Qishloqda kim yaxshi yashaydi?

Hozirda kambag'allikning bosh sababi odamlarning ishsizligi sifatida talqin etilyapti. Va bu bor haqiqat. Xo'sh, bu borada qishloqlarda vaziyat qanday? Ishsizlik muammosi qanday hal etilyapti? Umuman, qishloqda kimlar, nima evaziga to'kinroq yashayapti?
Bu savollarga javobni ko'pchilik juda yaxshi bilsa kerak. Shunday bo'lsa ham oldindan aytib qo'ya qolay. Bugun qishloqda fermerlar va ayrim tadbirkorlar boshqalarga nisbatan to'kin hayot kechirishyapti. Xo'sh, nima uchun? Keling, ba'zi misollarga murojaat qilaylik.
“Bitta fermerning bergani shu-da endi…”
Ma'lumki, o'tgan asrning oxirida joylarda eski jamoa xo'jaliklari tugatilib, ularning o'rnida fermer xo'jaliklari tashkil etildi. Ammo, qishloq aholisini ish bilan ta'minlash, ularning ro'zg'origa baraka kiritish maqsadida tuzilgan bu xo'jaliklar bugungi kunga kelib fermerning faqatgina oila a'zolari, qarindoshlari, eng yaqinlariga xizmat qilayotgani ham sir emas.
—To'g'ri, fermer birinchi navbatda oila a'zolari, qarindoshlarini ish bilan ta'minlaydi, – dedi ismi-familiyasini, mazilini aytishni istamagan oqdaryolik bir fermer. —O'zi fermer bo'lishdan maqsad ham shu-da. Ammo, qishloq odamlarini ham ishlatayapmiz, ularga bajargan ishi uchun kuniga haq to'laymiz…
Masalan, men o'zim joriy yilgi mavsumda qariyb 20 kishini ishlatdim. Ularga ish haqi hisobiga ekin ekib olishi uchun 30 sotixdan g'alladan bo'shagan yer maydoni ajratib berdim. Bundan tashqari, chorvasi uchun 30 tadan presslangan somon, yerini sug'orish uchun suv berdim. Bitta fermerning bergani shu-da endi…
Hujjatlarga qaraganda, mazkur xo'jalikda rejadan tashqari qariyb 100 tonna g'alla yig'ishtirib olingan ekan. Bu hosil haqida so'raganimizda rahbar fermer xo'jaligida uning 7 nafar oila a'zolari, 5 nafar yaqinlari a'zo ekanligini aytib, olingan daromad faqatgina ular o'rtasida taqsimlanishini aytdi. Asosiy ishni bajarganlarga esa somon berilgan…
“Ularning ham og'zi bor-da, uka…”
Yaqin 3-4 yildan beri qishloqdagi fermerlar uchun yana bir daromad turi qo'shildi. Endilikda ular g'alladan bo'shagan maydonning har gektarini ikkinchi ekin uchun hamqishloqlariga o'rta hisobda 12-15 million so'mdan bemalol pullamoqdalar.
—Nima ham qilardik, klaster deganlari – va'daboz, yolchitib pul bermasa, shu yerni sotib daromad olamiz-da, – dedi jomboylik fermer Jonqobil Jo'rayev. —Har holda yomon emas. Shu daromad hisobidan 2 ta mashina oldim, o'g'lim uchun uy qurdim.
—Hech kim yerni sotishlaringizni bilmaydimi, so'ramaydimi? Bu gapni juda bemalol, ochiqchasiga aytyapsiz?
—So'raydiganlar ko'p. Ammo, ularning ham og'zi bor-da, uka. Uyog'ini o'zingiz bilasiz-ku! Bundan tashqari, yerni ikkinchi ekin uchun olgan dehqon unga keragidan ham ortiq ozuqa soladi. Natijada yer kelgusi yili mo'l hosil beradi. Kattalar shuning uchun ham hech narsa deyishmaydi.
Kattalarning bu masalaga tomoshabin bo'lib turishidan “ruhlangan” ayrim fermerlar bugunga kelib yerini erta bahordayoq sota boshlayapti. Axir mehnatsiz daromad kimga ham yoqmaydi?
— Bu yil bahorda qishloqdagi fermerdan 70 sotix yerni 10 million so'mga sotib olib, pomidor ekdim, – dedi Jomboy tumani, Go'zay qishlog'ida yashovchi Shonazar Egamov. — Bola-chaqamiz bilan, astoydil mehnat qildik. Xudoga shukur, yomon bo'lmadi. Xarajatlardan ortib, 100 million so'mga yaqin sof foyda oldik. Endi kelgusi yil uchun yana o'sha fermerga 1 gektarga 15 million so'm pul berib qo'ydim…
Qishloqdagi gastarbayterlar
Har yili yig'im-terim terimi mavsumi boshlanishi bilan, qishloqlarda ishga yaroqli xotin-qizlardan iborat guruhlar tuziladi. Bu guruhlarga faol ayollardan biri boshchilik qiladi. Uning cho'ntagida yaqin atrofdagi fermerlarning telefon raqamlari, guruh a'zolarining ismi-familiyasi yozilgan daftarcha bo'ladi.
