Kitob mo'l. Targ'ibotchilar-chi?

G'arb telekanallaridan birida namoyish etilayotgan qiziqarli bir ko'rsatuvni tomosha qilayotgan edim. Reklama boshlandi. Hayratlanishga tayyor turing: dori-darmon yoki biror maishiy mahsulot emas, kitob reklamasi! Biz ko'pincha hamma buzg'unchiliklar shu yerda deb tushunadigan donishmand qit'ada insoniyatning buyuk ixtirosi bo'lmish kitob targ'ib qilinmoqda. Shu targ'ibni ko'rib, qancha-qancha kitobxon yoshlar, keksalar do'konlarga yo'l olishi, navbatga turishini tasavvur qilasizmi?

Aytishlaricha, Hamid Ismoil Boborahim Mashrab g'azallarini fransuz tiliga o'girib, qo'lyozma Parijda kitob holida chop etilganida shunday bo'lgan ekan. Kitobsevarlar yangi nashrlar haqidagi e'lonlarni intiqlik bilan kutib turisharkan.

Bundan rosa bir asr avval bizda xonliklar batamom tugatilgan, ular bilan birga… navoiyxonlik, mashrabxonlik, hofizxonlik, bedilxonlik, masnaviyxonlik ham to'xtagan, deyish mumkin. Bu to'xtash, taassufki, yaqin-yaqingacha davom etdi. Uning ayanchli “sharofati” bugun “Nega aksariyat bolalarimiz, yoshlar kitobxon emas?” degan o'ta og'riqli savolning yuzaga qalqib chiqishida ko'rinadi.

Bu savolga turlicha javob berish mumkin. Menimcha, javoblar qanday bo'lishidan qat'i nazar, savol to'g'ri qo'yilganmi yoki noto'g'rimi — buni aniqlash o'rniga boshni mardona egib: “Biz tarbiyalagan yoshlar nega kitob o'qishmaydi-ya?” — desak, haqiqatni tan olgan bo'lamiz.

Yoshligimda otam o'qigan kitoblarning deyarli hammasini varaqlab chiqqanman. Qush uyasida ko'rganini qiladi deydilar. O'zi kitobdan juda uzoq, birorta badiiy asarni o'qimagan ota-ona farzandini kitob o'qishga majburlasa ham bundan biror natija chiqmaydi.

Umrida qo'liga kitob ushlamagan, ushlasa ham ichini ochib ko'rmagan jiyanimga O'tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asarini tutqazdim. Jumlalari qisqa, dialoglari ko'p asar. Uch kundan keyin jiyanim (!) shu adibning boshqa kitobini so'radi. Tokioda yashaydigan bir do'stim bu yerdagi kafelarda xo'randalar buyurtma taom kelguncha kitob haqidagi bukletlarni o'qishini aytib qoldi. U o'ziga kerakli o'nga yaqin yangi kitoblar to'g'risidagi ma'lumotlar bilan shu yerda tanishibdi. Shunday. Xorijiy mamlakatlarda kitob targ'iboti juda yaxshi yo'lga qo'yilgan. Majburlash yo'q, qiziqtirish bor.

Bizda bu muammoning yechimi bormi? Albatta, bor. Yoshlar o'rtasida o'tkazilayotgan kitobxonlik tanlovlari yaxshi natija berishi mumkin. Shunday bo'lmoqda ham. Ammo birgina tanlov bilan ish bitmaydi. Nega?

Ota-onalar kitob o'qishda bolalariga o'rnak emas. Ayrim oilalarda kitob stolning oyog'i ostida muvozanatni saqlash vositasi, xolos. Yoshga qarab kitob tavsiya qiluvchi mutaxassislar yaxshi ishlashmaydi. To'rt yoshli bolaga biror ertak kitobni olib o'qib bering-chi, u tushunarmikan? Ertaklar bola tilida yo-zil-ma-gan!!!

Necha yillardan beri adabiyot darsliklarida Muqimiyning “Sayohatnoma”si o'qitiladi. Yaypanliklar yengiltak, beshariqliklar nayrangboz, oqerliklar mehmonsuymas… Xayolingizga kelgan fikrdan cho'chimang. Avvallari “Kitobsevarlar jamiyati” degan tashkilot bo'lardi. Uni qayta tiklash kerak, demoqchi emasman. Ammo kitob targ'iboti bilan jiddiy shug'ullanmasak, yana ko'p narsani yo'qotgan bo'lamiz. Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etilayotgan kitoblar yoshlar orasida keng tarqalayotgani, yosh ijodkorlar uyushma a'zoligiga qabul qilinayotgani e'tiborga molik, albatta.

Yoshligida bemaza qovoq yeb, qorni qattiq og'rib qolgan bola umrining oxirigacha qovoqli taom yemaydi. Shu kabi bemaza kitob o'qib qo'ygan bola ham…

Bolalar uchun yozilgan kitoblarga, ularni chop etadigan nashriyotlarga, kitob reklamasiga ma'lum imtiyoz beraylik: bunday kitoblar hamyonbop bo'lsin.

Kuni kecha aynan bu borada nihoyatda bir xayrli loyiha amalga oshirildi. Poytaxtimizda ilk bor shunday go'zal tashabbus, juda savobli ish ro'yobga chiqdi. Turon bank, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida “Paxtakor” va “Alisher Navoiy” metro bekatlari oralig'ida “Turon kitob bekati” ochildi. Endi yo'lovchilar o'zlari istagan kitoblarni olib o'qib ketishlari mumkin. Faqat yo'lovchilar manziliga yetgach, kitoblarni o'sha metro bekatida qoldirib ketishlari kerak. Toki kitoblardan boshqa yo'lovchilar ham foydalansin.

Bunday ezgu ish tashabbuskorlariga ofarin!

Yusuf ABSOATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 2 =