Madhiyamizni kuylamoq faxrdir, lekin…

Bu yil “Birinchi qo'ng'iroq” va “Bilimlar kuni”ga bag'ishlab o'tkazilgan ikkita tadbirda ishtirok etdik. 2 sentyabr kuni umumta'lim maktablarida, bir kun keyin esa texnikumlar va oliy o'quv yurtlarida yangi o'quv yilining boshlanishi zo'r tantanalar bilan kechdi.
Biroq bir narsa tabiatimizni tirriq qildi. Har ikkala ta'lim muassasasida bayramga shukuh bag'ishlaydigan madhiyamiz yangraganda ustozlaru shogirdlar qo'llarini ko'ksilariga qo'yib, ammo og'izlariga tolqon solgandek jim turishdi. Vaholanki, yurtimizda birgalikda kuylaydigan qo'shiqlarimiz unchalik ko'p emas. Madhiyamiz esa yoshu qari, el-ulusning boshini qo'shadigan qo'shig'imizdir. Bunday kezlarda bir og'izlik kuchli bo'lgan millatlarga havasimiz keladi. Masalan, besh-o'nta gurji bir joyga to'planib qolsa, birgalikda kuylashni boshlab yuborishadi. Ularning totuvligiga havasimiz keladi.
Aslida, har bir ta'lim muassasasida madhiyamiz bilan bog'liq alohida tadbirlar bo'ladi. O'zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan san'at maktab-internatida har chorshanba tantanali lineyka o'tkazilib, barcha o'qituvchi va o'quvchilar madhiyamizni baralla kuylashar ekan.
Kamina ishtirok etgan har ikki yig'ilishda atay so'z so'rab, bir taklifni o'rtaga tashladik. Bundan keyin tadbirlarda madhiyamizning faqat kuyi yangrasa-yu, tadbir qatnashchilari uni jo'rovoz bo'lib kuylashsa, ayni muddao bo'lardi, dedik. Kuy va madhiyamiz matni yozilgan tarona yangraganda tadbir qatnashchilari faqat tinglash bilan andarmon bo'lib qolishmoqda. Albatta, bu yerda ta'lim muassasalaridagi rahbarlarning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosarlari saviyasi ham yaqqol ko'zga tashlanib qoladi.
Madhiyamiz davlatimiz ramzlaridan biridir. Uni har bir kishi bilmog'i va kuylamog'i faxrdir.
Albatta, davlat idoralarida, tashkilotlarda, u ta'lim-tarbiya dargohlari yoki madaniyat muassasalari bo'ladimi, bari-barida o'tkaziladigan tadbirlar, aytaylik, bayram kunlari, ma'lum sanalardagi kechalarda madhiyamiz faxr ila aytilsa, juda yarashiqli, shunday emasmi? Lekin bu marosimni har kuni, har joyda quruq rasmiyatchilik uchun o'tkazaverish ham to'g'ri bo'lmasa kerak. Bundan bir necha yil avval joylarda tashkilot, korxonalar, ayniqsa, mahalla idoralarida har kuni ertalab madhiya aytib, so'ngra ish kunini boshlashni tashabbus qilingan edi. Bu bir qaraganda havas qilarli ko'rinadi. Biroq odamlarning ensasini qotirgan. Shunday ekan, hammasi o'z o'rnida va yarashiqli bo'lishi kerak. Sun'iy tantanavorlik ham ortiqcha bo'lib, hech qachon hech kimga naf keltirmagan.
Muhammadali AHMAD,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.