Yozning birinchi kuni tuhfasi

Biz o'qigan davrda maktab har yili avgustning oxirida o'quvchilarga bepul darsliklar tarqatar edi. 5-sinf uchun darsliklarni olib keldim. Orasida, xotiram adashtirmasa, “Maktabda ishlab chiqarishni tashkil etish” degani ham bor edi. Bu amalda mehnat fani darsligi hisoblanar edi.

Lekin…

Uch oyga yaqin paxta terimida qatnashganimiz uchun mehnat darsi keragidan ortiq darajada qisqarib ketar, qolganlarida ham maktabning bog'ida ishlar edik. O'qituvchimiz loaqal bir marta bo'lsin: “Shu kitobni ochinglar, falon mavzuni o'qinglar”, — demagan. Musiqa fani darsliklarining ahvoli ham shunga o'xshash edi.

Kamina “Musiqa” darsligini mustaqil o'qib, notalarni o'rganganman. Keyin “Yulduzcha” ashulasi kuyini aynan shu darslikdagi notalar orqali o'rganib, rubobda chaladigan bo'lganman. Demak, “Maktabda ishlab chiqarishni tashkil etish” darsligi ham boshdan-oxir o'qilgan, albatta.

Bir joyida parnik qilish o'rgatilgan-da.

Yanvar oyi o'rtalarida ustini shisha (oyna) rom bilan yopish mumkin bo'lgan miqdordagi yerni 1 metrdan ziyodroq qilib qazasiz. Keyin uning 70-80 santimetriga yangi go'ng solasiz. Ustidan biron chelak issiq suv ham sepib yuborasiz. Shishali romni bostirib, termometr qo'yib qo'yasiz. Biron hafta kutsangiz, ichkarida issiqlik 10 darajadan oshadi. Tamom, yanvarning oxirgi o'n kunligida pomidor urug'ini ekish mumkin. Kechalari juda sovuq kelsa, rom ustidan eski kigizmi yo ko'rpami yopasiz. Juda qattiq sovuq bo'lsa, sim tortib, ichkarida bir lampochka yoqib qo'yish yo'lini qilasiz. Xullas, ikki oyda pomidor ko'chati yerga olib o'tqazishga tayyor holga kelib, gullay deb qoladi.

Shuni o'qidim-u, tinchim buzildi-ku. Dadamning jonlarini yedim. Ayvondagi ashqol-dashqollar orasidan bir eski derazaning romini topdim. Ustaga ularga shisha qo'ydirib berishlarini so'radim. Dadam rahmatli tuman qishloq xo'jaligi boshqarmasi kolxozlar bo'limining boshlig'i edilar.

— Pomidor ko'chatining tayyorini keragicha keltirib beraman, o'tqazasan, — dedilar. Shu gapga ko'namanmi?

Xullas, beshinchi-o'ninchi sinflarda o'qiganimda har yili o'zim ana shu kichkina parnikda ko'chat yetishtirib, 1 aprel kuni yerga o'tqazganman, 1 iyun kuni birinchi qizargan pomidorni uzganman. Maxsus daftar tutib, pomidor o'stirish jarayonlarini yozib borar edim. Shuning uchun bu sanalar qattiq yodimda qolgan.

Kim bolaligini qo'msamaydi, deysiz?

Bu yil bozordan tayyor pomidor ko'chati sotib olib, 1 aprel kuni yerga o'tqazdim. Taxminimcha, 1 iyun kuni birinchisini uzishim kerak edi. Xudoning qudratini qarang: o'sha kuni ilk hosilni oldik.

Mana, bugun 4 iyun. Yana 2 dona pomidor qizaribdi.

Bozor pomidorga to'la. Oshxonamizdagi sovitkich (xolodilnik) ham bu ne'matdan xoli emas, albatta.

Biroq…

O'z qo'llaring bilan yetishtirib, uzib olish gashtini, kayfini, shukronasini boshqa hech narsa bilan o'lchab bo'lmaydi-da!..

Sultonmurod OLIM

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + seventeen =