Kutubxona – innovatsiya va maʼnaviyat maskani
Raqamli texnologiyalar va jadidlar merosi uyğunligi Uyçi tumani misolida
Bugungi tezkor globallaşuv va raqamli texnologiyalar asrida aholi, ayniqsa, yoş avlod örtasida kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltiriş davlat siyosatining eng muhim yönalişlaridan biriga aylandi. Bu borada barça taʼlim muassasalari, xususan, umumtaʼlim maktablari va ijod maktablarida taşkil etilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy loyihalar yoşlarning intellektual salohiyatini oşirişga xizmat qilmoqda.
Özbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 15 yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantiriş va aholi örtasida kitob öqişga qiziqişni oşiriş çora-tadbirlari töğrisida”gi qarori soha rivojini yangi bosqiçga olib çiqdi. Mazkur tarixiy hujjat ijrosini taʼminlaş hamda kutubxonalar faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni izçil joriy etiş maqsadida, Namangan viloyati Uyçi tumanidagi 7-umumtaʼlim maktabida “Sunʼiy intellekt — kutubxona xizmatlarini takomillaştiriş vositasi” mavzusida viloyat miqyosidagi öquv-amaliy seminari taşkil etildi.
Anjumanda Muhammadşarif Söfizoda nomidagi Namangan viloyati bolalar kutubxonasi direktori Zulxumor Töraxöjayeva, tuman maktabgaça va maktab taʼlimi bölimi mutaxassislari hamda hududdagi barça maktab kutubxonaçilari iştirok etdilar.
Seminarda anʼanaviy kutubxonalar faoliyatini raqamlaştiriş va ularni “aqlli maskan”ga aylantiriş masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Davr talabi şuni körsatmoqdaki, bugungi kutubxonaçi şunçaki kitob saqlovçi yoki tarqatuvçi emas, balki çeksiz axborot ummonida öquvçiga töğri yöl körsatuvçi media-navigator va maʼnaviy yölboşçi bölişi şart.
Tan oliş kerakki, bugun sunʼiy intellekt algoritmlari kutubxona tizimida inqilobiy özgarişlar qilmoqda. U nafaqat kitob qidiriş jarayonini soniyalarga qisqartiradi, balki öquvçining yoşi, qiziqişlari va ruhiyatidan kelib çiqib, unga individual kitoblar röyxatini tavsiya eta oladi.
Muloqot davomida iştirokçilarga kutubxonalarni zamonaviy texnik jihozlar va boyitilgan elektron resurslar (QR-kodli kitoblar, audiobazalar) bilan taʼminlaş, fondlarni yangi badiiy va ilmiy-ommabop naşrlar bilan töldiriş, sunʼiy intellekt yordamida kitoblarni saralaş va yangiça qidiruv texnologiyalarini joriy etiş hamda soha xodimlarining raqamli savodxonligini oşiriş böyiça muhim uslubiy tavsiyalar berildi.
Şu örinda taʼkidlaş joizki, maktab kutubxonalarida mutolaa muhitini jonlantirişning eng samarali usuli — öquvçilarni faol ijodiy jarayonlarga jalb etişdir. Şu maqsadda taʼlim muassasamizda “Jadidlar izidan” kitobxonlik klubi muntazam faoliyat yuritib kelmoqda. Klub aʼzolari nafaqat badiiy asarlar mutolaasi bilan band bölişadi, balki milliy uyğoniş davri namoyandalarining ibratli hayoti va ilmiy merosini çuqur tahlil qilişadi.
Seminarning eng hayajonli qismi uşbu klub aʼzolari tomonidan namoyiş etilgan sahna körinişi böldi. Uluğ maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxöja Behbudiyning ögitlari va falsafasiga asoslangan “Teatr — ibratxonadur” nomli badiiy çiqiş yiğilganlarda ajoyib taassurot qoldirdi. Öquvçilarning yuksak mahorat bilan ijro etgan rollari jadid bobolarimizning millat istiqboli va maʼrifati yölidagi fidoyiligini yana bir bor yodga soldi, qalblarda milliy ğurur tuyğusini jonlantirdi.
Kutubxonaçilarning özaro tajriba almaşişi, zamonaviy innovatsion tendensiyalardan xabardor bölişi va maktablarda kitobxonlik muhitini jonlantirişda bu kabi amaliy seminarlarning ahamiyati beqiyos. Zero, kitob va zamonaviy ilm-fanni uyğunlaştirgan yoşlar kelajakda Yangi Özbekistonning haqiqiy bunyodkorlari bölib yetişadi. Kutubxonalarimiz esa raqamli texnologiyalar bilan boyitilgan holda, hamişa maʼnaviyat va ziyo öçoği bölib xizmat qilaveradi.
Mohira MAMADALIYEVA,
Namangan viloyati Uyçi tumanidagi 7-umumtaʼlim maktabi kutubxona
mudirasi.
