Bozor ko'rgan ayoldan qo'rqdim
Dadam bilan bozorga borgan edik. Bir ayol erkak kishi bilan shunday janjallashardiki, ayolning og'zidan chiqqan behayo so'zlardan uyalib ketdim. Qanday zamonga kelib qoldik, a? Ba'zi ayollarning erkakdan farqi qolmadi, — dedi dadam.
Nima bo'lyapti, qaerga qarab ketyapmiz? Dadamning savollari ich-etimni yeydi. Bozorlarni ayol bosdi. Erkaklardan ko'p. Sotuvchilar bir-biridan o'taman deb baqiradi. Dadam “Bozor ko'rgan echkidan qo'rq” degan maqolni esladi. Avval maqol ma'nosini tushunmagan ekanman, endi angladimki, kerak bo'lsa, bozor ko'rgan ayol ham qo'rqinchli bo'lar ekan. Yaqinda uyimiz oldidagi do'kon oldida uch nafar hijobli qiz bir-birining soch-ro'molidan tortib, yoqavayron urishayotganlarining guvohi bo'ldim. Bu holatni atrofda erkaklar videoga olmoqda. Qizlar bir-birini yotqizib olib, urib-tepyapti. Hech bir kimsa ajratishga harakat ham qilmadi, chunki qizlarning vajohatidan odam qo'rqadi. Xayriyat, keksaroq bir ayol yugurib kelib baqirib ketdi: “Nima tomosha qilyapsizlar? Kimningdir boshi yorilib, o'lishini kutyapsizlarmi?” — deya qizlarning o'rtasiga tushib, ularni har tomonga siltab yubordi. “Hijobga yarasha iboli, hayoli qiz bo'lish kerak”, — degan onamning gaplari yodimga tushdi.
Singlim maktabda 10-sinfda o'qir edi. Dugonasidan qo'ng'iroq keldi: “Men singlingizning o'rtog'i Sabinaman. Opa, tez maktabga kela olasizmi?!” — dedi. “Nega, nima bo'ldi?” deb ham so'ramay maktabga yugurdim. Dugonasining ohangidan bildimki, singlimga nimadir bo'lgan. Maktabga borishim bilan meni ustozlari yoniga chaqirib, tinchlantirishga urinishdi. Singlimning dugonasi kelib, xonaga olib kirdi. Singlim bir ahvolda polda yotar edi. Nafas olishga qiynalgan, sochlari to'zigan, peshonalari ko'karib, shishgan holatda edi. Qo'rqib ketdim, oyoq-qo'llarim qaltirardi. “Nima bo'ldi?” desam, faqat ustozlari: “Hech nima, shu, qizlar bilan urishib qolibdi”, deb rosa yashirishdi. Keyin bilsam, singlimdan bitta sinf katta o'qiydigan qizlar uch kishi bo'lib. singlimni o'rtaga olib urishgan. Shu darajada g'azabda edimki, u qizlarni topish uchun yugurib chiqdim. Direktor xonasida ularga tanbeh berayotgan ekan. Tez yordam chaqirdim. Singlim faqat baqirib yig'lar, stress holatda hech qaysi savolimga javob bera olmas edi. Tez yordam singlimni olib ketdi. Ularga: “Nega singlimni urdilaring?” deganimni bilaman, menga tashlanib, sochimdan torta boshlashdi. Hech nimani tushunmay, sochimni yig'ishtiray, desam, qo'lim to'la soch. Ularni IIB xodimlariga topshirdim.
Ammo ota-onam bu qizlarning onalari bozorchi ekanini bilishar ekan. U qizlardan birining onasi erini urib, uyidan haydab chiqarib yuborgan ekan. “Qo'y, qizim, yomonga teng kelmaylik, ularni Alloh jazosini bersin”, deb qattiq turib oldi. Sudga berdirishmadi. Onamning: “Xudo urganlar bilan urishmayman”, degan gapi qulog'imda qoldi…
Nilufar BAXTIYoROVA,
O'zbekiston Milliy universiteti
jurnalistika va o'zbek filologiyasi
fakulteti 2-bosqich talabasi.