Qaysi fermerning dalasida terim boshlansa, u guruh rahbari bilan bog'lanib, qancha terimchiga zarurat borligini aytadi. So'ngra esa fermerning buyurtmasiga ko'ra, uning dalasiga aytilgan miqdordagi odam ajratadi. Albatta tekinga emas. O'sha qadoq qo'lli ayollarning mehnatidan keladigan daromadning ma'lum qismi guruh rahbarining (ya'ni dallolning) cho'ntagiga tushadi.
Yaqinda Ishtixondagi qishloqlardan birida shunday ayollardan biri, garchi o'rta ma'lumotli bo'lsa ham, mahallaga xotin-qizlar maslahatchisi bo'lib ishga o'tibdi. Mahalla raisining iltimosiga ko'ra, uning ham ism-familiyasini oshkor qilmadik. Endi bu ayol o'zining “tajribasini” mahalla raisiga ham o'rgatsa ajab emas…
Komissiya dalada ishlayotgan odamlarni sanaydi…
Samarqand-Qarshi katta avtomobil yo'lining Tayloq va Samarqand tumanlaridan o'tadigan qismlarida, jumladan, Samarqand tumanining “Ravonak” mahallasi hududida har kuni erta tongdan mardikor bozori qiziydi. Ish izlab chiqqanlar orasida xotin-qizlar ko'pchilikni tashkil etadi.
Bir kuni yo'l chekkasida o'tgan-ketgan mashinalarga umid bilan qarab, ish beruvchilarni kutib turgan ayollardan birini suhbatga tortdim.
—Tayloq tumanining chekka bir qishlog'idanman, – dedi Gulsanam ismli ayol. — Shahardagi boy xonadonlarga borib uylarini tozalayman, kirlarini yuvaman. Gilamlarini tozalayman. 7 yildan beri shu ish bilan shug'ullanaman. Har kuni 150-200 so'm ishlab topaman. Dalada, oftob tagida yer chopishdan ko'ra osonroq ish har holda.
Shu paytda odamlar oldiga “Gazel” rusumli mikroavtobus kelib to'xtadi. Undan tushgan qorindor erkak kishi (aftidan fermer bo'lsa kerak) dalada g'o'za chopiq qilish uchun 15 ta odam kerakligini, bir kunlik ish uchun har bir kishiga 200 ming so'mdan to'lashini aytdi.
Men u kishidan fermer xo'jaligida a'zolaringiz kamroqmi, deb so'radim. Shunda haligi odam xo'jalikda 10 nafar doimiy a'zosi borligini, ammo ular o'zlarining shaxsiy yumushlari bilan band ekanligini, hozir “yuqori”dan kelayotgan komissiya esa dalada odamlarni sanashini, shunga qarab fermerning ishiga baho berishini aytdi. Hash-pash deguncha mashina mardikorlar bilan to'ldi…
Ta'ziyada turishning ham narxi bor emish…
Quyidagi voqea esa ko'pchilikni hayratga solishi aniq. Uni o'qisangiz pul uchun qishloq odamlari nimalarga yollanayotganini yanada yaxshiroq bilib olasiz.
Mardikor bozordagilarning aytishicha, yaqinda shahardagi boyvachchalardan birining otasi qazo qilibdi. Buni qarangki, mehr-oqibatdan pul baland turadigan bu xonadonda marhumni ovoz chiqarib yo'qlaydiganlar topilmabdi. Topilganlari ham ovoz chiqarishga uyalgan shekilli, bir dasta pul qo'ltiqlab mardikor bozorga kelishibdi. Bu yerdan 20 nafar yosh yigitlarni olib ta'ziya bo'layotgan oilaga borishibdi. Ularga 2 soat davomida bor ovozlari bilan “otam”lab turishlarini aytib, har biriga 250 ming so'mdan pul va tushlik ovqat berishibdi.
— O'ziyam shaharni boshimizga ko'tarib baqirdik, – dedi ulardan biri. — Keyin bilsak, marhumning tog'ni ursa talqon qiladigan 3 nafar o'g'li bor ekan. Ammo ular yuqori lavozimlarda ishlasharkan. Otasini yo'qlab turish ularning obro'yiga “to'g'ri kelmas” emish.
Tadbirkorlar barmoq bilan sanarli
To'g'ri, qishloqda hamma ham yoppasiga mardikor emas. Tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan, odamlarni ish bilan ta'minlayotganlar ham bor. Ularning aksariyati soliqchilardan berkitib uylarida mayda-chuyda sotadigan do'kon, yoki kichik tamaddixona ochib olishgan.
Ammo, bundaylar barmoq bilan sanarli darajada ozchilikni tashkil etadi. Bu joylarda ishlayotgan ham 3-4 nafardan oshmaydi.
