Oiladagi zo'ravonliklar

“Er-xotinning urushi — doka ro'molning qurishi”. Ha, shunday. Har qanday oilada ham ba'zan turli gap, bahs, arazlashish kabi holatlar bo'lib turishi mumkin. Lekin er-xotinlar tezda bir-birini kechirib, yaxshi hayot kechirib ketadi. Ammo hamisha va hamma oilalarda ham ana shunday bo'lganida edi…
Ming afsuski, shunday oilalar borki, u yerda oila boshlig'i bo'lgan er tomonidan ayoliga doimiy jismoniy kuch ishlatish, uni ayovsiz kaltaklash, xo'rlash oqibatida fojialar yuzaga kelayotgan misollar ortib bormoqda. Eng yomoni, ota-onaning notinch yashashi oiladagi muhitning haddan tashqari yomonlashuviga, farzandlar tarbiyasiga salbiy ta'sir qilmasdan qolmaydi. Bunday ahvol ayrim hollarda o'nglab bo'lmas holatlarni keltirib chiqarmoqda, nafaqat oilaviy ajrimlar, balki kelishmovchiliklar hatto o'lim bilan yakunlanayotganiga misollar ham yo'q emas.
Avvalo, har bir yosh baxtli bo'lish niyatida oila quradi. Er ham, xotin ham sabr-qanoatli, ahil bo'lsa, oila mustahkam bo'ladi. Yo'qsa, mayda-chuyda gap-so'zlar, turli kelishmovchiliklar munosabatlarni yemirib, hayotni boshi berk ko'chaga kiritib qo'yadi.
Ba'zi bir er-xotinlar o'rtasida sodir bo'layotgan janjallar xavotirli va tashvishli. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda dilni xira qiladigan ana shunday hodisalar to'lib-toshib ketdi. Ayollarni tahqirlash bilan bog'liq zo'ravonliklar esa kishini chuqur o'yga toldiradi. Bunday shafqatsizliklar sodir bo'layotganligi sabablaridan biri mentalitetimizga xos belgi – “uydagi gap ko'chaga chiqmasin” degan istihola. Afsuski, andisha oqibatida haqorat va zulm avj olmoqda.
Mamlakatimizda jabrdiyda ayollarni himoya qilishning huquqiy asoslari yaratilgan. Eridan jabr ko'rgan ayolning arz qilmasligi zo'ravonlikning jazosiz qolishiga olib keladi. Jabrlanuvchilar aybdor bilan bir uyda yashashini hisobga olsak, masalaning naqadar og'irligini anglash qiyin emas. Tahlillar huquqbuzarliklarni, asosan, erkaklar sodir etayotganini ko'rsatmoqda. Mahallalarda va ish joylarida oilaviy zo'ravonliklarning oldini olish bo'yicha doimiy suhbatlar va nazorat olib borishni taqozo etmoqda, albatta.
Masalan, Yakkasaroy tumani Mirobod ko'chasida yashovchi Vasiliy Ch. o'zaro oilaviy kelishmovchilik oqibatida kelib chiqqan tortishuv natijasida turmush o'rtog'i bilan janjallashib, uni urib, jiddiy tan jarohati yetkazgan. Mushtumzo'r er sudda aybiga iqror bo'lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirdi.
Sud ma'muriy huquqbuzarlik sodir qilgan, deb topdi va Vasiliy Ch.ga 5 sutka ma'muriy qamoq jazosini tayinladi.
Yuqoridagi misolni “bu — oddiy holat ekan-ku”, deb o'ylashingiz mumkin. Lekin aslida hammasi oddiy ana shunday janjallardan boshlanadi.
Demak, oila mustahkam, baxtli bo'lishi uchun u tinch bo'lishi lozim. Buning uchun esa yangi qurilayotgan oilalar bir-birlariga mos, ma'naviy yetuk bo'lishi juda muhimdir.
Zohiddin NURIDDINOV,
jinoyat ishlari bo'yicha
Yakkasaroy tuman sudi tergov sudyasi.