab olishdi.
— Pul qayda deysan, jiyan, — gapga qo'shildi shopmo'ylov kishi qo'lidagi setkani qattiqroq changallab. — Hozir odamlar nonga zo'rg'a pul topyapti, cho'ntagida pul olib yurarmidi?
— Pul yo'q, pul yo'q, — ayyuhannos soldi hamma. — Pul bo'lganda, taksida ketar edik.
— Nega pul yo'q, pul bor, — dedi barzangi shopmo'ylovni ko'zi bilan suzib. Uning rangi oqarib, setkasini battarroq changallab oldi. Barzangi rapida yuz xotinga, keyin tullaktelpakka nazar tashlab, basharamning ro'baro'siga kelib to'xtadi: — Bankda.
— Bankdagi pul gazagimga dori bo'larmidi, ana, “Vester bir balo” deganidan bank orqali o'g'lim chetdan pul yuborgan ekan, ikki haftadan buyon ololmayman, — dedi rapida yuzli xotin. — Pulni nimaga ishlatish keragini yozmagan ekan, endi orqaga qaytarib yuborisharmish.
— Hamma ayb o'zimizda, — dedi shu paytgacha gap qo'shmay, ko'zi o'ynab o'tirgan tepakal, bashang kiyingan galstukli kishi. — U yo'q, bu yo'q, deb noliganimiz-noligan, har xil mish-mishga ishonamiz, qo'shib-chatib boshqalarga yetkazamiz, undan keyin tepada o'tirganni aybdor qilamiz. Qani, kimning kuni o'tmay qolyapti? Hammaning uyida bir burda noni, obiyovg'oni bor, Xudoga shukur qilish kerak…
Yo'lovchilar birdan jim bo'lib qoldi.
— Mana, hamma narsaning narxi ko'tarilib ketyapti, bunday yashab bo'lmaydi, deymiz, to'ylarni qarang, qanchalik ko'payib ketganini. Soch to'yi, yosh to'yi, muchal to'yi, aqiqa, sunnat, nikoh, charlar… e, son-sanog'iga yetib bo'lmaydi. To'yxonaga kirsang, dasturxon to'kinligidan yorilib ketay deydi. Odamlar bu kamlik qilganday, hatto fotiha to'y, gashtaklarni ham restoranda qilyapti. Yana nima kerak? Qachon bunday zamon bo'lgan?
Yo'lovchilar kelishib olganday birdaniga:
— To'g'ri-to'g'ri, — deya ayyuhannos solishdi. — Bunday zamon bo'lmagan!
— Bo'lmaydi ham! — davom etdi tepakal. — Qimmatchilik, qimmatchilik deymiz, oylik maoshlar necha martalab oshirildi? — tepakal menga sinovchan qaradi: — Mana, sizning maoshingiz qancha? — Men har ehtimolga qarshi unga qarab yelkamni qisdim. — Ha, aytmaysiz, lekin kamida 4-5 million olasiz. Undan tashqari, kunlik tushumingiz bor!
Hamma guv etib menga qaradi. Ayniqsa, barzangining qarashi vujudimni parmalab tashladi. U “Shuncha oylik olar ekansan, nega cho'ntagingda pul olib yurmaysan, nomard!” — deyayotganday edi go'yo.
— Yo'g'-e, unchalikmas, — dedim ko'zimni qayoqqa olib qochishni bilmay va: “Yo tavba, to'rtta idorada qorovul bo'lib ishlashimni bu odam qayoqdan bilar ekan?” — degan savol xayolimdan o'tdi.
— Buning ahamiyati yo'q, — davom etdi tepakal galstugini to'g'rilab. — Mana, men bir paytlari yuz so'm oylik olar edim. O'shanda avtobus pattasi o'n tiyin edi. Hozir-chi? Maoshim 3 million so'm bo'lgan, avtobus kira haqi shunga yarasha 1700 so'm. Noshukurchilik ham evi bilan-da!
— Evi bilan, evi bilan, — baqirdi yo'lovchilar.
— Pul yo'q, pul yo'q, deymiz, mana, jiyanim ikkita qizini imtihonga bir kun qolganda falon million bilan o'qishga joylab qo'ydi akusherlikka, — dedi do'xtirga o'xshab ketadigan, morze harflarini terayotganday barmoqlarini o'rindiq suyanchiqlarida tinimsiz o'ynatib turgan kishi. — Pul ko'p odamlarda.
— Faqat ishyoqmas zamondan noliydi, — dedi tepakal “omin” deganday gapini yakunlab. — Qimirlagan kishiga Xudoning o'zi beraveradi.
— Beraveradi, beraveradi, — guvillashdi hamma bir-biriga gal bermay, kekirdaklarini cho'zib.
— Siz nima deysiz? — tepakal dabdurustdan menga hujumga o'tdi. — Boyadan buyon razm solib o'tiribman, hamma gapiryapti, siz churq etganingiz yo'q.
“Obbo, nega bu menga kanaday yopishib oldi? — o'yladim xunobim chiqib. — Men unchalik boy emasmanki, churq etib og'iz ochsam, unchalik kambag'al ham emasmanki, zamondan noliydigan bo'lsam…”
— Siz ham bunday yashab bo'lmaydi, deb o'ylaysizmi? — Qayoqdan menga osilib oldi bu tepakal. — Bizda qimmatchilik bormi?
Men ko'mak kutib, javdirab atrofdagilarga qaradim.
— Bizda hamma narsa bor, — baqirdi tullak telpak. — Yo'q bo'lsa, topamiz!
— Topamiz, topamiz, — guvilladi yo'lovchilar.
Ancha yengil tortdim. “Damas” manzilga kelib to'xtadi.
Hali ham ko'zini uzmay, menga tikilib turgan tepakalga qarab yelkamni qisdim-da, yo'lovchilarga qo'shilib moshinadan tusha solib yugurgilab ketdim…
Nurulloh OSTON