Qishloq haqida gap ketganida yana bir haqiqatdan ko'z yummaslik joiz. Hozirda fermerlar, salgina oyoqqa turib olgan ayrim tadbirkorlar va oddiy mardikor odamlar o'rtasida ko'zga ko'rinmas devor paydo bo'lyapti chamasi. Bu haqiqat ayniqsa to'y-ma'raka, marosimlarda yaqqol ko'zga tashlanib qolyapti. Bunday tadbirlarda o'rtahol, kambag'al oilalar bir chetda qolib, o'ziga to'q xonadonlar vakillari ishtirok etyapti. Nochor oila vakillari esa xizmat qilish uchungina chaqiriladi xolos.
Yana bir gap. Ayollardan iborat yollanma ishchilarga ayol kishi boshchilik qilayotgan bo'lsa, shahardagi tashkilotlarga ishsizlarni ma'lum “haq” evaziga ishla joylab qo'yadigan gastarbayterlar ham paydo bo'lgan.
“Oldindan Jasurga uchrashsam bo'lar ekan…”
Rossiyada ishlab kelgan 45 yoshli professional haydovchi Karimjon Ergashev Samarqanddagi yirik qurilish tashkilotlaridan biriga o'z kasbi bo'yicha ishga kirolmaydi. Garchi og'ir yuk mashinasi haydovchiligi vakant bo'lsa-da, unga “yoshingiz o'tib qolibdi, bizga to'g'ri kelmaysiz” deyishibdi. Karimjon nima qilishni bilmay boshi qotib yurgan kunlarda bir do'sti unga hamqishlog'i Jasur aynan shu tashkilotga ko'plarni ishga joylab qo'yganini aytadi. Karim Jasur bilan uchrashadi va ertasi kuniyoq ma'lum miqdordagi “xizmat haqi” evaziga aynan shu korxonaga haydovchi bo'lib ishga joylashadi.
— Yangi mashina berishdi, o'sha “yoshingiz o'tib qolibdi” degan odamning o'zi meni hech narsa ko'rmagandek quchoq ochib kutib oldi, – dedi u. — Oldindan shu Jasurga uchrashsam bo'lar ekan. Men ahmoq bo'lsa hujjat ko'tarib eshikma-eshik sarson bo'lib yuribman.
Jasur deganlari hech qaerda o'qimagan, ammo juda ishning ko'zini biladigan olg'ir yigit. Uning dang'illama hovlisi, qimmatbaho avtomashinalari bor. Kunda-kunora hovlisida 4-5 nafar qishloq odamlari mardikorlik qilishadi. Bir kuni u yerda ishlayotgan 60 yoshlar atrofidagi bir kishini suhbatga tortdim.
— Yoshlar-ku, bu yerga ish izlab kelishadi, siz nima qilib yuribsiz? Nafaqada emasmisiz aka?
— Nafaqadaman. O'g'lim ishga joylashmoqchi edi. Jasurga berishga pulimiz kamlik qildi. Shunda u qolgan pul evaziga mana shu devorni yaxshilab ta'mirlab berishimni aytdi. Nima qilay mana, ishlayapman-da, uka.
* * *
Viloyat mardikor bozorlaridagi vaziyatni yaxshilash, ishsizlarni ish bilan ta'minlash maqsadida yaqinda Samarqandda mas'ullar bir xayrli ishga qo'l urishdi.
Yuqorida eslatganimiz – Samarqand tumanidagi “”Ravonak” mahallasi hududida joylashgan kunlik ishchilar mehnat faoliyatini muvofiqlashtirish markazi (mardikor bozori)da “Oson ish” nomli mobil ilova ishga tushirildi.
Uning qulayligi shundaki, endilikda ish izlovchilar ko'chaga chiqib ish beruvchini kutishi shart emas. Uyida turib ham ilovadan foydalanib, o'zining qo'lidan keladigan, manzili va vaqti o'ziga to'g'ri keladigan ishni tanlashi mumkin.
Xuddi shunday, kunlik ishchi kerak bo'lgan tadbirkor yoki fuqaro ham mazkur ilovadan foydalanib, qancha va qanday ishchi kerak bo'lsa uyidan chiqmasdan buyurtma qilishi mumkin.
Ilova Samarqandlik dasturchi Jahongir Abrorxonov tomonidan yaratilgan. Uning aytishicha, tez va ishonchli ish, yoki ishchi topish imkonini beradigan mazkur elektron ilova ishga tushirilgan birinchi kundanoq undan 500 kishi foydalangan.
Ammo, masalaning yana ayrim og'riqli nuqtalari bor. Jumladan, fermerlik tuzilmasi qayta ko'rib chiqilmas, fermerning faoliyati ma'lum darajada nazorat qilinmas, ishga qabul qilishda shaffoflik ta'minlanmas, tadbirkorlik yanada rivoj topmas ekan, hali qishloq aholisining yaxshi, to'kin hayot kechirishiga keksalarning ta'biri bilan aytganda, yana “3-4 qovun pishig'i bor” shekilli?
Yor MUHAMMAD,
jurnalist.