Izlanishlar samarasi

Bugungi kunda mamlakatimizdagi barcha oliy ta'lim dargohlarida o'z faoliyatlarini Prezidentimiz belgilab bergan tamoyillar asosida tashkil qilish, sohaga joriy qilingan islohotlar ijrosini ta'minlash borasida jiddiy izlanishlar olib borilmoqda, salmoqli natijalarga erishilmoqda. Xususan, Andijon davlat tibbiyot institutining bugungi kundagi faoliyatiga nazar tashlasak, alohida e'tirofga loyiq yutuqlar borligiga amin bo'lamiz.

Bu yil institut klinikasi to'liq oliy o'quv yurtimiz tasarrufiga o'tdi. Ayni kunda klinikada jihozlash va pardozlash ishlari olib borilyapti. Yetti qavatdan iborat bo'lgan 2000 o'rinli yangi o'quv binosi klinika hududida joylashgan. Bu talabalarga auditoriyalarda olgan nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog'lashlarida juda muhim. Chunki institut klinikasi va mazkur o'quv binosi o'rtasida telemeditsina tizimi yo'lga qo'yilgan. Klinikaning hududiy jarrohlik bo'limlarida amalga oshirilgan operatsiyalar to'g'ridan-to'g'ri o'quv xonalariga translyatsiya qilinadi. Talabalar ushbu jarayonda shifokorga o'z savollarini berish va unga shu paytning o'zida javob olish imkoniyatiga ega bo'lishadi.

O'quv binosining har bir qavatida 28 tadan xona mavjud. Barcha o'quv xonalarida interaktiv doskalar va zamonaviy o'quv jihozlari o'rnatilgan.

Binoda umumiy 12 ta ma'ruza zali mavjud. Binoning ikkinchi qavatida jahon standartlariga mos katta imkoniyatlarga ega bo'lgan simulyatsiya markazi joylashgan. Simulyatsiya markazidan esa zamonaviy robot simulyatorlari o'rin olgan. Bu talabalarning olgan nazariy bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlash imkoniyatini beradi. Uchinchi qavat stomatologiya yo'nalishlari uchun mo'ljallangan bo'lib, eng zamonaviy stomatologik asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlangan.

Institutning Markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi ham qurib bitkazildi. Ushbu bino 4 qavatdan iborat bo'lib, 400 o'ringa mo'ljallangan. Binoda 30 ta o'quv xonasi, 21 ta laboratoriya xonasi, 1 ta ma'ruza zali, 28 ta kafedra mudiri va yordamchi xonalari mavjud. 1 qavatli vivariy binolari, tashqi yordamchi bino va inshootlarida qurilish ishlari yakunlanish arafasida.

Talabalarni turar-joy bilan ta'minlash maqsadida navbatma-navbat yangi imoratlar qurib bitkazilmoqda. Joriy yilda ham davlat-xususiy sherikchiligi asosida 400 o'ringa mo'ljallangan yangi talabalar turar-joyi foydalanishga topshirildi.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida ham yakunlanayotgan yil samarali bo'ldi. Chunki bu yil AQSh, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Koreya davlatlarining nufuzli oliy ta'lim muassasalari bilan ilmiy, o'quv, klinik amaliyot masalalarida yangi hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Ta'kidlash joizki, zamonaviy tibbiyot muassasalariga mos ravishda tajribali mutaxassislarning ham soni ortmoqda. Chet davlatlarda malaka oshirib kelayotgan professor-o'qituvchilar, shifokorlar tomonidan yuqori murakkab jarrohlik amaliyotlari o'tkazilmoqda. Bu esa xalqimiz salomatligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu kabi zahmatli mehnatlarning samarasi o'laroq, o'z sohasining fidoyilari qator mukofotlarga sazovor bo'lishdi.

