Vatan manzumasi: Muqaddas burch hissi

Nazarimda, esimizni tanigan chog'danoq har birimiz Vatanning himoyasida ekanimizni his qila boshlaymiz. Aslida Yaratganning xohish-irodasi bilan go'dakligimizdayoq qalbimizda onaga, Vatanga muhabbat tuyg'usi paydo bo'ladi, mustahkamlanadi. Uni himoya qilish esa muqaddas burch ekanini tushunamiz.

Har birimiz o'z oilamiz, tug'ilib o'sgan qishlog'imiz, shahrimiz, bir so'z bilan aytganda, Vatanimiz haqida gap ketsa, e'tiborsiz bo'lolmaymiz, negaki, kindik qonimiz to'kilgan go'sha — ota makon, ona yurtni ardoqlash va ulug'lash tabiatimizda, butun ongu shuurimizda mujassam. Vatanni asrab-avaylash, sevish, uni himoya qilish shu aziz makondagi har bir farzandning, jumladan, ijod ahlining, jurnalistlarning ham muqaddas burchidir.

To'g'ri, jurnalist harbiylar kabi qo'liga qurol olib, Vatanni qo'riqlamaydi, askar singari postda turmas. Ammo o'tkir qalami bilan yurtini himoya qiladi. Shu o'rinda aytish mumkin, jurnalistlar ham Vatan himoyachilaridir. ­Dunyo­­­­da yuzaga kelgan notinchliklar, avj olayotgan qarama-qarshiliklar ana shu muqaddas burchga sadoqat mas'uliyatini oshirish barobarida har birimizni, ayniqsa, media soha vakillarini axborot xurujlari katta tahdidlardan biriga aylanib borayotgan bugungi kunda yanada ogoh va hushyor bo'lishga undaydi.

Ta'kidlash joiz, keyingi yillarda Davlatimiz rahbarining g'oyasi bilan mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini yanada oshirish borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, yoshlarimizni yuksak harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan chuqur mazmunga ega ta'sirchan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etilayotgani e'tiborga molik.

Kuni kecha poytaxtimizdagi “Turkiston” san'at saroyida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoyevning g'oyasi bilan “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi.

“Yangi O'zbekiston armiyasi — mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” degan ezgu g'oya asosida tashkil etilgan ushbu kecha dasturida istiqlol yillarida yurtimiz tinchligi va uning sarhadlari daxlsizligini himoya qilish yo'lida qahramonlarcha halok bo'lgan mard va jasur harbiylarning xotirasiga bag'ishlangan “Millat fidoyilari” xotira yodgorligi hamda Ikkinchi jahon urushi janggohlarida mardona kurashgan hamda front ortida mehnat qilgan vatandoshlarimizning tengsiz jasoratini madh etuvchi “Xotira nuri” kompozitsiyasi barpo etilishining ma'naviy hayotimizdagi ahamiyatini ochib berishga alohida e'tibor qaratilgan.

Muhtasham “Turkiston” saroyi foyesida tashkil etilgan harbiy qurol-yarog'lar maketlari, badiiy adabiyotlar ko'rgazmasi tadbir ishtirokchilari uchun mavzuning o'ziga xos muqaddimasi vazifasini o'tadi. Ta'kidlash lozimki, ushbu ma'rifiy dastur aniq g'oya va syujet hamda teatrlashtirilgan badiiy kompozitsiyalar asosida tayyorlangani bilan ko'pchilikda qiziqish uyg'otmoqda.

Adabiy-ma'rifiy kechaga mamlakatimiz poytaxti, shuningdek, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar ham taklif etildi.

