Ikki o't orasi

U qo'l berdi. Qo'l berish lafz. Ish xuddi xamirdan qil sug'urganday silliq bitdi. Og'ziga siqqanini aytgan edi, ular darrov rozi bo'lishdi. “Xo'p, aka, aytganingizni vaqtida yetkazamiz”, deb qo'llarini ko'ksiga qo'yishdi. U bunday ishlarga ustasi farang edi. Mijozining ko'ziga tik qaradi. Hech qanday begona alomat yo'q. Demak, hammasi joyida. Ammo ularning pul ustida tortishmagani, aytganiga darrov ko'ngani unda shubha uyg'otdi. “Bir balosi bo'lmasa, shudgorda quyruq na qilur… Biror rejasi bormikan? Ushlab berishsa-ya! U kunimdan bu kunim battar bo'lmasin tag'in”.

Shu xayollar unga tinchlik bermasdi. Yegani tanasiga botmasdi. Bir ko'ngliga shubha oralab, qilgan ishiga pushaymon bo'lardi. Bir: “Ular o'zimizdan-ku, ishonchli odamlar”, deb keladigan mo'may “ko'ki”ni nimalarga ishlatish haqida shirin xayol surardi. Shunda telefoniga xabar keldi: “Falon idora rahbari falon dollar bilan qo'lga tushibdi…” Yuragi shuv etdi. Shirin xayollari ustiga qora bulutlar bostirib keldi. Tundlashdi. Bir gap kam, ikki gap ko'p. U noliy boshladi: “Zamon o'zgardi, yeng ichidagi ishlar tobora oshkor bo'la boshladi, xufiyona ish bitirib bo'lmay qoldi, bu ketishda, bir narsa olib ham bo'lmaydi, berib ham bo'lmaydi. Ammo yo'lini topsa bo'ladi, yo'li ko'p. Ular shoxida yursa, biz bargida yuramiz”.

U qo'rqinchli tushdan cho'chib uyg'ondi. Xotini uning bir ahvolda o'tirganini ko'rib, qo'rqib ketdi.

— Dadasi, sizga nima bo'ldi, tobingiz qochdimi? Namuncha xomushsiz? Yoki yomon tush ko'rdingizmi?

— Ha, yomon tush ko'rdim, — dedi u sir-boy bermay.

— Ayting, ayting, nimani ko'rdingiz?

— Shu ustimga qora ko'lanka bostirib keldi, — dedi boshini sarak-sarak qilib. — U chirmovuqday meni o'ray boshladi. Baqiray desam, ovozim chiqmaydi. Qo'lim, oyog'imni shunday o'ragan ediki, qimir eta olmasdim. Yuzim va ko'zimga parda tutilgan. Odamlar menga: “Hey, sadqai odam ket-ey, elning yuzini yerga qaratding”, deyishdi. Hamma mendan hazar qildi…

— Voy, sho'rim, shunaqa bo'ldimi? Dadasi, qo'rqmang, erkak kishining tushi teskari keladi. Ko'rasiz, qo'lingizga katta boylik tushadi. Jaraq-jaraq pul. Tushingizning ta'biri shu. Hech ham xavotirlanmang.

Xotiniga tush ko'rsa aytmasdi, nega aytdi, o'zi ham bilmaydi. Agar hozir amalga oshirishni mo'ljallab qo'ygan rejasi tagida tuzoq bo'lsa, albatta, o'zi tasvirlagan tush haqiqatga aylanadi. Uni o'zi ham yaxshi biladi. Buni qarang, tushda aniq ko'rdi-ya! Balki haqiqatan ham uni shunday ko'rgilik kutib turibdimikan? Ko'ngliga shunday shubha oralagan ekan, tashlasin shu oldi-berdini! Tinchgina boriga baraka qilib yashayversa bo'lmaydimi? O'z mehnati bilan topgan luqmasi o'ziga yetadi-ku! Shundoq ham u ochko'zlik qilib, falon joydan bir otaxonning yerini tortib oldi. Bir tadbirkor qurgan inshootni buzishga qo'yib, keyin o'ziniki qildi. Shaharda nechta dom olganining sanog'i yo'q. Hatto qizining baxtini ham pulga sotmoqchi bo'lib turibdi. Qizi ko'ngil qo'ygan yigitni yalang­oyoq deb, bir boyning o'g'liga bermoqchi bo'lib yuribdi. Kelayotgan pullarga qanoat qilmay, bugun o'n barmog'ini og'ziga tiqmoqchi bo'lib turibdi. Bitta loyihaga imzo qo'yish uchun aql bovar qilmas “ko'ki”ni so'rab turibdi. “Etar endi shuncha haromdan topganim, endi insof bersin menga” degisi kelmaydi. Chunki pulning sehri bor, u jigardan bo'lgan deyishadi.

