Tilimiz — dilimiz qo'ng'irog'i
21 oktyabr. Bu qutlug' sana xalqimizning til bayrami. Har bir o'zbekistonlik uchun faxr va iftixor kuni. Chunki til — faqat aloqa vositasi emas, balki millatning yuragi, madaniyati va o'zligini belgilab beruvchi asosiy ne'matdir. Ammo bugun tilimiz holatiga nazar tashlasak, ayrim og'riqli haqiqatlar ham yaqqol ko'zga tashlanadi.
Yozma nutqda, reklama va ijtimoiy tarmoqlarda imloviy xatolar, talaffuzdagi buzilishlar tobora ko'paymoqda. Ba'zi maktab va tashkilot peshtoqlarida “umumiy ta'lim” deb yozilgan bannerlar uchraydi. Aslida, bu “umumiy o'rta ta'lim” bo'lishi kerak. Shuningdek, reklama bannerlarida harflar almashib ketishi yoki tushib qolishi odatiy holga aylanmoqda: Masalan, “mikrafon” o'rniga “mikrofon”, “kam-pyuter” o'rniga “kompyuter”, “intervu” o'rniga “intervyu” deb yozish to'g'ri bo'ladi. Shuningdek, “muammo”ni “muommo”, “rivojlanish”ni “rivajlanish”, “hisob-kitob”ni “xisob kitob” shaklida yozish adabiy til qoidalari buzilayotganligini ko'rsatadi. Mashhur adibning rasmi ostida boshqa bir yozuvchining ismi-sharifi yozib qo'yilganligiga nima deysiz? Ayrim joylarda davlatimiz nomi “Uzbekiston” yoki “Uzbekstan” deb yozilganligidan esa tashvishlanmay bo'lmaydi. Bularni oddiy xatolar deyolmaymiz. Bu ona tilimizga bo'lgan hurmatsizlikdan boshqa narsa emas. Millati va Vatanini sevgan, til to'g'risidagi qonun ijrosiga o'zini mas'ul deb bilgan inson o'z tilini qadrlaydi, uning sofligi uchun kurashadi.
Ma'lumki, har bir harf, har bir belgi tilda muhim o'rin tutadi. Masalan, tutuq belgisi (’) — “E'zoz”, “da'vo”, “ta'sir”, “mas'uliyat” kabi so'zlarda yozilmasa, so'zning ma'nosi va talaffuzi buziladi. Afsuski, ko'pchilik bu belgini ortiqcha deb biladi yoki umuman ishlatmaydi. Bu esa yozma madaniyatimizni zaiflashtiradi.
Tilimizdagi yana bir jiddiy muammo — davlatimiz nomining noto'g'ri talaffuz qilinishi. Xalqaro miqyosda “Uzbekistan” keng ishlatiladi, hatto ayrim rasmiy hujjatlarda ham uchraydi. Bu ham tilimizga bo'lgan loqaydlikdan dalolat. “O'zbekiston” so'zidagi “O'” tovushi o'zbek tilining o'ziga xos g'ururi. Uni “U” yoki “O” bilan almashtirish so'zning milliy jarangdorligiga putur yetkazadi. “O'zbekiston” deb aytilganda o'zgacha bir g'urur va faxrni his etamiz. “Uzbekistan” esa erish, hatto begonadek eshitiladi. Masalan, Turkiya yaqinda xalqaro miqyosda “Turkey” o'rniga “Turkiye” nomini rasmiylashtirdi. Buni ular “Bizning nomimiz — bizning g'ururimiz” deya e'tirof etdilar.
Dunyo xaritalarida, xalqaro sahifalarda, sport liboslarida “O'zbekiston” deb yozsak, maqsadga muvofiq bo'lur edi. Tilimizning har bir tovushi, har bir belgisi zamirida millat tarixi, ruhi, madaniyati mujassamligini unutmasligimiz kerak.
Bugun turli manbalarda “Buxara”, “Samarkand”, “Tashkent”, “Fergana” kabi yozuvlarni tez-tez uchratamiz. Bu “Buxoro”, “Samarqand”, “Toshkent”, “Farg'ona” so'zlarining buzilgan shakli. Agar “Toshkent”ni “Tashkent” deb yozsak, u milliy talaffuzini yo'qotadi. Bizningcha, mashhur shaharlarimizni dunyoga o'zbekona talaffuzda tanitganimiz ma'qul. Demak, tilni asrash — faqat so'zlarni emas, joy nomlarini ham asl holida saqlashni taqozo etadi. Ayni paytda ko'chalardagi reklamalar va ijtimoiy tarmoqlarda o'zbekcha so'zlar o'rniga “Beauty Shop”, “Style House”, “Market” singari xorijiy yozuvlar ko'payib borayotgani ham ayanchlidir. Yoshlar orasida esa aralash til — ya'ni “karochi”, “tak shto”, “chem” kabi so'zlar ommalashib borayotganligi bizni adabiy tildan uzoqlashishdan boshqa narsaga xizmat qilmaydi.
Til — millatning yuragi. Uni asrash, har bir so'zini to'g'ri ifoda etish, imloga qat'iy rioya qilish har bir o'zbekistonlikning fuqarolik burchi bo'lmog'i kerak.
Nigoraxon NURILLAYEVA,
O'zbekiston Milliy universiteti
Jurnalistika va o'zbek filologiyasi
fakulteti talabasi.