Institutning 4 nafar professor-o'qituvchisi Sog'liqni saqlash vazirligining “O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash a'lochisi” ko'krak nishoni, 4 nafari tashakkurnoma, 7 nafari Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Oliy ta'lim a'lochisi” ko'krak nishoni, 1 nafari vazir faxriy yorlig'i, institut professor-o'qituvchilarining 40 nafari viloyat hokimi faxriy yorlig'i bilan taqdirlandi. Travmatologiya, ortopediya va neyrojarrohlik kafedrasi mudiri Qobil Xudayberdiyev II darajali “Sog'lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlandi, “Yilning eng yaxshi shifokori” tanlovining respublika bosqichida “Yilning eng yaxshi neyroxirurgi” nominatsiyasi bo'yicha 1-o'rinni egalladi.

“Koreya xalqaro ixtirochi ayollar ko'rgazmasi “KIWE”–2024”da Koreya ixtirochi ayollari assotsiatsiyasi tomonidan gospital pediatriya kafedrasi dotsenti Hurmatoy Xankeldiyeva oltin medal bilan taqdirlandi.

Vrachlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash fakulteti neonatologiya kafedrasi mudiri, dotsent Dilraboxon Ergashboyeva esa “Yilning eng faol olima ayoli” nominatsiyasida g'oliblikni qo'lga kiritdi.

Ilmiy faoliyatda ham yutuqlarimiz talaygina. Institutda mavjud 5 ta ixtisoslashgan ilmiy kengashlar soni yana 4 taga ko'payib, bugungi kunda jami 9 ta ixtisoslashgan ilmiy kengash faoliyati yo'lga qo'yildi.

Joriy yilda institutning 6 nafar talabasi Prezident hamda nomdor davlat stipendiyalariga sazovor bo'lishdi. “Samarqand–2020” V xalqaro tibbiyot oliy o'quv yurtlari talabalari olimpiadasida ishtirok etgan 20 nafardan ziyod talabalarimiz yuqori o'rinlar va turli nominatsiyalar bo'yicha g'oliblikni qo'lga kiritib qaytdi.

O'zbekiston Yoshlar ittifoqi institut boshlang'ich tashkilotining faol yoshlari “Yil e'tirofi – 2024” taqdirlash marosimida “Eng fidoyi boshlang'ich tashkilot” nominatsiyasida g'olib deb topildi. Bu, albatta, yoshlar jamoasining bilimdonligi va jamoatchilik ishlari bo'yicha faoliyatining natijasidir.

Andijon davlat tibbiyot institutining davolash ishi (o'zbek, rus va ingliz tilida), stomatologiya fakultetlari ta'lim dasturlari Qozog'iston Respublikasining “ECAQA” markazi tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazildi. Xalqaro akkreditatsiyadan o'tganlik to'g'risidagi guvohnomalar markaz tomonidan taqdim qilindi. Bu esa institut uchun yuqori natija, albatta.

Andijon davlat tibbiyot institutida amalga oshirilayotgan ibratli ishlardan yana biri xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tez-tez tashkil etilayotganligidir. Zero, bunday tadbirlar o'zaro tajriba almashish bilan bir qatorda talabalarning ilmiy salohiyati kengayishida muhim rol o'ynaydi.

Institutda o'tgan yili 9-10 noyabr kunlari ana shunday anjumanlardan biri bo'lib o'tdi. Unda Rossiya, Germaniya, Ozarbayjon, Hindiston, Nepal kabi davlatlarning hamda O'zbekistonning tibbiyot sohasi yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

“Xirurgiya va kombustiologiyaning dolzarb muammolari” mavzusiga bag'ishlangan mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham barchada katta taassurot qoldirdi.

Darhaqiqat, Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi ta'lim-tarbiyani bugungi kun talabi darajasida tashkil etish uchun astoydil izlanyapti, harakat qilyapti.

Ko'rinib turibdiki, izlanish bor joyda natijalar quvonarli bo'laveradi.

Odinaxon HUSAINOVA,

Andijon davlat

tibbiyot institutining

matbuot kotibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 5 =