Eng yomoni — vijdon qiynog'i. Odamni adoyi tamom qiladi. U shunday qiynoqqa mahkum etilgan. Ikki o't orasida jizg'anak bo'lib borardi. Hammasiga qo'l siltab yuboray desa, qila olmaydi. Ko'zi qiymaydi. O'zi kelib turgan shuncha puldan voz kechsinmi? Qanday qilib, axir? Bu mansabga erishish uchun nimalar qilmadi? Oru nomus, vijdon, do'st, qavmu qarindoshni sotdi. O'zinikini to'g'ri deb turaverdi. Uning yuziga kimlar nima demadi: “Yuzsiz ekansan, vijdon yo'q ekan senda, pul uchun vijdonini sotgan muttaham!”. Bu gaplarni eshitganida zaharxanda kular, yuzi kulgani bilan ichidan zil ketar edi. Keyin o'ziga taskin berardi: “Yalangoyoq, o'zing yemaysan, yeganni ko'ra olmaysan”.

Demak, u qilgan ishidan pushaymon emas. Birovni aldadi, borni yo'q dedi, yo'qni bor dedi, ishqilib, qanday bo'lsa-da, cho'ntagini qappaytirdi-da! Chaynagani gumon, yutgani o'ziniki. To'plagan boyliklari unga rohat baxsh etardi. Qanchadan-qancha odam unga egilib salom beradi, tuflisi changini artadi. Yegani oldida, yemagani ketida. Shunday ekan, nega ikki o't orasida yuragi jizg'anak bo'lyapti? Ko'ngli nimanidir sezyaptiki, shunday bo'lyapti. Nimadan qo'rqadi, uni qo'llab turadigan “akaxon”lari bor-ku! Ularni ham “boqib” yuribdi-ku! Yegan og'iz uyaladi-ku! Uning qo'lga tushib qolishiga yo'l qo'ymas axir!

U na kitob o'qidi, na bir teatrga tushdi. Yuzlab xorij davlatlariga borgan, qo'sha-qo'sha avtomobillaru dang'illama uylari bor bu boyvachcha o'z otasi yoki onasi qabrini qachon ziyorat qilganini eslay olmaydi. O'zi tug'ilib o'sgan qishlog'iga bormaganiga-ku ancha bo'lgan. Ikki singlisi qo'ng'iroq qilganida: “Ha, pul kerakmi?” deb javob beradi. Pul emas, mehr kerak, oqibat kerak desa, u bu tuyg'u nima ekanini ham bilmaydi. “O'sha narsa ham pulga sotiladimi?” deydi. Gruzinlarda bir qadah so'zi bor: “Pulga sotib olib bo'lmaydigan narsa uchun ichaylik!” Bugun nimani pulga sotib olib bo'lmaydi? Hamma narsa sotilib ketdimi? Hech narsa qolmadimi? U: “Hamma narsani pul bilan hal qilsa bo'ladi”, deb o'ylaydi. Shu paytgacha ko'p narsani pul bilan hal qilib keldi ham. Xo'sh, unda ayting, nima qoldi pulga sotib olib bo'lmaydigan? Vijdonmi? U allaqachon vijdonni pullab yuborgan. Mehr-oqibatmi? U ham hozir yum-yum yig'lab turibdi. Oriyatmi? Agar unda oriyat bo'lsa, o'z qizining baxtini ham mol-dunyo bilan o'lcharmidi?

Bukrini go'r to'g'rilaydi, degan naql to'g'ri ekan. U o'ziga keldi. “Nimadan qo'rqaman, o'sha meni ushlab bermoqchi bo'lganlarning og'zini pul bilan yopaman, shunga shunchami, hozir qo'ng'iroq qilib pulni olib kelinglar deyman”. U dadillashdi. Qulochlarini yoyib kerishdi va xuddi endi shirin uyqudan uyg'ongandek ko'ngli yorishdi. Demak, hayot davom etadi, hammasi risoladagidek. “Hamma shotirlar menga yaltoqlanadi, etagimni o'padi, soyamga salom beradi. Men doim g'olibman. O'zini halol va to'g'riso'z deb yurgan gadoyvachchalarga yo'l bo'lsin! Ular kitobini o'qib yuraversin. Men esa…”

Telefoni ustma-ust jiringladi. Oldi. Aynan ular ekan. “O'sha gapmi?” dedi. “Ha, hammasi risoladagidek”, deyishdi ular. “Uyga olib keling”, dedi. “Xo'p”, deyishdi ular. Xotinini chaqirdi.

— Dugonalaring bilan Dubayga o'ynab kelmoqchiman, degandingmi? Bor, ruxsat beraman. Hamma xarajat mendan. Bir jiyanim ijarama-ijara yuribdi, deganmiding? Ayt, bo'sh turgan uyimizga ko'chib kirishsin, mendan hadya!

— Dadasi, sizni so'rab kelishibdi…

— Yo'q, bunday bo'lishi mumkin emas, qo'limga kishan solmanglar. Yo'q, yo'q, unday qilmanglar, og'zingizga siqqanini ayting… meni-ya, meni olib ketasizlarmi? Onajon!!!

Ko'z o'ngida yum-yum yig'layotgan onasi. Singillari yodiga tushdi. “Ular so'ragan narsa nima edi, oqibatmidi, mehrmidi?” — xayollari chuvalashib ketdi. Darg'azab bo'lib, qovog'idan qor yog'ayotgan otasi gavdalandi: “Pora olmagin, oxiring voy bo'ladi”. “Pora olmanglar, oxiri voy bo'ladi”.

Faxriddin BOZOROV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − 8 =