Jizzaxning sanoat salohiyati yuksalmoqda – dasht joylarda zamonaviy korxonalar paydo bo'lyapti

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 iyul kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, sanoat va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va boshqa ob'yektlar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab “Zomin texnoparki” maxsus sanoat zonasini borib ko'rdi.

Mamlakatimizning barcha hududlarida iqtisodiyot uchun g'oyat zarur bo'lgan korxonalar barpo etilmoqda. Bu yangi ish o'rinlari yaratilishi, sanoat tarmoqlari rivojlanishi, pirovardida, xalqimiz farovonligi oshishiga xizmat qilayapti. Jizzax viloyatida ham keyingi yillarda qayta ishlash sanoati hajmi sezilarli darajada oshdi.

“Zomin texnoparki” qurilishini o'tgan yili 27 iyunda davlatimiz rahbari boshlab bergan edi. 400 gektarda barpo etilayotgan texnoparkda xitoylik investorlar bilan birgalikda 1 milliard 200 million dollarlik 31 ta loyiha amalga oshiriladi.

O'tgan davrda zarur infratuzilma va inshootlar barpo etildi. Yaqinda ilk korxona – “Xinjiang Honglin Tiandi” kompaniyasi tomonidan qiymati 10 million dollarlik beton mahsulotlari tayyorlash loyihasi ishga tushirildi. 60 kishining bandligi ta'minlandi.

Ayni kunlarda 42 million dollarlik ikkinchi loyiha bo'yicha ishlar yakuniy bosqichda. Unda “Midea” brendi ostida yiliga 300 ming dona maishiy elektr texnikalari ishlab chiqariladi. 150 ta ish o'rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbariga shu va navbatdagi loyihalar haqida axborot berildi.

Birinchi bosqichda maxsus sanoat zonasiga 9 ta loyiha joylashtirilgan. Bugungi kunda qariyb 300 million dollarlik yana 7 ta loyiha bo'yicha qurilish ishlari davom etmoqda. Ularda qurilish materiallari, konstruksiyalar, elektr texnikasi va kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi, logistika va trening markazi tashkil etiladi.

Umuman, sanoat zonasidagi barcha loyihalar natijasida qariyb 5 trillion so'mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi, 15 turdagi yangi mahsulot o'zlashtirilib, 70 million dollarlik eksport salohiyati yaratiladi. Eng muhimi, 5 mingdan ortiq fuqaro ishli bo'ladi.

Prezident investorlarga ko'maklashib, loyihalarni tezlashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. Sanoat sohalariga mos mutaxassislar tayyorlash, yoshlar bandligini ta'minlash muhimligini ta'kidladi.

Davlatimiz rahbari “Zomin texnoparki”da rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Yuqorida qayd etilganidek, birinchi bosqichda 9 loyiha bo'yicha ishlar boshlangan. Endi ikkinchi bosqich doirasida yana 5 ta loyiha shakllantirilgan.

Jumladan, “Longze Investment Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda xavfsizlik va tibbiyot texnikalari, “Foxit” kompaniyasi bilan noutbuk, planshet, server, router kabi zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish mo'ljallanmoqda. Shuningdek, charm va sport poyabzallari, qurilish materiallari, chinni idishlar, kimyo mahsulotlari bo'yicha loyihalar ko'zda tutilgan.

Ularning umumiy qiymati 250 million dollar atrofida bo'lib, yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlarning qariyb 70 foizi tashqi bozorga yo'naltiriladi.

Jizzax viloyatida xorijiy investitsiyalar miqdori yil sayin o'sib bormoqda. 2018 yilda viloyatda bor-yo'g'i 18 million dollar xorijiy investitsiya o'zlashtirilgan bo'lsa, o'tgan yili bu raqam 1 milliard dollardan oshgan. Oxirgi sakkiz yilda viloyatga 3,7 milliard dollar investitsiya kiritilgan, 4 mingdan ziyod sanoat korxonalari ishga tushgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260 tadan oshgan.

Shundan so'ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Zomin tumanida qurilayotgan maishiy texnika zavodini ko'zdan kechirdi.

Ushbu yo'nalish bo'yicha yurtimizda katta salohiyat mavjud. Davlatimiz rahbari bu sur'atni davom ettirib, milliy brendlar ostida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish, O'zbekistonni mintaqaviy “elektrotexnika xabi”ga aylantirish vazifasini qo'ygan. Zomindagi zavod buning bir qismi bo'ladi.

“Navoiy” maxsus sanoat parkining filiali sifatida tashkil etilgan majmua 80 gektar maydonda joylashgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollar. Bu yerda kir yuvish mashinasi, sovutkich, televizor, elektr suv isitkich kabi yiliga 1 million dona maishiy texnika hamda butlovchi qismlar ishlab chiqariladi. 100 turdagi mahsulotlar natijasida mahalliylashtirish darajasi 70 foizga yetadi.

