Eng sadoqatli do'st va ustoz!

Yurtimizda “O'zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostidagi V Respublika
“Kitobxonlik haftaligi” davom etmoqda
Kitob. U – eng sadoqatli do'st. U – muallim, u – ustoz! Zero, har bir ezgu kalom qalbdagi tug'yonlar in'ikosi, ifodasi. U nafaqat ko'ngil kechinmalarini ifodalaydi, balki xalqning tarixidan, bugunidan, ertasidan so'zlaydi.
Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori asosida 2021 yildan buyon mamlakatimizda har yili aprel oyida “Kitobxonlik haftaligi” o'tkazilib kelinmoqda. Kuni kecha Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada “O'zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida V Respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Tadbirda turli davlat idoralari rahbarlari, adiblar, axborot-kutubxona mutaxassislari, jamoatchilik faollari, kitobxonlar ishtirok etdi.
Haftalik ochilish marosimida so'zga chiqqan AOKA direktori Asadjon Xodjayev so'nggi yillarda mamlakatimizda noshirlik-matbaa faoliyati, axborot-kutubxona xizmatlarini yanada yaxshilash, kitob targ'ibotini kengaytirish, mutolaa madaniyatini oshirish, tarjima yo'nalishini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to'xtaldi.
– Kitobxonlikka oid infratuzilmani mustahkamlash borasida 60 dan ortiq viloyat, tuman va shahar axborot-kutubxona markazlarida kapital-qurilish ishlari amalga oshirilib, zamonaviy xizmat ko'rsatish talablari asosida kitobxonlarga foydalanish uchun topshirildi. Jumladan, 18 ta axborot-kutubxona markazi yangidan qurildi, – dedi A.Xodjayev.
– 2025 yilda bolalar va o'smirlar uchun mo'ljallangan yana 50 nomda yangi asarlar yaratiladi. Bundan tashqari, bevosita Agentlik tashabbusi bilan “Buyuklar bolaligi” nomli ijtimoiy buyurtmalar loyihasi ta'sis etilib, unda yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, mutafakkir va adiblar, shoirlarning bolaligi hamda ularning shaxs sifatidagi fazilatlarini ochib beruvchi yangi badiiy asarlarga buyurtma berildi. Shu kunga qadar mazkur loyiha asosida 15 dan ortiq asarlar yaratildi, – dedi AOKA rahbari o'z so'zida.
Haftalik doirasida respublika bo'yicha 1000 dan ortiq ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, shuningdek, Toshkent shahridagi “Dream park” istirohat bog'ida va Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar markazlaridagi madaniyat va istirohat bog'larida, shuningdek, tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarida “Noshirdan kitobxonga” tamoyili asosida kitob savdo-yarmarkalari o'tkaziladi.
Bundan tashqari, shu yil 25-26 aprel kunlari Yozuvchilar uyushmasining “Parkent ijod uyi”da tashkil etiladigan noshirlar va mualliflar uchrashuvida bolalar va o'smirlar adabiyotini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilganligi alohida ta'kidlandi.
Kitobxonlik haftaligi 21 apreldan 27 aprelga qadar davom etishi belgilangan. Uning doirasida yurtimiz bo'ylab kitob taqdimotlari, kitob yarmarkalari va turli adabiy kechalar o'tkazilmoqda.
Xususan, 22 aprel kuni O'zbekiston Milliy kutubxonasida “Ma'rifatga jonini tikkanlar” mavzusida davra suhbati va Stanislava Vayneykenening o'zbek tiliga tarjima qilingan va yurtimizda chop etilgan “Palangalik qochqin ayol xotiralari” kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi.
Ushbu asarning yozilganiga bir asrdan oshgan bo'lsa-da, bizga noma'lum bo'lib kelayotgan edi. 2021 yilda O'zbekiston Respublikasi san'at arbobi, professor Tursunali Qo'ziyevning tashabbusi bilan asar o'zbek tiliga Madina Aripova, rus tiliga Inga Pavlova va Richardas Garuolis tomonidan tarjima qilindi. Kitob mustabid tuzum davrida o'zbek xalqi boshidan kechirgan voqeliklarni tasvirlagan qimmatbaho manba hisoblanadi. Ushbu asar mualliflari litvalik shifokor, olim, jamoat arbobi Lyudas Vayneykis va xotiranavis adiba Stase Vayneykene bo'lib, ular 1914 yildan 1921 yilga qadar Turkistonda surgunda bo'lishgan. Ular O'rta Osiyoning ko'plab hududlari qatori O'zbekistonda ham yashagan. Shu bois asardan xalqimiz tarixiga oid voqealar, shuningdek, tarixchilar tomonidan kam o'rganilgan maqolalar va materiallar, betakror suratlar joy olgan.
Tadbirda so'zga chiqqanlar kitobda tilga olingan davrda yuz bergan hodisalar, solnomalar, memuarlar, esdaliklarni o'rganishning ahamiyati haqida so'z yuritdilar. Turli millat vakillari – o'zbeklar, qozoqlar, qirg'izlar, tojiklar va turkmanlarning urf-odatlari va an'analari tasvirlangan mazkur kitob haqidagi taassurotlari bilan o'rtoqlashdilar.
“Bugungi xalqaro tadbirda ishtirok etayotgan turli kasb egalari, yoshlarni ko'rib, xalqimizning kitobga e'tibori naqadar yuksakligini ko'rishimiz mumkin. Kitob uzoq Litvadan uzoq Turkistonga kelgan shifokor va uning oilasining O'rta Osiyoga safari haqida. Har kuni ro'y bergan voqealarni shifokorning ayoli qog'ozga tushirib borgan. Bu asar bizning xalqimiz uchun muhim manba bo'lib xizmat qiladi”, – dedi kitob taqdimotida Tursunali Qo'ziyev.
Adabiy anjuman xalqaro darajada o'tkazilib, unda Litvadagi vakillar, xususan, kitob muallifining nabirasi va Litvadagi muzey, kutubxona xodimlari, yurtimizdagi qator muzeylar va hokimliklarning mas'ullari bilan onlayn tarzda fikr almashildi. Bundan tashqari, tadbirda taniqli shoir va yozuvchilar, tarjimonlar, adabiyotshunoslar, tarixchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, kutubxonalar hamda madaniyat markazlari vakillari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Gulnora Shermatova.