Chegarachilarni mardlik va jasoratga undagan uchrashuv

Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo'shinlariga qarashli Qibray tumanidagi harbiy qismda “Yangi O'zbekiston chegarachilari – millatimiz qahramonlari” shiori ostida adiblar bilan ijodiy uchrashuv bo'lib o'tdi. Harbiy qism boshlang'ich tashkiloti yetakchisi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur ma'naviy-ma'rifiy tadbirda Vatan himoyachilarining yuksak mas'uliyati, matonati va fidoyiligi yana bir bor e'tirof etildi.

Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining vatanparvarlik targ'iboti, ma'naviy-ma'rifiy ishlar va yoshlar masalalari bo'yicha maslahatchisi, adliya polkovnigi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Olimjon O'sarov hamda Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoira Farog'at Xudoyqulova harbiy xizmatchilar bilan samimiy muloqot olib bordi.

Olimjon O'sarov chegara qo'shinlari safida xizmat qilayotgan har bir askar va serjant Vatan himoyasi yo'lida mardlik va jasoratni o'zida mujassam etishi lozimligini alohida ta'kidladi. U yurt posbonlarini qo'llab-quvvatlovchi, ularning jangovar ruhini ko'taruvchi ijodiy fikrlari bilan o'rtoqlashib, “Har bir chegarachi – tinchlik kafolati, xalqimizning suyanchi va iftixori bo'lishi kerak” degan g'oyani alohida qayd etdi.

Shoira Farog'at Xudoyqulova esa yurtni sevish, uni asrab-avaylash, Vatanimizning muqaddas chegaralarini himoya qilish mavzusida yozgan she'rlarini o'qib berdi. Uning vatanparvarlik ruhidagi satrlari harbiy xizmatchilarga yuksak motivatsiya berdi va ularni yanada kuchli, irodali, matonatli bo'lishga chorladi.

Tadbirda, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o'tayotgan iqtidorli yoshlar ham o'z ijodiy chiqishlari bilan ishtirok etdi. Ular tomonidan kuylangan vatanparvarlik ruhidagi qo'shiqlar, she'rlar va sahna ko'rinishlari tadbirga o'zgacha fayz bag'ishladi.

Mazkur uchrashuv harbiy qismdagi xizmatchilarning ma'naviy olamini boyitish, ularda Vatanga sadoqat, milliy iftixor tuyg'ularini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo'shdi. Bunday uchrashuvlar, albatta, harbiylar qalbida Vatan himoyachisi sifatidagi burchini yanada chuqur his etishiga xizmat qiladi.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 12 =