Muhimi, yillik ishlab chiqarish hajmi 320 million dollarni tashkil etadi. Shundan 140 million dollarlik mahsulot eksportga yo'naltiriladi. 7 mingdan ziyod aholi ish bilan ta'minlanadi.

Sanoat parkida tayyorlangan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston singari 15 dan ortiq mamlakatga eksport qilinadi.

Hozirgi o'zgaruvchan bozor talablariga tez moslashish uchun zavodning o'zida qolipxona ham tashkil etiladi. Zamonaviy logistika markazi orqali mahsulotlar xaridorga izchil yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, sanoat parkida “Avtosanoat” AJ tarkibidagi korxonalar uchun plastmassa mahsulotlari tayyorlash ham  rejalashtirilgan.

Mamlakatimizning barcha hududlarida imkoniyatlarni to'la ishga solish choralari ko'rilmoqda. O'tgan yil 31 dekabrda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo'yicha Prezident qarori qabul qilinib, zarur masalalar hal etib berilgan edi. Xususan, unda 2025 yilda 2 milliard dollar investitsiya jalb etish, eksportni 285 million dollarga yetkazish, 168 ming kishini ishli qilish chora-tadbirlari belgilangandi.

Bu vazifalar birin-ketin bajarilmoqda. O'tgan olti oyda Jizzaxda sanoat, servis va qishloq xo'jaligida 200 ta loyiha ishga tushdi. Viloyatga 662 million dollar investitsiya kirib keldi.

Natijadorlikni yanada oshirish maqsadida Jizzax viloyati Zomin tumanida ham “Islohotlar shtabi” tuzilgan.

Davlatimiz rahbari tashrifi davomida viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan ham tanishdi.

Xususan, “yagona darcha” tamoyili asosida qishloq xo'jaligi xizmatlarini bitta joyga jamlagan “Agromarkaz” tashkil etildi. Hosildorlikni oshirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga ijobiy ta'sir etib, aholining ko'proq daromad topishiga imkon yaratmoqda.

Jizzax viloyati kartoshkachilikni rivojlantirishga zamin qilib olinmoqda. Bugungi kunda Zomin ilmiy tajriba stansiyasida xorijiy va mahalliy seleksiyaga mansub 12 ta nav birlamchi urug'chiligi yo'lga qo'yildi.

Odatda, urug'lik kartoshka yetishtirish 6-7 yilni va 8 ta bosqichni talab qilsa, yangi taklifga ko'ra, jarayon 4 bosqichga kamaytirilib, 2 yilda tayyorlanadi. Bunda kartoshkaning yangi seleksiya navlaridan 12 tonna yuqori avlod super elita urug'lik aholi xonadonlariga bepul tarqatiladi.  Natijada 120 tonna elita kartoshka urug'ligi yetishtiriladi. Loyiha doirasida Zomin va Baxmal tumanlari urug'lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.

Shuningdek, dukkakli ekinlar ekish, Zarbdor tumanidagi kanalda nasos stansiyalari va magistral quvurlar qurish rejalari belgilangan.

Jizzaxning turfa tabiati, tog'li va cho'l hududlari yilning to'rt faslida ham sayohat qilish imkonini beradi. “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, Zomin aeroporti va yangi yo'llar bu imkoniyatlarni yanada kengaytirdi. Yirik 6 ta kanal bo'yida sayilgohlar tashkil qilindi. Endi “Aydar-Arnasoy” ko'llar tizimi qirg'oq bo'yida ham zamonaviy turizm markazi barpo etiladi.

– Tumanlarga sanoatni olib kirib, odamlarni ishli qilishga harakat ­qilyapmiz. Ilgari dasht bo'lgan joylarda zamonaviy korxonalar paydo bo'lyapti. Odamlarimiz hunaridan, tomorqasidan ham daromad topayapti. Lekin bu bugungi natija. Yangi avlod yetishib kelyapti, yoshlarimizning bilimi, talabi oshib bor­yapti. Ularning ishlashi, yaxshi yashashi uchun hozirdan zamin yaratishimiz kerak. Agar imkoniyatlardan to'g'ri foydalanilsa, Zomin tumani ishsizlikdan xoli hudud bo'la oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma'lumki, Ko'kdala tumanining yangi markazida san'at saroyi, san'at maktabi, umumta'lim maktabi va sport majmuasi yonma-yon barpo etilmoqda. Davlatimiz rahbari bu bolalarga qulay bo'lishini ta'kidlab, kelgusi loyihalarda shu usulni qo'llash zarurligini aytgan edi. Endi shu tajriba asosida Zomin tumanida ham madaniyat saroyi va san'at maktabi qurilishi rejalashtirilgan. Madaniyat saroyi 300 o'rinli bo'lib, tuman markazidagi 45 mingdan ortiq aholiga xizmat ko'rsatadi. Bu yerda “Zomin sayqali” folklor-etnografik jamoasi, 13 ta to'garak faoliyat yuritadi.

Mutasaddilarga ushbu rejalar ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji bo'yicha topshiriqlar berildi.

Shu bilan Prezidentimizning Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.

O'zA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × five =