Ushbu dastur o'tgan yillari bo'lib o'tgan tadbirlarga monand tarzda tashkillashtirilgan bo'lsa-da, bu yilgi chiqishlar, namoyishlar avvalgi yillarga o'xshamagan o'ziga xos jihatlari bilan alohida ajralib turdi. Uni tomosha qilgan odam tinchlik eng bebaho ne'mat ekani, u o'z-o'zidan ta'minlanmasligini, osoyishtalikni saqlash uchun shu yurtning har bir farzandi birlashishi, ahil-inoq, Vatanga sadoqatli bo'lishi, Vatanni onani sevgandek sevishi, o'z onasini himoya qilgandek himoya qilishi lozim va shartligini yana bir bor teran anglashi shubhasiz. Qolaversa, yurtimiz tinchligini saqlash nafaqat harbiylarimiz, balki har bir vatandoshimizning muqaddas burchi ekani, agar barchamiz bir tanu bir jon bo'lsak, osoyishtaligimizga hech kim raxna sololmasligini his qiladi.

…Davlatimiz madhiyasi yangradi. Sahnaga harbiy xizmatga chaqirilgan yosh askarlar o'z sardorlari boshchiligida chiqib keldi. “Vatan manzumasi” dasturidan o'rin olgan kuy va qo'shiqlar, sahna ko'rinishlari harbiy xizmatchilarning ham jismoniy, ham aqliy va ma'naviy jihatdan kamol topib, mard va professional askarlarga — chinakam Vatan himoyachilariga aylanishiga xizmat qilishi quvonchli, faxrlidir.

Kechada O'zbekiston Qurolli Kuchlaridagi zamonaviy o'zgarishlar, “Xalq bilan armiya — bir tanu bir jon” degan ezgu g'oya, ko'p millatli xalqimizga xos o'zaro ahillik va hamjihatlik tuyg'ularining milliy armiyamiz hayotida yorqin namoyon bo'layotgani chuqur mazmun bilan ochib berilgan.

Askarlarning hayajonli va mas'uliyatli harbiy faoliyati, dunyo hamjamiyatidan munosib o'rin topib borayotgan jonajon O'zbekistonimiz mustaqilligini, chegaralarimiz daxlsizligini munosib himoya qilish uchun zarur harbiy bilim va ko'nikmalarni, xususan, zamonaviy axborot texnologiyalari, sun'iy intellekt asoslarini o'rganishi, zamonaviy qurol-aslahalarni boshqarishi, xorijiy tillarni egallashi ta'sirchan lavhalarda namoyon bo'ldi.

Dastur davomida taniqli baxshilar tomonidan ijro etilgan ona Vatanni ulug'lovchi termalar, buyuk ajdodlarimiz — mard va jasur sarkarda Jaloliddin Manguberdi hamda Sohibqiron Amir Temur monologlari, o'zbekona oriyat va g'urur tarannum etilgan, jadid ma'rifatparvarlarining yurt taraqqiyotiga erishish yo'lidagi intilishlari aks ettirilgan sahna ko'rinishlari, taniqli ijodkorlar va iste'dodli yosh shoirlarning she'r va qo'shiqlari, harbiy jamoalarning chiqishlari hech kimni befarq qoldirmadi.

Ayniqsa, mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan ijro etilgan jangovar chaqiriq, “Yangi O'zbekiston armiyasi”, “Men posbonman”, “Armiya va tarbiya” singari qo'shiqlar va boshqa bir qator qiziqarli musiqiy-xoreografik chiqishlar tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi. Shuningdek, “Nihol” mukofoti sovrindori Saidnosir Yigitaliyev, iste'dodli xonandalar Shuhrat Daryo, G'aybulla Tursunov, Madina Fayzullayeva, O'temis Jumaniyazovlar ijro etgan qo'shiqlar davraga fayz kiritdi.

Yangi tariximiz sahifalarida hammamiz doim hurmat va minnatdorlik bilan eslaydigan shunday insonlar borki, ular mustaqilligimiz himoyasi yo'lida, sharafli xizmat burchini o'tash chog'ida jon fido etgan chinakam qahramonlardir. O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ana shunday mard va fidoyi yurtdoshlarimiz xotirasiga bag'ishlangan “Barhayot o'g'lonlar” deb nomlangan she'ri qalblarni larzaga soldi.

Shuningdek, dastur davomida tegishli vazirlik va idoralar hamda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Mard askarga sovg'a” turkumida nashr etilgan yangi kitoblarning taqdimoti ham o'tkazildi.

