Harbiy xizmatchining ma'naviy yetukligini belgilovchi sakkiz mezon

Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasida harbiy sohani isloh qilish, uni texnik va jangovar jihatdan mustahkamlash bilan bir qatorda, harbiy xizmatchilarning ma'naviy-mafkuraviy salohiyatini yuksaltirish ham ustuvor yo'nalish sifatida belgilab qo'yilgan. Bugungi kunda harbiy xizmatchi nafaqat qurol-yarog' bilan, balki yuksak ma'naviyat, aqliy zehn, irodaviy barkamollik va axloqiy bardosh bilan qurollangan bo'lishi zarur. Buning tamal toshi esa Vatanga, xalqqa va Prezidentga sadoqat, qat'iyat va fidoyilikdir.

Vatanga sadoqat — harbiy burchning yurakdan anglanishidir. Sadoqat — harbiy xizmatchining ichki dunyosidagi eng muqaddas fazilat. U bu fazilat orqali Vatanga xizmat qilishni burch emas, sharaf deb biladi. Xalq va Prezident ishonchini oqlash — harbiy uchun faqatgina qonun talabi emas, balki vijdon amriga aylanadi. Sadoqatli harbiy har bir qadamda mas'uliyat bilan ish ko'radi, davlat ramzlariga hurmat, qasamyodga vafo, vazifasiga sodiqlik bilan ajralib turadi.

Azmi qat'iylik esa intizom va ruhiy mustahkamlik asosidir. Harbiy xizmat — doimiy qaror, tezkor harakat va bardavom intizom talab qiluvchi soha hisoblanadi. Qat'iyatsizlik — harbiy xizmatda kechirilmas xato. Azmi qat'iy harbiy har qanday holatda o'z burchini ado etishda mustahkam turib, shaxsiy his-tuyg'ularni emas, burch va mas'uliyatni ustun qo'yadi. Unga na xavf, na charchoq, na vaqt ta'sir qiladi.

Tadbirlilik — harbiy zehn va yetakchilik qobiliyati mezoni sanaladi. Tashabbuskor, vaziyatni to'g'ri baholay oladigan va innovatsion yondashuvga ega harbiy — bu muvaffaqiyat kalitidir. Zamonaviy armiya murakkab va tez o'zgaruvchan sharoitda samarali harakat qila oladigan tadbirli kadrlarga muhtoj. Tadbirli harbiy nafaqat taktik qarorlar qabul qiladi, balki resurslarni oqilona boshqaradi, jamoani ruhlantiradi, faol yetakchiga aylanadi.

Hushyorlik — xavfni oldindan ko'ra bilish salohiyatidir. Harbiy shaxs uchun har lahza ahamiyatli. Hushyorlik — doimiy tayyorgarlik, holatni anglash, tahdidni oldindan sezish, tezkor reaksiya va xavfsizlikni ta'minlashdir. Hushyor harbiy nafaqat o'zini, balki atrofidagi hamkasblarini himoya qila oladi. U yaqinlashib kelayotgan tahdidni ko'z, qalb va tajriba bilan his qiladi.

Mardlik — burchga vafo, jasoratga yo'ldir. Mardlik — faqat jangovar harakat emas, balki burchni ado etishdagi sobitqadamlik, mas'uliyatni zimmasiga olish, jamoani himoya qilish, yurt taqdiriga daxldorlikdir. Mard harbiy xavf-xatarda chekinmaydi, o'zini qurbon qilishga tayyor turadi. Bunday jasorat jamoada ishonchni, xalqda e'tiqodni mustahkamlaydi.

Shijoat — ruhiy harakat, intilish va g'ayrat timsolidir. Shijoat — harbiyning qalb otashi, tashabbusi, sabr-toqati va g'alabaga intilishidir. Bu fazilat eng og'ir vaziyatlarda ham taslim bo'lmaslik, faol harakat qilish va boshqalarga namuna bo'lishdan iborat. Shijoatli harbiy har qanday vaziyatda yo'l topadi, maqsad sari to'xtamasdan intiladi.

Intizom — harbiy salohiyat va tartiblilik asosidir. Intizomsiz armiya — qurolsiz, murakkab, tartibsiz to'plamdir. Harbiy xizmatchi intizom orqali jamoa bilan birga harakat qiladi, buyruq va qonunga bo'ysunadi, shaxsiy nafs emas, umumiy maqsadga xizmat qiladi. Intizom — harbiy ierarxiya va salohiyat mezonidir.

Jamoaviy hamkorlik — birdamlik va g'alabaning garovidir. Harbiy jamoada ishonch, birdamlik va o'zaro yordam hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hamjihatlik bilan harakat qilgan jamoa har qanday tahdidni yengadi. Jamoaviylik — nafaqat faoliyat, balki ruh, madaniyat va g'oyalar uyg'unligidir. Bunda har bir a'zo o'z burchini ado etish bilan birga, o'z do'sti, ukasi va yelkadoshiga suyanch bo'ladi.

Yangi O'zbekiston armiyasi jismonan baquvvat, ma'nan mustahkam, axloqan pok, Vatanga muhabbat bilan yashaydigan, Prezident va xalq ishonchiga munosib harbiylar timsolida shakllanmoqda. Harbiy xizmatchining ma'naviy yetukligini belgilovchi sakkiz mezon — xalqqa, Vatanga, Prezidentga sadoqat, azmi qat'iylik, tadbirlilik, hushyorlik, mardlik, shijoatlilik, intizomlilik, jamoaviy hamkorlik va hamjihatlik — harbiy ma'naviyatni to'la qamrab olgan tayanch ustunlardir. Ularning har biri faqat xizmat jarayonida emas, balki shaxs sifatida yetishish, insoniy kamolotga erishish uchun muhimdir.

Zokirjon Alibekov

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − seven =