Qariyb bir yarim soat davom etgan tadbir dasturidan o'rin olgan rang-barang chiqishlar — el suygan san'atkorlarning Vatanni, onani, ayolni, do'stlikni, tabiatni madh etuvchi kuy-qo'shiqlari, ustoz hamda navqiron shoir va shoiralarning oila, elu yurt, tinchlik, sevgi-muhabbatga oid odamni o'yga toldiradigan chuqur ma'noli, qalblarni junbishga keltiradigan she'rlari, harbiylarimiz faoliyatiga doir mazmunli, ko'tarinkilik, faxr-iftixor baxsh etuvchi lavhalar — barcha-barchasi tomoshabinga zavq-shavq berish barobarida chuqur o'yga toldiradi, fikrlashga, mushohada qilishga undaydi.

— Bunday ma'rifiy kechalar ko'proq o'tkazilishi kerak, deb o'ylayman. “Vatan manzumasi” dasturi menga mamlakatimiz ahlining kuchli insoniy tuyg'ulari namoyishidek taassurot uyg'otdi, — dedi “Jamiyat” gazetasi bosh muharriri Maqsud Jonixonov. — Shuni nazarda tutganda, ma'rifiy uyg'onishlar yuz berayotgandek. Bu yerga ziyolilar, xususan, media soha vakillarining taklif etilgani, shuningdek, zalda o'g'il-qizlarimizni, Vatan himoyasida bo'lgan harbiy libosli yigitlarimizni ko'rib, tadbirning ahamiyati katta ekanini chuqurroq his qilasiz. Zotan, bunday ma'rifiy dasturlar ishtirokchilarni Vatan muqaddasligini teranroq anglashga undaydi, har bir insonda Vatanga sadoqat tuyg'ularini yanada mustahkamlaydi.

Yurtga sadoqat haqida gap ketganda, bir ma'lumot yodga tushadi. Tarixdan ma'lumki, Buyuk Xitoy devori qurilganidan keyin ham Chin yurtiga tashqi dushman tomonidan ko'p bora yurishlar qilingan. Ularning hech biri Buyuk devor (balandligi 6-10, kengligi, 5,5-6,5 metr) ustidan o'tib mamlakatga bostirib kirmagan, ehtimolki, buning uddasidan chiqa olmagan. Ammo har bir necha yuz metr oralig'idagi Xitoy devori darvozalarida turuvchi soqchilarning sotqinligi tufayli yov chegaradan o'tishga muvaffaq bo'lgan. Nega bunday bo'lganligini o'rganish jarayonida mas'ullardan biri javob bergan ekan: “Biz Buyuk Xitoy devorini har jihatdan baquvvat qilishga judda katta kuchimizni safarbar etibmizu, askarlarimizning ma'naviyatini, vatanparvarligini yuksaltirish, ularda yurtga sadoqat tuyg'usini shakllantirishga yetarlicha e'tibor qaratmagan ekanmiz”.

Ha, harbiylarda, har bir vatandoshimizda  Vatanga sadoqat tuyg'usi yuqori bo'lishi — juda muhim, kerak bo'lsa barchasidanda muhimroq! Shu bois, hozirgi kunda nafaqat yurt posbonlarida, balki barcha soha vakillarida, aholida bu tuyg'uni mastahkamlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shundan kelib chiqilsa, “Vatan manzumasi” kabi adabiy-ma'rifiy kechalarning o'rni juda baland.

Ta'kidlash joizki, ushbu adabiy-ma'rifiy tadbir namoyishi poytaxtimizda muvaffaqiyat bilan davom etmoqda. Yaqin kunlarda “Vatan manzumasi” dasturlari Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha viloyatlarda, shahar-tumanlarda, ta'lim muassasalari va mahallalarda ham namoyish etish rejalashtirilgan.

Xolmurod SALIMOV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi raisi v.b.,

Mudofaa vazirligi huzuridagi

Jamoatchilik kengashi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + sixteen =